Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:30

Rossiya bo‘ylab Navalniy himoyasiga namoyishlarda 1 700 dan ortiq odam hibsga olindi


21 - aprel kuni Rossiyaning o‘nlab shahrida mart oxiridan buyon qamoqda ochlik aksiyasini o‘tkazayotgan muxolifatchi Aleksey Navalniy himoyasiga namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Prezident Vladimir Putin Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federal Kengashga an’anaviy murojaat bilan chiqqan kunda Uzoq Sharqdagi Vladivostokdan Boltiq dengizi bo‘yidagi Kaliningradga qadar minglab rossiyalik namoyishga chiqdi. Ular muxolifatchiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, ahvoli yanada og‘irlashishidan xavotirda.

Siyosiy namoyishchilar va faollarning hibsga olinishini kuzatib boruvchi "OVD-info" nashri ma’lumotiga ko‘ra, kechgacha Rossiya bo‘ylab 1 700 dan ziyod odam hibsga olingan. Ularning deyarli yarmi Sankt-Peterburg shahrida qo‘lga olingan.

Namoyishlardan oldin Rossiya rasmiylari Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi va uning butun mamlakatdagi bo‘limlarini "ekstremistik" tashkilot deb belgilashga kirishdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi bir necha yildan beri Putin va boshqa yuqori lavozimli amaldorlarning boyligini fosh qiluvchi surishtiruvlar o‘tkazib, Kremlning jig‘iga tegib kelardi.

Moskvadagi namoyishlarda qatnashgan 35 yoshli muhandis Yevgeniy Fartuk Ozodlikka bergan intervyusida:

"Bugun nima uchun kelganimiz aniq. Biz Navalniy ozod etilishini istaymiz", dedi.

Qo‘lida tualet cho‘tkasini ko‘tarib olgan Fartuk Navalniy mamlakat ichidagi korrupsiya holatlari haqida "barchaning ko‘zini ochganini" aytdi.

Hojatxona cho‘tkasi bu – Gelenjik yaqinidagi "Putinning saroyi" deb ta’riflangan bino haqidagi hujjatli filmga ishoradir.

Filmda Navalniy jamoasi me’moriy va dizayn hujjatlari asosida imoratdagi hojatxonalarning biri 700 dollarlik hojatxona simcho‘tkasi bilan jihozlanganini aytgan edi.

Film e’lon qilinganidan beri Navalniyni dastaklayotgan ayrim namoyishchilar norozilik aksiyalariga hojatxona cho‘tkasini olib kela boshlagan.

Navalniy safdoshlari oldinroq maxsus saytda 500 ming kishi ro‘yxatdan o‘tganidan keyin siyosatchini ozod qilish talabi bilan ko‘cha namoyishlariga chiqishni rejalagan edi. Biroq Navalniy sog‘lig‘i tobora og‘irlashib borayotgani ularni shoshilishga majburladi.

BMTning so‘z erkinligi, qiynoqlar, sudsiz qatllar, jismoniy va ruhiy salomatlik huquqlari bo‘yicha to‘rt kishidan iborat mustaqil ekspertlar guruhi bayonot e’lon qilib, "Biz janob Navalniyning hayoti jiddiy xavf ostida deb o‘ylaymiz", dedi.

"Biz janob Navalniy qiynoqqa solish yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoga teng kelishi mumkin bo‘lgan sharoitda saqlanayotganidan qattiq xavotirdamiz", deyiladi mutaxassislar bayonotida.

Namoyishchilarni bostirish uchun ko‘p sonli politsiya kuchlari jalb qilingani, hibsga olish tahdidlari va Kreml yaqinidagi Manej maydoni singari asosiy uchrashuv joylari yopilgani uchun namoyishchilar soni kutilgandan ozroq bo‘ldi.

Navalьiy himoyasi uchun so‘nggi yirik aksiyalar shu yil yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshlarida – siyosatchi Germaniyadagi muolajadan so‘ng Rossiyaga qaytgach, aeroportda hibsga olinib, koloniyaga yo‘llangani ortidan o‘tkazilgandi.

Namoyishlar boshlanishidan avval politsiya qator shaharlarda faollar va jurnalistlarni hibsga oldi, ularning uylarida tintuv o‘tkazdi.

Jumladan, Navalniyning safdoshlari Lyubov Sobol hamda uning matbuot kotibi Kira Yarmish ushlandi.

Keyinroq Yarmish 10 kunlik qamoq jazosiga hukm qilindi.

22 - aprel kuni Human Rights Watch tashkiloti namoyishlar "asossiz" bostirilganini qoraladi.

XS
SM
MD
LG