Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:38

Prezidentning gapiga ishonib Turkiyadan qaytdik, lekin erimni 6 yilga qamashdi"


Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tuman, Do‘stlik mahallasidan OzodMikrofonga qo‘ng‘iroq qilgan Shohida Xudoyberdiyevaning arz qilishicha, uning eri Davron Rabbimov prezidentning "hech kimni qamamaymiz" degan gaplariga ishonib, Turkiyadan O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng olti yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan:

"Erim chaqirganidan so‘ng, Rossiyaning Saxalin o‘lkasiga 2009 - yilda borgan edim. Erim qurilishda ishlardi, o‘sha yerda andijonlik Otabek degan bir yigit videoda unga Afg‘onistonda bo‘lgan voqealarni ko‘rsatib turar ekan. Erim bunaqa videolarni ko‘rish taqiqlanganini ham bilmagan. Keyin u yigit O‘zbekistonga ketgan ekan, qidiruvda ekan, qamaldi va tergovda meni erimni ham yozib beribdi. 2010 - yilda melisalar O‘zbekistondagi uyimizga kelib tintuv o‘tkazibdi, hech narsa topolmagan, lekin erimni ham qidiruvga bergan. Erim agar borsa o‘sha zamonda 15-20 yilga bekordan bekor qamalib ketishi aniq edi. U hech narsa qilmagan, biror jinoyatga qo‘l urmagan, shunchaki oddiy namozxon bo‘lgan.

Keyin baribir bizni bu yerdan topishadi deb, avval Voronej shahriga bordik. Noqonuniy yashab yurdik, keyin Turkiya bizga o‘xshaganlarni O‘zbekistonga topshirmaydi degan gapni eshitganimizdan so‘ng, Turkiyaga ketdik. O‘sha yerda tinchgina ishlab, yashab yurdik. Keyin zamon o‘zgardi, Mirziyoyev prezident bo‘ldi. Prezident ko‘p chiqishlarida xorijda yurganlar O‘zbekistonga qaytinglar, hech kimni qamamaymiz, deganidan so‘ng yurtga qaytdik. Samarqand viloyati hokimi ham, kimning qo‘li qonga botmagan bo‘lsa, men kafil, deb aytgan edi.

Shohida Xudoyberdiyeva maktubi
Shohida Xudoyberdiyeva maktubi

Ammo Toshkent aeroportiga tushganimiz bilan erimning qo‘liga kishan solib olib ketishdi. O‘zlaricha tergov qilishib, bir qancha ayblovlarni bo‘yniga "qo‘ydirib", olti yilga qamab yuborishdi.

Menga alam qilgani, erim hech qanday jinoyat qilmagani, birorta tashkilotga a’zo bo‘lmagani, oddiy namozxon bo‘lgani uchun qamalgani bo‘ldi. Menga eng alam qilgani, prezident va’dasiga ishonib qaytib kelgan erimni qamatib yuborishgani. Oliy sudgacha murojaat qildim, lekin hech kim erimning ishini qayta ko‘rib chiqay demaydi".

-------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG