Dekabr oyida taniqli britaniyalik advokat tomonidan tashkil etilgan mustaqil, norasmiy organ Xitoy hukumati uyg‘ur xalqi huquqlarini poymol qilganini ko‘rsatuvchi dalillarni ko‘rib chiqib, Pekin genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan, degan xulosaga keldi.
Huquqshunoslar, akademiklar va ishbilarmonlardan tashkil topgan “Uyg‘ur tribunali”ni hech bir hukumat qo‘llamaydi yoki tribunal hech qanday vakolatga ega emas. Ammo tashkilotchilar dalillarni ommaga oshkor qilish jarayoni Pekinning uyg‘urlarga qarshi siyosatiga qarshi xalqaro chora ko‘rilishiga undashiga umid qilmoqdalar.
Tribunal raisi Jefri Naysning so‘zlariga ko‘ra, genotsid qaroriga Xitoy hukumatining uyg‘urlarga qarshi majburiy sterilizatsiya va tug‘ilishlar sonini nazorat qilish siyosati uyg‘urlarning “katta qismini yo‘q qilishga qaratilganini” ko‘rsatuvchi dalillar asos bo‘lgan. Nays uyg‘urlarga qarshi kampaniya prezident Si Szinpin va Xitoy hukumati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan keng qamrovli siyosatning bir qismi ekanini aytdi.
Nays katta huquqshunos bo‘lib, bundan oldin Serbiyaning sobiq prezidenti Slobodan Miloshevich ustidan sudda qoralovchilarga boshchilik qilgan, Xalqaro jinoyat sudida ishlagan.
“Dalil shundan iboratki, tug‘ilishi mumkin bo‘lgan uyg‘urlarning muhim qismi tug‘ilmagan”, dedi u.
Xitoyning Londondagi elchixonasi tribunalni “bir necha aksil-Xitoy va ayirmachi elementlar tomonidan jamoatchilikni aldash va chalg‘itish uchun ishga solinayotgan siyosiy vosita” deb qoraladi. Elchixona o‘z bayonotida, shuningdek, Shinjondagi siyosat terrorizmga qarshi kurash va radikallashuv oldini olishga qaratilganini ta’kidladi.
O‘tgan yil boshida 30 ga yaqin guvoh va mutaxassis London markazida bo‘lib o‘tgan qator ommaviy tinglovlarda davlat hibsxonalarida qiynoqlar, majburiy abortlar, zo‘rlashlar va kaltaklashlarga guvoh bo‘lishganini da’vo qilgan edi. Tinglovlarda, shuningdek, yosh bolalarni ota-onalaridan ajratish va masjidlarni keng miqyosda vayron qilish kabi boshqa siyosatlarni ko‘rsatuvchi ko‘plab hujjatlar taqdim etildi.
Uyg‘ur tribunali Xitoyda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilganiga shubha yo‘q, degan xulosaga keldi. Nays Si va boshqa yuqori martabali amaldorlar Shinjonda sodir bo‘lgan voqealar uchun javobgar ekanini aytdi.
“Agar rejaga eng yuqori darajada ruxsat berilmaganida, ushbu ulkan davlat repressiya apparati ishga tushmagan bo‘lar edi”, dedi u.
Tadqiqotchilar xulosalariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Shinjondagi qayta tarbiyalash lagerlariga qariyb bir million yoki undan ham ko‘proq odam yuborilgan.
Tribunal ko‘rib chiqqan dalillarning asosiy qismi Xitoy hukumati tomonidan oshkor qilingan hujjatlarga tayanadi.
Turkiyadan turib Londondagi tinglovlarga video ko‘rsatma yuborgan Semsinur G‘afur tinglovlar Shinjonda sodir bo‘layotgan voqealarga oydinlik kiritganidan mamnun ekanini aytdi.
“Ular bizni yer yuzidan o‘chirib tashlashga va bizdan butunlay qutulishga harakat qilmoqdalar”, dedi u “Associated Press” agentligiga.
“Tribunal bizga dunyo nimadir qilishini, odamiylik o‘lmaganligini ko‘rsatdi”.
AQSh hukumati Pekinning uyg‘urlarga qarshi siyosati genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarga teng keladi, deb topgan. Britaniya, Belgiya, Niderlandiya va Kanada qonun chiqaruvchi organlari ham ayni xulosaga kelgan.
Britaniya qonunchilari hukumatni mas’ul shaxslar va korxonalarga qarshi sanktsiya qo‘llashga chorlab keladi.
Nyukasl universitetining xitoyshunoslik bo‘yicha mutaxassisi Jo Smit Finli tribunal xulosalari qonuniy kuchga ega bo‘lmasa-da, hukumatlar chora ko‘rishi uchun jiddiy bosim o‘tkazishini ta’kidladi.