Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:28

Oilalar: muhtojlar toifasidan majburan chiqarildik


Bekobodlik Nargiza Hasanova ham "Temir daftar"dan majburan chiqarib yuborilganini aytadi. Nargiza Hasanova yashab utrgan uy.
Bekobodlik Nargiza Hasanova ham "Temir daftar"dan majburan chiqarib yuborilganini aytadi. Nargiza Hasanova yashab utrgan uy.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni Toshkentda boshlangan Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zlagan nutqida qisqa davr ichida 500 mingdan ortiq oila muhtojlar toifasidan chiqarilganini aytdi.

Prezident qisqa davr qancha ekanligiga to‘xtalmagan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy investorlar, moliya-iqtisodiy tashkilotlarini jalb etishdan iborat.

Prezident, oxirgi 5 yilda umumiy qiymati 25 milliard dollarlik investitsiya kiritilganini aytar ekan, mamlakat tarixida birinchi marta kambag‘allikni bartaraf etish hukumat siyosatining asosiy maqsadlaridan biriga aylanganini ta’kidlagan.

Hukumat O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi yuqori ekanligi Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin tan olina boshlandi va qashshoqlikni kamaytirish uchun qadamlar tashlandi.

Prezident agar o‘tgan besh yillik faoliyatini nazarda tutgan bo‘lsa, bu davr mobaynida O‘zbekistonda kambag‘allikni bartaraf etish uchun “temir daftar”, “yoshlar daftari”, “ayollar daftari” kabi kam ta’minlangan oilalarga va ishsiz aholiga yordam beradigan dasturlar ishga tushirildi.

Ammo Ozodlikka kelayotgan shikoyatlarda bunday dasturlar qisqa muddat ichida ishlagani, ko‘plab oilalar esa birinchi yordamni oliboq bu “daftar”lardan chiqarib tashlangani aytiladi.

Bu dasturlar asosida imtiyozli kreditlar olib, boshlang‘ich tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yganlar ham bor.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi rasmiysiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020-yilning avgustida 1 mln 726 ming kishidan iborat 409 ming oila “Temir daftar”ga kiritilgan edi.

Prezident agar yarim milliondan ortiq oila muhtojlar oilasidan chiqarilganini aytgan bo‘lsa, demak O‘zbekistonda muhtojlar tofiasiga kirgan oilalar qolmagani anglashiniladi.

Bu daftarga kiritilgan oilalar bir martalik moddiy yordam, oziq-ovqat yordamlari olgan edilar. Bu xo‘jaliklar tadbirkorlik qilib, o‘zini tiklab olishi uchun banklardan imtiyozli kreditlar ajratilgan edi.

Kambag‘al oilalarga tovuq, jo‘ja tarqatildi, uy bekalariga non mahsulotlari pishiradigan “duxovka”lar, tikuv mashinalari olib berildi. Ba’zi oilalarga kredit hisobidan issiqxonalar qurib berildi.

Farg‘onalik iqtisodchi Shuhrat Hamidovning aytishicha, O‘zbekiston hukumatining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilgan harakatlari kutilgan natijani bermadi:

“Men muhtoj oilalarning shu ikki yil ichida o‘zini tiklab ketganini ko‘rmadim. Falonchi zo‘r bo‘lib ketdi deyolmayman. Buning sababi, vertikal boshqaruvda. Tepadan aytilgan har qanday gap yoki taklif ura-urachilik bilan amalga oshiriladi. Gorizontal boshqaruv, tahlil, ekspertiza, xulosa degan narsalar yo‘q. Masalan, hammani birdaniga boy qilib bo‘lmaydi yoki qashshoqlikdan chiqarib bo‘lmaydi. Banklarga imtiyozli va kafolatsiz kredit ber, degan buyruq berildi. Banklar buni bajarishga majbur bo‘ldi. Qashshoq oilalarga kredit berildi. U bu narsa olib bergan bo‘lishdi. Lekin hech nima o‘zgarmadi. Ishlab chiqarish rivojlanmadi, kreditlar qolib ketdi, banklar sinish darajasiga yetdi”.

“Temir daftar” joriy qilinganidan so‘ng oradan bir yil o‘tmay bu daftarga kiritilgan oilalar yana asta-sekin ro‘yxatdan chiqarila boshladi.

Iqtisodchilarning aytishlaricha, bunga byudjetdan ajratilgan mablag‘larning maqsadli yo‘naltirilmagani, banklarning aholiga kafolatsiz bergan kreditlarini qaytara olmagani sabab bo‘lgan.

Koson tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan birining aytishicha, “Temir daftar”ga kiritilgan muhtoj oilalar majburiy chiqarilgan:

“Mening singlim ham eri ham nogiron edi, shuning uchun temir daftarga kiritilgan edi. Bir marta bepul davolanishga borib keldi. Keyin chiqarib yuborishdi. Hokimiyatga shikoyat qilib borgan ekan, temir daftar bir martalik yordam, boshqa yo‘q, depti. Mahallamizdagi temir daftarga kirib, keyin chiqarilgan kambag‘allar o‘sha turish, o‘sha yurish, hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Bular temir daftarga kirganlar o‘zlarini o‘nglab oldi deb, faqat qog‘ozda qilyapti, amalda hech narsa o‘zgargani yo‘q. Ko‘zbo‘yamachilikning o‘zi. Hokimiyatdagilar prezidentga hammasi zo‘r bo‘ldi deb, uni ko‘zini ham bo‘yashyapti”.

Sirdaryo viloyat, Sirdaryo tuman, 5-Shirin mahallasidagi temiryo‘lchilar yotoqxonasida yashaydigan Gulchinor Umrzoqova ham “Temir daftar”ga kiritilgan kam ta’minlangan oilaning bekasi bo‘lgan.

“Faqat bolalarimning nafaqa pulini to‘g‘irlab berishdi, ikki marta bir so‘mkadan oziq-ovqat yordami berishdi, tamom. Erimning tutqanoq kasali bor edi. Mardikorlik qilib uch-to‘rt so‘m topardi. Yaxshiyam xo‘jayinim o‘zi “Ko‘mir-Invest” tashkilotiga ishga joylashdi. Rahbarlari yaxshi odamlar ekan. Xo‘jayinimni o‘zlari davolatib, ish berishdi. Mana endi, sekin-sekin oyoqqa turyapmiz. Davlatdan esa boshqa yordam olmadik”.

Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidan Ozodlikning “Sizdan Telegram” kanaliga yozgan Zuhra Muqimovaning so‘zlariga ko‘ra, uning oilasi “Temir daftar”dan chiqarilib, o‘zini bemalol ta’minlaydigan oilalar qatoriga qo‘shtirilgan:

“Ikki farzandim bor. Yolg‘iz onaman. Oilaviy ahvolim og‘ir. Salomatligim ham yaxshi emas. Uyim ta’mirtalab ahvolda. 8 oydan beri gaz yo‘q, o‘tin esa qolmadi. Mahalla “temir daftar”ga kiritdi, lekin negadir ko‘p o‘tmay chiqarib tashladi. Mahalla, hokimlikka ko‘p marta murojaat qildim, ammo faqat va’da berishadi. Hurmatli Prezidentimiz nogironlar, yolg‘iz onalarga ko‘mak ajratyapti, ammo bizning mahalla va tuman hokimligi haqdorlarga yetkazib bermayapti. Og‘ir vaziyatda qoldim. Amaliy ko‘mak so‘rayman!”

Andijon viloyat, Andijon tumanining Jannatmakon MFYda yashovchi Munojotxon Qirg‘izboyeva ham og‘ir sharoitli oilalar ro‘yxatidan o‘chirib tashlanganini yozadi:

“2018-yilda OIV xastaligiga chalindim. Uyda, shifoxonada davolanib turaman. Otam 2015- yilda olamdan o‘tgan. Boquvchimiz yo‘q. Ishga ham yaroqsiz bo‘lib qoldim. Temir daftarda turardik, ammo bizni undan chiqarib yuborishdi. Prezidentimiz biz kabi ehtiyojmand oilalarga ajratayotgan moddiy yordamlarni ololmayapmiz. Mahalla raisimizga uchrasam, sektor rahbariga jo‘natadi, sektor rahbari tuman hokimiyatiga yo‘llaydi. Kasal holimda sarson bo‘lyapman. Oilamizning moddiy ahvolini inobatga olib bizni temirga daftar kiritishlari va ko‘mak berishlarini iltimos qilib so‘rayman”.

Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani,Madaniyat mahallasida yashaydigan Aziza Nosirjonova ham “Temir daftar”dan chiqarilganidan bexabar qolgani haqida yozadi:

“Beva ayolman, uch nafar voyaga yetmagan farzandim bor. MFY menga aytmasdan temir daftar ro‘yxatidan chiqarvoribdi. Ikki yarim yildan buyon farzandlarimni o‘zim katta qilyapman. Uyim ta’mirtalab ahvolda, yuvinish xonasi, hammom yo‘q, hojatxona talabga javob bermaydi. O‘zim ishsizman. Mutaxassisligim ekolog-laborant. Tuman hokimimiz va ayollar kengashi rahbariga ko‘p marta murojaat qilganman, lekin foydasi bo‘lmadi. Prezidentimiz bola boshiga maktab formasi uchun 500 ming so‘mdan yordam puli beriladi degan edilar. Ammo meni temir daftardan chiqarib, berishmadi. Amaliy yordam kutib qolaman”.

Ozodlikka bu mazmunda yuzlab maktublar kelgan. Ularning yozishicha, “Temir daftar”ga kiritilib ham, undan chiqarilib ham oilaviy sharoitlari o‘zgarmagan.

O‘zbekistonda oilalar “Temir daftar”ga 5 ta kriteriy bo‘yicha kiritilgan:

  • mehnatga layoqatsiz yoki surunkali kasalliklari oilasi a’zosi mavjud bo‘lgan oilalar;
  • yakka-yolg‘iz bevalar va o‘zgalar parvarishiga, qaramog‘iga muhtoj bo‘lgan oilalar;
  • 5 nafar va undan ortiq farzandi mavjud ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalar;
  • koronavirus pandemiyasi natijasida o‘zining doimiy daromad manbayidan mahrum bo‘lgan oilalar;
  • haqiqatan ham ehtiyojmand, nochor va moddiy ko‘makka muhtoj oilalar.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri boshqarma boshlig‘i Ahror G‘ulomov 2020- yilning avgustida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Temir daftar”dan chiqarish tartibi haqida gapirarkan, jumladan bunday degan edi:

“Temir daftar”ni yuritish bo‘yicha vaqtincha belgilangan tartibga ko‘ra, fuqaroning bu ro‘yxatda bo‘lish muddatiga oid aniq chegara mavjud emas. Yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolar aniqlanib, “Temir daftar”ga kiritilgach, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Mehnatga layoqatli bo‘lgan fuqarolar ishga joylashtirilib bandligi ta’minlanadi yoki o‘zini o‘zi band qilish orqali ularning daromadini oshirishga erishiladi. Shundan so‘ng fuqaroning arizasi va ishchi guruhning tavsiyasi asosida bu fuqaroni ro‘yxatdan chiqarish xalq deputatlari tuman/shahar kengashi qarori asosida hal qilinadi”.

Ammo prezident tilgan olgan yarim milliondan ko‘p muhtoj oilaning muhtojlikdan qaysi yo‘llar bilan chiqib ketgani haqida aniq ma’lumotlar, hozircha yo‘q.


XS
SM
MD
LG