Rossiya saylovlarida saylovchilar huquqlarini himoya qilish va qonunbuzarliklarni qayd etish bilan shug‘ullangan “Golos” harakati koordinatori, “xorijiy agent” Vladimir Jilinskiy Gruziyaga ko‘chib o‘tdi. Boshqa o‘nlab muxolifat vakillari kabi, Vladimir oilasini o‘zi bilan olib ketgan va biznesini ham ko‘chirgan.
U “Sever.Realii”ga bergan intervyusida “noto‘g‘ri tuzilgan” hisobot uchun 100 ming rubl jarima solishganidan so‘ng sabr kosasi to‘lganini, qolaversa, ikkinchi fuqaroligi bo‘yicha Belarusga deportatsiya qilishlari mumkinligidan cho‘chiganini aytdi.
Jilinskiy 37 yoshda. U Pskov viloyatida asosan huquqbonlik faoliyati bilan shug‘ullanar, xususan, politsiya qo‘lga olgan faollarga ko‘maklashar, qamoqdagi faollarning oilalariga yordam tashkil qilishga boshchilik qilardi. 2019 - yildan beri viloyatda Jilinskiy asos solgan “Mahbuslarga yordam guruhi” ishlab turibdi: u siyosiy qarashlari uchun davlat ta’qib qilayotgan kishilarga bepul huquqiy ko‘mak ko‘rsatadi.
2021 - yil oktabrida Jilinskiyni, “Golos” harakatining boshqa koordinatorlari sirasida “xorijiy agentlar” ro‘yxatiga tirkashgan edi. Noyabr oyida esa Rossiya Adliya vazirligi unga birinchi marta jarima qo‘lladi – “xorijiy agentlar”ga oid qonunchilikka rioya etmagani va hisobotni noto‘g‘ri to‘ldirgani uchun.
“Xorijiy agent” maqomi – vazirlikka hamisha hisob berib turishnigina anglatmaydi. Bu uch marta xatoga yo‘l qo‘ysang – qamalasan, degani hamdir. Biz to‘ldirishimiz lozim bo‘lgan hujjatlar uchun tayinli bir qoida yo‘q. Nima qilishni hech kim bilmaydi, bunaqa hisobotlar NTTlar uchun chiqarilgan. Meni “xorijiy agentlar” ro‘yxatiga tiqishgani yuqorida kimdir meni juda yomon ko‘rganini bildiradi. Shunday ekan, hisobotimdan uchta xato topib, meni qamoqqa jo‘natishlariga hech nima xalal berolmaydi”, deya izoh beradi Vladimir Jilinskiy.
“Ayni paytda vazirlik saylovdagi qonunbuzarlik haqida yozgan shikoyatimda “xorijiy agent” ekanimni ko‘rsatmaganim uchun bo‘ynimga 100 ming rubl jarima ilmoqchi, xolbuki shikoyat berilgan vaqtda men “xorijiy agent” emasdim. Bu protokolni qayta-qayta yozib yotishibdi, chunki vazirlik xodimlari jismoniy, yuridik va mansabdor shaxslarning farqiga borishmaydi. 100 ming rubl pulim bor, lekin men uni ablahlarga berishni xohlaymanmi? Yo‘q, albatta”, ta’kidlaydi u.
“Angladimki, Rossiyada etagimdan tortadigan hech nima yo‘q, u yerdan ketishim talafotsiz, hatto moddiy jihatdan foydali bo‘lar ekan. Bularning bariga ijobiy qarayman. Rosa zahmat chekdim, bas endi. Adliya vazirligi, xorijiy agentlik, protokollar, sudlar – chohdan chiqishim uchun pillapoya vazifasini bajardi”, deydi “Golos”ning sobiq koordinatori.
– Oilangizni ko‘chib ketishga ko‘ndirish oson bo‘ldimi?
– Rossiyada hayotimizda halovat yo‘qolgandi. Men ikki mamlakat – Rossiya va Belarus fuqarosiman. Rossiyadagi belaruslarning ahvolini ko‘rib turibsiz: siyosat bilan qiziqayotganlar qamoqqa otilyapti yoki deportatsiya qilinmoqda. Ularning kuni ertami yo kech mening ham boshimga tushishi aniq edi. Ikki diktator til biriktirdi, ularning kuchishlatar idoralari birlashdi, endi bu mamlakatlarda qolish juda tahlikali.
Xotinim Gruziyadagi turmushidan mamnun, bu yer unga yoqdi. O‘g‘lim hali yosh, unga farqi yo‘q, o‘yin bo‘lsa bas. Yonginamizda rusiyzabon bolalar bog‘chasi, hovlida ajoyib bolalar maydonchasi bor.
– Gruziyada turib qanday ishlamoqchisiz?
– Mobil platformalar, jumladan, “Android” uchun maxsus dastur tayyorlayapman. Omadim bor ekan: faoliyatimni istalgan joydan davom ettirishim mumkin. Rossiyadagi biznesimni tugatib, Tbilisida qaytadan ochishga bir oy vaqt sarfladim. Menga ham bu yer juda ma’qul, gruzin xalqi ruslarni yaxshi ko‘radi.
Yevropa va AQShga o‘rnashish qiyin – til to‘sig‘i, fuqarolikka kirish bilan bog‘liq tashvishlar bor. Gruziya esa rossiyalik va belaruslarni bajonidil qabul qiladi, biz bu yerda mahalliy fuqarolar bilan bir xil huquqlarga egamiz. Rossiyada hozir hech kimning moli va joni bexatar emas: soliq tizimi chalkash, qonunlar paydar-pay o‘zgarib yotibdi, ijtimoiy sug‘urta tizimi qanday ishlashini hech kim bilmaydi. Gruziya esa biznes yuritish eng qulay 10 mamlakatdan biridir. Men mahalliy adliya bo‘limiga kirib, yurtingizda biznes qilmoqchiman, deb aytdim. “Yaxshi, bankka boring”, deyishdi. Bank bir zumda hisobvaraq ochdi, men soliq idorasiga xabarnoma yubordim va moliya bo‘limidan IT sohasi mutaxassislari uchun belgilangan soliq imtiyozlaridan foydalanishni so‘radim. Menga 10 kun ichida ijobiy javob yo‘llashdi.
– Gruziyada siyosat bilan shug‘ullanmoqchimisiz yoki huquqbonlik bilanmi?
– Gruziyada siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanmayman: bu gruzinlar mamlakati, ularning siyosati, ular tanlagan yo‘l. Boz ustiga, mahalliy tilni bilmayman. Huquqbonlik esa peshonamga bitilgan taqdir: qayerdadir adolatsizlik ko‘rsam, g‘azabim qo‘ziydi va mazlumga yordam bergim keladi. Bu mening yuz berayotgan voqealarga reaksiyamdir. Hozirda men begona mamlakatlarda qonuniy joylashishda rossiyalik qochqinlarga tashkiliy-huquqiy ko‘mak ko‘rsatuvchi tizim yaratish ustida ishlayapman. Rossiyada chet elda hayotini yangidan boshlash tashvishlariga cho‘chib, ketishni xohlamayotganlar ko‘p – ularni bitta-bitta “terib”, olib ketishyapti. Shunday yurtdoshlarimga nafi tegadigan tizim yarata olaman, degan umidim bor.
– Rossiya hukumati nega o‘z fuqarolarini terror qilmoqda?
– Chunki Navalniyning qolgan-qutgan tarafdorlarini yo‘q qilish maqsadida “bos” degan buyruq bo‘ldi. Rossiyada hamma narsa buzildi: istalgan odamni qamoqqa tiqib qo‘yishlari mumkin. Dekabrning oxirida to‘rt kishini ushlashdi – ular allaqachon yopilib ketgan Navalniy shtablarining texnik xodimlari edi, biri shunchaki SMM-xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullangan xolos. Hech bir qonunni buzmagan, mutlaqo aybsiz odamlar.
– Rossiya qachon ro‘shnolikka chiqadi?
– Tahlilchilar yaqin ikki yilda Rossiya uchun biron xayrli voqea yuz bermasligini aytishmoqda. Murvatlar yanada qattiqroq buraladi, huquqlar poymol etiladi, saylovlarga yolg‘on tobora ko‘proq aralashadi. Bironta ham ijobiy bashorat yo‘q. Bunaqa zaharli muhitda ishlash nihoyatda og‘ir. Bunday sharoitda huquqbonlik faoliyati bilan shug‘ullanish – qamoqni bo‘yinga olish, degani. Men esa Rossiya qamog‘iga tushishni xohlamayman. Vassalom. Go‘dak farzandim, xotinim bor, yashashim kerak.
Savil qolsin hammasi! Odamlar o‘zlariga ishonishmas ekan, nega men ularga ishonay?! Pskovda faollar va jurnalistlar bir hovuchgina odam uchun kerak, holbuki u yerda 200 ming aholi bor. Ya’ni, loqayd bo‘lmagan, yordamga va kurashga tayyor odamlar atigi 0.01 foiz ekan. Qolganlarga farqi yo‘q, ular allaqachon o‘yin qoidalarini qabul qilib bo‘lishgan. Ishonchim komilki, Pskovda meni qamoqqa tashlasalar yoki Belarusga badarg‘a qilsalar, hech kim ko‘chaga chiqmaydi.