Gaz narxi oshirilishiga qarshi Janao‘zenda 2 - yanvar kuni boshlangan norozilik namoyishlari Qozog‘istonning boshqa shaharlariga ham ko‘chdi. Mamlakatning janubiy poytaxti - Olmaotada norozilik xunrezliklarga aylanib ketdi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘istonning eng yirik shahriga “20 ming terrorchi” hujum qilganini aytdi.
Yanvarning ilk kunlari norozilik namoyishlari va tartibsizliklar markaziga aylangan Olmaotada bo‘lgan Ozodlikning qozoq xizmati muxbiri o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlarini hikoya qiladi.
4 - YANVAR. TEATR OLDIDAGI MAYDON, MADHIYA, YETAKCHISIZ MITING
4 - yanvar oqshomi. Soat sakkizlar atrofida. Shahar chekkasi, Olmaotaning quyi qismi. “Alatau” teatri oldida odamlar to‘planmoqda. Politsiya avtoulovlar yo‘liga g‘ov qo‘ymoqda. Men mashinani “Almati Arena” sport saroyi orqasida qoldirdim.
Teatrga yaqinlashar ekanman, “spetsnazchilar” teatr tomonga borayotgan odamlarni bittalab tutib, avtozakka olib borishayotganini ko‘rdim. Ayrimlarni yerga sudrashar, qarshilik ko‘rsatganlarning jigari va buyrugiga ayovsiz urishardi.
Avtozakka olib ketilayotgan bir qiz dod soldi. Yig‘ilganlarning nigohi unga va “spetsnaz”ga qaratilgandi. Vaziyat taranglashdi. Kutilmaganda politsiyachilar qizni qo‘yib yuborishdi. Odamlar paydar-pay kelib turishibdi. Hammani ushlab bo‘lmasdi – avtozaklar yetmasdi baribir. Politsiya odamlarni tutishni bas qilib, “Alatau” teatri oldidagi maydonga o‘tiladigan yo‘lni to‘sdi. Qora kiyimli “spetsnazchilar” yo‘lkada saf tortishdi. Teatr tomonga o‘tmoqchi bo‘lganlar kalovlanib, to‘xtashdi. Ko‘chaning u betida ham odamlar to‘plana boshladi. Bir mahal bu olomon qo‘zg‘alib, yo‘lni kesib o‘ta boshladi. Kuch ishlatar xodimlar bilan yuzma-yuz kelishdi. “Spetsnazchilar” hushyor tortishdi. Ulardan biri shunday dedi: “Bizga tegmasanglar, biz ham sizlarga tegmaymiz”.
“Spetsnazchilar” tegmayotganini ko‘rgan odamlar teatr oldidagi keng maydonga yig‘ilib, zinadan ko‘tarila boshladilar. Uzoqdan qaraganda teatr oldida ko‘pmingkishilik xor saflangandek tuyulishi mumkin edi: zinapoyada turganlar madhiyani kuylashardi. Odamlarning qo‘llaridagi minglab telefonlarning fonuslari voqea joyini yoritardi.
Teatr oldidagi olomon ortiq nima qilishni bilmasdi. Goh-gohida: “Biz Janao‘zenni qo‘llaymiz!”, “To‘planinglar!” deya xitob qilishardi. Har yoqdan: “Kim nutq so‘zlamoqchi?”, “Birontangiz gapiring!” degan ovozlar kelardi.
Men mitingchilar orasida biron yetakchini ko‘rmadim, odamlar o‘zlaricha to‘planishgandi.
Eski tanishimni uchratib qoldim. Bu izdihom ichida men taniydigan yagona odam edi u.
– Odamlar nima qilishni bilmayapti. Hech kim gapirmayapti, tushuntirmayapti, – dedi tanishim.
– Birov tushuntirmoqchi bo‘lganida ham uning ovozini hech kim eshitmaydi. Karnay yo‘q-ku, – deb javob berdim.
Ba’zilar teatr oldida 10 ming kishi to‘planganini aytishardi. Mening hisobimga ko‘ra, mitingchilar 2-3 ming atrofida edi.
POLITSIYA BILAN TO‘QNASHUV
Taxminan bir soatlardan so‘ng politsiya xodimlari, aftidan, “tutinglar” degan buyruq olishdi. Ular saf tortishdi, so‘ngra zinapoya etagida turgan odamlarga qarab yurishdi. Olomon hujumga o‘tgan politsiya odamlarni qo‘lga olmasligi uchun kuchi boricha harakat qildi. Qattiq qarshilikka uchragan “spetsnazchilar” chekinishga majbur bo‘lishdi.
Birinchi hamlani daf qilgan yoshlar bu yog‘iga nima qilishni bilmasdilar. Yana sarosima boshlandi. Bir payt izdihomdan kimdir ajralib chiqib, Momishuli ko‘chasi taraf yurdi, qolganlarga unga ergashishdi. Norozilik namoyishi boshlandi. Yo‘lboshchi kim? Qayoqqa otlanishdi? Orqada ketayotganlar buni bilishmasdi chamasi.
Men ildamroq yurib, namoyishchilardan yuz odimcha berida to‘xtadim. Ikkita harbiy mashina yetib kelib, ichidan kaska, qalqon va rezina tayoqli askarlar tushishdi. Izdihom ularga yaqinlashdi. Odamlar orqasiga qayrilib, tarqalishadi, deb o‘ylagandim. Lekin yoshlar tap tortmay ularga tashlanishdi. Askarlarning qalqonlari tushib ketdi, o‘zlari yerga yiqilgancha boshlarini changallab olishdi, yigitlar esa ularga tepkilashga kirishdi. Qattiq olish bo‘ldi. Namoyish qatnashchilaridan biri “Suratga olma!” deb baqirdi va telefonimni tortib olmoqchi bo‘lib, unga ulangan quvvatlash moslamasi shnurini uzib yubordi. Boshqa shnur olish uchun mashinaga qaytishimga to‘g‘ri keldi.
Politsiya to‘sig‘ini yorib o‘tgan namoyishchilar Momishuli ko‘chasi bo‘ylab yuqorilagancha Aqsay mikrotumaniga yetib borishdi.
MAYDONDAGI NAMOYISH
Mashina yoniga borib kelishimga 20 daqiqa chamasi vaqt kerak bo‘ldi. Olomon allaqachon uzoqlashib ketgan, ammo “Alatau” teatri qarshisida, Momishuli ko‘chasi yoqalab bir necha yuz kishidan iborat boshqa izdihom paydo bo‘lgandi. O‘sha yerdagilardan biri “bu uchinchi to‘lqin, dastlabki ikkitasi spetsnazchilarni yorib o‘tib, shahar markaziga yo‘l oldi”, deb aytdi.
Momishuli ko‘chasida “uchinchi to‘lqin” ichida turarkanman, hamkasblarim Manshuk Asautay va Azamat Jankatovlar yetib kelishdi. Biz odamlardan “Talablaringiz nima?” deb so‘ray boshladik. Ular Toqayevni qo‘llab-quvvatlaymiz, ammo korrupsiyani yo‘q qilish kerak, deb javob berishdi. Yarim tunga yaqin “Alatau” teatri yonidagi maydon huvillab qoldi: politsiyachilar ham, harbiylar ham tarqalib ketishdi.
Hamkasblar bilan shaharning yuqori tarafidagi bizning ofisimiz joylashgan “Nurli Tau” biznes-markaziga jo‘nadik. Abay shohko‘chasidan yurishning iloji yo‘q edi, aylanma yo‘lga o‘tishga majbur bo‘ldik. “Alatau” teatri yonidan otlangan olomon Abay ko‘chasi bo‘ylab markaziy maydonga tomon borardi.
BIRINCHI QARSHILIK
Ofisga tungi soat birda yetib keldik. Ikki daha narida joylashgan Respublika maydonidan paqildoq tovushlar eshitilardi. Politsiya maxsus vositalarni ishga solayotgandi. Biz videoni kompyuterga ko‘chirib, taxminan 3:30 da maydonga yetib bordik.
Kuchishlatar xodimlar namoyishchilarni chekinishga majbur etgan, hamma yoqda harbiylar yurishardi. Havodan gaz hidi anqir, atrofda toshlar, gilzalar sochilib yotar, asfaltda esa qon dog‘lari bor edi.
Satpayev va Sayfulin ko‘chalari chorrahasida kimdir chiqindi konteynerini yo‘lga olib chiqib, yoqib yubordi. Undan quyiroqda politsiyaga tegishli uchta yuk mashinasi yonardi. O‘t o‘chiruvchilar yelib-yugurgancha olov bilan kurashardilar.
Biz gumburlagan saslar taralayotgan g‘arb tomonga yurdik. Qariyb 200 chog‘li qurolli kishilar yuz qadamcha naridagi olomonga qarata yorug‘lik-shovqin granatalarini irg‘itishardi. Granatalardan biri yonginamizda portladi. Operator Azamat Jankatov ikkovimizning tomoqlarimiz achishib, ko‘zlarimiz yoshlandi. Toza havodan nafas olvolgani turar-joylar dahasi tomonga chopdik. Yarim soatlarda o‘zimizga kelib, Satpayev ko‘chasiga qaytdik. Kurashayotgan ikkala tomon hanuz ro‘baro‘ holatda edi. Namoyishchilar temir to‘siqlarni qo‘porib, uning bo‘laklarini qalqon qilib olishgandi. 200 dan ziyod harbiylar qarshisida 50-60 chog‘li namoyishchi turardi.
Gumbirlash saslari ertalabgacha to‘xtamadi. Soat olti yarimlarda sukunat cho‘mdi. Janao‘zenliklarni qo‘llab boshlangan namoyish shu bilan tugadi, uni bostirishdi, deb o‘yladim.
5 - YANVAR. TOMDAGI POLITSIYACHILAR, JURNALISTGA O‘Q UZISH
Soat sakkizda hamkasbim Ayan Kalmurat telefon qilib, meni uyg‘otdi. Shahar notinch edi, tahririyatda muxbirlarga topshiriqlar berildi. Men o‘tgan kecha namoyish bo‘lgan “Alatau” teatri oldidagi maydonga jo‘nadim.
Yetib borganimda u yerda chamasi 50 kishi to‘planib turgan ekan. Askarlar va politsiyachilar qorasi ko‘rinmasdi. Ular tunda olomonni to‘zg‘itib, shaharni to‘liq nazoratga olishgan bo‘lsa kerak, shu bois ham hammayoq tinch, degan xayolga bordim. Teatr tevaragida bironta ham kuchishlatar xodim yo‘q edi.
Olomonga yaqinlashib, nima maqsadda bu yerda turishgani bilan qiziqdim.
– Narx-navo oshishini to‘xtatishsin. Qashshoqlashib ketdik, yo‘qotadigan hech narsamiz yo‘q, – dedi biri.
– Janao‘zen bilan Aqtauda hukumat mitingchilar bilan muzokara qilyapti. Nega bizning yonimizga hech kim chiqmaydi? Nega biz bilan hech kim qiziqmayapti? – gap qotdi boshqasi ochiq g‘azab bilan.
Yigitlar horg‘in ko‘rinishardi, kechasi bilan uxlamay, ko‘chada yurishgan, shekilli. “Biz Toqayevni qo‘llaymiz, korrupsiyani to‘xtatsin”, deb qichqirishdi ular.
Yoshlardan biri, qurilishda ishlayotgan o‘ntacha o‘zbek mehnat migranti ham maydonga chiqishganini, chunki “qozoqlar bosh ko‘targanida qo‘l qovushtirib turishni xohlamagan”ini aytdi. O‘zbeklardan birini oyog‘idan yaralashgan emish.
Izdihom orasida jamoat faollari yo‘q edi. To‘planganlar To‘labiy ko‘chasi tomonga yurishdi. Bir nechta yuk mashinasi yo‘lga ko‘ndalang qilib qantarilgan edi. Namoyishchilar yo‘lini to‘sish uchun politsiya qo‘ygan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Ma’lum bo‘lishicha, namoyishchilar o‘zlari mashinalarni to‘xtatib, shu alfozda qantarishgan ekan.
To‘labiy va Sain ko‘chalari kesishmasida pachoqlangan harbiy yuk mashinasiga ko‘zim tushdi. Kimdir kabinaga chiqib, motorni yoqdi, ammo g‘ildiraklarida yel qolmagan mashina joyidan jilmadi. Shunga qaramay bir talay yoshlar qiyqirgancha bortga chiqib olishdi.
“Sayran” avtovokzali yonida “Nur Otan” partiyasi ofisi yonayotganini ko‘rdim. Tahmimcha, kechasi o‘t qo‘yilgan.
Avtovokzal oldida namoyishchilar eski tramvay relslarini qo‘porib olib, O‘tegen botir va To‘labiy ko‘chalari chorrahasini to‘sishdi. O‘z yumushi bilan ko‘chaga chiqqan shaharliklarning mashinalari tirbandlikda qoldi. Ammo tevarakda yo‘l harakati noziri yoki politsiyasi hamon ko‘rinmasdi.
Izdihom shu yaqinda joylashgan Auezov tumani politsiya mahkamasi binosiga yo‘naldi. Ularga hech kim darvozani ochmadi. Ko‘p o‘tmay tomda politsiyachilar yurganini payqadik. Ular namoyishchilarga qarata ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz tarqatuvchi granatalarni otishardi.
Namoyishchilardan so‘radim: “Muddaolaringiz nima?” Ular tunda qo‘lga olinganlar ozod etilishini talab qilishdi. Qancha odam ushlanganini bilishmasdi. Ayrimlar yonimga kelib: “Siz jurnalistsiz, talablarimizni hukumatga yetkazing”, deyishardi.
Tez orda ikki ayol va bir keksaroq erkak politsiya mahkamasi binosi oldiga kelib, “Biz bilan gaplashinglar”, deya qichqira boshladi. Yoshlar chetroqda turishardi. Boshqarmadan hech kim chiqmagach, namoyishchilar yana To‘labiy ko‘chasidan enib, markaziy maydonga jo‘nadilar.
To‘labiy va Ro‘zibakiyev ko‘chalari kesishuvida hamkasbim Ayan Kalmurat yetib keldi. Operator Sanat Nurbekov ikkovi namoyishni kuzatish uchun qolishdi, men esa ofisga qaytdim. Hamkasblarim Respublika maydoniga dovur borishibdi. Ular bu orada o‘t qo‘yilgan shahar akimati va prezident qarorgohini tasvirga olishgan. Hukumat binolariga kim o‘t qo‘ygan, nega ishg‘olning oldini olishmagan, o‘t o‘chiruvchilar nega yo‘q – bu savollar jumboqligicha qoldi.
Hamkasblarim noma’lum odamlar ularga o‘q uzishganini, lekin qochishga muvaffaq bo‘lganlarini aytishdi. Maydonda qolish xatarli bo‘lib qolgach, Ayan va Sanat ofisga qaytishibdi.
6 - YANVAR. AVTOMOBILDA OLINGAN INTERVYU
Internet butunlay o‘chirilgan. Olmaota va poytaxtda nimalar bo‘layotgani noma’lum. Nur-Sulton yangiliklari mish-mish kabi og‘izdan-og‘izga ko‘chardi: “Prezident Toqayev hukumatni iste’foga chiqarganmish”, “MXQ raisi Karim Mansimovni ishdan olishganmish”, “MXQ raisining o‘rinbosari, sobiq prezidentning jiyani Samat Abish qamoqqa olinganmish” va hkz.
Ko‘chalarda avtoulovlar deyarli yo‘q edi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin sotish to‘xtatildi.
Favqulodda holat e’lon qilindi, kechalari komendant soati amal qiladi.
Men uydan chiqib, Qalqaman mikrotumani tomonda odamlar tsisternalarni ochib, chelaklab benzin olishayotganini eshitib, o‘sha yoqqa jo‘nadim. Ammo yo‘l to‘sib qo‘yilgani sababli qaytishga to‘g‘ri keldi.
Rayimbek shohko‘chasida olomon shundoq asfaltda avtomobil pokrishkalari va daraxtlarni yoqardi. Kechagina hukumat oldiga o‘z talablarini qo‘ygan odamlar bugun shaharning turli qismlarida alg‘ov-dalg‘ov va beboshlik qilardilar.
Chamasi ikkilarda bir necha faol qo‘ng‘iroq qilib, meni maydonga chaqirishdi. Faollardan biri – Besjan maydonda faqat tinch namoyishchilar borligini, harbiylar va askarlar yo‘qligini aytdi. Keyin boshqa bir kishi sim qoqib, namoyishchilar shtabi boshlig‘i Jasaral Kuanishalin bilan so‘zlashishni taklif qildi. Ular o‘zlari Sain ko‘chasiga yetib kelishdi va men mashinada Kuanishalindan qisqa intervyu oldim. Shaharda nega xaos davom etayotganini, uni kim nazorat qilayotganini so‘radim. Kuanishalin shunday javob berdi: “Hokimiyat tepasida kim turgani noma’lum. Toqayev ham, Nazarboyev ham bu tizim bilan birga daf bo‘lsinlar. Talablarimiz ado etilmaguncha biz maydonda qolamiz”.
Intervyudan so‘ng Risqulov ko‘chasi bo‘ylab Respublika maydoniga yo‘l oldim. Soatiga 60 km tezlikda haydarkanman, ortimdan kattakon yuk mashinasi quvib yetib, chiroqlarini o‘chirib-yoqa boshladi. Men mashinani chapga olib, unga yo‘l bo‘shatdim. Qo‘shni polosa bo‘sh edi – yuk mashinasi shusiz ham meni quvib o‘tishi mumkin edi. Ammo u mashina atay ortimdan quvib kelardi va, sal hayallaganimda menga urilardi ham. Oynadan qarasam, raqamlari yechib olingan harbiy yuk mashinasi ekan. Ruldagi odamni ko‘rolmay qoldim. Maqsadi nima edi – meni qo‘rqitishmi yoki mashinamni tortib olishmi? Gazni bosib, oshig‘ich tarzda boshqa ko‘chaga burildim. U orqada qolib ketdi.
“BIZ ODDIY ODAMLARMIZ! TERRORCHI EMASMIZ!”
Respublika maydoniga kelib kuchishlatar idoralar xodimlarini uchratmadim. Odamlar mashinalarini maydon o‘rtasiga qantarishgandi. “Pressa” deb yozilgan nimcha kiyib olgan kaminaga ko‘pchilik ola qarar edi. Yigitlar menga tegishmadi, yoshimni izzat qilishdi, shekilli. Maydonda 300 lar odam bor edi. Bir necha o‘n kishi plakatlar ko‘targancha menga yaqinlashdi. Uzun plakatda qalin harflar bilan “Biz oddiy odamlarmiz! Terrorchi emasmiz!” deb yozilgandi.
Yaqinda qazo qilgan dissident Aron Otabekning safdoshi va 1990-yillarda faoliyat yuritgan “Alash” partiyasi liderlaridan biri bo‘lgan Muratbek bu “tinch miting”ligini, ularning hamma yoqqa o‘t qo‘ygan va marodyorlik qilgan beboshlarga aloqasi yo‘qligini aytdi. U ham o‘zini shtab a’zosi o‘laroq tanitdi.
Yonimizga kelgan yosh yigitlar akimat va prezident ma’muriyati binolarini boshqalar yoqqanini aytishdi. Ulardan biri shunday xitob qildi: “Biz Toqayevni qo‘llaymiz. Toqayev, bilamiz, sen korrupsioner emassan. Nazarboyevlar oilasini to‘xtat!”. So‘ngra ortiga o‘girilib, so‘radi: “Toqayevni qo‘llaymizmi, yo‘qmi?!” “Qo‘llaymiz!” – qichqirishdi odamlar.
Kechqurun qaytarkanman, katta ehtimol bilan, kechasi harbiylar hududni namoyishchilardan tozalashadi, deb o‘yladim. Maydonda ko‘rganim o‘sha qurolsiz odamlar tirikmi, yo‘qmi, ularga nima bo‘ldi – sira xabarim yo‘q. Tikka otishga buyruq berilgan harbiylar tinch namoyishchilar bilan beboshlik qilganlarni qanday farqlashi ham menga qorong‘u edi.
7 - YANVAR. CHELAKLARDAGI BENZIN. MARODYORLIK
7 - yanvar, juma kuni Ozodlik radiosi ofisiga bordim. Moskvadagi “Dojd” telekanalining ikki muxbiri biz bilan shaharga chiqishga qaror qilishdi. Ularning o‘zlarida mashina yo‘q, bizning ulovimizda benzin yarim bakcha qolgandi xolos. Shahar kechagidan ham behalovat tuyuldi. Respublika maydonidagi harbiylar dam-badam akimat va prezident qarorgohiga qarata o‘t ochishardi. “Nega otyapsizlar, kimga otyapsizlar?” deb so‘ray olmadik. Bizni yaqin yo‘latishmadi. Maydon chetida pesh oynasida o‘qlardan besh-olti teshik qolgan eski mashina turardi. Oldingi yo‘lovchi o‘rindig‘ida qon qotib qolgandi.
Biz markaziy ko‘chalar bo‘ylab ketdik. To‘labiy ko‘chasida ko‘plab savdo markazlari va bankomatlar g‘orat qilingan, mashinalar yonib yotardi.
Shaharda aksilterror amaliyoti bo‘layotgani haqida radio orqali ogohlantirishdi. Biz Qalqamanga yo‘l oldik. Mikrorayonga kirarkanmiz, bir guruh yoshlar Rayimbek ko‘chasidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida sisternalardan chelaklab benzin olayotganlarni to‘xtatishga urinayotganini ko‘rdik.
– Bu yerda o‘nga yaqin “terrorchi” bor edi. Ular o‘tkinchi mashinalarga benzin sepib, yoqib yubormoqchi bo‘lganlar. Biz guruh tuzib, ularni haydab yubordik. Qayoqqa daf bo‘lishganini bilmaymiz, – dedi yigitlardan biri.
Boshqa yoqilg‘i shoxobchalarida ham chelakda benzin olishardi. Qalqamanda harbiylarni ko‘rmadik.
“Terrorchilar” shahardan chiqishdagi “Aport” savdo markazini talayotganini eshitgach, o‘sha yoqqa ketdik. Yo‘lda oziq-ovqat va ro‘zg‘or ashyolariga to‘la aravachalarni sudrab ketayotgan va bir nechtadan elimqopcha ko‘tarib olgan odamlarga duch keldik.
Ma’lum bo‘ldiki, talon-toroj qilingan “Aport” emas, “Magnum” supermarketi ekan. Ayollar, yoshlar, keksalar qo‘llariga ilingan narsani olishgandi. Qurollangan odamlarga ko‘zimiz tushmadi.
Bizga hamrohlik qilayotgan qalqamanlik yigitlar marodyorlikni to‘xtatish uchun eshik oldiga turib, binoni qo‘riqlashga kirishishdi. Hech kimni ichkariga kiritishmadi. Keyin xabar qilinishicha, “Magnum”dan nariga hech kim o‘tolmagach, kiyim-kechak va poyafzal butiklari ziyon ko‘rmabdi.
Qalqamandan qaytarkanmiz, bir necha kun ichida ilk daf’a politsiyachilarni ko‘rdim. O‘ndan ortiq qurollangan xodim 4-5 ta mashinada shaharni aylanib yurishardi.
BINOLARGA KIM O‘T QO‘YDI? QANI “20 MING TERRORCHI”?
8 - yanvarda shaharni tartibga keltira boshladilar. Ko‘chalar yongan harbiy mashinalar qoldiqlaridan tozalandi. Vayron qilingan do‘konlarning eshiklari taxta va temir bilan to‘sildi. Bu paytda ayrim OAVlar Olmaotadagi tadbirkorlik korxonalariga 80 mlrd tangalik zarar yetkazilganini xabar qildi. Kim bilsin, qanday hisoblashdi ekan. Odamlarning bunaqa hisob-kitob bilan ishi yo‘q, ko‘pchilik ko‘chaga chiqishga ham yuragi dov bermay, uyida o‘tirardi.
Shahar morgi shu kuni gavjum bo‘ldi. Odamlar o‘z yaqinlarini qidirib kelishardi. Kelguvchilarning aksari jurnalistlar bilan gaplashishni istamadi. Bundan avval Toqayev “20 ming terrorchi” hujum qilganini, aeroportni bosib olishganini aytdi.
Aeroportga kimlar hujum qilganidan bexabarman. Havo porti shahar markazidan anchagina uzoq.
Deyarli hammavaqt “Alatau” teatri yonida boshlanib, Olmaota markazida davom etgan namoyish ishtirokchilari orasida bo‘ldim, ammo qurollangan terrorchilarga ko‘zim tushmadi. Men hayotida ilk bor spetsnaz kordonini yorib o‘tib, markaziy maydonga chiqqan 20-25 yoshli yigitlarni ko‘rdim. Oziq-ovqat, suv keltirgan raqamsiz avtomobillarni ko‘rdim. Lekin, keyinroq rasmiy OAVlarda bu avtomashinalar “qurol tashilgan”i haqida xabarlar paydo bo‘ldi.