Rossiya Qozog‘istondagi harbiy aralashuv orqali qo‘shni davlatda avtokrat rahbarni ketkazishga urinayotgan xalq qo‘zg‘olonini bostirishga yordam berdi.
Qozog‘istonni qamrab olgan ommaviy norozilik namoyishlari va undan keyingi tartibsizliklardan bir hafta o‘tib, o‘yin Kremlning qoidalari bo‘yicha ketayotganini ko‘rish mumkin.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga ko‘ra¸ “xorij davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “terrorchilar tajovuzi” va davlat to‘ntarishiga urinish natijasida yuzaga kelgan tartibsizliklar”dan so‘ng mamlakatda yana osoyishtalik o‘rnatilgan.
Uning aytishicha, Qozog‘iston prezidenti iltimosiga binoan kelgan Rossiya boshchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (ODKB) qo‘shinlari Qozog‘iston hukumatini muvaffaqiyatli qo‘llab-quvvatladi.
AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari va Rossiya o‘rtasida hozirgi dolzarb masalalar yuzasidan bir qator oliy darajadagi muzokaralar boshlanar ekan, tahlilchilar Kremlning Qozog‘istondagi tartibsizliklarga munosabati Rossiya bilan chegaradosh Ukraina bilan ziddiyatga qanday ta’sir qilishi mumkinligi borasida turli fikrda.
"Bu Moskvani murosaga xayrixoh qilishi mumkin, negaki Kreml Qozog‘istondagi ishtiroki uchun boshqa muammolaridan biroz bo‘shashiga to‘g‘ri keladi. Yoki o‘z manfaatlariga boshqa jabhada tahdid solinayotganini his qilsa, bu Rossiyani yanada qat’iyroq bo‘lishga undashi ham mumkin", dedi Ozodlik bilan suhbatda sobiq fransuz diplomati, Yevropa xalqaro aloqalar kengashi direktori Mari Dyumulin.
Ukraina va Qozog‘iston bir-biridan olis bo‘lsa‑da, ikkala davlatni umumiy sovet o‘tmishi va Moskva bilan murakkab munosabatlar bog‘lab turadi. Kreml o‘zining harbiy kuchi va energiya manbalaridan o‘zining o‘tmishda boy berilgan geosiyosiy nufuzini tiklashga urinmoqda.
10 - yanvar kuni Jenevada Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov boshchiligidagi delegatsiya va AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Vendi Sherman boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi o‘rtasida boshlangan muzokaralar chog‘ida Kreml qator talablarini (NATOning sharqqa tomon kengaymasligi, Ukraina va Gruziyani a’zo sifatida qabul qilmasligi va boshqa.) taqdim etdi.
Ba’zi tahlilchilar Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari haqidagi bu talablarini Moskvaning tan olingan ta’sir doirasiga erishish istagining bir qismi sifatida baholamoqda. Rossiyaning Qozog‘istondagi voqealarga tezkor aralashuvi bunga yordam berishi mumkin.
"Mazkur omil qaysidir ma’noda Putinning imkoniyatlarini kuchaytiradi", dedi AQSh milliy razvedkasining Rossiya bo‘yicha sobiq xodimi va Jorjtaun universiteti professori Anjela Stent Ozodlik bilan suhbatda. “Bu Putin yillar davomida ilgari surgan, "Rossiyaning sobiq Ittifoq davlatlari bilan alohida munosabatlarini tashqi dunyo hurmat qilishi kerak" degan g‘oyani tasdiqlaydi.”
Ukraina omili
Rossiya Ukraina chegaralari bo‘ylab o‘z harbiylarini to‘plashi mintaqa davlatlari uchun katta xavotir tug‘dirdi. AQSh razvedkasi buni yana bir ehtimoliy bosqinga tayyorgarlik ko‘rish deb atagan.
Ukraina sharqida davom etayotgan mojaroning kuchayishi bilan bog‘liq xavotirlar Jenevadagi muzokaralarda va shu hafta oxirida Bryusselda o‘tadigan NATO-Rossiya kengashi hamda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti yig‘ilishida muhokama qilinadi.
AQSh va uning G‘arbdagi ittifoqchilari agar Ukrainaga qarshi bosqin bo‘lsa, bu Rossiyaga "qimmatga tushishini" ta’kidlagan. Xabar qilinishicha, Rossiyaga qarshi moliyaviy, texnologik va harbiy sanksiyalar to‘plami qisqa vaqt ichida kuchga kiradi.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining sobiq kotibi Oleksandr Danylyukning aytishicha, Putin G‘arb oldiga qo‘ygan "ultimatum" – xavfsizlik kafolatlari va NATO kengayishini cheklash talablari uning o‘zini "burchakka taqab qo‘ygan". Qozog‘istonga amalga oshirilgan intervensiya Putinga taranglikni yumshatish uchun imkon yaratdi.
"Agar chegaradan chiqadigan bo‘lsa, Qozog‘iston Rossiyaga ortga qaytishni taklif qiladi. Bu Ukrainaga biroz vaqt tin olish imkoniyatini beradi, lekin bu uzoq cho‘zilmaydi", dedi Danilyuk 6 - yanvar kuni Atlantika kengashi konferensiyasida.
AQSh Milliy Xavfsizlik Kengashining Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha sobiq direktori Pol Stronski ham xuddi shu fikrni bildirgan.
Qozog‘istonga kiritilgan Rossiya boshchiligidagi KXShT kuchlari 2500 askardan iborat. Toqayev ham, Putin ham missiya vaqtinchalik bo‘lishini aytgan.
“Bu, albatta, Kreml uchun to‘siq bo‘lishi mumkin, chunki bu Kremlning mavjud rejalariga biroz qo‘shimcha yuklaydi. Lekin bu kichik kontingent va Rossiyaning Ukraina chegarasi yaqinidagi faoliyatiga sezilarli ta’sir qilmaydi”, – qo‘shimcha qildi Pol Stronski.
Ta’sir doiralari
Putin uzoq vaqtdan beri G‘arbni Moskvani cheklashga urinayotganlikda ayblab keladi. Qo‘shma Shtatlar va NATOdan kafolat olishga intilishini Ukraina, Gruziya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston kabi davlatlarda Kremlga xayrixoh avtoritar rejimlarga qarshi noroziliklar ortayotgani bilan izohlash mumkin.
Tahlilchilarga ko‘ra, Putin o‘zi strategik deb hisoblagan Qozog‘istondagi norozilik namoyishlarini hukumatga tahdidga aylanib ketmasidan burun bostirishga yordam berdi. Bu Moskvaga sodiqlikni mustahkamlaydi.
Putin 10 - yanvar kuni KXShTga a’zo davlatlar Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari bilan videokonferensiya o‘tkazdi.
Toqayevning oldingi so‘zlarini takrorlar ekan, Putin Qozog‘istondagi 164 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan tartibsizliklar xorijiy kuchlar aralashuvi natijasi ekanini ta’kidladi va KXShT mintaqaga bo‘lajak tajovuzlarni bartaraf qilish uchun chora ko‘rish lozimligini aytdi.
"KXShT tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar biz hech kimga uyimizdagi vaziyatni beqarorlashtirishga va rangli inqilob ssenariylarini amalga oshirishga yo‘l qo‘ymasligimizni aniq ko‘rsatib berdi", dedi Putin, 2003 - yilda Gruziya va 2005 - yilda Ukrainada kremlparast yetakchilarni mamlakatdan chetlatgan norozilik to‘lqinlariga ishora qilib.
Qozog‘istondagi shiddat bilan kechgan voqealar Kremlni va mintaqadagi boshqa o‘yinchilarni shoshirib qo‘ydi. Biroq Moskva vaziyatga tezda moslashgan ko‘rinadi.
“Qozog‘istondagi voqealarga aralashuv shuni ko‘rsatdiki, Rossiya anchagina tezkor o‘yinchi va hayron qoldirishda davom etmoqda. Ehtimol, bu Moskvaning e’tiborni biroz o‘zgartirishiga sabab bo‘lgandir, ammo Kreml bir vaqtning o‘zida ikki frontda ham harakat qila oladi”, deydi Stronski.