Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:31

Saylovchilarni ro‘yxatga olish va saylov uchastkalarini bezash o‘qituvchilarga yuklandi


Samarqanddagi saylov uchastkasi. 2016 - yil, dekabr
Samarqanddagi saylov uchastkasi. 2016 - yil, dekabr

O‘zbekistonda 24 - oktabr kuni bo‘ladigan prezidentlik sayloviga hozirliklar davom etarkan, saylovga tayyorgarlik ishlariga byudjet xodimlarining jalb etilgani haqida xabarlar kelmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan o‘qituvchilarning so‘zlaridan yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida ayrim viloyat maktablarida o‘quv jarayonlari qolib ovoz berish jarayonlariga safarbarlik avj olgani anglashiladi.

Qashqadaryo viloyatidagi rasmiylar o‘qituvchilarning saylovga tayyorgarlik jarayonlariga jalb etilganini tasdiqlashdi.

Saylovchilarni ro‘yxatga olishdan tortib saylov uchastkalarini bezash ishlari muallimlarga yuklatilgan.
Saylovchilarni ro‘yxatga olishdan tortib saylov uchastkalarini bezash ishlari muallimlarga yuklatilgan.

“Og‘zaki topshiriq”

Qashqadaryo viloyat Koson tumanidan ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchining Ozodlikka bildirishicha, saylovchilarni ro‘yxatga olishdan tortib saylov uchastkalarini bezash ishlari muallimlarga yuklatilgan.

“Biz muallimlar yangi o‘quv yiliga tayyorlanish o‘rniga saylov dasturlari bilan ovoramiz. Koson pedagogika kollejida hamma o‘qituvchini yig‘ib, shu tadbirga tayyorlashyapti. Saylov uchastkalariga stendlar qilish ham bizga yuklangan. Hokimning yoshlar ishlari bo‘yicha muovini og‘zaki topshirig‘i bilan plakatlar osish¸ taklifnoma¸ anketa¸ byulettenni chiqarish va tarqatish - hammasini bizga yuklab qo‘yishdi. Faqat saylov, saylov, o‘qish bilan hech kimning ishi yo‘q, - deydi muallim.

Qashqadaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi o‘qituvchilar saylov jarayoniga jalb etilayotganini Ozodlikka tasdiqladi, ammo bu ixtiyoriy ravishda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

“Har bitta viloyatdan 300ta o‘qituvchi bu jarayonda qatnashadi. Komissiya a’zosi yoki kuzatuvchi sifatida bu ishga jalb etiladi. Ular uchun 15 kunlik maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkillashtirilgan. Ixtiyoriy bu, hech kim ularni majburlamaydi va o‘qish jarayoniga buni ta’siri bo‘lmaydi. Maktablarda saylov uchastkalarini jihozlash davlat byudjeti hisobidan qilinadi, o‘qituvchilar zmmasiga yuklangan emas bu”, - dedi boshqarmaning Ozodlik suhbatlashgan mulozimi.

O‘zbekistonning boshqa viloyatlari va poytaxt Toshkentda ham muallimlar saylov jarayoniga safarbar etilgan.

“Xalqaro kuzatuvchilarga nima deyish kerakligini ham o‘rgatishmoqda”

Buxoroning Jondor tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisiga ko‘ra, saylov jarayoniga doir o‘quv mashg‘ulotlarida ularga “xalqaro kuzatuvchilarning savollariga qanday javob berish bo‘yicha” ham ko‘rsatmalar berilgan.

“Xalqaro kuzatuvchilar kelib qolsa nima deyish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berilyapti. Saylov xalqaro me’yorlar asosida adolatli o‘tkazilayotganini aytish kerak ekan. Agar, spetsifik savollar berilsa, meni bunga vakolatim yo‘q, rahbariyatimizdan buni so‘raysiz, deyish lozim. Shunaqa instruktaj qilishyapti”, - deydi sir qolishini so‘ragan buxorolik muallim.

Toshkentning Sirg‘ali tumanidagi maktablardan birida ishlovchi o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, ularga ikkita talab qo‘yilgan:

“Birinchisi vaksina, ikkinchisi saylovda qatnashish. Bu talabni bajarmaganlar arizasini yozib ishdan bo‘shab ketaversin, deb aytdi direktorimiz”, - deydi muallim.

O‘zbekiston Saylov kodeksining 99-moddasida Markaziy saylov komissiyasini, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalarini, okrug va uchastka saylov komissiyalarini saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha moliyalashtirish O‘zbekiston Davlat byudjetidan amalga oshirilishi aytilgan.

Saylov komissiyalari ishiga jalb etiladigan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Ammo Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan muallimlar ularga saylov uchun qo‘shimcha haq berish va’da qilinmaganini aytishdi.

“O‘zimizni maktabdan oladigan oyligimiz yurib turadi. Bular hozir boshqa odamni olsa, unga oylik qilib berishi, kabinet qilib berishi kerak-da. Shuning uchun bo‘lsa kerak, asosan o‘qituvchilar bu ishga jalb etilyapti”, - deydi qashqadaryolik o‘qituvchi.

Oson safarbar etiluvchi qatlam

O‘zbekistonda davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan tadbirlarning o‘rta va oliy ta’lim tizimiga yuklatilishi tajribasi keng tarqalgan.

O‘zbekistonlik bloger Lobar Tursunqulova o‘qituvchilar davlat tadbirlariga eng oson safarbar qilinuvchi qatlam ekanini aytadi:

“Bilasiz, bizda o‘qituvchilar turli tadbirlarga, ayniqsa saylov tadbirlariga eng oson safarbar etiladigan guruh hisoblanadi. Ko‘p saylov uchastkalari maktablarda joylashgan. Shuning uchun o‘qituvchilarni u yerda a’zo qilib biriktirib qo‘yish oson, o‘zini ishini ham qiladi, saylovnikini ham. Dars soatlari qisqartirilishi yoki ishdan haydalishidan qo‘rqib o‘qituvchilar har qanday vazifani bajarib ketaverishadi, - deydi bloger..

Bundan oldin ham o‘qituvchilar jamoat tadbirlaridan tortib dala va obodonlashtirish ishlariga jalb etib kelingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilar asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni o‘zlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb etish chuqur ildiz olganini tan olgan edi.

O‘qituvchilarning saylov tadbirlariga jalb etilayotgani hususida Ozodlik O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligidan izoh ololmadi.

24 - oktabr kuni o‘tadigan saylovlarda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevdan tashqari yana to‘rt nomzod qatnashadi. Ularning barchasi O‘zbekistondagi hukumatparast partiyalardan ilgari surilgan.

Ikkinchi muddatga qayta saylanishi kutilayotgan prezident Mirziyoyev shu yil fevralida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida O‘zbekistonda Karimov davridagi majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berilganini o‘z “islohotlarining eng katta yutuqlaridan biri” deb atagandi. Ammo mamlakatda xususan, majburiy mehnatdan shikoyatlar hanuz to‘xtamagan.

XS
SM
MD
LG