Olmaotadagi BMT tinchlikparvar askarlari kaskalarini kiygan harbiylarning suratlari ushbu xalqaro tashkilotni taajjubga soldi va bir qancha savollarni o‘rtaga chiqardi.
“Associated Press” agentligi 8 - yanvar kuni e’lon qilgan suratlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tinchlikparvar kuchlari uniformasida qo‘llanadigan juda taniqli rangdagi va “UN” (United Nations – BMTning xalqaro qisqartmasi) deb yozilgan kaska kiyib olgan bir necha askarni ko‘rish mumkin. Suratchi Vladimir Tretyakov olgan va ilk bor mustaqil jurnalist Jeyk Hanrahan tarqatgan tasvirlar Qozog‘istonda aynan nimalar sodir bo‘layotgani xususidagi chalkashliklarni ko‘paytirdi.
O‘tgan hafta gaz narxi keskin oshirilishi natijasida ommaviy namoyishlar ko‘tarilganidan beri mamlakatda internet o‘chirib qo‘yilishi, noma’lum jangarilar, rasmiy bayonotlarga nisbatan e’tirozlar hamda qish tumani Qozog‘istondagi ushbu voqealarni har tomonlama o‘ta mavhum qilib qo‘ydi.
BMT tinchlikparvar missiyasi vakili 10 - yanvar kuni Ozodlikning qozoq xizmati so‘roviga javoban AR e’lon qilgan tasvirlardagi qurolli odamlar BMT tinchlikparvar missiyasiga mansub emasligini tasdiqladi.
“Bu masala bizni tashvishga solayotganini Qozog‘istonning doimiy vakolatxonasiga ma’lum qildik”, degan u.
Missiya matbuot kotibining aytishicha, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti qo‘shinlari va politsiyasini taqdim etuvchi mamlakatlar BMT taniq belgilaridan ular BMT Xavfsizlik kengashi mandatiga muvofiq tinchlikni saqlash amaliyotlariga jalb qilingan hollardagina foydalanishi kerak”.
Qozog‘iston qurolli kuchlarida BMT qo‘llab-quvvatlaydigan ingliz tilida so‘zlashuvchi tinchlikparvar kuchlar mavjud: KAZBAT deb ataluvchi ushbu bo‘linma harbiylariga BMTning moviy kaskalarini kiyishga ruxsat berilgan – ammo faqat parad chog‘ida yoki BMT tinchlikparvar missiyasini bajarish paytida.
Qozog‘iston mudofaa vazirligining Olmaotadagi vakili 10 - yanvar kuni Ozodlik so‘roviga telefon orqali javob berdi.
U moviy kaskali askarlarni BMT bilan bog‘liq KAZBAT batalyonining bir qismi sifatida tanitdi va ular o‘sha paytda mazkur tashkilotning biron missiyasini bajarmaganini, balki “strategik inshootlar, aeroportlar va hukumat binolarini qo‘riqlash” bilan shug‘ullanganini tan oldi.
Shundan so‘ng Ozodlik suhbatdoshi: “Siz Internetda ko‘rgan rasmlar KAZBATning Livanda olingan suratlaridir. Bu bizning tinchlikparvar korpusimiz. Shuningdek, siz Hindiston tinchlikparvar kuchlari haqida ham ma’lumot izlab ko‘rishingiz mumkin. KAZBATning yarmi hozir Livanda (Hindiston kuchlari bilan birga), qolgan yarmi shu yerda, Qozog‘istonda”, deb qo‘shimcha qildi.
Qozog‘iston kuchlari 2018 - yilda Livandagi missiya uchun Hindiston batalyoniga qo‘shilgan, ikki mamlakatning tinchlikparvar kuchlari bir-biri bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
Bryusseldagi universitetning xalqaro gumanitar huquq va tinchlikni saqlash amaliyotlari bo‘yicha eksperti Erik Devidga ko‘ra, Olmaotada olingan fotosuratlar “moviy kaska kiyadigan qo‘shinlar hukumat tarafidan qo‘pol tarzda suiiste’mol qilingan”ligi in’ikosidir.
Devidning Ozodlikka aytishicha, agar “moviy kaskalar”dan foydalanish ortida Qozog‘iston rasmiy shaxslari turgan bo‘lsa, “bu xalqaro darajadagi g‘ayrihuquqiy qilmish sodir etgani uchun Qozog‘istonning xalqaro javobgarlikka tortilishiga olib keladi”.
Birlashgan Millatlar Tashkilotini tamsil etuvchi ust-boshdan ruxsatsiz foydalanish, agar bu inson o‘limiga yoki jiddiy jarohatlanishiga olib kelgan bo‘lsa, xalqaro mojarolardagi harbiy jinoyat hisoblanadi.
Shuningdek, Devidning fikricha, Qozog‘istonda chet mamlakatlar qo‘shinlari mavjud bo‘lsa-da, mamlakatda bo‘layotgan zo‘ravonliklar Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi tomonidan xalqaro emas, balki ichki mojaro sifatida tasniflanishi deyarli shubhasiz.
“Shu bois, Qozog‘istonda “moviy kaskalar”ning qo‘llanishi noqonuniy, ammo bu harbiy jinoyat sanalmaydi”, deydi mutaxassis.
Xalqaro huquq bo‘yicha ekspert Olmaotada BMT tinchlikparvar kuchlarining xos bosh kiyimlaridan nega foydalanilgan bo‘lishi mumkinligini aslo tushunmaganini aytarkan, ikkita taxminni ilgari suradi: harbiylarning yalpi safarbar qilinishi natijasida askariy ust-bosh va anjomlar yetishmay qolib, ushbu kaskalardan foydalanishga qaror qilishgan yoki mamlakat rahbarlari go‘yo “BMT kuchlari Qozog‘iston hukumatini qo‘llab-quvvatlayapti”, degan tasavvur uyg‘otish maqsadida qasddan bu ishni qilgan.