Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:22

"Rossiya harbiy sanoatini dastaklagan". AQSh o‘zbek shirkatiga ikkilamchi sanksiya qo‘lladi


O‘zbekistondagi Promcomplektlogistic xususiy korxonasi AQShning xalqaro sanksiyalarga oid qonunchiligini buzgani uchun ikkilamchi sanksiyaga tushdi.

Ushbu shirkat Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya armiyasining “harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash”da gumon qilinmoqda. AQSh o‘zbek shirkatining Rossiyadagi hamkori - “Radioavtomatika” zavodiga shu yil 3-mart kuni sanksiya qo‘llagan.

“Radioavtomatika” - Rossiya mudofaa sanoati uchun elektron butlovchi qismlarni ishlab chiqaradi. Promcomplektlogistic xususiy korxonasi esa rossiyalik hamkoriga mikrosxema va shu turdagi boshqa elektron qurilmalarni yetkazib beradi.

Promcomplektlogistic - O‘zbekiston va mintaqada Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi bois ikkilamchi sanksiyaga tushgan ilk xususiy shirkat bo‘ldi. U quruqlikda transport xizmatini ko‘rsatuvchi shirkat o‘laroq 2018-yilda ro‘yxatga olingan.

Ammo shirkatning Toshkentdagi bosh ofisi Rossiyaga qanday qilib mikrosxema yetkazib bergani haqida hozircha ma’lumot bermadi.


Ikkilamchi sanksiyaga uchragan ilk shirkat

AQSh Davlat Departamentining 28-iyun kuni e’lon qilgan bayonotida qayd etilishicha, O‘zbekistondagi Promcomplektlogistic xususiy korxonasi, Rossiyadagi hamkori - “Radioavtomatika” shirkati sanksiyaga tushganidan so‘ng ham birga ishlashda davom etgan va hamkorining “AQSh sanksiyalaridan qochish harakatini faol qo‘llab-quvvatlagan".

AQSh Savdo vazirligi 9 mamlakatdan jami 36 ta kompaniyaga AQSh texnologiyalari va tovarlarini olish imkonini chekladi. Bu cheklovlar qay shaklda ishlaydi va buning Toshkentdagi xususiy shirkat faoliyatiga ta’siri qanday bo‘ladi - bu borada rasmiylar hozircha biror izoh bergani yo‘q.

Promcomplektlogistic xususiy korxonasining Toshkentdagi idorasida telefon go‘shagini ko‘targan mulozim: “Hozir bu masalada biror munosabat bildira olmayman. Dushanba kuni qo‘ng‘iroq qiling, o‘sha kuni bu masalada munosabat bildirishni rejalayapmiz”, dedi. Shirkat vakili o‘zini tanishtirmadi.

Korxonalar va tashkilotlarning Yagona davlat reyestrida qayd etilishcha, Promcomplektlogistic 2018-yil iyul oyida Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav kapitali 10 mln. so‘m.

Kompaniyaning faoliyat turi sifatida esa, AQSh Davlat departamenti bayonotida aytilgani kabi, elektron qurilmalar ishlab chiqarish emas, balki “quruqlikda transport xizmatlari ko‘rsatish” qayd etilgan. Shirkat ulushlarining yagona sohibi, ta’sischisi va rahbari sifatida Oleg Valeriyevich Grabilin ismi ko‘rsatilgan.

PQSh Davlat Departamenti Promcomplektlogistic xususiy kompaniyasiga qo‘llangan jazo chorasi, sanksiyalarni aylanib o‘tishga urinayotgan Rossiya shirkatlari hamda tashkilotlari bilan ishlayotgan boshqa shirkat va tashkilotlarga “ogohlantirish” ekanini ta’kidlamoqda.

Ro‘yxatdagi shirkatlarning 25 tasi Xitoyda, qolganlari Rossiya, BAA, Litva, Pokiston, Singapur, Buyuk Britaniya, Vyetnam va O‘zbekistonda.

Bu shirkat O‘zbekiston va mintaqada, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan qo‘llanilayotgan ikkilamchi sanksiyaga tushgan ilk va hozircha yagona shirkatdir.

“Bu mamlakatning obro‘siga jiddiy zarar yetkazadi va davlatni sanksiya rejimiga halol amal qilmayotgan davlat sifatida taqdim qiladi. Ayniqsa, korrupsiya borasidagi jiddiy muammolar inobatga olinsa. Ikkinchidan, ilk sanksiyaga tushgan shirkat ta’sischisi va direktori ham e’tiborni tortadi - qandaydir Grabilin Oleg Valeriyevich. U qaysi davlat fuqarosi yoki rezidenti ekani tushunarsiz. Buning ustiga, u Rossiyadagi qator logistika bilan shug‘ullanadigan shirkatlarning ham ta’sischisi va rahbari. U O‘zbekistonda qaysidir yuqori lavozimdagi amaldorning himoyasidagi odammi - bunisi ham qiziq. Aks holda, bu odam mamlakat obro‘siga bu qadar zarar yetkazadigan bir faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lmasdi”, deydi vaziyatni kuzatayotgan tahlilchi, Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi direktori Alisher Ilhomov.

Sanksiyadan savdosi to‘xtagan “O‘zagroeksportbank”


Aslida Rossiyadagi shirkatlar, bank, tashkilot va yirik biznes vakillari, oligarxlarga qo‘llangan sanksiyalar oqibati O‘zbekistonda ham ko‘rina boshladi.

Jumladan, 27-iyun kuni Rossiyaning “Sovkombank” banki O‘zbekistonning “O‘zagroeksportbank”ining 100 foiz ulushini sotib olish bitimini aynan sanksiyalar tufayli bekor qildi.

“Afsuski, bizga, shuningdek, Rossiyaning deyarli barcha tizimli ahamiyatga ega banklariga nisbatan sanksiyalar joriy etilgani sababli, hozirgi sharoitda loyihani amalga oshirish imkonsiz bo‘lib qoldi” dedi “Sovkombank” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sergey Xotimskiy “Interfaks” agentligiga.

“Sovkombank” shu yil fevral oyi oxirida avval AQSh, keyin esa qator G‘arb davlatlari sanktsiyasiga tushgan. “O‘zagroeksportbank” esa 2017-yilda tashkil qilingan va ulushi to‘liq Toshkent shahar hokimligiga tegishlidir.

Bankning asosiy vazifasi - eksportga ishlovchi mahalliy korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oshirishdir.

Bu bankni Rossiya banki 4 million AQSh dollariga sotib olgani haqidagi xabar shu yilning 24-fevralida - Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan kuni matbuotda berilgan edi.

Parallel importga platforma

Ukrainaga bosqini ortidan, Rossiya mislsiz sanksiyalar ostida qoldi va yuzlab g‘arb shirkatlari, savdo uylari, ishlab chiqarish gigantlari Rossiyani tark etdi. Shuningdek, Rossiya bilan oldi-berdini ham to‘xtatdi.

28-iyun kuni Rossiya matbuoti, prezidenti Vladimir Putin parallel import mahsulotlarini 2022-yil oxirigacha mamlakatga olib kirishga ruxsat berdi.

Ya’ni Rossiya bilan ishlashni to‘xtatgan shirkatlar va davlatlar mahsulotlarini boshqa davlatlarda olib-sotar shirkatlar tomonidan sotib olib, mamlakatga olib kirishiga ruxsat berildi.

Jumladan, shu kunlarda sanksiyalar bois, Xitoyning elektron jihozlar sotadigan yirik Honor shirkati Rossiyaga mahsulot yetkazib berishni to‘xtatganini e’lon qildi. Ammo, shu zahotiyoq bu shirkatning parallel import uchun O‘zbekistondagi shirkatlar bilan kelishuvga erishgani, ayni paytda Armaniston va Gruziyadan hamkor qidirayotgani xabar qilindi.

Hozircha, parallel import bilan shug‘ullanayotgan shirkatlar yoki bunga ruxsat bergan davlatlarga nisbatan sanksiya qo‘llangani haqida ma’lumot yo‘q. Ammo ahvol shu tarzda davom etsa, bunday faoliyat uchun ham sanktsiya qo‘llanish ehtimoli yo‘q emas.

O‘zbekistonning sanksiya rejimi borasidagi pozitsiyasi tushunarsiz

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyaga tutash va Kreml o‘ziga do‘st ko‘rgan davlatlar, jumladan sobiq sovet ittifoqi tarkibida bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari Moskva tomonidan
parallel import va ayni paytda sanksiyalarni turli biznes sxemalar vositasida aylanib o‘tish uchun qulay platforma o‘laroq ko‘rilmoqda.

G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Rossiya shirkatlari O‘zbekistonni, o‘tmay qolgan mahsulotlari uchun bozor hamda Yevropadan bormay qolgan ehtiyot qismlarini aylanma yo‘llar orqali olish uchun bir baza sifatida qo‘llay boshlagani kuzatilayotir.

Ayni paytda Ukrainaga bosqini bois Rossiyaga qo‘llangan G‘arb sanksiyalari, azaliy savdo sheriklari bo‘lgan Markaziy Osiyo respublikalari uchun yangi daromad manbai sifatida juda jozibali, ammo ayni paytda tahlikali imkoniyat bo‘lib qolmoqda.

"Umuman olganda, O‘zbekistonning Rossiyaga nisbatan G‘arb sanksiyalariga amal qilish borasidagi pozitsiyasi tushunarsiz. Prezident Mirziyoyev bu borada ommaga ochiq bayonot bermadi. Undan farqli, Moskvaning ittifoqchisi bo‘lgan va ayni paytda, KHShT va YeOIIga a’zo qo‘shni Qozog‘iston ham bu borada ochiq bayonot berdi, bu qozoq biznesiga jiddiy ishora va sanksiya rejimiga to‘liq amal qilish haqida ogohlantirish bo‘ldi. Endi Toshkentga, va nihoyat sukutni buzib, Amerika hukumati qaroriga ochiq munosabat bildirish vaqti etdi”, deydi tahlilchi Alisher Ilhomov.

Shu yilning 25 - 27-aprel kunlari Toshkentda o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” sanoat ko‘rgazmasida Rossiyaning o‘nlab shirkati bilan O‘zbekistonning xususiy va davlat shirkatlari o‘rtasida yirik hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Tadbirning homiy va hamkorlari, Rossiyaning G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Gazprombank, Rosselxozbank, Rosatom kabi shirkatlari bo‘ldi. Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari darajasidagi yig‘ilishlarda asosiy e’tibor - neft, avtomobil va aviasozlik kabi yirik sanoat sohalaridagi yangicha hamkorlikka qaratildi.

Sanksiyaga tushgan yirik shirkatlar, jumladan “KAMAZ”, “Lada” kabi avtomobil zavodlari, Yevropadan bormay qolgan zarur ehtiyot qismlari ta’minotini, O‘zbekiston va unga qo‘shni respublikalarda mahalliy hamkorlar bilan qo‘shma korxonalar ochishga kirishgani kuzatilgandi. Joriy yil boshidan buyon Rossiya kapitali O‘zbekistonda yangi ochilgan qo‘shma korxonalardagi ulushi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.

“Айланма йўлдаги омбор”. Яккаланган Россия иқтисодий санкцияларни Ўзбекистон орқали айланиб ўтмоқчи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:21 0:00
XS
SM
MD
LG