Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:18

Oliy sud mulozimi pora olishda gumonlanib ushlandi. U "oqlov hukmi chiqarishga va’da bergan" - manbalar


Oliy sud Plenumi majlisi. Raislik qiluvchi - Oliy sud raisi Baxtiyor Islamov.
Oliy sud Plenumi majlisi. Raislik qiluvchi - Oliy sud raisi Baxtiyor Islamov.

Farg‘ona viloyat sudi mustaqil bloger Olimjon Haydarovni tovlamachilik aybi bilan 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilishi arafasida O‘zbekiston Oliy sudining yuqori martabali mulozimi katta miqdorda pora olishda gumonlanib ushlangani o‘rtaga chiqmoqda.

Hibsga olish tafsilotlaridan xabardor manbalarning Ozodlikka aytishicha, 30- noyabr kuni Toshkentning Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi Oliy sud katta konsultanti Umid Faxriddinovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash haqida ajrim chiqargan.

28-noyabr kuni DXX xodimlari tomonidan "10 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotganda" ushlangan sobiq mulozim hozirda "Gvardeyskiy" nomi bilan bilingan Toshkentdagi DXX tergov izolyatorida saqlanmoqda.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston huquq va adliya tizimida ishlovchi bir-biridan mustaqil uch manba xabar qildi. Aytilishicha¸ Faxriddinov "10 ming AQSH dollari" evaziga ishi Oliy sudda ko‘rilayotgan shaxsga “oqlov hukmi” va’da qilgan.

Sobiq mulozimga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 168 (Firibgarlik) va 211- (Pora berish) moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Adliya tizimidagi Ozodlik gaplashgan manbalar Faxriddinov porani Oliy sud sudyalaridan biriga “muammoni hal qilish evaziga uzatishi kerak bo‘lgan"ini iddao qildi.

Manbalarning iddaosiga ko‘ra, sobiq mulozim hozirda hay’at a’zolari¸ xususan hay’at raisiga qarshi ko‘rsatma beryapti.

"Faxriddinovga qo‘yilayotgan ayblarga e’tibor bersangiz¸ uning bu jarayonda vositachi bo‘lganiga ishora bor. Xususan¸ u pora olish emas¸ balki pora berishda ayblanyapti. U sudlov qarorini chiqarish vakolatiga ega bo‘lgan mulozim emas. “Oqlov hukmi” va’dasi bilan pora olish ham bu pullarning boshqa odamga atalganiga ishora. Asosiy savol¸ bu pora kimga berilishi kerak bo‘lgan va u jinoiy javobgarlikka tortiladimi?Bu voqea ortidan hay’at raisi “ta’tilga chiqish”ni so‘rab ariza yozgan. Oliy sud raisi Islomov esa uch kundan buyon Qashqadaryoda safarda”, dedi Ozodlikka nomini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan O‘zbekiston adliya tizimi mulozimi.

Ozodlik voqea tafsilotlariga oydinlik kiritishni so‘rab Oliy sud matbuot xizmatiga murojaat qildi. Murojaat javobsiz qoldirildi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay IIV¸ MXX¸ Bosh prokuraturaning yuqori darajali rahbarlari qamoqqa olingan va ular og‘ir jinoyatlarda ayblanib¸ umrbod yoki uzoq yillik qamoqqa hukm etilgan edi. Ular orasida Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari — Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Bahodir Dehqonov ham bor.

2019-yil fevralida xizmat xonasida hibsga olingan Dehqonov¸ 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng jinoiy javobgarlikka tortilgan eng yuqori darajali sud mulozimidir.

2017-yil 22-dekabrida O‘zbekiston Oliy Majlisi ikkala palatasi oldida prezident sifatida qilgan birinchi yillik Murojaatida Shavkat Mirziyoyev “eng katta vabo sudlarda” degan va tizimni isloh qilishga va’da bergan edi.

Sud tizimini isloh qilish iddaosi bilan 2017-yili O‘zbekistonda Sudyalar oliy kengashi ta’sis etildi. Unga sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashish va sudyalar korpusini shakllantirish vakolati berildi.

2018-yil yanvarida Mirziyoyev qarori bilan Oliy majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashish komissiyasi tashkil qilindi.

XS
SM
MD
LG