Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:23

Pekinda Olimpiya mash’alasini uyg‘ur sportchisi yoqdi. Bu nimani anglatadi?


Etnik uyg‘ur Dilnigor Ilhomjon Pekindagi Olimpiya o‘yinlarida sovrinli o‘rinni egallay olmadi. Ayollar o‘rtasidagi 30 kilometrli skiatlon musobaqasida u marraga qirq uchinchi bo‘lib yetib keldi. Shunga qaramay Dilnigor O‘yinlardagi eng ko‘p tilga tushgan sportchilardan biri bo‘lib turibdi, chunki Xitoy unga Olimpiya mash’alasini yoqish imkonini berdi. Xalqaro tashkilotlar va huquqbonlar Dilnigorning qishki Olimpiada ochilish marosimida ishtirok etishini “Xitoyning g‘arazli xatti-harakati” deb atashmoqda.

Pekindagi Olimpiya o‘yinlari Xitoyning Shinjon viloyatida musulmon diniga e’tiqod qiluvchi etnik ozchil xalqlar kamsitilayotgani haqidagi bayonotlar va Xitoy hukumati mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tufayli G‘arb tarafidan tobora keskinroq tanqid qilinayotgani manzarasida o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Qo‘shma Shtatlar, Buyuk Britaniya, Kanada, Estoniya, Yaponiya va Avstraliya qishki Olimpiya o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilib, Pekinga rasmiy delegatsiya yo‘llashdan bosh tortgan edi.

4 - fevral kuni o‘yinlarning ochilishiga bag‘ishlangan marosimda Olimpiada mash’alasini yoqishdek sharafli vazifa uyg‘ur sportchi qizi Dilnigor Ilhomjon hamda xan millatiga mansub chang‘ichi Chjao Szyavenyuga topshirildi. Odatda Olimpiya mash’alasini dunyo taniydigan sportchilar, chempionlar va mashhurlar yoqishadi. Xitoy esa bu missiyani Olimpiya o‘yinlarida ilk bor ishtirok etayotgan uyg‘ur chang‘ichisiga topshirdi.

Shinjon yerli musulmon aholisining huquqlari uchun kurashayotgan Jahon uyg‘ur kongressi Xitoy ma’murlari 20 yoshli Dilnigor Ilhomjonni tanlagani “siyosiy propaganda” ekanligini aytdi.

“Xitoy Olimpiya o‘yinlarini siyosiylashtirmoqda, biz bu haqda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasini ogohlantirgan edik. Ammo bu tashkilot bizga quloq tutishni istamayapti. Uyg‘urlarga qarshi genotsid davom etayotgan paytda uyg‘ur sportchisidan bu yo‘sin foydalanish o‘taketgan andishasizlikdir. Xitoy hukumati bu bilan mujda beryapti: siz bizning qo‘limizdasiz, sizni istagan ko‘yimizga solamiz va buning uchun hech qachon javobgar bo‘lmaymiz”, demoqchi”, deydi Jahon uyg‘ur kongressi vakili Zumretay Arkin Guardian nashriga bergan izohida.

Hongkong universiteti professori Syuy Guotsi Wall Street Journal nashri bilan muloqotida Xitoy hukumati “ongli ravishda” uyg‘ur sportchisini mash’albardor qilib tanlaganini aytadi.

“Uyg‘ur sportchisini tanlash bilan Xitoy dunyoga “Sizlarning barcha gaplaringiz yolg‘on”, demoqchi bo‘lyapti”, deydi u.

Xitoy prezidenti Si Tszinьpin va uning xotini Pen Liyuanь Olimpiada o‘yinlari ochilish marosimida.
Xitoy prezidenti Si Tszinьpin va uning xotini Pen Liyuanь Olimpiada o‘yinlari ochilish marosimida.

Uyg‘urlarni majburan ishlatishga barham berish koalitsiyasi a’zosi Bennet Friman Xitoy rasmiylarining ochilish marosimidagi xatti-harakatini “surbetlarcha masxaralash” deb atadi.

Saymon Frezer universiteti (Kanada) xalqaro tadqiqotlar kafedrasi dotsenti Darren Beyler Associated Press agentligiga bergan izohida “bu juda puxta o‘ylangan tanlov” bo‘lganini aytdi.

“Biz buni Xitoyning “Shinjonda qilayotgan ishlarimizdan voz kechmaymiz, dunyo bu haqda nima deb o‘ylasa o‘ylayversin” degan mazmundagi bayonoti o‘laroq qabul qilishimiz mumkin”, deydi ekspert.

5 - fevral kuni Pekindagi brifingda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining rasmiy vakili Mark Adams uyg‘ur sportchisi haqidagi savolga javob berarkan, “mash’albardorni tanlashda uning etnik mansubiyatiga ahamiyat berilmasligi”ni aytdi.

“U Olimpiadada ishtirok etayotgan sportchi. Va u etnik kelib chiqishidan qat’i nazar Olimpiya o‘yinlarida va ochilish marosimida qatnashishga tamoman haqli”, dedi XOQ vakili.

Xitoy o‘z xatti-harakatini himoya qilishga urinmoqda

Xalqaro tashkilotlarning tanqidlari manzarasida Xitoyning turli mamlakatlardagi elchilari, rasmiylari va hukumatparast OAVlari mash’alani yoqish imkoniyati uyg‘ur sportchisiga berilgani uchun Pekinni zo‘r berib maqtashmoqda.

Chunonchi, Xitoyning Tanzaniyadagi bosh konsuli Chjan Chjishen “Twitter”dagi sahifasida Dilnigor Ilhomjonning oilasi marosimni qattiq hayajon bilan tomosha qilayotgani aks etgan videoni yoyinladi.

Xitoyning Kubadagi elchisi Amb Ma Xuey esa “Twitter”da Dilnigor Ilhomjonning onasi qiziga omad tilayotgani haqidagi videoni e’lon qildi. Rolikda sportchining onasi “Oilang, mamlakating sen bilan faxrlanadi”, deydi.

Xitoy Kommunistik partiyasining Global Times gazetasi Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimiga bag‘ishlangan maqolada uyg‘ur sportchisi haqida yozgan G‘arb va AQSh ommaviy axborot vositalarini “sayoz fikrlash”da ayblab chiqdi.

“Olimpiada mash’alasini yoqish – sportchilarning bir umrlik orzusidir. Ayrim Amerika OAVlari mantig‘iga ko‘ra “Xitoy sportchi qizning bir umrlik orzusini ro‘yobga chiqarishga majburlagan” bo‘lib chiqyapti. Bundan-da tuturuqsiz mantiq bo‘ladimi?” deb yozgan Kompartiya nashri.

4 - fevral – Pekin Olimpiadasi ochilgan kun dunyoning qator shaharlarida o‘yinlarga qarshi chiqishlar o‘tkazildi. Turkiyaning Istanbulida, Kanadaning Torontosida va Chexiya poytaxti Pragada norozilik aksiyalariga chiqqan odamlar O‘yinlarni “Genotsid olimpiadasi” deb atab, musobaqalarni boykot qilishga, tomoshabinlarni esa o‘yinlarni ko‘rmaslikka chaqirishdi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy million nafarga yaqin uyg‘ur, qozoq va boshqa musulmonlarni Shinjondagi siyosiy jamloqlarga qamagan. Xalqaro tadqiqotchilar Xitoy Shinjondagi musulmonlarni majburiy mehnatga jalb etayotganini va ularning tug‘ilishini nazorat qilayotganini aniqlashgan. Xitoy hukumati o‘zining Shinjondagi siyosatini “terrorizmga qarshi kurash”, jamloqlarni esa “kasb-hunar o‘rgatish markazlari” deya iddao qilib keladi.

Pekin BMT ekspertlari va huquq himoyachilarini Shinjonga kiritmayapti. 6 - fevral kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish XXR raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan bayonotda BMT bosh kotibi Xitoy hukumati BMT oliy komissarining Xitoyga, jumladan Shinjonga kelishiga ruxsat berishidan umidvorligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG