Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:31

"Sudlar to‘g‘risida"gi qonun yangilandi. Nima o‘zgardi?


28 - iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Advokatlarga ko‘ra, yangi o‘zgarishlar faqat texnik xarakterga ega bo‘lib, sud tizimida mohiyatan hech qanday o‘zgarish yasamaydi.

Yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida” gi qonun 28 - iyul kuni “Xalq so‘zi” nashrida e’lon qilindi va o‘sha kunning o‘zidayoq kuchga kirdi.

Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 15 - iyunda, Senat tomonidan esa 28 - iyunda ma’qullangan edi.

Taniqli advokat Sergey Mayorov “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunining yangilanishi natijasida sud tizimida mohiyatan o‘zgarishlar bo‘lmaganini ta’kidlaydi. Advokatga ko‘ra, o‘zgarishlar faqat texnik xarakterga ega:

“Yangi qonunning mazmunini tushuntirib beray: Uning ikki funksiyasi bor. Birinchisi sud qonunchiligini Konstitutsiyaga moslash. O‘tgan yili Konstitutsiyaga sud tizimiga oid bir qancha o‘zgartirish kiritishdi. Lekin bu o‘zgarishlarni “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritishmagan edi. Hozir shu o‘zgarishlar qonunga kiritilib, u Konstitutsiyaga moslandi, xolos. Ikkinchi funksiyasi, sud tizimi strukturasiga oid. Sudlar tuzilmasi, turlari nimadan iboratligi bilan bog‘liq sud tizimidagi tashkiliy-tarkibiy o‘zgartirishlardan iboratdir”.

Advokat Ruhiddin Komilov ham yangi tahrirdagi qonunning o‘zgarishlarini sanar ekan, buni “sudlar sxemasini aks ettirgan qonun” deya ataydi:

“O‘tgan yili yangi sudlov sistemasi joriy etildi. Masalan, tumandagi ma’muriy sudlar bekor qilinib, ular tumanlararo ma’muriy sudlarga aylantirildi. Keyin Toshkent shahri va viloyatlarda ma’muriy sudlar tashkil etildi. Keyin xo‘jalik sudlari iqtisodiy sudlarga aylantirildi. Shular hozir yangi qonunda o‘z aksini topgan. Shu sudlarning vakolatlari, kollegiyalari, Oliy sud plenumi, rayosatlari ko‘rib chiqilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu sudlarning sxemasini o‘zida aks ettirgan qonun bo‘ldi”.

Qonunni sharhlagan mahalliy matbuot endilikda barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘rilishi, faqat ayrim holatlardagina ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishiga e’tibor qaratgan. Qonunda belgilangan hollardagina sudni yopiq o‘tkazishga ruxsat berilishi qayd qilingan.

Advokat Mayorov ikki yil avval BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayanga murojaat yo‘llab, jinoyat ishlarini maxfiylashtirish, ishni “yopiq sud”ga aylantirish holatlaridan shikoyat qilgandi.

Mayorov qonun yangilangani bilan eski uslub saqlanib qolganini aytadi:

“Sud tizimimizdagi eng jiddiy nuqson bu - ishning maxfiylashtirilishi bilan bog‘liq. Tergov organlari, prokuratura va sudlar juda osonlik bilan har qanday ishni “maxfiy” deb e’lon qilishi mumkin. Natijada ayblanuvchi va himoyachilarining qo‘l-oyog‘i ko‘rinmas ip bilan bog‘lanadi va ular o‘zlarini to‘lig‘icha himoya qilishdan mahrum bo‘ladi. Ishning maxfiylashtirilishi xoh dastlabki tergov bosqichida bo‘lsin, xoh materiallar bilan tanishuv bosqichida, advokatlarga jinoyat ishi hujjatlaridan nusxa bermaslik uchun asos bo‘lyapti. Odatda kimnidir shunchaki jag‘ini yopish uchun ishni “maxfiy”lashtirib, qutilib qolishadi”.

Yangi tahrirdagi qonunda sud ishtirokchilar va OAV vakillari sud majlisini fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkinligi qayd qilingan. Biroq, bu qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi ta’kidlangan va bu tartibning o‘zi ushbu qonunda bayon qilinmagan.

Yangi tartibga ko‘ra, sudьyalik lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilgan. Sudyalarning intizomiy javobgarligi va ularning ijtimoiy himoyasi batafsil aks ettirilgan.

Endilikda sudyalarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘qotar qurol beriladi.

Yangi tahrirdagi qonungaga ko‘ra, sudyalarga uy-joy olish va ijaraga olingan turar-joy binolari uchun kompensatsiya olish imkoniyati beriladi.

2019 - yil sentabrida O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMTning sud va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan mamlakat sud-huquq tizimining mustaqilligi masalasida jiddiy qiyinchiliklar va muammolar bor ekanini aytgan edi.

Unga ko‘ra, sud mustaqilligiga eng birinchi jiddiy to‘siq korrupsiya bo‘lmoqda.

Maxsus ma’ruzachining fikricha, bu kabi to‘siqlarni bartaraf etish uchun hukumat islohotlar jarayonini tezlatishi, “sud hokimiyatining mustaqilligiga erishish harakatlariga tahdid solayotgan amaliyotga chek qo‘yishi” lozim.

Bundan tashqari Diyego Garsiya-Sayan “O‘zbekiston jazosizlikka qarshi kurashish uchun kerakli tergov va sud protseduralarini joriy etishi lozim”ligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG