Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:16

Prokuratura oldida o‘zini yoqqan ayol: Dunyoning "Spark"ini bersa ham qizimga alishmayman


O‘zbekistonda hokimiyat va davlat idoralari binolari oldida o‘ziga o‘t qo‘yishga urinishlar bundan oldin ham bo‘lgan
O‘zbekistonda hokimiyat va davlat idoralari binolari oldida o‘ziga o‘t qo‘yishga urinishlar bundan oldin ham bo‘lgan

Andijonda qizining o‘limi bo‘yicha olib borilayotgan tergovga norozilik belgisi sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygan ayol Bosh prokuratura hodisa sabablari borasida yolg‘on ma’lumot tarqatganini aytmoqda.

30 -noyabr kuni Marhamat tumanidan bo‘lgan S.B. ismli ayol (Ozodlik shaxsiy daxlsizlik vajidan uning ismini ochiqlamaydi) Andijon viloyat prokuraturasi oldida o‘z ustiga benzin sepib, o‘t qo‘ygan edi.

Bosh prokuratura ayol o‘z qizining o‘limida aybdor tomondan tovon sifatida "Spark" avtomashinasi undirilmagani uchun o‘ziga o‘t qo‘ygani, tanasining 15 foizi kuygani va kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qilgandi.

Voqeadan uch kun o‘tib Ozodlik qo‘lga kiritgan audioda S.B. 16 yoshli qizi o‘limi bilan bog‘liq tergov jarayoniga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygani va tanasining 60 foizi kuyganini bildirgan:

- "Spark" talab qilganimizda allaqachon ayblanuvchini qo‘yib yuborgan bo‘lishardi, - deydi S.B. audioda.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, shu yil iyul oyida ayolning voyaga yetmagan qizi sevgan yigitini kutayotgani aks etgan suratlar tarqalishidan qo‘rqib, o‘zini osib, joniga qasd qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 141−1-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura bayonotidan qizning onasi go‘yoki "shantaj"chi yigitdan farzandi o‘limiga tovon sifatida "Spark" mashinasi undirishni so‘ragani anglashiladi.

"Maqsadiga yeta olmagach 30 - noyabr kuni viloyat prokuraturasi oldidagi mashinalar to‘xtash joyida ustiga benzin quyib o‘zini yoqib yuborgan", deyiladi bayonotda.

Ozodlikka yetib kelgan audioyozuvda ayol prokuraturaning bu bayonoti yolg‘on ekanini ta’kidlarkan, "dunyoni "Spark"ini bersa ham qizimga alishmayman", - deydi.

Bosh prokuratura ayol o‘ziga o‘t qo‘yishi oqibatida yuzi, qo‘llari, bo‘yin va ko‘krak qafasi sohalari, jami tanasining 15 foiz qismi kuyish tashxisi bilan shifoxonaga joylashtirilganini bildirgandi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, bu ma’lumot ham yolg‘on.

"Shundoq yuzim qolgan, xolos..."

Ozodlikka yetib kelgan audioda ayol tanasining 60 foizi kuyganini iddao qiladi:

"Hozir uydaman, ahvolim chatoq. Shundoq yuzim qolgan xolos, qolgan joyim kuyib ketgan", - deydi ayol.

Audioda ayolning turmush o‘rtog‘i ham: "Tanasining 60 foizi ketgan, xotinim bir o‘limdan qoldi", - deydi.

Ammo o‘ziga o‘t qo‘ygan ayol ham, uning turmush o‘rtog‘i ham Ozodlikka gapirishni istashmadi.

"Bu mavzu ko‘tariladi, shunday qolmaydi, Lekin, hozircha har-xil gap gapirmay turaylik", - deydi ayolning turmush o‘rtog‘i.

Prokuratura yolg‘on ma’lumot berdimi?

O‘zbekiston bosh prokuraturasi 30 - noyabrь kuni S.B. ismli ayol qizi o‘limi bilan bog‘liq tergov harakatlaridan norozi bo‘lib, Andijon viloyat prokuraturasiga borgani va mashinalar turargohida o‘ziga o‘t qo‘ygani yuzasidan bayonot e’lon qilgandi.

Bayonotda ayol prokuraturada qabul qilingani, qabul jarayonida tergovchi tomonidan ularning talablari bajarilmagani, qizining vafotida aybdor bo‘lgan tomondan tovon sifatida "Spark" avtomashinasi undirilmagani va bundan norozi ekanini bildirgani aytilgan.

"Viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari F.Raxmanov qabul jarayonida jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, "Spark"ni undirish tergov organlarining vakolatiga kirmasligi, tergov yakuni bo‘yicha barcha aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini tushuntiradi. Javobdan qoniqmagan fuqaro S.B. avtomashina undirilmagan taqdirda o‘ziga o‘t yoqib, joniga qasd qilishini aytib, viloyat prokuraturasini tark etgan.

Shundan so‘ng, taxminan 13:20 da marhumaning onasi viloyat prokuraturasi avtomashinalar turargohida baqirib, boshqa shaxslarni o‘ziga jalb qila boshlagan. Turmush o‘rtog‘idan bir litrli idishda benzin hamda gugurtni olib, o‘zining yelkasiga quygan. Turmush o‘rtog‘i o‘zini yoqishi va viloyat prokuraturasi binosi ichiga yugurib kirib ketishi haqida ko‘rsatma bergach, ayol o‘ziga o‘t qo‘yib yoqib yuborgan.

Bu payt voqealar rivojini kuzatib turgan post-patrul xizmati xodimlari uning egnida yonayotgan kiyimlari yechib olib, yordam ko‘rsatishgan. Ma’lum bo‘lishicha, ayni vaqtda ayolning yuzi, qo‘llari, bo‘yin va ko‘krak qafasi sohalari jami tanasining 15 foiz qismi kuyish tashxisi bilan shifoxonaga joylashtirildi.

Mazkur holat bo‘yicha Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda", — deyiladi bosh prokuratura bayonotida.

O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova 4 - dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Andijonda qizining o‘limi bo‘yicha olib borilayotgan tergovdan norozi bo‘lgan ayolning o‘ziga o‘t qo‘yishi motivlari va bu haqdagi viloyat prokuraturasi ma’lumotini shaxsan o‘rganib chiqayotganini aytdi.

- Buni o‘rganyapman, tez fursatda bu haqda ma’lumot beramiz, - dedi Svetlana Ortiqova.

O‘zbekistonda davlat idoralari xodimlari xatti-harakatidan norozi bo‘lgan fuqarolarning o‘ziga o‘t qo‘yish hollari bundan avval ham sodir bo‘lgan.

Joriy yil oktabrida MIB xodimlari uyidan majburlab chiqarmoqchi bo‘lgan namanganlik ayol o‘ziga o‘t qo‘yib, halok bo‘lgandi.

XS
SM
MD
LG