Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:33

"Oyligimizni bering". UzBAT sigaretlarini reklama qilgan ishchilar tarmoqlarda aksiya boshladi


Tarmoqlardagi norozilik aksiyasi ishtirokchilarining postlaridan biri.
Tarmoqlardagi norozilik aksiyasi ishtirokchilarining postlaridan biri.

Tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “British American Tobakko Uzbekistan” (UzBAT ) kompaniyasi sigaretlari reklamasi bilan shug‘ullangan bir guruh ishchilar mehnat haqini olmaganidan shikoyat qilmoqda.

Tarmoqlarda boshlangan “Oyligimizni bering” aksiyasi ishtirokchilari iyun oyida UzBAT sigaretlari bo‘yicha ijtimoiy so‘rov o‘tkazgan 200 nafar ishchiga maoshi berilmaganini aytmoqda.

Ushbu ishchilarni yollagan ADV Next reklama agentligi oylik bilan bog‘liq muammoda UzBAT shirkatini aybladi.

UzBAT Ozodlikning ishchilar da’vosiga oid savollarini biror ko‘rinishda izohlamadi.

O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda “UzBAT oyligimizni bering” aksiyasi boshlandi.

Aksiya ishtirokchilariga ko‘ra, iyun oyida UzBAT sigaretlari bo‘yicha ijtimoiy so‘rov o‘tkazgan ishchilarga mehnat haqlari berilmagani sabab ular o‘z noroziliklarini shu tariqa bildirishmoqda.

“Biz UzBAT sigaretlari bo‘yicha 20 yoshdan kattalar orasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdik va UzBAT sigaretlarini reklama uchun tekinga tarqatish bilan shug‘ullandik. Soatbay ishladik, kuniga 4 soatdan ishladik, shartnoma bo‘yicha soatiga 25 ming so‘mdan to‘lashi lozim edi. Iyun oyida 2 million 600 ming so‘m olishim kerak edi. 30 - iyun kuni bizga karantin sabab ishimiz to‘xtatilishini aytishdi. Biroq oyliklarimiz berilmadi. Boshida muzokara qilishayotganini aytishdi. Kutib-kutib charchagach, tarmoqlarda norozilik aksiyasi boshladik. Biz yozning jaziramasida turib ishladik, peshona terimiz bilan topgan haqqimizni berishlarini talab qilamiz. Bir kunda 38ta odam bilan opros o‘tkazardik, bu oson ish emas”,- deydi aksiya ishtirokchilaridan biri ismi anonim qolish sharti bilan.

Tarmoqlardagi aksiya doirasida e’lon qilingan postlardan birida “UzBAT o‘z ishchilariga nomardlarcha munosabatda bo‘ldi”, deya yozilgan.

Yana bir postda “Toshkent markazidagi UzBAT yirik shirkati o‘z xodimlarini aldab, o‘tib ketgan sana bilan ishdan bo‘shatdi va ishchilarga bir tiyin ham bermasdan haydadi”, deyilgan.

Ozodlik aniqlashicha, UzBAT sigaretlari bo‘yicha ijtimoiy so‘rovda ishtirok etgan ishchilar aslida ADV Next reklama agentligining yollanma ishchilaridir.

Ushbu agentlik mulozimi Ozodlik bilan suhbatda ishchilarga iyun oyi uchun oylik berilmaganini tasdiqlab, bu UzBAT aybi bilan sodir bo‘lganini iddao qildi.

“Uch yildan beri UzBAT bilan hamkorlik qilamiz. Ikki marta tenderda yutib chiqib, ularning ijtimoiy so‘rovlarini o‘tkazib berdik. Ular zakazchik, biz bajaruvchimiz. Biz UzBAT bilan shartnoma imzolagach, ishchilarni yollaganmiz. 30 iyungacha ishchilar to‘liq ishlagan. 1 - iyul kuni UzBAT “Shartnomani bir tomonlama uzamiz”, dedi. Shu paytgacha ikki oylik ishimizni qabul qilmayapti. Biz muzokara olib boryapmiz, lekin befoyda bo‘lyapti. O‘zi UzBAT ikki oyning pulini bermadi. May va iyun oyi. Biz ishchilarga o‘z hisobimizdan may uchun maosh to‘ladik. Biroq iyun uchun to‘lash imkonimiz yo‘qligi sabab ular oyliksiz qoldi. Biz UzBAT haqimizni berishi bilan ishchilar oyligini o‘tkazib beramiz. Gap UzBATda”,- deydi ADV Next reklama agentligi mulozimi.

Mulozim bergan ma’lumotga ko‘ra, ADV Next reklama agentligining mamlakat bo‘ylab jami 200 ishchisi iyun oyi oyligini olmagan.

Ozodlik 30 - iyul kuni Toshkentdagi UzBAT shirkatiga bog‘lanib, ishchilar da’vosi va ADV Next reklama agentligi iddaosi bo‘yicha izoh so‘radi.

UzBAT mulozimlari faqat yozma ravishda murojaat qilinsagina javob berishlarini bildirishdi.

Ozodlik muxbirining 30 - iyul kuni uzbat_press@bat.com elektron manziliga yo‘llagan murojaati oradan 6 kun o‘tgan bo‘lsa-da, javobsiz qoldi.

O‘zbekistonda turli idora va tashkilotlarda oylik maoshlarning vaqtida yoki to‘liq berilmasligi surunkali muammoga aylangan.

Doimiy yoki yollanma ishchilarning maoshlar o‘z vaqtida berilmasligi yoki qisqartirilishidan noroziliklari bot-bot kuzatiladigan holat.

Jumladan, ikki hafta avval Ozodlikka murojaat qilgan “O‘zbekiston temir yo‘llari”, UzAuto Motors va “O‘zbekneftgaz" kabi yirik monopolist korxonalar, shuningdek, IIB, Bandlikka ko‘maklashish markazlari kabi idoralarning ishchi-xodimlari oylik ish haqlari vaqtida berilmayotgani va mukofot pullaridan mahrum qilinganidan shikoyat qilishgan.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas’uli murojaatlar yuzasidan o‘rganish olib borib, natijasi ma’lum qilinishini bildirgan. Biroq vazirlik 4 - avgustgacha bu borada Ozodlikka hech qanday ma’lumot bermadi.

XS
SM
MD
LG