Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:30

Qashqadaryolik ota-onalar Prezidentning 5 tashabbusi qimmatga tushayotganini aytmoqda


Ozodlikka qashqadaryolik ota-onalardan kelgan shikoyatlarga ishonilsa, mamlakat prezidentining 5 tashabbusi doirasida tashkil qilingan bepul to‘garaklar ayrim maktablarda daromad manbaiga aylangan.

Koson tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchi ham to‘garaklar pullik ekanini aytdi. Shu tumanda ishlaydigan boshqa uch o‘qituvchining aytishicha, to‘garaklar qog‘ozdagina ochilgan.

Mirishkor tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri to‘garaklarning pullik ekanligi to‘g‘risidagi iddaolarni asossiz, deb aytdi. Ayni paytda ota-onalar Ozodlikka jo‘natgan skrinshotda o‘qituvchining ularga to‘garak pulini to‘lab qo‘yish zarurligi to‘g‘risidagi ogohlantiruvi aks etgan.

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida istiqomat qiluvchi Feruzaning (ismi o‘zgartirilgan) Ozodlikka aytishicha, uning farzandi tumandagi 17- umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qiydi.

“Yolg‘iz qizimni maktabida darsdan keyin bo‘ladigan “Yosh maqomchilar” to‘garagiga qo‘ydim. “Besh tashabbus” bo‘yicha, bepul deyishgan edi. Lekin, tuzuk o‘ta olmaydigan o`qituvchisi oyiga 50.000 so‘mdan olib kelasilar, deb topshiriq beribdi. Biror nimani o‘rganar deb to‘garakka qo‘ygan edim. Otasiz katta qilayotgan qizimni o‘quv qurollariga pul topayinmi, davlat bepul qilgan to‘garaklar uchun, o‘qituvchilarga pul topayinmi?”

Ozodlik gaplashgan yana bir mirishkorlik Nodira ismli ayolning aytishicha, uning farzandi tumandagi 7-maktabda o‘qiydi. Uning farzandi o‘qiydigan maktabda “Yosh matematiklar” to‘garagi tashkil etilgan, to‘garak uchun 40.000 so‘mdan to‘lashini yozgan ayolga ko‘ra u oktabr oyi uchun u to‘lov qilgan. “Ustozi yaxshi o‘qitadi, “Besh tashabbus” doirasida to‘garak tashkil qilingan farzandlaringiz ixtiyoriy qatnashishi mumkin deb Telegram guruhida yozgan edi. Keyin esa bolamni qo‘ydim. Keyinchalik to‘garakga 40.000 so‘mdan berib yuboringlar deb aytishdi. Mayli deb berdim…” dedi va mazkur xabar skrinshotini Ozodlikga yo‘lladi.

Mirishkor tumanidagi maktab o‘qituvchisidan ota-onalarga yuborilgan xabar skrinshoti.
Mirishkor tumanidagi maktab o‘qituvchisidan ota-onalarga yuborilgan xabar skrinshoti.

To‘garak pulini o‘z vaqtida to‘lab qo‘yish so‘ralgan o‘qituvchi va u ishlaydigan maktab direktori bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Biroq shikoyatlar yuzasidan Mirishkor tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Bektosh Shodiyev Ozodlikka izoh berdi:

- Agar “Barkamol avlod” hisobidagi to‘garaklar bo‘ladigan bo‘lsa, u yerda o‘zining tartiblari bor, maktablarda Xalq ta’limining tasarrufida ochilgan, hammasi bepul. Shikoyat qilayotgan ota-onalar to‘garaklarning farqiga bormayotgan bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, pullik to‘garaklar ham bor. Barkamol avlodning tasarrufidagi to‘garaklarning hammasida ota-onaning badal to‘lovi bor, o‘shanga tushunishmayotgandir. 5 tashabbus bo‘yicha to‘garaklar Xalq ta’limining o‘ziniki. Ya’ni maktablar o‘qituvchilari ochgan to‘garaklar hammasi bepul.

Ozodlik Qashqadaryoning turli tumanlarida ishlovchi bir necha maktab o‘qituvchilari bilan ham suhbatlashdi. Qamashi tumanidagi 23- maktabda ishlovchi o‘qituvchi ismi ochiqlanmaslik sharti bilan Ozodlikka 5 tashabbus doirasida tashkil qilingan barcha ijodiy va fan to‘garaklari bepul o‘tilishi shartligini aytdi:

“To‘garakni darsdan keyin o‘tasan, deydi, darsdan keyin maktabda qolib to‘garak o‘tishim kerak. Davlatdan 700 ming so‘m oylik olaman, 3 ta bolam bor erim hech qayerda ishlamaydi. Maktabdagi darsimni tugatib, uyga borib, tomorqamda yer chopsam, ozroq bo‘lsa-da oilamga qo‘shimcha daromad bo‘ladi. Lekin menga bepul to‘garak o‘tganim uchun hech kim bir so‘m pul yoki yordam bermaydi. Prezident o‘qituvchining oyligini 1000 $ qilaman deb har yili gapiradi. Qani natijasi? Maktablarda xodimlar ko‘p, dars soatlari esa yetishmaydi. Ota-onalar bilan o‘zaro kelishib olamiz, ba’zi bir ota-onalarga yoqmagan bo‘lishi mumkin…”

Yakkabog‘ tumanidagi maktablardan biri direktorining ma’naviyat bo‘yicha o‘rinbosariga ko‘ra, Prezidentning 5 tashabbusi doirasida tuman va shaharlarda tashkil etilayotgan turli-tuman tadbirlar hamda maktablardagi to‘garaklar "hisobotlarda aks etadi, xolos".

Ularni amalda tashkil qilish uchun sharoit yetarli emas. To‘garaklarni ko‘ngildagidek o‘tish uchun maktab sinfxonalari yetarli emas:

“5 tashabbusda sport, informatika, qo‘l mehnati, musiqa kabi bir qancha yo‘nalishlar ko‘rsatilgan. Ba’zi maktablarda sport mashg‘ulotlarini tashkil qilish uchun sport zalining o‘zi yo‘q. Musiqa cholg‘u asboblari yetishmaydigan maktablarda qanday qilib musiqa to‘garagini bepul o‘tish mumkin?! Avval bazani yaxshilash kerak edi, keyin esa tashabbusni joriy qilsa, ko‘ngildagidek ish bo‘lardi. Suvni ko‘rmasdan etik yechish, degani shu bo‘lsa kerak-da…”

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 - yil, 19 - martda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida “yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularga axborot texnologiyalari ko‘nikmalarini singdirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga doir besh tashabbusni ilgari surgan edi.

Shundan so‘ng respublika bo‘ylab maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalarida Prezident tashabbuslarini targ‘ib qilish bo‘yicha kampaniya boshlab yuborilgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG