Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:31

Surgun. O‘zbekistonga deportatsiya qilingan qrim-tatarlar hikoyasi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

1944-yilning 18-20-may kunlari bir kechada vatani Qrimdan yuk vagonlariga ortilib, 150 ming qrimlik O‘zbekistonga surgun qilingan edi.

Moskvaning buyrug‘i bilan surgun qilingan qrimliklar O‘zbekistonning sovxoz, kolxoz va ishlab chiqarish hududlaridagi bo‘sh turgan joylarga yerlashtirildi.

Ularning 56 mingdan ortig‘i Toshkent, 31 ming nafari Samarqand, qolganlari esa Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Buxoroga jo‘natilgan.

Garchi 1990-yillar boshida qrimliklarning katta qismi ona vataniga qaytgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning turli viloyatlarida hanuz qrim-tatar qishloqlari bor.

Rossiyaning Ukrainaga urushi ortidan O‘zbekistonda panoh topgan qrim-tatarlarni vatanlariga repatriatsiya qilish dasturi to‘xtab qolgani aytiladi.

Bu yil qrimliklar surgunning 80 yilligini xotirlashmoqda.


------------------------------------
1944-yilning 8-iyunida O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissari Yo‘ldosh Bobojonov SSSR Ichki ishlar xalq komissari Lavrentiy Beriyaga yozgan maktubida respublikadagi qrim-tatarlar sonini 151 ming 529 kishi, deb ko‘rsatgan.

Stalin hukumati, qrim-tatarlarni ko‘chirish qarorini ularning ayrim vakillari "fashistlar Germaniyasi tarafida urushgani" bilan izohlagan.

Butun-boshli xalqlarning o‘z tuproqlaridan badarg‘a qilinishi Stalin qatag‘onlarining alohida ko‘rinishi sifatida tarixga kirgan.

Jumladan, jizzaxlik Nargis Qosimovaning onasi Nariya Umerova asli qrimlik, O‘zbekistonga surgun qilingan 150 ming qrim-tatarlardan biri edi.

Nargis Qosimova, marhum onasi Nariya Umerova bilan
Nargis Qosimova, marhum onasi Nariya Umerova bilan

Nargisning xotirlashicha, onasi o‘tirgan yuk poyezdi eshelonida jami 32 ming Qrim tatari bor edi. Eshelon O‘zbekistongacha 1 oy yo‘l bosgan:

"Bir oy ichida o‘sha 32 ming odamdan deyarli 8 mingdan ko‘prog‘i yo‘lda qirilib ketgan. Keyin yana bitta narsani dahshat bilan eslardilar: "O‘liklarni ko‘mishga berishmagan. Agar yosh bola o‘lgan bo‘lsa, shundoq vagonning derazasidan chiqarib tashlashgan. Katta odamlarni esa poyezd to‘xtaganda yo‘l chetiga murdasini chiqarib tashlashardi", derdilar. Bu o‘sha xalqqa ma’naviy zarba berilganidan dalolat. Qrim tatarlari juda ko‘p aziyat chekdi".

Moskvaning buyrug‘i bilan surgun qilingan qrimliklar sovxoz, kolxoz va ishlab chiqarish hududlaridagi bo‘sh turgan joylarga yerlashtirildi.

Украинага босқин: 821-кун | Зеленский Марказий Осиё президентларини Украинага чақирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:17 0:00


Ularning 56 mingdan ortig‘i Toshkent, 31 ming nafari Samarqand, qolganlari esa Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Buxoroga yuborilgan.

Samarqand viloyatining qrim-tatarlar joylashtirilgan Narpay tumani keyinchalik Navoiy viloyati tarkibiga qo‘shildi. U yerda hanuz qrim-tatar qishlog‘i bor.

1953-yilning 1-yanvariga oid, ya’ni deportatsiyadan qariyb 10 yil o‘tib muhrlangan rasmiy qaydlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi qrim-tatarlar soni 20 mingga kamaygan edi.

Rasmiy manbalar buni qrim-tatarlarining shaxsiga oid hujjatlarida mahalliy "tatar" deb qayd etishni istagani bilan izohlanadi.

Ammo, qrim-tatar faollari buni o‘z jamoasining og‘ir hayoti va mehnati bois kasallik va ochlikdan nobud bo‘lgani bilan izohlaydi.

Och-yupun holda surgun qilingan tatarlar avvaliga O‘zbekistonda juda qiyin sharoitlarda, KGB nazorati ostida yashaganlar.

Ozodlik jurnalistlari o‘tgan yili Ukrainaga safar chog‘ida Kiyevda suhbatlashgan 78 yashar Habiba Ermatova asli Toshkent viloyatidan. Otasi o‘zbek, onasi Qrim tatari.

U ham Qrimdan quvg‘in qilingan onasining O‘zbekistondagi hayotini yaxshi xotirlaydi. Aytishicha, qrimliklarni hayotda ushlab qolgan asosiy narsa - ularning mehnatkash, yaxshi dehqon va tadbirkorligi bo‘lgan.

Qrim yarim oroli geografik joylashuvi hamda qadimiy boy o‘tmishi bois, aholisi savdo, siyosat va dehqonchilik hamda chorvani yaxshi bilgan.

Qrim yarimoroli g‘arbdan sharqqa yoki sharqdan g‘arbga yo‘nalgan savdo oqimi bilan bir paytda, harbiy nizolar va urushlar uchun ham darvoza bo‘lib kelgan.

Aholi til, din va madaniyati bilan birga mohir jangchilari hamda qudratli hoqonlari bilan ham mintaqada katta o‘rin tutgani ma’lum.

Oltin O‘rda qulagach - 1441-yilda tashkil topgan Qrim xonligi to 1783-yilgacha, ya’ni 350 hukm surgan.

Bu xonlik, olti yuz yil hukm surgan Usmonli halifaligining vassali bo‘lgan va qrim tatarlari Usmonli tarixida ham alohida o‘rin tutganlar.

Qrim - markaziy osiyodagi xonliklar uchun ham muhim mintaqa. Hozirga qadar Qrimda Buxoroning so‘nggi amiri Olimxonning saroyi saqlanadi.

Qrim tarixini yaxshi o‘rgangan Sinover Qodirov ham deportatsiya qilingan qrimliklarning avlodi - Samarqandda tug‘ilgan.

Qodirov qrimlik siyosiy faollardan biri, sobiq sovet dadrida siyosiy faoliyati uchun qamalgan, O‘zbekistonda sud qilingan.

1953-yilga kelib, Iosif Stalin vafot etgach, O‘zbekistonga surgun qilingan qrimliklarning hayoti biroz yengillashdi.

1960-yillarda SSSR bo‘ylab deportatsiya qilingan barcha millatlarga o‘z yurtlariga qaytishga ruxsat berildi, ammo qrim-tatarlarga ruxsat tegmadi.

Tarixiy hujjatlarda buning sababi vatanida ularga yer-joy qolmagani, bu joylar SSSR rahbariyati ko‘chirib kelgan boshqa aholi tomonidan egallangani aytiladi.

Qrimlik faollar o‘shanda Markazqo‘mga ikkita taklif kiritilganini eslashadi. Biri qrimliklar uchun Jizzax hududida alohida avtonomiya tashkil qilib berish, yana biri esa shunday hududiy birlikni Qashqadarayo viloyatining Muborak tumanida tashkil qilish.

Sinover Qodirovga ko‘ra, bu taklifni o‘sha kezlarda O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi bo‘lgan Sharof Rashidov quvvatlagan.

Ammo, buni Rashidov emas, oxir-oqibat Moskva hal qilardi. Rashidov esa bu loyihalarga qarshi emas edi, sababini aytay: birinchidan, biz til jihatdan yaqin edik, e’tiqodda yaqin edik, shuningdek mehnatkashlik, turmush madaniyati, o‘qimishlilik darajasi bo‘yicha ham biz Rashidovga ko‘proq ma’qul edik. Chunki, bu paytda Moskva nafaqat bizni keltirdi, ayni paytda u rus tilidagi aholini ham keltirish, o‘zbeklar bilan qorishtirish va assimilyatsiya qilishga urinayotgan edi. Ya’ni, Rashidov va atrofidagilarning tushunchasida biz ularga yaqinroq edik. Qolaversa, yana bir narsani unutmaslik kerak, bizning vakillarimiz 1930-yillardayoq O‘zbekistonda edi, mamlakatda o‘sha kezdagi hukumat bilan ishlagan edilar.

Bizda milliy harakatning eng eski faollaridan biri bor edi – uning laqabi Mustafo bolshevik edi - Mustafo Halilev. U siyosiy rahbariyat bilan yaqin aloqada edi. Ya’ni, o‘sha kezda biz ketmasak o‘rnimizni kimdir egallardi va bu o‘zbeklar bo‘lmasdi. Shu yerda men sizga yana bir narsani aytaman, bu masalada diametral qarama-qarshi pozitsiya bor edi. O‘zbekiston bizning ketishimizni istamasa, Ukraina kelishimizni istamasdi. Chunki, Qrimni Ukraina o‘z hududi, deb hisoblay boshlagandi. Shuning uchun O‘zbekistonda biz uylarimizni sotolmasdik, qayddan chiqolmasdik va ayni paytda Qrimdan uy ololmasdik hamda qaydga turolmasdik, u yerdan ish topolmasdik”, deya xotirlaydi Qodirov.

Lekin bu zididyatlarga qaramasdan qrimliklar tarixiy vatanlariga qaytishni istashardi. O‘zbekistondagi qrim-tatarlar bu borada SSSR Markazqo‘miga murojaat ham yo‘llashdi, ammo ularning murojaati inobatga olinmadi.

Natijada, O‘zbekistonda qrim-tatarlarining yashirin jamoalari tashkil bo‘la boshladi.

Bunday harakatlar tuzilishi va umuman sobiq Sovet ittifoqidagi Qrim tatarlari birlashuvida katta rol o‘ynagan millat vakillaridan yana biri Mustafo Jamilevdir.

Hozirda Ukraina parlamenti deputati va prezident Zelenskiyning maslahatchisi bo‘lgan Jamilev O‘zbekistonga surgun qilingan payt 6 oylik chaqaloq bo‘lgan. Bugunga kelib millat lideriga aylangan Jamilev 1961-yilda "Qrim tatarlari ittifoqi"ga asos soldi.

Ammo, buning ortidan taqib va tazyiqlarga uchradi. Ilk bor Toshkent Irrigatsiya institutida o‘qib yurgan kezlari antisovet tashviqotida ayblanib, o‘qishdan haydaldi.

Keyin esa, 1966-yilda sho‘ro armiyasida xizmat qilishdan bosh tortgani uchun bir yarim yilga "Toshturma"ga tashlandi.

1969-yilda ilk bor tashkil etilgan "SSSRda inson huquqlarini himoya qilish Tashabbus guruhi" ta’sischisi bo‘lgan Jamilev yana 3 yilga qamaldi.

Shu tariqa jami olti marta qamoqqa tashlandi va asosan, O‘zbekistondagi turmalarda o‘tirdi. Jamilev O‘zbekiston qamoqxonalarida eng uzoq - 303 kun ochlik qilgan mahkum sifatida tarixga kirgan, buni akademik Saxarov o‘z xotiralarida yozadi.

1989-yilda SSSRning oxirgi rahbari Mixail Gorbachyov ruxsati bilan tarixiy vataniga qaytishiga ruxsat berilganida Mustafo Jamilev va Sinover Qodirov ham minglab qrimliklar kabi vatanga qaytishdi.

Yurtga qaytish 2014-yilgacha davom etdi, ammo o‘sha yili Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilingach, tatarlar yana bir bor yurtidan mosuvo bo‘ldi.

2014-yilda Qrimni ikkinchi bor tark etgan tatarlar hozir Kiyev yoki Yevropaning boshqa davlatlarida yashamoqda.

Ular orasida O‘zbekistonga qaytganlar qariyb yo‘q hisobi. O‘zbekistondagi diaspora vakillari hisobicha, respublikada hozir 80 mingdan 100 mingga qadar qrim-tatarlar istiqomat qilishadi.

Ularning aksari O‘zbekistonda tug‘ilgan ikkinchi yoki uchinchi avlod vakillari. Diaspora vakillariga ko‘ra, ular orasida Qrimga ketishni istovchilar ko‘p emas.

2014-yilda Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishi hamda 2022-yildagi bosqini, aftidan, O‘zbekistondagi qrimliklar uchun og‘riqli va noqulay mavzulardan biri.

Ozodlik, O‘zbekistondagi Qrim tatarlarining “Avdet” madaniyat markaziga bog‘landi, bu markazdan biror izoh ololmadi.

Ozodlik suhbatlashgan aksar o‘zbekistonlik qrim-tatarlar esa, Rossiya nazoratidagi yarimorolda yaqinlari borligi, urush va anneksiya haqida gapirish ularning yaqinlari xavfsizligiga tahdid bo‘lishidan xavotirda ekanliklarini yashirishmadi.

Ayni paytda, Ukrainaning Rossiyaga qarshi mudofaasi kuchlarida Qrim tatarlarining o‘rni ham katta. Shu bois yarimorolda Rossiya nazoratida yashayotgan qrim-tatarlar ustida kuchli bosim va tazyiq bor.

Ukrainaning joriy Mudofaa vaziri Rustam Umerov ham O‘zbekistonda tug‘ilgan qrim-tatarlar vakili. U Qrim tatarlarining Ukraina tarixida vazir lavozimiga tayinlangan birinchi namoyandasi.

Umerovning Ukraina Qurolli kuchlari qadam-baqadam Qrim ma’muriy chegarasiga tomon siljiyotgan pallada ushbu mas’ul lavozimga qo‘yilishi tasodif emas.

Allaqachon O‘zbekiston fuqarolariga aylangan bu qrimliklarning ona yurti bugungi taqdiri haqida sukut saqlashiga yana bir sabab - yashab turgan yurtidagi siyosatdir.

O‘zbekiston hukumati Ukrainadagi urush borasida neytral pozitsiyani tutishini bildirgan. Ammo, G‘arb diplomatlari va ukrain tomoni Toshkentning urushga nisbatan go‘yoki neytral pozitsiyasi aslida Rossiyaga yaqinroq ekanini aytishadi.

Ukrainadagi urushdan buyon o‘tgan ikki yildan ko‘proq vaqt mobaynida prezident Shavkat Mirziyoyev biron marta Ukraina nomini tilga olmadi, prezident Zelenskiy bilan muloqot qilgani yo‘q.

Bu orada u bir necha bor Moskvaga safar qildi, o‘tgan hafta esa urush jinoyatlarida gumon qilinayotgan prezident Putinni nafaqat Ko‘ksaroyda, balki o‘zining Toshkentdagi uyida ham mehmon qildi.

Toshkentda ekan, Putin Ukraina va uning ittifoqchilariga qarshi navbatdagi tahdidli bayonotlarini qildi.

Rossiya prezidenti Ukraina bu urushda g‘alaba qozona olmaydi va Ukrainaga yordam berayotganlar global urush istaydimi, deya ochiq-oshkor tahdid qildi.

Qrimning kelajagi hanuz qorong‘i - bu urush yakunida Qrim Ukrainaga qaytadimi va agar qaytsa, qrimliklar orzu qilgani kabi bir kun Ukraina tarkibidagi muxtoriyatga aylanadimi, degan savollar ochiq qolmoqda.

Hozircha qrimliklar tezroq urush tugab, tarixiy orzulari ro‘yobga chiqishi uchun ukrainlar bilan bir safda jang qilmoqdalar. O‘zlarining so‘zlariga ko‘ra, bu ular uchun yagona to‘g‘ri yo‘ldir.

XS
SM
MD
LG