Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:23

Oq uyning bo‘lajak matbuot kotibi va Rossiya propagandasi


Psaki sobiq prezident Barak Obama prezidentligi davrida Davlat departamenti matbuot kotibi o‘laroq ishlagan edi.
Psaki sobiq prezident Barak Obama prezidentligi davrida Davlat departamenti matbuot kotibi o‘laroq ishlagan edi.

AQSh prezidentligi saylovida g‘olib chiqqan Jo Bayden Jennifer Psakini Oq oy matbuot kotibi etib tayinlashini ma’lum qildi.

Psaki sobiq prezident Barak Obama prezidentligi davrida Davlat departamenti matbuot kotibi o‘laroq ishlagan edi.

O‘shanda Psaki Rossiya hukumatiga qarashli nashrlar hamda Internetning rus tilidagi segmentida muntazam trolling qurboni bo‘lgan edi.

2 - dekabr kuni Psaki Twitterda Rossiya propagandasi haqida yozdi.

"Rossiya tashviqoti nishoni bo‘lmaganlar e’tiboriga, maqsad kuchli xabarchilarni obro‘sizlantirish va jamoatchilikni chalg‘itish uchun noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishdir. Kimki buni ulashsa, (o‘z bilgan yoki bilmagan holda) tashviqot mashinasining qo‘g‘irchog‘iga aylanadi", deb yozdi bo‘lajak kotib.

Psaki o‘z tvitida bir vaqtlar Rossiya propaganda mashinasi nishoni bo‘lgan sobiq davlat Kotibi Hillari Klinton hamda 2012–14 - yillarda AQShning Rossiyadagi elchisi bo‘lib ishlagan Maykl Makfolni teg qildi.

Ammo Psaki Rossiya targ‘iboti haqida o‘z fikrini izhor qilishga nima undaganini ochiqlamadi.

Ammo kotib tvitidan bir kun oldin AQShning amaldagi prezidenti Donald Trampning matbuot kotibi Psaki aks etgan suratni ulashgan edi. Surat ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.

2014 - yilning yanvarida Parijda olingan suratda Psaki, AQSh davlat kotibi Jon Kerri, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va vazirlik matbuot kotibi Mariya Zaxarovani ko‘rish mumkin.

Diplomatlar Suriyadagi bo‘hronni muhokama qilish uchun Parijga borgan edilar.

Suratda Psaki ruslarning milliy bosh kiyimi bo‘lmish ushanka, ya’ni quloqchin kiyib olgan.

Surat ijtimoiy tarmoqlarda keng ulashildi va ayrim nashrlar, jumladan, Fox News Psaki Sovet Ittifoqi ramzi hisoblanuvchi o‘roq va bolta tasviri yopishtirilgan quloqchinni kiyib, SSSRning repressiv siyosatlarini qo‘llashini izhor qilganini iddao qildi.

USA Today nashri o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra, quloqchinni Psakiga Lavrov sovg‘a qilgan. Kerri ham, o‘z navbatida, Lavrovga sovg‘a bergan. USA Today maqolasida e’tirof etilishicha, Kerri Lavrovga Aydaxo shtati ramziga aylangan ikkita ulkan kartoshkani sovg‘a qilgan.

Quloqchinni Moskva g‘araz niyat bilan sovg‘a qilganini ko‘rsatuvchi dalil yo‘q.

O‘sha paytda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham quloqchin kiyib olgan Psaki suratini e’lon qilib, Kerri sovg‘a qilgan kartoshkalar "zo‘r taassurot qoldirganini" bildirgan edi.

Qolaversa, bugunga qadar suratni hech kim, jumladan, AQSh Davlat departamenti yashirishga urinmadi.

Zaxarova suratni 2018 - yilning yanvarida ulashib, "Haqiqiy shedevr – so‘zning barcha ma’nosida. Axborot urushi askarlari", deb yozdi.

Parijdagi uchrashuvdan ikki oy o‘tib, Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib oldi va u yerda aksariyat davlatlar noqonuniy deb topgan referendumni o‘tkazdi.

Rossiya, shuningdek, sharqiy Ukrainada boshlangan urushda rossiyaparast ayirmachilarni qo‘llay boshladi. Natijada AQSh – Rossiya munosabatlari keskin sovib ketdi.

Bayden prezidentligi davomida ham ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar keskinligicha qolishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG