Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 - fevral kuni rossiyaliklarga murojaatida “Donbassda bo‘layotgan voqealar”ni “genotsid” deb atadi. Rus tilining katta izohli lug‘atida genotsid “aholining alohida guruhlari yoki butun boshli xalqlarning siyosiy, irqiy, etnik yoki diniy sabablarga ko‘ra qirib tashlanishi” deya ta’riflangan.
Donbassda mojaro boshlanganidan beri o‘tgan sakkiz yil mobaynida Rossiya genotsidga doir iddaolariga biror dalil taqdim etmadi, YeXHT kuzatuvchilarida ham bunaqa ma’lumot yo‘q. Binobarin, Putin va Xavfsizlik kengashi a’zolarining iddaolari feykdan boshqa narsa emas. Ammo bu Rossiya davlat medialarining genotsid haqida jar solishiga xalal bermayapti.
Bu o‘tgan haftada Rossiya va soxta respublikalar OAVlari “shoshilinch murojaat” sifatida noto‘g‘ri ma’lumot va oldindan tayyorlab qo‘yilgan videolarni tarqatgan birinchi holat emas.
Rossiya davlat mediasida Donbass hozirda bosh mavzu bo‘lib turibdi: ular har soatda Ukraina sharqidan qandaydir “muhim” xabar olishmoqda. Ayniqsa, Donbass aholisining evakuatsiya qilinishi va ular Kiyev nazoratidan tashqaridagi hududlarni nega tark etishgani haqida yozishyapti.
Rossiya mediasi talqin qilishicha, o‘zini “DXR” va “LXR” deb atayotgan bo‘lginchi hududlarda “terakt” va “diversiyalar” favqulodda ko‘paygan, biroq bunaqa videofaktlarning eng kamida bir qismi aktual emas, balki oldindan tayyorlab qo‘yilgan tasvirlardir.
Lugansk ayirmachilari 18 - fevral kuni Gorlovkadagi “Stirol” zavodida xlor saqlanayotgan sisternani portlatishga urinish bo‘lgani haqida xabar qilisharkan, go‘yo o‘ldirilgan ukrain qo‘poruvchilaridan birining ekshn-kamerasi yozib olgan kadrlarni namoyish etishdi. Ammo mazkur rolik metama’lumotlariga ko‘ra, u 8 - fevralda, ya’ni e’lon qilinishidan 10 kun oldin – shunda ham bir yil burungi kadrlardan “yig‘ilgan” ekan. Original video 2021 - yil 4 - fevralda suratga olingan. Rolikning 13-soniyasida taralgan portlash tovushi 12 yil muqaddam Finlyandiyada o‘tkazilgan raketa sinovi chog‘ida tasvirga olingan arxiv videodagi portlash sasi bilan bir xil – har holda metama’lumotlar va ovozlar tahlili shundan dalolat bermoqda. Biroq, shuncha “yopishmagan gajaklari” borligiga qaramay, ushbu kadrlar “Rossiya 1” kanalidagi “Vesti” dasturi reportajiga kiritildi. “60 minut” shousida esa ularni takroran namoyish etishdi.
Bo‘lginchi hududlar aholisi Rossiyaga borib-keladigan yo‘lo‘tkazgich – ko‘prikni portlatishga hozirlik ko‘rilgani haqidagi rolik esa 2019 - yilda tasvirga olingan bo‘lishi mumkin. Bu ham metama’lumotlarni tahlil qilish bilan aniqlandi. Ayniqsa, 200 kilo trotil joylangani iddao qilinayotgan mashinaning tros bilan bemalol tortib ketilayotgani, bir odam mashina bilan yonma-yon borayotgani juda shubhali tuyuladi. Mazkur video ham bo‘lginchilar va Rossiya mediasi tomonidan yoyinlangan.
O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar rahbarlarining aholi shoshilinch tarzda evakuatsiya qilinishi haqidagi videomurojaatlari ham oldindan tayyorlab qo‘yilgan bo‘lib chiqdi. Denis Pushilin va Leonid Pasechnikning murojaatlari o‘tgan juma – 18 - fevral kuni efirga uzatilgandi. Metama’lumotlar esa ular ikki kun avval yozib olinganini ko‘rsatdi. Xususan, Pasechnikning murojaati kompyuterda qandaydir maxsus amaliyotlar nomini eslatuvchi “Mangust hamlasi” degan papkada saqlangan ekan. Shunga qaramay, ikkala video ham Rossiya davlat OAVlarida yoyinlandi.
Eng g‘alati materiallardan biri – Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uning oilasini evakuatsiya qilish topshirilgan bir odam bilan suhbatdir. Video “Rossiya 1” kanalining “Vesti nedeli” haftalik dasturida namoyish etildi. Ukrainada hatto Zelenskiyga muxolif OAVlar ham bu mavzuni ko‘tarishgani yo‘q. Prezidentning o‘zi esa oilasi uning yonida – Ukrainada qolajagini ma’lum qildi.