Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:30

"Surxon"ga yutqazgan andijonlik futbolchilar "klub rahbarining odamlari" tomonidan kaltaklandi


"Andijon" futbol jamoasi
"Andijon" futbol jamoasi

Andijonning O‘zbekiston superligasida to‘p suradigan “Andijon” futbol klubining ba’zi o‘yinchilari "Surxon" jamoasiga yutqazib qo‘yganliklari ortidan "klub rahbarining odamlari" tomonidan ayovsiz kaltaklangani da’vo qilinmoqda.

Klubning Ozodlik gaplashgan ikki futbolchisi iddaosiga ko‘ra, kaltaklash sahnasi 1 - noyabr kuni Termiz shahri stadionining kiyinish xonasida mag‘lubiyatli o‘yindan so‘ng "Andijon" klubi rahbari Doniyor Mullajonov ko‘zi o‘ngida sodir bo‘lgan.

"Surxon" jamoasiga 0:1 hisobida boy berilgan o‘yin ortidan Mullajonov jurnalistlarga o‘z klubining bosh murabbiysi Baxtiyor Hamidullayev lavozimidan ozod etilgani, futbolchilar bilan esa "jiddiy gaplashib olgani" ni ma’lum qilgan edi.

Andijon futbolining yuzi hisoblangan "Andijon" klubi so‘nggi o‘yinlarni ketma-ket ikkita durang va ikkita mag‘lubiyat bilan yakunladi.

Hozirda jamoa superliga jadvalining 13-pog‘onasida, birinchi ligaga tushib qolish xavfi ostida turibdi.

Superligada bu mavsum o‘ynash huquqini qo‘lga kiritgan "Surxon" esa 8 ochko bilan 6-o‘rinda.

"Andijon" klubining jamoadan haydalishidan qo‘rqishini aytgan futbolchilaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda o‘zi va jamoadoshlari Termizdagi mag‘lubiyatdan so‘ng ayovsiz kaltaklaganini da’vo qildi.

"Boshlig‘imizni odamlari urdi. Mullajonovni o‘zi ham bor edi. Agar birontang aytishsang Andijonda yurmaydigon qivoramaman, deb qo‘rqitdi", - deydi futbolchi.

Kaltaklanish voqeasini "Andijon" klubining yana bir o‘yinchisi va bir texnik xodimi tasdiqladi.

"Kaltaklash birinchi marta bo‘layotgani yo‘q bu, lekin o‘sha kungisi oshib tushdi. Har safar yutqazsak, klub rahbari hokimdan gap eshitar ekan. Biz ham yutishni xohlaymiz, lekin musht bilan natijaga erishib bo‘lmaydi", - deydi "Andijon" klubi futbolchilaridan yana biri.

Sportchilar klubdan haydalishdan qo‘rqib, kaltaklanganliklari yuzasidan huquq-tartibot idoralariga arz qilmoqchi emasliklarini aytishdi.

Andijonlik futbolchilarning kaltaklangani haqdagi iddaolari yuzasidan klub rahbari Doniyor Mulajonovga bog‘lanib bo‘lmadi.

"Qattiq ohangda gaplashildi"

Klub rahbarlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda futbolchilar bilan "qattiqroq ohangda gaplashilgan"i, lekin kaltaklash bo‘lmaganini aytdi.

"Futbol bu. O‘sha kuni qattiqroq ohangda gaplashildi. Ba’zi o‘yinchilarga bu yoqmagan bo‘lishi mumkin, lekin kaltaklash bo‘lgani yo‘q", - dedi klub rahbari yordamchisi.

"Surxon" jamoasiga 0:1 hisobida yutqazilgan o‘yin ortidan Mullajonov o‘z klubining bosh murabbiysi Baxtiyor Hamidullayev lavozimidan ozod etilgani, futbolchilar bilan "jiddiy gaplashib olgani" haqda jurnalistlarga aytgandi.

"Raqib futbolchilari ham biznikilar kabi oddiy inson, ularni ham ikki qo‘li, ikki oyog‘i bor. Uch milliondan ortiq xalqning sharafini himoya qilish bunday bo‘lmaydi. Men yigitlar bilan jiddiy gaplashib oldim. Endi bundan buyog‘iga hech qanday bahona bo‘lmaydi", - degan edi Mullajonov 1 - noyabr kuni jurnalistlarga.

Hokim e’tiboridagi klub

Bu “Andijon” futbol klubi bilan yuz bergan birinchi mojaro emas. So‘nggi ikki yil ichida klub uchinchi bor murabbiy almashtirmoqda.

Klub rahbariyati besh kun avval bo‘shatilgan Bahtiyor Hamidullayev o‘rniga Otabek G‘ulomxo‘jayevni bosh murabbiy etib tayinlagan.

Hamidullayev bundan oldin O‘zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimida ishlagan.

Shu yil mart oyida "Andijon"ning rossiyalik murabbiysi Aleksandr Xomyakov va ukrainalik darvozaboni Vitaliy Mirniy klubni tark etgan.

Vitaliy Mirniy mart oyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida klubdan ketishiga maoshining olti oyga kechikishi sabab bo‘lgani haqida aytgandi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov "Andijon" klubi doimiy e’tiboridagi jamoa ekani, o‘zi ham shu klubning ishqibozi ekanini yashirmagan.

Hokim Abdurahmonov o‘tgan yilgi futbol mavsumida "Andijon" klubi natijalaridan qoniqmayotganini aytib:

"17 milliard so‘mga stadion qilib bersam, oyma oy oyligini bersam, eng kami 10 million so‘m oylik olishadi. Natija bo‘lmasa! Men aytaman, dalaga chigit eksang paxta bo‘ladi, futbolga pul bersang yutqizib kelaversa, nimaga pul berishim kerak ularga?", - degan edi.

“Andijon” jamoasi o‘tgan yili O‘zbekiston birinchi ligasidan superligaga ko‘tarilgan.

Ayni kunlarda "Andijon" jamoasi O‘zbekiston superligasidagi 14 jamoa orasida 13-o‘rinda turibdi.

"Futbolchiga klub rahbariyatining kuch ishlatishga haqi yo‘q"

O‘zbekistonda futbolchilarning rahbarlari tomonidan kaltaklanishi bundan oldin ham bo‘lgan.

Ikki yil avval Yoshlar ittifoqi vasiyligida faoliyat yurituvchi “Iftixor” futbol klubining ikki futbolchisini mutasaddilari ayovsiz kaltaklangani haqidagi xabar ortidan surishtiruv ishlari boshlangan edi.

O‘zbekiston futboli rasmiylari "ulkan islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda o‘zbek futbolida bunday xunuk holatlar kuzatilmasligi lozim"ligini aytishgandi.

Futbol assotsiatsiyasi “har qanday holatda ham hech bir futbolchiga nisbatan klub rahbariyatining kuch ishlatishga haqi yo‘q"ligini bildirgan.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “Iftixor” futbol klubi direktori Ahror Ergashev va klub katta murabbiyi Nodir Qo‘ziboyev har qanday futbol faoliyati olib borishdan butunlay chetlatilgandi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga Davlat xavfsizlik xizmati - DXX raisi Abdusalom Azizov rahbarlik qiladi.

U o‘tgan yil iyulida ayni lavozimga saylangunicha assotsiatsiyaga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov prezidentlik qilgan.

Ozodlik “Andijon” futbol klubi o‘yinchilari bilan yuz bergan hodisa yuzasidan Futbol assotsiatsiyasining Futbol nazorati boshqarmasi bilan bog‘lanishga harakat qildi, ammo hozircha sharh olishga muvaffaq bo‘lgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG