Rossiyada muxolifatchi Aleksey Navalniyga qarshi ochilgan yangi jinoyat ishi 15 - fevraldan boshlab sayyor sud majlisida ko‘rilishi ma’lum bo‘ldi. Buning uchun Lefortovo tumani sudi Navalniy “Iv Roshe ishi” bo‘yicha jazo muddatini o‘tayotgan Vladimir viloyatidagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasiga boradi. Siyosatchi ikkala ish bo‘yicha yana o‘n yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Navalniyning advokati Olga Mixaylova sayyor sud majlislari amaliyoti o‘ta g‘ayrioddiy holat ekanligini, odatda, ayblanuvchi allaqachon qamoq jazosini o‘tayotgan bo‘lsa ham baribir sudga keltirilishini, sud uning huzuriga bormasligini aytadi.
Advokat sud majlisining koloniyada o‘tkazilishi Navalniyning himoya huquqidan foydalanishida jiddiy to‘siqlarni vujudga keltirishidan xavotir olmoqda.
“Koloniya qo‘riqlanadigan obyekt hisoblanadi, uning hududiga telefon, kompyuter va shunga o‘xshash narsalarni olib kirish mutlaqo taqiqlangan. Bu holda sud qanday o‘tadi, biz va guvohlarimiz ichkariga qanday kiramiz, hayronman”, deydi Mixaylova.
Navalniyning safdoshi Ivan Jdanov bu fikrga qo‘shiladi.
“Yopiq majlisda imi-jimida sud qilishmoqchi: bu rejimli obyekt deb, kovid cheklovlarini ro‘kach qilib hech kimni kirgizishmaydi”, deydi u.
Muxolifatchiga ko‘ra, hukumat Navalniyga qarshi yangi hukm ommaviy norozilikka sabab bo‘lishidan cho‘chib, shunday yo‘l tutmoqda.
“Ish materiallarida jinoyat tarkibi yo‘qligi va umuman voqea ham, huquqbuzarlik ham mavjud emasligi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Alekseyni Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga qilingan xayriya pullarini o‘zlashtirganlikda – firibgarlikda ayblashyapti, holbuki u Fonddan hech qachon pul olmagan. Jinoyat ishi tafsilotlari bilan tanishgan odamlar “bu yerda jinoyatning o‘zi yo‘q-ku”, deb hukumatni masxara qilishgan bo‘lardi”, deya so‘zida davom etadi Ivan Jdanov.
Uning aytishicha, rasmiylar bir chekkasi shunday vaziyatga tushmaslik uchun ham Navalniyni yopiq majlisda sud qilishmoqchi.
“Qolaversa, mamlakatning bosh muxolifatchisiga bo‘lmag‘ur ayblovni yopishtirib, odamlarning norozilik aksiyalariga chiqishiga sabab bo‘lishdan hadiklanishyapti”, mulohaza qiladi u.
“Shuningdek, hukumat sud jarayoni kun tartibidagi xalqaro mavzularga soya solishini ham istamaydi. 15 - fevral kuni Moskvaga Germaniya kansleri Olaf Sholts kelyapti. Navalniyning zaharlanishi Germaniya uchun ham ahamiyatli voqea, chunki zaharlanganidan so‘ng uni aynan ushbu mamlakatga olib ketishgan va Berlin klinikasida Alekseyning organizmidan “Novichok” moddasi topilgan. O‘ylashimcha, mana shu voqealarning bari ularni Navalniy ustidan sudni panaroqda o‘tkazishga undagan. Ko‘rasiz, sud majlislarini cho‘zib o‘tirishmaydi, bir zumda yakunlashadi”, deydi Ivan Jdanov.
Navalniy ustidan firibgarlikka oid jinoyat ishi 2020 - yil dekabrda Rossiya Jinoyat kodeksining 159-moddasi to‘rtinchi qismi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan: muxolifatchi juda ko‘p miqdorda (356 mln rubl) pul o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda. Bundan tashqari, siyosatchini “Ikkinchi jahon urushi veterani Ignat Artemenkoga tuhmat” ishini o‘rgan sudya Vera Akimovaga hurmatsizlik qilishda ham ayblashyapti. Mazkur ish bo‘yicha Navalniyga 580 ming rubl jarima solingan edi.
Aleksey Navalniy 2021 - yil boshlarida Germaniyada davolanib qaytishi bilan hibsga olingan edi. Rasman bu Jazoni ijro etish federal xizmatining muxolifatchi go‘yo “Iv Roshe ishi” bo‘yicha tayinlangan shartli jazo muddatini o‘tash tartibini buzgani haqidagi arizasiga ko‘ra amalga oshirildi. Keyinroq sud Navalniyni mazkur ish bo‘yicha uch yarim yilga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqardi.