Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:19

“Sahrodagi Luvr”. Rus avangard san’ati kolleksiyasi O‘zbekistonga qanday kelib qolgan?


Igor Savitskiy (o‘rtada). Xorazm ekspeditsiyasi. 1950-yillar.
Igor Savitskiy (o‘rtada). Xorazm ekspeditsiyasi. 1950-yillar.

8-sentyabr kuni Venetsiyada O‘zbekiston Respublikasi 24-Venetsiya biyennalesida namoyish qilgan “Sahrodagi avangard” ko‘rgazmasi yakunlandi. Ko‘rgazma asosan Toshkent tasviriy san’at muzeyi hamda Nukusdagi Savitskiy muzeyi kolleksiyalaridan tashkil topgan edi. Ayni chog‘da avangard asarlarning 90 foizi rossiyalik rassomlar – mashhur Kandinskiy va Lentulovdan tortib uncha tanilmagan Ufimsev, Lisenko va boshqalarga oid edi. Bu “Rossiya imperializmi sobiq sovet respublikasi qanoti ostida Yevropaga yashirincha kirib kelmoqda” qabilidagi gap-so‘zlarga turtki bo‘ldi. Ma’lumki, Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan beri Rossiya biyennaleda qatnashmayapti. Biroq rossiyalik jurnalist va yozuvchi Andrey Filimonov fikricha, “O‘zbekistonni tamsil qilayotgan” rossiyalik musavvirlar taqdiridan, juda xohlaganda ham rus imperializmi tarkibini topish qiyin.

O‘zbekiston: "Sahrodagi avangard" ko‘rgazmasi afishasi. Venetsiya. 2024
O‘zbekiston: "Sahrodagi avangard" ko‘rgazmasi afishasi. Venetsiya. 2024

Avangard rassomlar va ularning asarlari O‘zbekistonga 1920-yildan kela boshlagan. Fuqarolar urushi hali tugaganiga qaramay, Vasiliy Kandinskiy boshliq komissiya olis provinsial muzeylarga tasviriy san’at klassiklari va zamonaviy musavvirlar asarlarini yuboradi. Sovet Rossiyasi va uning mustamlakalari – sotsialistik “respublika”lardagi har bir muzey bisotida Shishkin, Savrasov va yana biron avangardchi rassom asarlari bo‘lishi kerak edi. Bundan, keyinroq O‘zbekiston tarkibiga kirgan Buxoro va Xorazm “sovet respublikalari”dagi muzeylar ham chetda qolmadi.

“Sharq mehnatkashlari” Kandinskiyning abstrakt asarlari yoki Lyubov Popovaning kubsimon shakllarini tomosha qilganda, xudo biladi, nimalarni o‘ylashdi ekan. Ammo ularning fikrini hech kim so‘ragani yo‘q. Chunki bolsheviklar propagandasi “san’atni omma ichiga olib kirish”ni talab qilardi.

San’at paydo bo‘lishi uchun rassomlar zarur edi. Bo‘lganda ham “o‘zimizning”, inqilobiy, siyosiy o‘zgarishlarni teran his qiladigan rassomlar. Partiya uchun feodalizmga, boy va mushtumzo‘rlar hamda “xurofotchi mullalar”ga qarshi kurashadigan “fidokorlar” kerak edi.

Nikolay Karaxan. "Elь-Registan"
Nikolay Karaxan. "Elь-Registan"

Yosh respublikaga butun mamlakatdan – Moskvadan, Petrograddan, Kiyevdan, Sibirdan rassomlar jo‘natildi.

Ular goho yillarga cho‘zilib ketadigan ijodiy xizmat safarlariga jon-jon deb borishardi. Zero, nafaqat daydi bolalar, balki erkin kasb egalari ham Toshkent “non shahri” ekanini bilardilar. Umuman, Markaziy Osiyoning barcha gullayotgan vohalari yig‘ma ma’noda “Toshkent” deb atalardi. 1920-yillar boshida Samarqandda bo‘lgan Petrov-Vodkin shaharning bosh maydonini “rang va ta’mlar bazmgohi” deya ta’riflagan edi.

“Registon maydonidan qolgan taassurotlarim asosan mevalar bilan bog‘liq. U yerda yoz bo‘yi natyurmortlar o‘zgarib turadi. Avval o‘rik va abrikoslar chiqadi, so‘ngra – og‘izda eriydigan shaftolilar, keyin esa giloslar. Oxiri hamma yoqni uzum bosadi; turfa rangli va anvoyi shaklli ushbu meva uzoq va o‘jarlik bilan hukmronlik qiladi – to qovun-tarvuz pishib, borliqni to‘ldirgunigacha...”

Ushbu rang-baranglikka g‘oyibona shaydo bo‘lib kelgan musavvirlar ham yorqinlikda Sharq hayoti manzaralaridan qolishmas edilar.

Viktor Ufimsevning “Hayot parchalari”

“Osiyo Rossiyasining eng so‘l musavviri” Viktor Ufimsevning bolaligi Tobol guberniyasida kechgan – otasi 1905-yilgi inqilobda juda faol bo‘lgani uchun shu yoqqa surgun qilingan edi. Keyinroq Ufimsevlar Omsk shahriga ko‘chib borishadi va Viktor u yerda bir necha yil “chinakam” realistik rang-tasvirdan saboq oladi.

So‘ngra xaos boshlanadi – ikki inqilob, Fuqarolar urushi, vayronagarchilik.

1919-yilning martida “oqlar” qo‘lida bo‘lgan Omskka “rus futurizmi otasi” David Burlyuk keladi. Aytishlaricha, uning nutqi an’anaviy va avangard san’at tarafdorlarining mushtlashuvi bilan yakunlangan ekan. Bunda yoshlik, ya’ni avangard g‘alaba qozonadi. Burlyuk bilan tanishuv yosh rassomning hayotini ostin-ustun qilib tashlaydi.

“Burlyukning oldiga janjal chiqarish uchun borib, u erdan futurist bo‘lib qaytdik”, deya qayd qilib qo‘yadi Ufimsev kundalik daftariga.

Viktor Ufimsev. "Yaxshi yashayapmiz"
Viktor Ufimsev. "Yaxshi yashayapmiz"

Bundan keyin unga realizm, xuddi sarizm kabi umrini yashab bo‘lgan, eski va qoloq narsadek tuyula boshlaydi. San’at yangi shakllar, jo‘shqinlik va futurizm jimjimasini talab qilayotgan edi...

Ufimsev Turkistonga ilk daf’a 1923-yilda keldi. Keldi-yu Sharqning rangdor manzaralariga mahliyo bo‘lib qoldi. Samarqand va Buxoroda u ranglarning nozik jilosi asosiga qurilgan futuristik ijodni gullatib yubordi. Sharq me’morchiligi ekzotikasi – masjidlar, minoralar, oq devorlar ortiga yashiringan mahallalar sibirlik musavvirni maftun etdi.

Ushbu me’moriy shakllarning sodda hajmlarini u o‘zining kubsimon kompozitsiyalariga singdirdi.

1920-yillar o‘rtalaridan Ufimsev “Hayot parchalari” nomli vizual kundalik tutib, o‘zi ko‘rgan va lol qolgan narsasini kichikroq karton qog‘ozlarda tasvirlashni odat qiladi.

V.Ufimsev. "Samarqand"
V.Ufimsev. "Samarqand"

Biroq 1930-yillar oxirlariga kelib Ufimsev vazmin tortdi, zerikdi. Toshkentga uzil-kesil ko‘chib o‘tgach, mansab-martabalarga intildi va nihoyat O‘zbekiston rassomlar soyuziga rais bo‘ldi. Mazkur noijodiy lavozimda oziq-ovqat payoklarini tarqatishiga va “ijodiy intelligensiya vakillari”ning “xalq dushmanlari”ga qarshi qatag‘onlarni ma’qullovchi xatlariga imzo chekishiga to‘g‘ri keldi...

Usto Mo‘min: O‘zbekka aylanish tarixi

Aleksandr Nikolayev/Usto Mo‘min
Aleksandr Nikolayev/Usto Mo‘min

“Xalq dushmanlari”dan biri Oliy badiiy ijodiy ustaxonalar (ruscha: Visshiye xudojestvenniye tvorcheskiye masterskiye – VXUTEMAS) bitiruvchisi, 1920-yilda yosh rassomlar bilan birga Toshkentga kelgan voronejlik xayolparast Aleksandr Nikolayev edi. “Vxutemaschilar” zimmasiga “bir chekkadagi qoloq o‘lka”ni madaniy mustamlakalashtirish vazifasi yuklangandi. Ular plakatlarning dag‘al tilida Qo‘qon, Xiva hamda Buxoro xonliklarining sobiq fuqarolarini porloq kelajak yo‘liga da’vat qilishlari kerak edi.

Ammo ushbu mafkuraviy desant mutasaddilari xayoliga kelmagan ish bo‘ldi: Nikolayev yangi mamlakatni va uning odamlarini sevib qoldi. To qamoqqa olinguniga qadar rassom ijodida kuylab, raqsga tushayotgan, choyxonada o‘tirgan yoki hammomda cho‘milayotgan go‘zal bolalar va o‘spirinlar asosiy qahramonlar bo‘lib qoldi.

Parajanovning “Anor rangi” filmidan qariyb yarim asr oldin Nikolayev “Anor bilan zikr tushish” kartinasini yaratdi: unda dasturxon atrofida o‘tirgan oq kiyimli malaksiymo yigitchalar aks etgandi.

Usto Mo‘min. "Anor bazm". 1923
Usto Mo‘min. "Anor bazm". 1923

Darvoqe, asar muallifi endi Nikolayev emasdi... Ko‘chib kelganidan so‘ng ko‘p o‘tmay u yevropacha ust-boshni tashlaydi, o‘zbekchani o‘rganadi va barcha taomillari bilan islom dinini qabul qiladi. Ismini ham o‘zgartiradi va “taqvodor usta” degan ma’noda o‘zini Usto Mo‘min deb ataydi.

Ko‘p yillar o‘tgach, so‘roq chog‘ida u g‘alati gaplarni aytadi. Go‘yoki, yomon ko‘radigan xotini yoniga, Rossiyaga qaytmaslik va uni Gogenga, Samarqandni esa Taiti oroliga tenglashtirishlari uchun islom diniga kirgan emish:

“Yirik fransuz rassomi Pol Gogen bilan bog‘liq bir mashhur voqeani bilaman... U 7 yil Taiti orolida tub yerliklar kabi yashagan, ularning urf-odatlari va marosimlarini qabul qilgan. Menda ushbu tajribani o‘zimda takrorlash fikri tug‘ildi”. A. Nikolaevning so‘roqdagi ifodasidan. 1939-yil 19-yanvar.

Nima bo‘lganda ham evrilish tajribasi muvaffaqiyatli chiqqan edi. Ammo, rost, Gogendan farqli o‘laroq, u ba’zan partiya topshiriqlarini ham bajarishga majbur bo‘ldi. 1924-yilda Buxoroda O‘zbekiston kompartiyasining birinchi syezdi o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan Nikolayev/Usto Mo‘min va Ufimtsev “shaharni bayramona bezatish”ga bosh-qosh bo‘ladilar. Avangard san’at hali taqiqqa uchramagani bois, yosh rassomlar qo‘llariga erk berib, o‘roq-bolg‘ali ramzlarni badiiy modernizmning so‘nggi yutuqlari bilan birga tasvirladilar. Bunaqa “bayramona bezaklar” mahalliy aholiga qanday ta’sir qilgani noma’lum. Lekin taxmin qilish mumkin. Sovet ensiklopediyasida tan olinganidek, “O‘rta Osiyoda bosmachilik harakati 1936-yildagina uzil-kesil tor-mor qilingan”.

Bundan chiqadiki, Ikkinchi Turkiston urushi o‘n besh yildan ortiq davom etgan.

Dasht-u biyobonlarda sovet hukumatiga hanuz qurolli qarshilik bo‘layotgani tufayli O‘rta Osiyo hayoti Moskva yoki Leningrad hayotiga nisbatan erkinroq edi. Bolshevik rahbarlar bu o‘lkada o‘zlaridan keta olmasdilar, hatto NEP (Yangi iqtisodiy siyosat: mayda tijoratchilik va ishlab chiqarish – tahr.) ham O‘zbekistonda Rossiyadagidan ko‘ra uzoqroq davom etgan. Aytishlaricha, xususiy do‘konlar, tamaddixona va sartaroshxonalar 1937-yil bir kechada yo‘q qilingan ekan. Xususiy mulk butun mamlakatni qamrab olayotgan Katta terrorga zid edi.

1938-yilda Usto Mo‘minni Butunittifoq qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston pavilyonini bezatish uchun Moskvaga jo‘natadilar. Pavilyon bezatiladi ham, biroq rassom Toshkentga NKVD soqchiligida qaytadi.

Unga “partiya va hukumat rahbarlariga qarshi terakt tayyorlagan aksilinqilobiy tashkilot faoliyatida ishtirok etgan”, degan o‘ta siyqa ayblov qo‘yiladi. Ammo, negadir, noodatiy tarzda engil jazo tayinlashadi: Usto Mo‘min G‘arbiy Sibirda, Mariinsk yaqinidagi umumiy tartibli lagerda uch yil “o‘tiradi”.

Rassomda umrining shu davridan juda yomon, yoqimsiz xotira qoladi – uni ensefalit kanasi chaqadi va o‘limiga qadar bosh og‘rig‘idan azob chekadi.

Usto Mo‘min 1942-yilda Toshkentga qaytgach, teatr rassomi bo‘lib ishlaydi va farishtadek beg‘ubor yuzli o‘spirinlarni boshqa chizmaydi. Rassomlar soyuzi a’zoligiga tiklanadi. O‘z yubileyi munosabati bilan o‘tkazilgan ijodiy kechada u sodda tinglovchilarga kunlarning birida orzusi qanday ushalgani haqida so‘zlab beradi:

“O‘zbekistonning teatr hayotiga aralashuvim menga 1936-yili Moskvadagi o‘zbek san’ati dekadasida bo‘lishga imkon berdiki, u yerda ko‘p yillik orzuyim ushaldi – dekada spektakllarida va Kremldagi qabul chog‘ida I.V.Stalinni bir necha bor ko‘rdim”.

Usto Mo‘min. "Baxtiyor va shodiyona hayot uchun partiya va Stalinga rahmat"
Usto Mo‘min. "Baxtiyor va shodiyona hayot uchun partiya va Stalinga rahmat"

1938-yilda otuv beriladigan modda bo‘yicha atigi 3 yilga qamalgan odam, rostdan ham, Stalindan samimiy minnatdor bo‘lishi mumkin...

Vasiliy (Yevgeniy) Lisenkoning uch umri

Ikki ism va uchta tarjimai hol hamma rassomdayam bor, deb bo‘lmaydi. Kazimir Malevichning shogirdi Vasiliy (Yevgeniy) Lisenkoning taqdiri shu qadar murakkabki, Nukus muzeyi kolleksiyasidagi kartinalari bo‘lmasa, uning dunyoda yashaganiga ham shubhalanish mumkin hatto.

Vasiliy (Yevgeniy) Lыsenko. Avtoportret. Savitskiy nomidagi Nukus muzeyi kolleksiyasidan
Vasiliy (Yevgeniy) Lыsenko. Avtoportret. Savitskiy nomidagi Nukus muzeyi kolleksiyasidan

Birinchi talqinga ko‘ra, Lisenko Moskvada kimsan Tishler qo‘lida ta’lim olgan, Toshkentda yashagan, shu yerda 1933-yili qamoqqa olinib, 1938-yilda qamoqdan qochishga uringani uchun muddati uzaytirilgan va Stalin o‘lganidan keyingina ozodlikka chiqqan.

Ikkinchi tarjimai holida esa u eski mazhabga e’tiqod qiluvchi oiladan chiqqani, temir yo‘lda provodnik bo‘lib ishlagani, rang-tasvirni Toshkentda Aleksandr Volkovdan o‘rgangani, 1935-yildan 1954-yilgacha qamoqda bo‘lgani, ozodlikka chiqqach Lipetskka jo‘nab ketgani aytiladi.

Uchinchi variantda rassom Ikkinchi jahon urushi yillarida okkupatsiyaga tushib qolib majburan Germaniyaga olib ketilgani, Leningradga qaytganida esa “sud qilinib, 101-kilometrdan nariga jo‘natilgani”, shundan so‘ng boshqa hujjatlar bilan yashagani va ishlagani haqida so‘z boradi.

Yevgeniy (Vasiliy) Lisenko. "Buqa". Savitskiy nomidagi Nukus muzeyi kolleksiyasidan
Yevgeniy (Vasiliy) Lisenko. "Buqa". Savitskiy nomidagi Nukus muzeyi kolleksiyasidan

Bu uchovini birlashtiradigan bir narsa bor: 60-yillarda rassom rostdan ham allaqayerga g‘oyib bo‘lgan. Xiyla shoirona bitilgan uchinchi tarjimai holda shunday deyiladi:

“Musavvirning izi 60-yillar nihoyasida Chukotka osmoni manzarasida ufq ortida g‘oyib bo‘ldi. Y.Lisenko ushbu o‘lkaga ijodiy safarga kelgan edi”.

Vasiliy Lisenko qayoqqa yo‘qolib qolganini tug‘ishgan singlisi ham bilmagan. Yevgeniyni akam deb atagan bu ayol u chizgan kartinalarni Nukusdagi muzey direktori Igor Savitskiyga sotgan.

Hozirda ushbu muzey “Turkiston avangardi” kolleksiyasi bilan dong qozongan. Lisenkoning “Buqa” kartinasi esa ko‘pdan beri uning tashrif qog‘ozi sanaladi va barcha xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etiladi.

“Savitskiyga pul bermasang kallangni uzaman!”

Musavvir va kolleksioner Igor Savitskiy 1915-yilda Kiyevda tavallud topgan. Uning bobosi, professor Timofey Florinskiy filolog,Vizantiya tarixi bilimdoni va Imperator Fanlar akademiyasi a’zosi bo‘lib, 1919-yili “qizil terror” chog‘ida Kiyev rus natsionalistlari klubining 60 a’zosiga qo‘shib otib o‘ldirilgan.

Ushbu musibatdan so‘ng oila parokanda bo‘ladi. Florinskiylarning bir qismi, shu jumladan professorning bevasi chet elga ko‘chib ketadi. Savitskiyning ota-onasi esa Moskvaga jo‘nashga qaror qiladilar, to NKVD qamoqqa olgunicha Tashqi ishlar xalq komissarligida yaxshigina karyera qilgan amakisi ham ular bilan ketadi. Igorning otasi urush yillarida o‘z joniga qasd qilib, o‘ladi. Savitskiy-Florinskiylar poytaxtda baxtiyor bo‘la olmayotgandek edilar. Balki shu bois, Igor Valentinovich 1940-yillar oxiridan boshlab Qoraqalpog‘istonda ko‘p qolib ketadigan bo‘ldi. U Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasida ishtirok etdi, ovullarni kezib qoraqalpoq san’ati va turmushiga oid buyumlarni to‘pladi.

Igor Savitskiy. "Qal’ali qirdagi qazishmalar".
Igor Savitskiy. "Qal’ali qirdagi qazishmalar".

1950-yilda u Moskva “kommunalka”sidagi xonasini tambalab, Nukusga butkul ko‘chib keladi. Aftidan, Orol dengizi tevaragidagi kengliklarda o‘z Eldoradosini topganini rassom o‘sha kezlar tushunib yetgan.

“U ekspeditsiyaga dastlab rassom sifatida kelgan edi. Ammo keyin Qoraqalpog‘istonga ko‘ngil qo‘ydi, bu yurt ham unga bag‘rini ochdi. Bu yerda uning barcha ishlari o‘ngidan keldi, qoraqalpoq zamini unga yangi-yangi imkoniyatlarni taqdim etdi, u muzey tashkil qildi. Moskvada kim unga bunaqa imkoniyat berardi? Istagan san’at buyumlarini yig‘ish imkoniyatini? Bu yerda uning ixtiyori tamoman o‘zida edi. Qoraqalpog‘iston obkomining birinchi kotibi Savitskiyga homiylik qilgan, pul bilan ta’minlagan. Rasman olganda bu qoraqalpoq san’atini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar edi, ammo Savitskiyga rus mo‘yqalam ustalarining asarlarini sotib olishga ruxsat berilgan”, deydi 1984-2015-yillarda Nukusdagi Savitskiy nomidagi muzey direktori bo‘lgan Marinika Bobonazarova.

Marinika Babanazarova, 1984–2015-yillarda Savitskiy nomidagi muzey direktori.
Marinika Babanazarova, 1984–2015-yillarda Savitskiy nomidagi muzey direktori.

Marinikaning bobosi Koptileu Nurmuhamedov Qoraqalpoq muxtor respublikasining birinchi rahbari bo‘lgan. 1937-yilda uni qo‘lga olib, chet davlat josusi deb e’lon qilishgan va Toshkent yaqinida otib tashlashgan. “Xalq dushmani”ning o‘g‘li sifatida huquqlari cheklanganiga qaramay, Marinikaning otasi Marat Nurmuhamedov Nukus pedagogika institutini bitiradi va qoraqalpoqlar orasida birinchi bo‘lib Fanlar akademiyasiga a’zo bo‘ladi. 1950-yillar oxirida Nurmuhamedov arxeolog va rassom Igor Savitskiyni ishga oladi. Oilaning Savitskiy bilan chorak asrlik do‘stligi shundan boshlanadi.

Savitskiyni ba’zan “O‘rta osiyolik Tretyakov” deb atasalar, u yaratgan muzey “Sahrodagi Luvr” deya ulug‘lanadi. Bu nomni 1990-yillar boshlarida muzeyni ziyorat qilgan fransuz diplomat va jurnalistlari qo‘yishgan. Muzey kolleksiyasi o‘z mazmuni va ko‘lami bilan ularni shu qadar hayratga solgandi.

Igor Savitskiy qariyb 30 yillik kuratorlik faoliyati mobaynida 44 mingdan ziyod rangtasvir va grafika namunalarini to‘plagan, arxeologiya artefaktlari va xalq amaliy san’ati namunalarini namunalarini ham qo‘shib hisoblaganda esa muzeyda jami 100 000 dan ortiq eksponat saqlanmoqda.

Marinika Bobonazarova Sibir.Realii muxbiri bilan suhbatda bunga qanday muvaffaq bo‘lingani haqida so‘zlab berdi.

– Anglashimcha, Savitskiy muzeyi kolleksiyasi bo‘lmaganida “Sahrodagi avangard” ko‘rgazmasi ham bo‘lmasdi, to‘g‘rimi?

– Savitskiy hech qachon “avangard” atamasini ishlatmagan. U “1920-30-yillar san’ati” derdi. O‘sha davrlarda shunday deyish qulayroq ham xavfsizroq bo‘lgan. Albatta, bizda “ortodoksal” avangard kosmizmdan tortib kubizmgacha – barcha “izm”lari bilan mavjud. Sotsialistik realizm ham bor. Biroq Savitskiy uchun janr unchalik muhim emasdi, “bu buyum san’atmi yoki yo‘qmi” degan savolgina qiziqtirardi uni. Ammo qayta qurish to‘lqini bizning muzeyni aynan avangard kolleksiyasi sifatida mashhur qildi. Biz qattiq qarshilik qilganimiz yo‘q, axir jon saqlab qolishimiz kerak edi. 1980-yillar oxiri – 90-yillar boshlarida bu yerda ahvol qanaqa bo‘lganini bilmaysiz. Muzey ziyoratchilari o‘zlari bilan lampochkalar olib kelishardi. Nukusda to‘qimachilik korxonasini qurayotgan turklar lampochka sovg‘a qilardilar. Chunki shugina narsa uchun ham pul yo‘q edi muzeyda. Yo‘laklar qop-qorong‘i, qishda sovuq bo‘lardi. Ana shunaqa ayanchli vaziyatda Savitskiy to‘plamidan ko‘p asarlarni sotib olishga tayyor ajnabiy kolleksionerlar paydo bo‘ldi. Bir kuni fransuz jurnalistlari kelishdi, ular orasida buyuk yozuvchi Antuan Sent-Ekzyuperining jiyani Patrik ham bor edi, u o‘z gazetasining Moskvadagi shu’basida boshliq ekan. Keyinroq u yana bir marta keldi va Savitskiy muzeyi haqida turkum maqolalar chiqardi.

– “Sahrodagi Luvr” degan nomni u o‘ylab topganmi?

– Yana “Qumdagi Luvr” va “Orol dengizidagi Luvr” degan nomlar ham bor. Ochig‘i, mualliflari kimligini eslolmayman ham. Negadir hamma o‘ylaydiki, go‘yo bu o‘xshatishlarni men o‘ylab topgan emishman. Lekin men o‘ylab topmaganman, men shunchaki ularni qo‘llashga ruxsat berganman, xolos.

– Rus-Turkiston avangardi badiiy hodisa sifatida yuz yildan beri mavjud. Uning biz bilmagan qandaydir muhim farqlari bormi?

– Men sizga aytsam,Toshkentdagi vazirlarimiz mendan ko‘p so‘rashadi: “Nega odamlar sizning muzeyingizga borishadi, Toshkentda ham rus avangardi bor-ku? Nima bilan bu qadar tanilgansiz?” Ularga xotirjam tushuntiraman: Kandinskiyning bir-ikkita asari hamma narsani hal qilolmaydi. Birinchidan, Nukusda o‘n minglab sifatli asarlar jamlangan, 1920-30-yillar san’atini bor bo‘yi bilan ochib beradigan mutlaqo o‘zgacha konsepsiya bu. Kolleksiyamizning o‘ziga xosligi shundaki, Savitskiy hech qachon mashhur ismlar ketidan quvmagan. U Lisenko singari hech kim tanimaydigan rassomlarni kashf etishni muhim deb hisoblagan. Shagal, Rodchenko yoki boshqa biron mashhurning yana bir asarini sotib olishdan ko‘ra hali nomi chiqmagan, lekin original ijodkorni topishni afzal ko‘rgan. Shu bois ham bizda boshqa biron rus avangardi kolleksiyasida uchramaydigan ijodkorlarning kartinalari bor.

– Aytishlaricha, o‘tgan asrning 20-30-yillarida Moskva va Leningrad rassomlari “non shahri” bo‘lgani uchun, qolaversa, Stalindan uzoqroq yurish uchun maqsadida Toshkentga kelishgan ekan. O‘sha paytlar O‘zbekistondagi siyosiy vaziyat birmuncha “liberal” bo‘lgan deyish mumkinmi?

– Siz asarlarini tomosha qilgan musavvirlarning aksarini O‘zbekistonga eng avvalo ekzotikaga tashnalik boshlab kelgan. Oriyentalizm moda edi, Sharq ko‘plarni o‘ziga tortardi. Shu bois ular “Agitprop” tashkil qiladigan xizmat safarlariga bajonidil borardi. Rassomlar buyurtmaga plakatlar chizishardi. Beqiyos Mixail Kurzin Moskvada Mayakovskiy bilan “Okna ROSTa”daishlagan, keyin xuddi shu ish bilan O‘zbekistonda ham shug‘ullangan.

Mixail Kurzin. "Kapital"
Mixail Kurzin. "Kapital"

Boshida bizda siyosiy iqlim rostdan ham yumshoq edi. Biroq 1930-yillarning ikkinchi yarmida hamma joy bir xil bo‘lib qoldi. Usto Mo‘min, Lisenko, Kurzin – bular bari O‘zbekistonda qamoqqa olingan. Mamlakat yagona qoidalar bo‘yicha yashar, hech qayoqqa qochib bo‘lmasdi.

Mana, masalan, buyuk Aleksandr Volkovni olaylik. U – bisotimizdagi tirikligidayoq xalqaro darajada tan olingan yagona rassom.

Aleksandr Volkov. "Choyxonada"
Aleksandr Volkov. "Choyxonada"

Rus san’atini tamsil etuvchi barcha yirik ko‘rgazmalarda bor. Ammo Toshkentda unga “shaklboz” degan yorliq yopishtirishadi, hech kim buyurtma bermaydi, natijada musavvir qashshoqlikda kun kechiradi. Boz ustiga, so‘roq va tergovlarga sudrashadi. 90-yillarda arxivlar ochilgach, protokollarni o‘qiganman. Dahshat! Odamlarni shunchaki sindirishgan, birov birovdan o‘chini olgan. Ufimsevdek iste’dodli odam, O‘zbekiston Rassomlar soyuzi raisi urush yillarida payok tarqatar ekan, “shaklboz” bo‘lgani uchun Volkovga bermaganini bilganimda qalbim larzaga kelgan edi.

– Ya’ni Savitskiy, yaqin tanishligingizga qaramay, sizlarga “ortiqcha” hech nima demaganmi? Uning oilasi boshiga tushgan ko‘rgiliklar haqida bilmaganmisiz? Bobosi otib tashlangani-yu amakisi qatag‘on qilinganini?

Igor Savitskiy
Igor Savitskiy

– Savitskiy bu mavzularda juda bosiq edi. Umrini bag‘ishlagan ishiga zarar yetishidan cho‘chigan bo‘lsa kerak. Bir maktubida yozgan: “...Muzey ishida pand yeb, umrimni qamoqda yakunlayman, degan o‘y sira xayolimdan ketmay qoldi. Loaqal uni qurib bitirib, kamolga yetkazib ulgursaydim. Muzeyimiz, san’atimiz dovrug‘i dunyoga taralashini shunday istaymanki!.. Undan keyin qamasalar ham mayliga...”

Amakisini umuman hech qachon tilga olmasdi. Bobosi haqida esa faqat mahram kishilariga, shunda ham shivirlab so‘zlab berardi. Lekin buvisi Fransiyada yashashini sir tutardi. Uning oilasi o‘ziga to‘q bo‘lgan, hozirgi o‘lchov bo‘yicha, o‘rta tabaqa. Oilaning o‘z yer-mulki, badiiy kolleksiyasi bo‘lgan. Buvisi unga ba’zan xat yozib turgan, rassomchilik ashyolarini jo‘natgan.

– Shunday bo‘lsa ham, Savitskiy bu ishlarga otangizning va mahalliy hukumatning homiyligi tufayli erishgan, deb o‘ylayman. Amerikaliklar suratga olgan “Taqiqlangan san’at biyoboni” hujjatli filmida Qoraqalpog‘iston obkomining 1-kotibi Qallibek Kamolov bir kuni bosh buxgalter “Savitskiy yana pul so‘rayapti, bu pullarning hisobini qanday beraman? O‘zbekiston moliya ministri boshimni oladi-ku”, deya shikoyat qilgani haqida gapirgan. Kamolov unga: “Azizim, Savitskiyga pul bermasang, boshingni o‘zim uzib olaman. Tanla”, deb javob bergan ekan. Juda qiziq javob, garchi bir oz “mafiyacha” uslubda bo‘lsa ham.

– Darhaqiqat, uni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlagan. Qoraqalpog‘istonda barcha juda ahil edi, Savitskiyning homiylari qo‘li uzun kishilar bo‘lgan, – deya hikoyasini tugatadi Marinika Bobonazarova.

Igor Savitskiy formalin bilan zaharlanish oqibatida kasallanib, 1984 yilda vafot etadi. Uni Nukusdagi rus qabristoniga dafn qilishadi. Qabrtoshiga: “Go‘zallik xaloskori bo‘lmish dahoga – minnatdor avlodlardan”, degan so‘zlar bitilgan.

O‘sha yili uning valine’mati Qallibek Kamolov ham lavozim va mukofotlardan ayriladi, qayta qurish boshlanganidan keyin esa “paxta ishi” bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.

Oradan 20 yil o‘tib u Amerika kinochilariga intervyu berarkan, g‘urur bilan shunday deydi: “Savitskiy muzeyni davlatning puliga, lekin o‘z istak va hislari bilan yaratdi...”

XX asr oxirida Fransua Mitteran Nukusdagi muzeyni “dunyoning eng a’lo muzeylaridan biri” deb atagan edi.

2002-yilda O‘zbekiston prezidenti Karimov Savitskiyni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi.

Nursiz voqeligimiz va xayoliy olam chegarasi

2012-yil. Milandagi reklama agentligi kopirayteri Julio Ravatstsi ta’tilini O‘zbekistonda o‘tkazar ekan, boshlig‘ining dam-badam “shoshilinch ish bilan” qo‘ng‘iroq qilishidan bezor bo‘ladi. Shunda u Nukusga borishga qaror qiladi. Chunki u yerda uyali aloqa deyarli yo‘q edi. Biyobondagi bu shahar kundalik tashvishlardan qochish uchun qulay joydek tuyuladi unga.

Mehmonxonada u shaharda tomosha qilishga arzigulik biror-nima bormi, deb so‘raydi. Italyan qo‘noqqa muzeyga borishni tavsiya qiladilar. “Ol-a”, kuladi ichida Julio, kimsasiz zallardagi chang bosgan gilamlaru eski xumchalarni ko‘z oldiga keltirib. Lekin borishga qaror qiladi (baribir g‘irt bekorchi edi). Julio faqat zallar masalasida yanglishmagan edi: o‘sha kuni u muzeyga borgan yagona ziyoratchi bo‘ldi.

– Esimda, bino ichi qop-qorong‘i edi, keyin bir xotin biryo‘la barcha xonalar chiroqlarini yoqqanida beixtiyor baqirib yubordim: “Nima?! Gadoytopmas makoningizda shunaqa suratlar bormi? Qayoqdan kelib qolgan bular?!”

Julio Ravatstsi
Julio Ravatstsi

Julioning muzey direktori Marinika Bobonazarova bilan tanishuvi shundan boshlanadi. Direktor unga ustozi va salafi Igor Savitskiy haqida so‘zlab bergach, Julio roman yozishga ahd qiladi. Mana 12 yildirki, u turli mamlakatlar arxivlarini titkilab, Savitskiy va oilasiga doir materiallar yig‘ishda va kitob yozishda davom etmoqda.

– Bu tom ma’nodagi realistik proza bo‘lmaydi, chunki qahramonimning tarjimai holida ko‘p narsalar sir qolayotir. Igor Vitalyevich Qoraqalpog‘istonning o‘zi kabi jumboq. Bu mamlakat, bir tarafdan, real o‘lka, xaritada bor. Bu yerga bilet olish mumkin. Boshqa tarafdan, bu biz ko‘nikkan voqelik bilan Savitskiyning xayoliy olami o‘rtasidagi chegaraga o‘xshaydi.

Bu yerda dunyoning eng nafis suratlar muzeyi epidemiya tarqatayotgan haqiqiy o‘lim oroli bilan yonma-yon joylashgan (gap Orol dengizidagi Vozrojdeniye oroli haqida bormoqda: u yerda sovet davrida yarim asr davomida “Aralsk-7” nomli yopiq shahar hamda biologik qurollar sinov maydoni bo‘lgan – tahr.).

Shaxsan men uchun bu yer reallik bilan fantastik dunyo o‘rtasidagi chegara bo‘ldi. Sehrli o‘lka, mo‘’jizalar ro‘y beradigan xayoliy maskan. Injilda payg‘ambarlar sahroda sarson qilib, sinalgan. Savitskiy ham payg‘ambar misol qoraqalpoq cho‘liga kelib, mahalliy madaniyatni tiriltiribdi, muzey bunyod etib, uni tomiga qadar avangard durdonalariga to‘ldiribdi.

– Muhabbat qissasi bo‘lmasa, roman o‘xshamaydi-ku? Yoki siz uning hayotidagi biron sevgi hikoyasini topdingizmi?

– Mening romanimda ayol bor, muhabbat bor, lekin u faktlarga asoslangan muhabbat emas. Uni qahramonim avangard san’atni nega bu qadar ehtiros bilan sevganini tushuntirish uchun o‘zim to‘qiganman. Chunki avangardga muhabbat qo‘yish oson emas.

– Siz turli mamlakatlar arxivlaridan Savitskiylar oilasi haqida ma’lumot to‘plagansiz. Estoniya va Ukraina arxivlariga murojaat qilganingizdan xabarim bor. Izlanishlaringiz haqida so‘zlab bersangiz.

– Savitskiyning qarindoshlari hayoti haqida bilganlarim menga uning o‘zini anglashimda yordam berdi. Masalan, bobosi Kiyevda juda mashhur professor bo‘lgan, ulkan kutubxonasi bo‘lgan uning. Talabalariga uyiga kelib, istagan kitoblarini o‘qishga ruxsat bergan ekan. Tekinga, albatta. Savitskiy so‘l ziyolilaru bo‘lg‘usi inqilobchilardan iborat mana yoshlarga to‘la mana shu uyda voyaga yetgan. Bu unga ta’sir qilmasligi mumkin emasdi. Estoniya arxivlarida men Savitskiyning akasi rezyumesini ko‘rdim: u ish beruvchi uchun tayyorlangan tarjimai hol bilan birga ekan. Bu hujjatlardan men Savitskiyning ota-onasi qachon vafot etganini bildim, uning o‘zi hech kimga so‘ylamagan sirli voqealarni bir oz tushunishga muvaffaq bo‘ldim. Gap shundaki, uning otasi 1942-yilda o‘z joniga qasd qilgan ekan. Bu Moskvada bo‘lgan. U gaz bilan o‘zini zaharlab, o‘lgan.

– Nega bunday qilgan?

– Inqilobdan hafsalasi pir bo‘lgan, umidi qolmagan. To‘ng‘ich Savitskiy 1917-yilga qadar badavlat dvoryan bo‘lib, o‘zining xususiy “Rolls-Roys” avtomobili bor edi... Ayni chog‘da, ziyoli va ilg‘or inson bo‘lgani uchun Rossiya imperiyasida hukmron bo‘lgan adolatsizlikdan qayg‘urardi. U ko‘plab ma’rifatli ruslar kabi, inqilob xalqqa tenglik olib kelishiga umid qilgan. Biroq, inqilob bo‘lib o‘tgach, tezda ayon bo‘ladiki, Rossiyada mohiyatan hech vaqo o‘zgarmagan, shunchaki yangi imtiyozli tabaqa – “kommunistik aristokratiya” paydo bo‘lgan, xolos...

Shu bois ham romanimda u ideallari xor bo‘lganidan qattiq eziladi. Vitaliy Savitskiy Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zini o‘ldiradi. U Qizil armiya tor-mor bo‘lib, Stalin hokimiyati barham topishini umid qilgandi. Sovetlarning qo‘li baland kelayotganini ko‘rgach, o‘z ixtiyori bilan o‘lishdan boshqa chorasi qolmaydi uning. Ushbu voqeadan so‘ng o‘g‘li aql bovar qilmas loyihani deb Moskvani tark etishi sira bejiz emas, – deya so‘zini yakunlaydi Juliano Ravatstsi.

XS
SM
MD
LG