Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:32

“Olimpiada niqobi ostida qalloblik”. Xitoy Shinjonda qishki sport turlarini rivojlantirayotgani rostmi?


Xitoy davlat OAVlari Shinjon viloyatini “qishki sport turlari gullab-yashnayotgan o‘lka” sifatida ta’riflab, yerli musulmon aholi genotsid qilinayotgani aytilayotgan ushbu mintaqada “hashamatli tog‘-chang‘i bazalari” qurilganidan bahs etmoqda. Ekspertlar bu gaplarni “ko‘zbo‘yamachilik” deb atashyapti.

Xitoy mediasining ritorikasi

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi yoyinlagan videoda o‘zini Chingiz deb tanitgan qozoq bola chang‘i poygasi bilan shug‘ullanishini aytadi. Oltoy okrugidagi Ko‘kto‘g‘ay tog‘-chang‘i oromgohida tasvirga olingan rolikda ko‘plab chang‘ichilar aks etgan. Kadr ortidagi ovoz esa mintaqada “chang‘i sporti va snoubord bilan shug‘ullanish uchun barcha shart-sharoit muhayyo qilingan”ini aytadi.

“Sinxua” agentligining boshqa videosida uyg‘ur millatiga mansub short-trek murabbiyi Shinjonda etnik ozchil xalqlar farzandlari bilan mashg‘ulot olib borayotgani tasvirlangan.

“Umid qilamanki, Shinjonda ko‘pchilik short-trek bilan shug‘ullanishni boshlab, viloyatimizga va mamlakatimizga shon-shuhrat keltirajak”, deydi u.

SGTN telekanali ham o‘z lavhalarida Shinjon tog‘-chang‘i oromgohlarini ko‘rsatdi. Xitoy OAVlari Oltoy o‘lkasini insoniyat ilk bor chang‘i ucha boshlagan makon o‘laroq ta’riflab, bunga mintaqa tog‘lariga o‘yib qoldirilgan ko‘hna petrogliflarni dalil qilib keltirishmoqda.

“Tub aholi o‘zligidan ayirilgan o‘lkadagi tomoshagoh”

Xitoy mediasi Shinjonni qishki sport turlari markazi sifatida taqdim eta boshlaganiga Fransiyaning AFP axborot agentligi ham e’tibor qaratdi.

“Pekin haqsizliklarga giriftor bo‘layotgan Shinjonni qishki sport turlari uchun jannat o‘lka, deya maqtab-maqtab “bozorga chiqaryapti”. Davlat OAVlari Shinjonning ovloq qishloqlarida odamlar yaxmalakda uchayotgani, etnik ozchil xalqlardan yetib chiqayotgan yosh sportchilar haqida xabarlar tarqatmoqda. Uyg‘ur blogeri esa viloyatdagi “ajoyib” chang‘i uchish maskani haqida video suratga oldi”, deb yozadi fransuz axborot agentligi.

AFPga ko‘ra, Xitoyning kommunist hukumati qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun zarur infratuzilmani barpo etishga 157 milliard dollar mablag‘ sarflamoqchi. Bu pullardan Shinjonga ham ulush tegadi.

“Xitoy qishki Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan 2015 - yildan beri mamlakatda tog‘-chang‘i kurortlari soni to‘rt baravar ko‘paydi. Shinjonning o‘zida 82 ta tog‘-chang‘i kurorti qurildi”, deb xabar beradi AFP.

“Human Rights Watch” xalqaro inson huquqlari tashkiloti vakili Mayya Van AFPga bergan izohida Shinjonda turizmni qo‘llab-quvvatlash bilan Xitoy hukumati aholisi o‘zligidan va erkin fikrlashdan mahrum bo‘lgan ushbu mintaqani o‘ziga xos Disneylendga aylantirmoqchi ekanligini aytadi. “U yerda sayyohlarning dam olishini davlat tashkil qiladi va o‘zi nazoratda tutadi”, deydi u.

“Xitoy Shinjonda bo‘layotgan haqsizliklarni xaspo‘shlashga urinmoqda”

Shinjondagi qozoqlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi “Nag‘iz Atajurt” tashkiloti rahbari Bekzot Maqsutxonga ko‘ra, rasmiy Pekin Shinjondagi musulmonlarning huquqlari poymol etilayotgani haqidagi ma’lumotlarga raddiya berish uchun Olimpiya o‘yinlaridan foydalanishga urinmoqda.

“Shinjonda bolalar va yoshlar yoppasiga qishki sport turlari bilan shug‘ullanayotgani yolg‘on. Chunki Shinjonda aksar bolalar – ota-onasi tirik yetimlar yoki chin yetimlardir. Ularning ota-onalari tutqunlikda saqlanmoqda yoki Xitoy ichki viloyatlariga majburiy ishlashga jo‘natilgan. Kuch bilan ota-onasidan ajatilib, yetimxonalarga topshirilgan bolalar ham bor. Xitoy Olimpiada niqobi ostida dunyoni aldashga harakat qilyapti”, deydi u Ozodlik qozoq xizmati bilan suhbatda.

Shinjondagi qozoqlarning muammolarini ko‘tarib chiquvchi “Atajurt jastari” jamoat birlashmasi rahbari Qidirali O‘raz aytishicha, “Xitoy Pekindagi Olimpiya o‘yinlaridan harchand foydalanmasin, Shinjonda qilingan yovuzliklarni hech kim rad eta olmaydi”.

“Oltoy tog‘larida qish yarim yil davom etadi, qor ko‘p yog‘adi. Oltoyning tub aholisi azaldan chang‘i va chanalardan foydalanib keladi. Qadimdan chang‘i va chanalarda uchadi. Chunki qor juda qalin bo‘ladi. Xitoy esa go‘yoki Olimpiada bo‘layotgan vaqtda Shinjonda chang‘ichilar ko‘payib qolgandek taassurot uyg‘otmoqchi”, deydi u.

Xitoyning Pekin Olimpiadasidagi terma jamoasi tarkibida shinjonlik uch nafar etnik qozoq yigiti hamda bir uyg‘ur qiz bor. Olimpiya o‘yinlari mash’alasini yoqishi uchun Xitoy hukumati shinjonlik etnik uyg‘ur qiz Dilnigor Ilhomjonni tanladi. Xalqaro tashkilotlar va huquq himoyachilari mash’alani yoqish aynan uyg‘ur sportchisiga topshirilganini “Xitoyning g‘arazli harakati” deb atashdi.

Bekzot Maqsutxonga ko‘ra, Shinjonda sharoit va imkoniyatlar yaxshi, ammo Xitoy viloyatda qishki sport turlarini rivojlantirishga rag‘bat bildirmagan.

“Shinjonning Oltoy okrugida qish besh-olti oyga cho‘ziladi, biroq Xitoy ushbu mintaqada qishki sport turlarini rivojlantirgan emas. Qishki Olimpiadada Shinjondan sanoqli sportchi qatnashyapti. Xitoy Olimpiya o‘yinlari chog‘ida Shinjonni har qancha maqtamasin, o‘lka aholisi sport bilan shug‘ullanayotganini ko‘rsatishga harchand urinmasin, bu Shinjon musulmonlarining ahvoli yaxshilanib qolganini bildirmaydi”, deydi u.

Xitoy hukumatiga qarashli “Global Times” inglizzabon nashri AFP agentligi maqolasini “bema’nilik” deb atadi va G‘arb OAVlarida chiqqan ma’lumotlarga raddiya berdi.

“Shu tariqa Shinjon mahalliy aholining farovonligi oshishiga, atrof-muhit tozaligi saqlanishiga va iqtisodiy taraqqiyotga erishishi mumkin. Buning nimasi yomon?!” deb yozgan xitoy nashri.

Xitoy hukumati va davlat OAVlari G‘arb nashrlarida chiqqan Shinjonga oid maqolalarni hamda xalqaro huquqbonlik tashkilotlarining bayonotlarini tan olmaydi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy Shinjon viloyatida bir million nafarga yaqin uyg‘ur, qozoq va boshqa musulmonlarni siyosiy lagerlarga qamagan. Xalqaro tadqiqotchilar Xitoy Shinjonda musulmonlarni majburan ishlatayotganini, ularda tug‘ilishni nazorat qilayotganini aniqlashdi. Xitoy esa Shinjondagi siyosatini “terrorizmga qarshi kurash”, lagerlarni esa “kasb-hunarga o‘ratish markazlari” deb atamoqda.

Xitoy BMT ekspertlari hamda huquqbonlarni Shinjon hududiga kiritmaydi. 6 fevralь kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish XXR raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan bayonotda BMT bosh kotibi Xitoy rasmiylari xalqaro tashkilot oliy komissarlarining Xitoyga, jumladan Shinjonga borishiga ruxsat berishidan umidvorligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG