Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:30

Reuters: JSST bolalarning yo‘tal siropidan o‘lganini tergov qilmoqda


Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti – JSST uchta davlatda yo‘tal siropidan kamida 300 bola o‘lgani yuzasidan tergov o‘tkazmoqda. Bu haqda Reuters agentligi tergov jarayonidan xabardor va ismi sir saqlanayotgan manbaga asoslangan holda xabar berdi.

Hindistonda ishlab chiqarilgan mazkur siropdan dastlab 2022-yilning iyulida Gambiyada bolalar buyragi zararlangani ortidan vafot eta boshlagan edi. Keyinroq bunday holatlar Indoneziya va O‘zbekistonda kuzatildi.

JSST Hindiston va Indoneziyada mazkur siropni ishlab chiqargan olti shirkat qanday xom ashyoni qo‘llagani to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlarni qidirmoqda. JSST ishlab chiqaruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiqlamagan. JSST bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘talga qarshi siropda dietilenglikol yoki etilenglikol toksinlari ishlatilganini taxmin qilmoqda.

Reuters agentligining yozishicha, JSST siroplarni Hindiston va Indoneziyada olti shirkat ishlab chiqarganini aniqlagan. Ishlab chiqaruvchilar tergov yuzasidan sharh berishdan bosh tortganlar yoki toksinlarni qo‘llaganini inkor etganlar. Reuters JSST tergov o‘tkazayotgan shirkatlar dori ishlab chiqarishda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygani to‘g‘risidagi dalil-isbotlarga ega emas.

JSST 23-yanvar kuni bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan siroplar Kamboja, Filippin, Shimoliy Timor va Senegalda ham sotilgan bo‘lishi ehtimolini e’tibordan soqit qilmadi va tergov mazkur mamlakatlarda ham o‘tkazilishini bildirdi. JSST barcha davlatlarni va jahon farmatsevtika sanoatini sifatsiz dorilarni aniqlab, yo‘q qilishga chaqirdi.

Farmatsevtika sanoati va assotsiatsiyalarining xalqaro federatsiyasi (IFPMA) 25-yanvar kuni “JSST tavsiyalari asosida milliy va xalqaro prinsiplar asosida choralar ko‘rila boshlangani”ni ma’lum qildi.

25-yanvarda o‘tgan matbuot anjumanida JSSTning dori-darmon ta’minoti bo‘yicha boshqarmasi direktori vazifasini bajaruvchi Xanan Balxi mazkur siroplardan jahonda yana ko‘plab bolalar halok bo‘lishi mumkinligidan tashvish bildirdi.

“Biz bilmagan holda yana ko‘plab bolalar mazkur dorilarning salbiy ta’siri ostida bo‘lishi mumkin”, degan Balxi bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan siroplarni ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilar o‘z faoliyati haqida shaffof ma’lumotlarni berishi zarur ekanini ta’kidladi.

JSST 2022-yilning oktabrida va yanvar oyi boshlarida Hindistonning Maiden Pharmaceuticals va Marion Biotech shirkatlarida ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi siroplarni iste’mol qilmaslik to‘g‘risida jahon davlatlarini ogohlantirgan edi. JSST bu shirkatlarda ishlab chiqarilgan siroplar Gambiya va O‘zbekistonda bolalar o‘limiga sabab bo‘lganini bildirgan.

Shundan so‘ng Maiden Pharmaceuticals va Marion Biotech shirkatlari faoliyati to‘xtatib qo‘yilgandi. Ammo 2022-yilning dekabrida Hindiston hukumati Maiden Pharmaceuticals ishlab chiqargan dorilarda muammolar aniqlanmaganini e’lon qildi. Buning ortidan shirkat o‘z faoliyatini qayta tiklashga tayyorlanmoqda.

Maiden Pharmaceuticals shirkati dekabrda Reuters agentligiga dori ishlab chiqarishda hech qanday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaganini bir necha marta ta’kidlagan edi. Shirkat ijrochi direktori Naresh Kumar Goyal 25-yanvarda JSSTning tergovi yuzasidan sharh bera olmasligini aytdi.

Marion Biotech shirkati esa Reuters agentligi savollarini javobsiz qoldirdi. Marion Biotech avvalroq Hindistonning Uttar-Pradesh shtati hukumatiga jo‘natgan maktubida “Hindiston va shirkat obro‘sini to‘kish maqsadida bizni o‘limlarda ayblashmoqda”, deb yozgan.

JSST o‘tgan yilning oktyabrida Indoneziyaning PT Yarindo Farmatama, PT Universal Pharmaceutical, PT Konimex, PT AFI Farma shirkatlarida ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi siroplarni qo‘llamaslik haqida ogohlantirgan.

PT Yarindo Farmatama, PT Konimex va PT AFI Farma Reuters agentligi savollarini javobsiz qoldirdi.

PT Universal Pharmaceutical yuristi esa shirkat yo‘talga qarshi ishlab chiqargan barcha siroplarini dorixonalardan chaqirtirib olganini bildirdi.

“Ta’minotchilarni ta’qib qilish kerak, ular haqiqiy jinoyatchi. Aynan ular xom ashyo to‘g‘risidagi hujjatlarni soxtalashtirmoqda”, - dedi yurist Xutagalung. U birorta ta’minotchini aytmadi va ularning aybdorligi yuzasidan hujjatlarni taqdim eta olmadi.

JSST bayonotida aytilishicha, yo‘talga qarshi siroplarda dietilenglikol va etilenglikol moddalari bo‘lgan. Bu moddalar sanoatda antifrizlar va suyuqlantiruvchilar sifatida ishlatiladi. JSST ta’kidicha, bu moddalar eng kam miqdorda iste’mol qilinganida ham odam o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” preparatini qabul qilgani ortidan 20 nafar bola vafot etgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi. Holat bo‘yicha DXX Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax Medikal” MChJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” mas’ul shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

Keyinroq mazkur dorini Hindistondan olib kelgan “Quramax Medikal” shirkatiga berilgan litsenziya bekor qilingan.

18-yanvar kuni Xalqaro press-klubda bo‘lib o‘tgan sessiya chog‘ida sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova “Dok-1 Maks” preparatini qabul qilgani ortidan vafot etgan bolalarning oilalariga tovon puli to‘lanishi mumkinligi haqida gapirgan edi.

Mulozimaga ko‘ra, qurbonlarning yaqinlariga tovon puli dori-darmondan zaharlanish holati hujjat bilan tasdiqlangan taqdirdagina to‘lanishi mumkin.

“Hozir har bir bola bo‘yicha tekshiruvlar olib borilyapti”, degan Bositxonova bolalar o‘limiga “Dok-1 Maks” preparati sabab bo‘lganiga oid iddao shu kunga qadar faqat ota-onalarning so‘zlaridan kelib chiqqan holda aytilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG