Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:35

Sardobadagi uylarni tiklashda qatnashgan 10 ga yaqin shirkat ishchilari maoshini ololmayapti


Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida vayron bo‘lgan uylarni tiklashda qatnashgan 8 shirkat ishchilarining mehnat haqini talab qilib Toshkent viloyati hokimligiga qilgan ochiq murojaati tarqaldi.

"Sardobada ishlagan pulimizni bering!" deb boshlanuvchi murojaat ostida "Toshkent viloyat maxsus montaj qurilish", "Nazar hamkor qurilish", "Bekobod invest gaz qurilish", "Suv bino ta’mir", "Faktor global", "Geo stroy", "Akmal yosh kuch", "PPM 33 qurilish" kabi shirkatlar nomlari keltirilgan.

Quruvchilarning bu murojaatiga izoh olish uchun Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga bog‘lanib bo‘lmadi.

Ozodlik mehnat haqini ololmayotganini da’vo qilayotgan shirkatlardan ayrimlarining ishchilariga bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

Bekoboddagi "Toshkent viloyat maxsus montaj qurilish" shirkatining ismi ochiqlanmasligini istagan ishchisi Oqoltin tumanida infratuzilma obyektlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini avgust oyida yakunlagan bo‘lishlariga qaramay, o‘zi va o‘nlab hamkasbiga mehnat haqi to‘liq berilmaganini Ozodlikka tasdiqladi.

"Ishlarni avgust oyida tugatganmiz. Ko‘prik qurdik, uylarni ham tikladik. O‘sha yerda yotib qolib ishlaganmiz. Lekin uch oy bo‘lyapti puldan darak yo‘q. Boshliqqa aytsak, hokimiyat 180 million to‘lashi kerak, kechikyapti, kutinglar, deydi. Hokimiyatdagilar murojaatlarimizga umuman javob bermaydi", - deydi "Toshkent viloyat maxsus montaj qurilish" ishchisi.

Sardobani tiklashda qatnashgan ishchilar oyligi berilmagani haqida Toshkent viloyati hokimligiga murojaat qilishgan.
Sardobani tiklashda qatnashgan ishchilar oyligi berilmagani haqida Toshkent viloyati hokimligiga murojaat qilishgan.

Bekobod shahridagi yana ikki shirkat "Bekobod invest gaz qurilish" va "Suv bino ta’mir" ishchilari ham mehnat haqi berilmaganini aytishmoqda.

"Oyiga 1 yarim million so‘mdan berishi kerak. May oyidan beri ishlagan bo‘lsak iyul va avgust oynikini olganimiz yo‘q", - deydi Toshkentning Bekobod tumanidagi "Suv bino ta’mir" shirkati ishchisi.

Sirdaryo viloyat hokimligining Arxitektura va qurilish boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimiga ko‘ra, Sardobada uylarni tiklash va qurilish ishlarini moliyalashni Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari o‘z zimmasiga olgan.

"Ishchilarni ham qurilish firmalarini ham shu hokimliklar olib kelgan. Moliyaviy masalalar ham ularning zimmasida", - dedi hokimlik rasmiysi.

Toshkent viloyati hokimligi rasmiy saytidagi matbuot xizmati telefonlariga esa Ozodlik muxbiri kun davomida qo‘ng‘iroq qildi, lekin telefonni hech kim ko‘tarmadi.

Matbuot xizmatiga bir kun avval jo‘natilgan Ozodlikning yozma so‘roviga ham javob bo‘lmadi.

Bundan oldin Toshkent shahar hokimligidan ham Sardobada ishlagan ishchilarga oylik berilmagani yuzasidan izoh olish urinishlari besamar bo‘lgandi.

Bepul ishchilar

Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida vayron bo‘lgan uylarni tiklashda qatnashib, shartnoma pulini ololmayotgan shirkatlar faqat Bekoboddagi shirkatlar emas.

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumaniga safarbar etilgan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ ning 200 dan ziyod ishchisiga oylik berilmagani haqida Ozodlikka arz qilgan.

"Oldin Sardobada ishladik. Keyin ellik nafarimizni bu yerga jo‘natishdi. Oylik bir haftadan keyin bo‘ladi, deb ikki oydan beri bermayapti. Bola-chaqani tashlab kelganmiz bu yerga. O‘ta og‘ir sharoitlarda, vagonlarda yashaymiz. Buni ustiga oylik ham yo‘q", - degan edi “O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ ishchisi 18 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda..

"O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJning Ozodlik suhbatlashgan Toshkentdagi markaziy idorasi kadrlar bo‘limi mulozimi esa, bankda pul taqchilligi sabab avgust oyidan buyon maoshlar kechikayotganini tasdiqlagandi.

Ammo temiryo‘lchilarning oylik muammosi hozirga kelib qanchalik hal etilgani Ozodlikka ma’lum emas.

Shu yilning sentabr oyida Sardobada turli viloyatlardan kelib ishlagan 70dan ziyod ishchi Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi ularni ishga yollagan "Nurafshon qurilish" MChJ idorasiga ish haqini talab qilib borgan, lekin Ichki ishlar bo‘limi xodimlari ularni militsiya bo‘limiga olib ketgandi.

Ishchilar "peshona teri"ni so‘rab Prezident Virtual qabulxonasiga arz qilganlaridan so‘ng mehnat haqining bir qismini olishga erishgan.

"Har birimizga bir yarim million so‘mdan berdi. Lekin, bu pul bizga va’da qilingan oylikning yarmi ham emas", - deydi Xorazmdan Sirdaryoga kelib ishlagan quruvchilardan biri.

O‘zbekiston Qurilish vazirligi Sirdaryo viloyatidagi zarar yetgan 1773 uyni ta’mirlashga davlat hisobidan 123 milliard so‘m yo‘naltirilishini ma’lum qilgan edi.

Shu yilning 1 - may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi oqibatida rasmiylarga ko‘ra¸Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 2 570 ta uy-hovli va 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan¸ 1781 hovli hamda 52 ta ko‘p qavatli turar-joy binolariga shikast yetgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi joriy yilning 27 - iyulida texnogen falokat yuzasidan tergovning dastlabki xulosalarini e’lon qilgan.

Unda to‘g‘onning o‘pirilishiga uch asosiy omil sabab bo‘lgani haqidagi faraz o‘rganilayotgani aytiladi.

Bular - loyiha hujjatlari, qurilish va ekspluatatsiyadagi xato va kamchiliklar.

O‘zbekistonda naqd pul taqchilligi, ishchilarga maoshlar to‘lanmasligi yildan- yilga avj olib borayotgan va yechimi ko‘rinmayotgan muammolardan ekani aytiladi.

O‘tgan oy Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi Enter Engineering kompaniyasida minglab ishchi g‘alayon ko‘targan, ular noroziliklarga bir necha oy maoshsiz qolganliklari hamda kechki ovqat va nonushta berilmagani asosiy sabab bo‘lganini aytishgan.

G‘alayon ortidan shirkat rahbariyati ishchilarga oylik maoshni to‘lab berishga va boshqa muammolarni hal etib berishga va’da bergan.

XS
SM
MD
LG