Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:17

Senzura va bosimlar - O‘zbekistondagi internet nashrlarning yetakchi jurnalistlari ishdan ketyapti


Ilyos Safarov (chapda) olib borgan davra suhbatlaridan biri.
Ilyos Safarov (chapda) olib borgan davra suhbatlaridan biri.

O‘zbekistondagi eng yirik internet nashrlardan Kun.uz jurnalisti Ilyos Safarovning ishdan ketishi mamlakatdagi so‘z va matbuot erkinligining ahvoliga doir yangi xavotirlarni paydo qildi.

Safarovning tarmoqlarda e’lon qilgan iste’fosi qator bloger va jurnalistlar ustidan sud va tergov jarayonlari davom etayotgan pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Ilyos Safarov Kun.uz‘ni so‘nggi bir necha oy ichida tark etgan to‘rtinchi jurnalistdir. Avvalroq Gazeta.uz va Qalampir.uz nashrlarining yetakchi jurnalistlari ham ishdan ketganliklarini e’lon qilishgandi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining matbuot erkinligiga oid so‘nggi reytingida O‘zbekiston avvalgi yilga nisbatan 4 pog‘ona pastlab 137-o‘rinni egalladi.

"Juda og‘ir va murakkab davr"


Kun.uz nashrida 6 yil ishlagan taniqli jurnalist Ilyos Safarov ishdan ketish sababini “vaqti kelgan ekan”, deb izohladi.

U Ozodlik bilan qisqa muloqotda O‘zbekistonda “jurnalistika juda og‘ir va murakkab davrga kirib borayotgani"ni aytdi.


Ilyos Safarov O‘zbekistonda so‘nggi yillarda dolzarb mavzular - so‘z erkinligiga cheklovlar, tanqidchi bloger va ijtimoiy tarmoq faollariga bosimlarni yoritayotgan, O‘zbekiston hukumati siyosati va rahbarlarini ochiq tanqid qilayotgan kam sonli jurnalistlardan biridir.

Hamkasblari Ilyos rasmiy tadbirlarda yuqori lavozimdagi amaldorlarni savolga tutishi, xalqning til uchida turgan savollarini vazminlik bilan aniq-lo‘nda va dadil berishi bilan ajralib turganini aytishadi.

Bundan tashqari, u so‘nggi oylarda Kun.uz platformasidan turib aktual mavzularda qilayotgan davra suhbatlari bilan auditoriyaning e’tiborini qozongan edi.

Senzura va bosimlar

Ilyos Safarovning ishdan ketishini, faollar hamda hamkasblari, uning kasbiy faoliyati bilan bog‘lashmoqda.

“Ilyos Safarov kecha qoldirgan post O‘zbekistonda so‘z erkinligi borasida jiddiy muammolar borligining yana bir tasdig‘idirdeb yozdi yosh ijodkor va inson huquqlari himoyachisi Gulnoz Mamarasulova.

Go‘zal Begim ga ko‘ra, “Ilyos Safarov kabi jurnalistlar qalami bilan millatning qon tomiriga adashmay tusha olishadi. Ilyos men uchun milliy koloritning, ma’naviy kontentning, ortga yurmaydigan jurnalizmning ovozidir!"

Ijtimoiy tarmoq faoli Farrux Samarqandiy esa: Ilyosning senzura va bosimlar tufayli ishdan ketganiga zarracha shubham yo‘q. Kun.uz rahbariyatini ham umuman ayblamayman. Ular uchun bu bir biznes va bu biznesni saqlab qolish, bolasini saqlab qolishdek gap”, deb yozdi.

Ishdan ketayotganlar

Bir necha kun muqaddam mamlakatda eng ko‘p o‘qiladigan yana bir Internet nashri - Gazeta.uz da qariyb 8 yil ishlagan Sanjar Said “masofadan turib ishlagani” tahririyatdan ketishiga sabab bo‘lganini yozgan edi.

“Masofadan turib ishlaganlar bilan hamkorlikni to‘xtatishganini aytishdi. Bu shunchaki sayt xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin”, dedi Sanjar Said Ozodlikka javoban.


Bundan avval Kun.uz‘ni yana ikki jurnalist - Elmurod Ermatov va Abror Zohidovlar ham tark etgan edi.

Har ikki nashr tahririyatlari taniqli jurnalistlarning birin-ketin ishdan ketishini izohlagani yo‘q.

"Ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lyapti"

Internet nashrlari faoliyati bilan tanish mustaqil jurnalistlar bu vaziyatni mamlakatda nisbatan erkin yozayotgan jurnalistlarga nisbatan bosimning kuchaygani bilan izohlamoqda.

“Bir narsa aniq, vaziyat kun sayin og‘irlashib boryapti. Shunday tushuningki, nashriyotlar yashab qolish uchun keskin yozadigan muxbirlarini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lyapti”, dedi Ozodlikka osmini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan mahalliy jurnalistlardan biri.

Yana bir mustaqil jurnalist esa, so‘nggi oylar ichida o‘zi ishlab turgan Internet nashri rahbariyati tomonidan ogohlantirilganini aytdi.

“Oxirgi paytlarda juda qattiq bosim bo‘lyapti. Internet nashrlariga: “Tirnoq ostidan kir izlayapsizlar”, deb e’tiroz qilish ko‘paygan. Shunga bizni ko‘p ogohlantirishyapti: “Kuzatuvda turibsizlar, ehtiyot bo‘linglar!” deb. Vaholangki, hamma jurnalistlar ochiq manbalardan ma’lumot olib yozyapmiz. Keyingi paytda o‘zi umuman mamlakatda bosim kuchayib boryapti. Ijtimoiy tarmoqlarda yozganlar suhbatlarga chaqirilyapti”.



O‘tgan oy Qalampir.uz nashrini tark etgan jurnalist Hulkar Murtazoyeva esa ishdan ketishiga matbuotga bo‘layotgan bosim sababliligini ochiq bildirgandi.

U o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi tarixi haqida hozirlayotgan materiali chop etilmasligi bois ishdan ketishga qaror qilganini bildirgan va “Aslida bu so‘ngsiz bosimlarning biri, xolos” deb yozgandi.

Jurnalist va inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov Ilyos Safarovning Kun.uz‘dan ketishini "matbuot uchun katta yo‘qotish" deb atadi.

"Mamlakatdagi yetakchi medianing yetakchi xodimi ishdan ketishi so‘z erkinligiga berilgan kattagina zarbadir. Zarbaning ta’sirini yaqin bir necha oyda ko‘ramiz. Yo‘qotgan faqat Kun.uz emas, matbuotda katta yo‘qotish bu", deb yozdi Tashanov o‘zining Facebook sahifasida.

"Bloger, jurnalistlarning ayrimlarini savodsiz dedik, bir qismini g‘alamisga chiqardik. Qamalganlarga ko‘z yumdik, qochib ketganlarning ortidan tosh otdik. Mana navbat endi professionallarga yetdi".


Jurnalistlarning birin-ketin yetakchi Internet nashrlarini tark etishi Farg‘onada taniqli bloger Olimjon Haydarov ustidan sud davom etayotgan pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Haydarov O‘zbekiston Respublikasi JKning 139-moddasi 2-qismi (Ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish), 139-moddasi 3-qismi “a” bandi (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish)da ayblanmoqda.

Tovlamachilikda ayblanayotgan bloger Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Jinoyat ishlari sudida sudlanmoqda. Sudni kuzatayotgan faollar shu kunga qadar blogerga qo‘yilgan ayblov o‘z isbotini topmagani, biroq odil sudlovdan umid kam ekani haqida yozishmoqda.

Avvalroq Ozodlik O‘zbekistonda turli nashrlar bosgan maqolalar ostida qoldirgan izohi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi posti uchun bloger va foydalanuvchilar IIB va DXXga chaqirilgani, ayrimlari jarimaga tortilgani haqida yozgan edi.

Bu orada Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Tereza Ribeyro O‘zbekistonga besh kunlik tashrif yakunlarini e’lon qildi.

Tereza Mariya Ribeyro O‘zbekiston hukumati, vazirlik va idoralarida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazgan, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov hamda prezident yordamchisi va qizi Saida Mirziyoyeva, AOKA rahbari Asad Xo‘jayevlar bilan uchrashgan.

21-noyabr kuni YXHT saytida e’lon qilingan hisobotida Ribeyro: “Ommaviy axborot vositalarining ochiq va xolisligi nazorat qilinayotgan bir davrda media maydonimiz jamiyatdagi xilma-xillikni aks ettirishi - keng qatlamdagi ovozlarni eshittirishi, turfa fikrlarni inobatga olishi hamda juda muhimdir. sado berishi, turli nuqtai nazarlarni e’tirof etish va keng tajribani qamrab olishi juda muhim", deb yozdi.

Ammo, YXHT matbuot erkinligi bo‘yicha vakilining safar natijalariga doir bayonotida O‘zbekistondagi mustaqil jurnalistlar, Internet nashrlari hamda blogerlarga nisbatan bosimlar, tergov va sud jarayonlari haqida hech gap aytilmadi.

Avvalroq Ozodlik bilan eksklyuziv suhbatda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik o‘zbek rasmiylarini so‘z va matbuot erkinligini hurmat qilishga chaqirgan edi:

“O‘zbekiston oxirgi bir necha yilda matbuot erkinligi borasida ulkan qadamlarni qo‘ydi. Ammo shu bilan birga, blogerlarga qarshi jinoyat ishlari tashvishga sabab bo‘lmoqda. Men O‘zbekiston hukumatini matbuot, so‘z va ifoda erkinligini hurmat qilishda davom etishga chaqiraman. Hukumat bu jinoyat ishlari ortida siyosiy sabablar turmaganiga amin bo‘lishi kerak, deb hisoblayman”, degan AQSHning Toshkentdagi yuqori martabali diplomati.

Demokratiya, siyosiy erkinliklar va inson huquqlarini kuzatuvchi Freedom House xalqaro nodavlat tashkiloti o‘zining 2023-yilgi hisobotida O‘zbekistonni internet erkin bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatida qoldirdi. Tashkilotga ko‘ra, prezident Mirziyoyevning ayrim islohotlariga qaramasdan O‘zbekiston avtoritar davlat sifatida qolmoqda.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining matbuot erkinligiga oid so‘nggi reytingida O‘zbekiston avvalgi yilga nisbatan 4 pog‘ona pastlab 137-o‘rinni egalladi.

Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistonda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat "murakkab" bo‘lib qolmoqda, OAV to‘g‘risidagi "repressiv" qonunlar amalda hamda "kuzatuv, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish" hukmron.

XS
SM
MD
LG