Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:22

Qozog‘iston topshirmadi, AQSH quchoq ochdi. Qoraqalpoq faollari taqdiri


Raisa Xudayberganova (chapda), Tleubeke Yo‘ldosheva hamda Jongeldi Jaqsimbetovlar AQSHga yetib kelgandan so‘ng. 15-okyatbr, 2024
Raisa Xudayberganova (chapda), Tleubeke Yo‘ldosheva hamda Jongeldi Jaqsimbetovlar AQSHga yetib kelgandan so‘ng. 15-okyatbr, 2024

Toshkent so‘roviga binoan Qozog‘istonda ushlanib, bir yil hibsda o‘tirgan to‘rt nafar qoraqalpoq faoli Qo‘shma Shtatlarga kelib joylashdi. Ozodlik qozoq xizmatining yozishicha, O‘zbekistonda “konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish”da ayblanayotgan faollar Amerikada boshpana olishdan umid qilishmoqda.

Iliq kuz kuni. Yashilga burkangan xiyobon. Ko‘cha mashshog‘i gitara chaladi, atrofga yoqimli musiqa taralmoqda. Bu – AQSH shaharlaridan biridagi manzara. Qoraqalpoq faollari Qozog‘istondagi qayg‘uli oylardan so‘ng shu yerga kelib o‘rnashganlar.

– Hammasi joyida. Kayfiyatim a’lo. Men endi ozod insonman! – deydi Ozodlik bilan suhbatda to‘rt faoldan biri Tleubeke Yo‘ldosheva.

40 yoshli Tleubeke bog‘kursida o‘tirgancha musiqa tinglaydi. U o‘tgan uzoq vaqt ichida birinchi marta o‘zini bexavotir sezmoqda. Ayol og‘ir kunlari bitib, ro‘shnolikka chiqqanidan umid qiladi.

Қонли намойишлардан икки йил ўтиб, фаолларга тақиблар кучаймоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:20:47 0:00

PANJARA ORTIDA KЕCHGAN OYLAR VA UMMONORTIGA OLIS YO‘L

Qoraqalpoq faoli Yo‘ldoshevani 2022-yil noyabrda Qozog‘iston-Rossiya chegarasida hibsga oladilar; O‘zbekiston hukumati uni “konstitutsion tuzumga tajovuz”da ayblab xalqaro qidiruvga bergan edi.

2020-yildan beri Qozog‘istonda yashab kelayotgan Yo‘ldosheva Aqto‘bedagi hibsda roppa-rosa bir yil o‘tirdi. Tutqunlik go‘yo bir umr davom etadigandek edi...

Pirovardida Ostona Tleubekeni Toshkentga topshirmadi, lekin u so‘ragan boshpanani ham bermadi.

Ayol arosatda qoldi. Tarixiy vatanidagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlab chiqish qilgan Qozog‘istondagi boshqa hamyurtlari ham shu ahvolda edilar.

2022-yilda Toshkentning Qoraqalpog‘istonga referendum tartib-taomili orqali O‘zbekiston tarkibidan chiqish imkonini beruvchi normalarni Konstitutsiyadan o‘chirish tashabbusi ortidan Nukusda minglab qoraqalpoqlar ko‘chaga chiqqan edilar. Keng ko‘lamli namoyishlar ayovsiz bostirildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 21 kishi o‘lib, 200 dan ziyod kishi jarohat olgan.

Qonli voqealardan so‘ng O‘zbekiston hukumati bahsli tuzatishlarni bekor qildi. Ammo qoraqalpoqlar bundan suyunishga ulgurmadilar - respublikada qatag‘onlar boshlanib ketdi. Yuzlab faollar hibsga olindi. Norozilik harakati yetakchilaridan biri, Qoraqalpog‘istondagi “Yel qizmetіnde” gazetasi sobiq bosh muharriri Dauletmurat Tajimuratov “konstitutsion tuzumni ag‘darib tashlashga urinish”, “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish” va “hokimiyatni bosib olish maqsadida til biriktirish” kabi jinoyatlarda ayblanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Dauletmuratning qamoqda uni qiynoqqa solishayotgani haqidagi bayonotlari be’tibor qoldirildi, hukumat xalqaro tashkilotlarning uni darhol ozod etishga chaqiriqlariga ham parvo qilmadi.

Fojiadan so‘ng Toshkent tartibsizliklarni tashqi kuchlar uyushtirgan, degan iddao bilan chiqdi. Shu bois Qozog‘istonda yashayotgan qoraqalpoqlar qatag‘on mashinasi tagida qoldilar. Yo‘ldosheva – ulardan biri. Umumiy ovqatlanish tarmog‘ida ishlagan bu oddiy ayol o‘tgan o‘nyillik o‘rtalarida, siyosiy faolligi tufayli o‘zbek hukumati nigohiga tushgan. Tleubeke Qoraqalpog‘iston mustaqilligini talab qilib aksiyalar o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaganini, hukumatni inson huquqlariga rioya qilishga chaqirganini aytadi. Ko‘p o‘tmay ayol tazyiqlarga uchrab, qo‘shni Qozog‘istonga jo‘nab ketishga majbur bo‘ladi.

2022-yilda Tleubeke Yo‘ldosheva bilan birga, so‘nggi yillarda Qozog‘istonda yashagan yurtdoshlari Jongeldi Jaqsimbetov, Ziuar Mirmanbetova, Raisa Xudaybergenova, Qoshqarbay Toremuratovlar ham Toshkent talabiga ko‘ra ekstraditsiya qamog‘iga tashlangan edi. Faollar “konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish” ayblovini rad etib, bor-yo‘g‘i ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrlarini bildirganlarini va Qoraqalpog‘istonni suveren respublika maqomidan mahrum etish g‘oyasiga qarshi chiqqanlarini aytganlar. Sanab o‘tilgan besh kishining har biri bir yil panjara ortida o‘tirdi – Qozog‘iston jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, boshqa davlat berishni talab qilayotgan kishini 12 oygacha hibsda tutish mumkin.

Cуверен Ўзбекистондаги суверен Қорақалпоғистон. Тарихий контекст
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:48 0:00

2023-yil oktyabrda Yevropaga borib, Varshavada o‘tkazilgan inson huquqlariga bag‘ishlangan konferensiyada o‘z yurtida bo‘layotgan qatag‘onlar haqida gapirgan Qoshqarbay Toremuratov ayni paytda Polsha hukumatining unga boshpana berish masalasida bir qarorga kelishini kutmoqda.

Jongeldi Jaqsimbetov, Raisa Xudayberganova va uning oilasi Tleubeke Yo‘ldosheva bilan birga 15-oktyabr kuni Olmaotadan Istanbul orqali AQSHga uchib ketishdi. Ziuar Mirmanbetova va oilasi Shtatlarga bir hafta keyinroq, 23-oktyabrda jo‘nadi.

– Buyuk davlat bizni o‘z qanotiga oldi. Amerika tuprog‘iga qadamim tekkunicha ko‘nglim notinch edi. O‘zbekiston tomoni bizni istalgan paytda o‘g‘irlab ketishi mumkin edi. Ishonchli manbalardan 15-oktyabr kuni Olmaotadan Istanbulga biz bilan bitta uchoqda o‘zbek maxsus xizmatlarining xodimlari ham uchib kelganini bildim, – deydi Tleubeke Yo‘ldosheva (Ozodlik ushbu ma’lumotning haqiqiyligini tekshira olmaydi – tahr.).

HUQUQBONLAR VA XALQARO TASHKILOTLARNING SA’Y-HARAKATLARI

Venadagi Freedom for Eurasia guruhi rahbari, huquqbon Leyla Nazgul Seyitbek Ozodlik bilan suhbatda qoraqalpoq faollari huquq himoyachilarining sa’y-harakatlari tufayli AQSHga ko‘chib borishganini aytadi.

–Qo‘shma Shtatlarda ularni mahalliy inson haqlari tashkilotlari va migratsiya idoralari joy bilan ta’minlaydi. Ular hujjatlarni rasmiylashtirib, treninglardan o‘tadilar va ishga joylashadilar. O‘zbek hukumati tomonidan xavf borligi sababli manzillari sir saqlanishi kerak, – deydi Leyla.

Faollarning vizalari va boshqa hujjatlari bilan bog‘liq masalalar yarim yil deganda hal bo‘ldi. Ochiqda bo‘lganlar bu orada ingliz tili kurslariga qatnab, til o‘rganishdi. Ammo AQSH safari rejasi sir tutildi.

– Qozog‘istonga minnatdorlik bildirmoqchiman. Ha, biz u yerda bir yil hibsda o‘tirdik. Lekin ular bizni ekstraditsiya qilishmadi, uchinchi mamlakatga ketishimizga ruxsat berib xatimizni saqlab qolishdi. Ulardan hech bir ginam yo‘q. O‘zbekistonga topshirishganida holimiz ne kechardi, bilmayman, – deydi yana Tleubeke Yo‘ldosheva.

Qozog‘iston inson huquqlari byurosi direktori Denis Jivaga “qoraqalpoqlar O‘zbekistonga topshirilganida ularning taqdiriga havas qilib bo‘lmas edi”, deydi.

Byuro yuristlari qoraqalpoq faollariga boshpana so‘rab iltimosnoma berishda ko‘maklashishdi, rad javobi berilganida esa sudga shikoyat qilish uchun hujjatlarni tayyorladilar.

– Ularga qochqin maqomi berilmadi, lekin bu maqomni olish jarayoniga kirishga imkon berishdi, ekstraditsiyani to‘xtatib turishdi, barcha instansiyalardan o‘tishlariga, qarorlar ustidan sudga arz qilishlariga qo‘yib berishdi. Hatto boshpana berish rad etilganida ham ularni O‘zbekistonga topshirishmadi, mamlakatdan chiqib ketishlariga to‘g‘anoq bo‘lishmadi. Men Qozog‘iston hukumatining loaqal shunga kelganda xalqaro huquq normalari va inson huquqlariga rioya qilganidan huquqbon sifatida juda xursand bo‘ldim, – deydi Jivaga.

Нукус воқеаларини ёритган Телеграм-канал ортида ким турибди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:02 0:00

DIASPORA LIDЕRI DOXIL YANA UCH QORAQALPOQ HANUZ HIBSDA

Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi yetakchisi Aqilbek Muratbay (Muratov) hanuz Olmaotada ekstraditsiya qamog‘ida qolmoqda. Uni 2024-yil fevralda O‘zbekiston so‘roviga binoan ushlashgan edi. Toshkent Muratbayni “konstitutsion tuzumga tajovuz” va “tartibsizliklarga chaqirish”da ayblaydi, u esa ayblovni tuhmat deb atamoqda. Qozog‘iston unga boshpana berishni rad etgan.

Namoyishlardan so‘ng Muratbay Qoraqalpog‘istondagi inson huquqlari masalalarini ko‘targan va Nukus voqealari bo‘yicha ochiq tergov o‘tkazishni talab qilgan edi.

Jaqsimbetov, Mirmanbetova,Toremuratov, Xudayberganova hamda Yo‘ldosheva ushlanganidan keyin u jurnalistlar va huquq faollariga murojaat qilib mediada “to‘polon” ko‘tardi. Muratbay Ozodlik bilan suhbatda diaspora nomidan Yevroparlament deputatlari va xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga bir nechta xat yozganini ma’lum qilgan.

Denis Jivaga Muratbay bilan bog‘liq masala xayrli yakun topishiga umidvorligini aytadi.

Qozog‘istonda yana ikki nafar etnik qoraqalpoq ekstraditsiya qamog‘ida o‘tiribdi, ular – O‘zbekiston fuqarolari Rinat Utambetov va Rasul Jumaniyozov.

AQSHga ko‘chib borgan qoraqalpoq faollari Qozog‘iston qamog‘ida qolayotgan vatandoshlarining taqdiridan tashvishda. Ular xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga murojaatlar yo‘llab, ularni vaziyatga aralashishga va tutqunlarning O‘zbekistonga topshirilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirishmoqda.

– Xalqaro tashkilotlar bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Chunki O‘zbekiston inson huquqlarini pisand qilmaydi. Nukus voqealari tekshirilmay qolib ketdi. O‘z xalqi ozodligi uchun kurashgan Davletmurat Tojimuratov va boshqa siyosiy mahkumlar qamoqda. O‘zimizga ma’lum faktlar haqida BMTga yozmoqchimiz. Qoraqalpog‘iston ozod mamlakat bo‘lishiga va bir kun vatanga qaytishimizga shubha qilmayman, – deydi Tleubeke Yo‘ldosheva.

– Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusda Igor Savitskiy nomli muzey bor. Men o‘sha muzey oldidagi maydonda sayr qilishni yaxshi ko‘rardim. Maydonda Qoraqalpog‘istonning kattakon bayrog‘i hilpirab turadi. Yaqinlarim videoaloqa orqali qo‘ng‘iroq qilishsa, ulardan menga maydonni ko‘rsatinglar deb iltimos qilaman. Hozir ham maydon shundoq ko‘z o‘ngimda turibdi, – deydi ayol AQSH shaharlaridan birida, bog‘kursida o‘tirgancha vatanini esga olib.

XS
SM
MD
LG