Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:21

Rossiya koloniyasidagi garovga olish hodisasi: Tojikistonliklar yaqinlari "shokda"


Navro‘zi Rustamjonning ota uyidagi surat.
Navro‘zi Rustamjonning ota uyidagi surat.

Tojikistonlik Navro‘z Rustamjon va Nazirjon Toshov, Rossiya hukumatiga ko‘ra, o‘tgan hafta Volgograddagi qamoqxonada to‘rt soqchini o‘ldirib, bir necha kishini garovga olgan to‘rt mahkum orasida bo‘lgan. Ozodlik tojik xizmati muxbirlariga ko‘ra, bu xabar ularning Tojikistondagi yaqinlarini karaxt qilib qo‘ygan.

Rustamjon Davlatov o‘g‘li Navro‘zga aza tutmoqda, ammo u 23 yashar o‘g‘lini qamoqda odamlarni o‘ldirish va garovga olishda ishtirok etganiga sira ishona olmayapti.

“Biz bu yerdamiz, uzoqda. U yoqda esa ular to‘rt devor orasida bo‘lishgan, nimalar yuz berganini tasavvur ham qololmayman, – deydi Davlatov, ko‘z yoshlarini bazo‘r tiyarkan. – Lekin men nima ham qila olardim?!”

Rossiyaning turli saytlarida chop etilgan tekshirilgan fotosuratlarda pichoq bilan qurollargan odamlar tasvirlangan: ular o‘zlarini “Islom davlati” (ID) jangarilari deb ataydilar va Surovikino qamoqxonasini (Volgograd viloyatining janubi-g‘arbida) qo‘lga olganlarini aytadilar.

Mulozimlarga ko‘ra, o‘sha voqealarda qamoqxonaning to‘rt soqchisi o‘ldirilgan, yana bir necha kishi yaralangan.

Rossiya rasmiylari garovga olganlarning ismlarini ochiqlamayapti. Politsiya ular “spesnazchilar” tomonidan o‘ldirilganini ma’lum qilgan edi.

Волгоград қамоқхонасидаги ҳужумдан сўнг Россияда муҳожирларга босим яна кучаядими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:37 0:00

Biroq TASS davlat axborot agentligi to‘rt ismni keltirdi, ular: Navro‘z Rustamjon, uning kameradoshi, 28 yoshli tojik Nazirjon Toshov, shuningdek O‘zbekiston fuqarolari Ramziddin Toshev hamda Timur Husainov.

To‘rt yigitdan uchtasi, jumladan ikki tojik giyohvand moddalar savdosida ayblanib, qamoq muddatini o‘tayotgan bo‘lgan. To‘rtinchi mahkum esa ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘ldirgani uchun sudlangan.

Dushanbelik Rustamjon Davlatov o‘sha voqeadan uch kun oldin o‘g‘li bilan gaplashganini aytadi: “O‘g‘lim bilan uning qamoqdan keyingi rejalari haqida so‘zlashdik. Kelin topib qo‘yinglar, degandi. Qamoqdan chiqqanidan so‘ng uylanmoqchi va institutga kirib o‘qimoqchi edi. Orzu-havaslari ko‘p edi, mana endi hammasi barbod bo‘ldi”, deydi Davlatov Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda.

Yetti o‘g‘il-qizning eng kichigi bo‘lgan Navro‘z oddiy oilada katta bo‘lgan. Ilgari drama teatri aktyori bo‘lgan va hozirda umumiy ovqatlanish soasida ta’minotchi bo‘lib ishlayotgan otasi u maktabda yaxshi o‘qiganini va es-hushli bola bo‘lganini aytadi.

Rustamjonga ko‘ra, Rossiya mulozimlari o‘g‘lini Ukrainaga qarshi urushga borishga ko‘ndirmoqchi bo‘lganlar. “Ammo biz qamoq sharoiti nechog‘li og‘ir bo‘lmasin, bunga rozilik berma, deb qattiq tayinlar edik”, deydi u.

Navro‘z Rustamjon Rossiyaga 18 yoshida, ishlab pul topish maqsadida borgan. 2022-yilda giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, qamoqqa tushgunicha avtomobillarni yuvish shoxobchasida va omborda ishlagan.

Odamlarning garovga olinishi aks etgani taxmin qilinayotgan videoda o‘zini jangari deb ataganlardan biri qonga belanib yotgan bir nechta formali erkak jasadlarini ko‘rsatib, ular musulmonlarga azob bergani uchun o‘ldirilgan qamoqxona soqchilari ekanini aytadi.

“Biz musulmonlarni ta’qib qilgan va azoblaganlarni o‘ldirdik. Ular ibodat qilishimizga ham qo‘yishmasdi: kitoblarimiz, joynamozlarimizni tortib olishardi”, deydi videodagi erkak.

Qo‘lqoplariga qon yuqqan boshqa erkak esa “Islom davlati”ning qora bayrog‘iga o‘xshash bayroq ko‘tarib turadi. Rossiya OAVlari xuddi shu yigit Navro‘z Rustamjon deb iddao qilgan edi.

Biroq ota bunga ishonmaydi. “O‘g‘lim namoz o‘qimasdi. Umuman, u hech qachon dinga qiziqmagan”, deydi Rustamjon Davlatov.

“Barcha aloqalarimiz uzilgan”

Nazirjon Toshov Dushanbedan chamasi 60 kilometr g‘arbda joylashgan Tursunzoda shahrida tug‘ilib-o‘sgan. Qarindosh-urug‘lari Nazirjon haqida xushlamayroq gapirishadi.

Ular aytishicha, Toshovning onasi dunyodan o‘tib ketgan, otasi bir necha yildan beri boshqa shaharda yashaydi. Sobiq xotini esa, 2021-yilda ajrashganlaridan so‘ng qizchasini olib Rossiyaga ko‘chib ketgan ekan.

Toshovning sobiq qaynbuvisi Mehri Saidova (Rahimova)ga ko‘ra, u go‘yoki Nazirjon odamlarni garovga olayotgani aks etgan videoni ko‘rmagan.

“Bu haqda qizimdan eshitdim. Bunaqa bo‘lishini kim bilibdi deysiz”, deydi u Ozodlik muxbiriga.

Ayolning aytishicha, Rossiya qamoqxonasida ro‘y bergan o‘sha voqeadan so‘ng tojik huquq idoralari uni so‘roq qilgan. Biroq Saidova Nazirjon Toshov so‘nggi yillarda qayerda qanday yashagani-yu nimalar bilan shug‘ullanganidan deyarli bexabarligini, “u bilan barcha aloqalarni uzgan”ini ta’kidlaydi.

Tursunzoda shahri mulozimlari Ozodlikka izoh berishdan bosh tortishdi.

Tojikiston hukumati 23-avgustdagi bayonotida “ushbu jinoyatni sodir etgan terrorchi tashkilotning boshqa a’zolarini fosh etish va qo‘lga olish” uchun Rossiya bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan.

Ammo odamlar o‘ldirilishi va garovga olinishida Tojikiston fuqarolarining qo‘li bor yoki yo‘qligi haqida bayonotda hech nima deyilmagan.

Ushbu voqea 145 kishi o‘limiga va 10 nafar Tojikiston fuqarosining aybdor sifatida hibs etilishiga olib kelgan “Krokus Siti Xoll” teraktidan besh oy o‘tib sodir bo‘ldi.

“Islom davlati” javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan mazkur qonli voqealardan keyin Rossiyada markaziy osiyolik migrantlar, xususan tojiklarga nisbatan ksenofobiya avj oldi. Natijada minglab tojikistonliklar Rossiyadan badarg‘a qilindi yoki mamlakatga kirgizilmadi. Yana yuzlab tojiklar tahdidlar va mahalliy aholining adovatli munosabati tufayli ixtiyoriy ravishda vatanga qaytishga majbur bo‘lishdi.

Migrantlar Volgograd qamoqxonasida bo‘lgan voqea shusiz ham murakkab vaziyatni badtar og‘irlashtirishidan xavotir olishmoqda.

XS
SM
MD
LG