Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:36

Qozog‘istonda muxolifat boykot qilgan parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda


Politsiya Olmaotadagi norozilik mitingini tarqatishga harakat qilmoqda.
Politsiya Olmaotadagi norozilik mitingini tarqatishga harakat qilmoqda.

Qozog‘istonda 10 - yanvar kuni parlament saylovlari o‘tkazilmoqda. Saylovda birorta ham muxolifat partiyasi ishtirok etmayapti.

Sobiq avtoritar prezident Nursulton Nazarboyevning 1999 - yildan beri hukmron bo‘lib kelayotgan «Nur Otan» (Nurli vatan) partiyasi parlamentning quyi palatasi bo‘lmish Majlisda o‘z mavqesini saqlab qolishi kutilmoqda.

Saylovda «Nur Otan» bilan bir qatorda hukumatga sodiq yana to‘rtta siyosiy partiya – «Adal» (Odil), «Auil» (Ovul), «Oq jol» (Oq yo‘l) va «Xalq partiyasi» qatnashmoqda.

O‘zini muxolifat partiyasi o‘laroq ko‘rsatib kelayotgan «Qozog‘iston umummilliy sotsial-demokratik partiyasi» noyabr oyida saylovni boykot qilishini e’lon qilgan edi.

Partiya rahbari Asxat Rahimjanov bu qarorga Qozog‘iston siyosiy sahnasida «o‘sha-o‘sha» siyosiy elita hukmronligi davom etayotgani turtki bo‘lganini aytgan.

Saylov haqiqiy raqobatsiz o‘tayotgani Qozog‘istonda keng ko‘lamli siyosiy islohotlar sodir bo‘lishini kutgan hamkor davlatlar umidlarini puchga chiqardi.

Shunga qaramay, ayrim tahlilchilar davomiylik mamlakatni xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun zarur bo‘lgan barqarorlik bilan ta’minlashini aytishmoqda. Qozog‘istonning neft, gaz va kon qazish sohalari investitsiyaga muhtojdir.

Bugungi saylov Nazarboyev 2019 - yilda iste’fo berganidan beri Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan ilk parlament saylovidir. Mamlakatni o‘ttiz yil boshqargan Nazarboyev 2019 - yil lavozimini tark etdi va o‘zi tanlagan nomzod Qasim-Jomart Toqayev mamlakat prezidenti bo‘ldi.

Nazarboyev prezidentlikdan ketganiga qaramay, mamlakat siyosiy hayotida muhim rol o‘ynashda davom etmoqda. U qudratli Xavfsizlik kengashining rahbari bo‘lib, elboshi sifatida deyarli cheksiz vakolat va immunitetga egadir.

«Ushbu saylov kampaniyasi avvalgilardan farq qilmaydi: ayni qoidalar, ayni qonun, ayni tartiblar, ayni siyosiy partiyalar», - dedi Rahimjanov.

Xalqaro saylov kuzatuvchilarining aytishicha, Qozog‘istonda bundan oldin o‘tkazilgan saylovlar na erkin, na adolatli bo‘lgan. Kuzatuvchilar saylovlar davomida qallobliklarga qo‘l urilgani, muxolifat nomzodlariga bosim o‘tkazilgani va erkin matbuotga cheklovlar qo‘yilganini aytib keladilar.

Ayni paytda huquq faollari va muxolifat siyosatchilari Qozog‘iston rasmiylarini so‘nggi oylarda muxolif siyosiy guruhlarni rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortganlikda ayblab keladilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu chora muxolif partiyalarning saylovlarda qatnashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hukumat o‘ylab topgan hiyla-nayrangdir.

So‘nggi haftalarda Qozog‘istonda o‘nlab faol qamoqqa olindi.
Nomzod partiyalar parlamentdagi 107 o‘rinning 98 tasi uchun kurashmoqda. Qolgan to‘qqiz o‘rinni kim egallashi Qozog‘iston Xalq Assambleyasi tomonidan belgilanadi.

Assambleyaga Nazarboyev rais bo‘lib, u Qozog‘istondagi etnik guruhlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida tuzilgan.
Qozog‘istondagi so‘nggi parlament saylovlari 2016 - yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan edi.

XS
SM
MD
LG