O‘zbekistonning Olmaotadagi bosh konsuli O‘zbekiston fuqarosi Saken Tolipovning yanvar voqealari bo‘yicha hibsga olingani munosabati bilan Qozog‘istonga nota yo‘llaganini ma’lum qildi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nota yuborilgani haqidagi ma’lumotni Ozodlikning qozoq xizmatiga tasdiqladi, ammo uning mazmunini ochiqlashdan bosh tortdi.
17 yoshli Tolipov o‘tgan yili kuzda onasi bilan birga Qozog‘istonga kelib, Olmaotadagi turar-joy majmualaridan birida qorovul bo‘lib ishlagan. Qarindoshlari aytishicha, 4 - yanvar kuni Tolipov “Almati Arena” muz saroyi yonida bo‘layotgan tinch mitingga borgan, u yerdan olomon bilan birga akimat oldidagi maydonga yo‘l olgan.
Ko‘cha videokameralari olgan tasvirda uning yerdan politsiya qalqoni va rezina tayog‘ini olayotgani aks etgan.
Tolipovni yanvar oyi boshida qo‘lga olib, ikki oyga hibsxonaga yo‘llaganlar. U “ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish”dan tashqari, “favqulodda holat e’lon qilingan hududda huquqni muhofaza qilish idoralari xodimi hayotiga qasd qilish”da ham ayblanmoqda.
Sakenning onasi Kamshat Derbisaliyeva o‘g‘li shaharni bilmasligini, namoyishga uni bir tanishi olib ketganini aytadi. Tolipovning advokati unga qo‘yilayotgan ayblovni “asossiz” deb hisoblamoqda. Unga ko‘ra, tergov materiallarida mavjud videoyozuv Tolipov o‘sha kuni maydonda bo‘lganini tasdiqlaydi xolos.
Sud “gumonlanuvchi mamlakatdan chiqib ketib, tergovdan yashirinishi mumkin” degan vaj bilan advokatning ehtiyot chorasini uy qamog‘iga o‘zgartirish haqidagi iltimosnomasini rad etgan. Gumonlanuvchining onasi bu vajni mantiqsiz deb hisoblaydi, chunki, uning aytishicha, o‘smir otasi yoki onasi roziligisiz chegaradan o‘ta olmagan bo‘lur edi.
Ayol tergov harakatlaridan so‘ng o‘g‘lining ahvoli yomonlashganini, hibsda u qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkinligini aytadi.
Qozog‘istonda yanvar voqealari munosabati bilan o‘ndan ortiq chet el fuqarosi qo‘lga olingan edi. Bu voqealarda Qirg‘izistonning ikki va O‘zbekistonning bir fuqarosi nobud bo‘ldi. Qozog‘iston rasmiylari o‘z bayonotlarida yanvar voqealarini “tashqi kuchlar” uyushtirganini, “jangarilar” mamlakatga “gastarbayter” niqobi ostida kirib olishganini iddao qilgan, ammo so‘zlariga bironta ham dalil ko‘rsatishmagan.
Yanvar oyi boshida konsert berish uchun Olmaotaga kelgan qirg‘iz musiqachisi Vikram Ro‘zaxunov bilan yuz bergan voqealar katta shov-shuv bo‘ldi. Qozog‘iston kuchishlatar xodimlari uni qo‘lga olib, shafqatsizlarcha kaltaklashdi, so‘ngra davlat telekanalida yuz-ko‘zi momataloq bo‘lgan Ro‘zaxunov Olmaotadagi to‘polonlarda qatnashganiga iqror bo‘lgani aks etgan video yoyinlandi. Ammo qirg‘izistonliklar TVda o‘z yurtdoshlarini tanib qolishdi – janjal ko‘tarildi. Shundan so‘ng Qozog‘iston Vikram Ro‘zaxunovni ozod qilib, yurtiga jo‘natib yubordi. Qirg‘iziston TIV Qozog‘istonga norozilik notasi yo‘lladi.
Cholponbek Sidiqov ismli yana bir qirg‘izistonlik 8 - yanvar kuni Olmaota yaqinidagi blok-postda qo‘lga olingan. Uni tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblaganlar, keyin esa politsiya bo‘limida qattiq kaltaklashgan. Cholponbekning miyasi chayqalib, ikkala oyog‘i (boldiridan) va olti qovurg‘asi singan. Qirg‘iziston TIV Sidiqov kaltaklanishi munosabati bilan Qozog‘iston elchisiga norozilik notasini topshirdi va Qozog‘iston xavfsizlik kuchlari xodimlarining “xatti-harakatlaridan tashvishdaligini bildirdi”.