Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:29

Surxondaryoda paxta otryadi boshliqlari hokimiyat va’da qilgan maoshni ololmayapti


Otryad boshliqlarining asosiy vazifasi uyushmagan aholidan paxta terimiga odam jalb qilish hisoblanadi - illyustrativ surat
Otryad boshliqlarining asosiy vazifasi uyushmagan aholidan paxta terimiga odam jalb qilish hisoblanadi - illyustrativ surat

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida aholini paxta terimiga jalb qilishga vazifalangan otryad boshliqlariga va’da qilingan ish haqi berilmayapti.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan otryad boshliqlariga ko‘ra, ular paxta terimida qatnashish istagini bildirgan ishsiz odamlarni yig‘ib, terimga safarbar etishda bosh-qosh bo‘lgan.

Lekin paxta terib bo‘lingandan so‘ng, ularning mehnati unutilgan va rasmiylar ish haqi berishdan bosh tortmoqda.

Qiziriq tumani hokimi Ilhom Yusupov otryad boshliqlarining e’tirozlari o‘rinli ekanligini tan olib, yaqin kunlarda ularning barchasiga va’da qilingan pul berilishini aytdi.

Qiziriq tumanidagi paxta terimchilari otryadining ismi sir qolishini so‘ragan boshliqlaridan birining aytishicha, odamlarni paxta terimiga jalb qilish uchun hokimiyat ularga va’da qilgan 2 million so‘m maoshni ololmayapti:

“Birinchi sentabrdan boshlab uyma-uy yurib, 80 nafar ishsiz odamni otryadga birlashtirdim. Shuncha odamga o‘zim bosh-qosh bo‘ldim, hokimiyat qayerga desa, o‘sha yerga terimga olib bordim. Bu ishimiz uchun hokimlik bizga 2 million so‘m maosh va’da qilgan edi. Endi paxta tugadi, ish bitdi - arava loydan o‘tdi, lekin pulni bermayapti”.

Otryad boshlig‘iga ko‘ra, odamlarni yig‘ish va ularni hujjatlashtirish uchun o‘z yonidan pul sarflagan:

“Buncha odamning pasportini o‘zimiz yonimizdan kserokopiya qildik, hujjatlarni taxlash uchun bir necha marta tuman markaziga borib keldik, shuning o‘ziga ham ancha xarajat qilib qo‘ydik”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa otryad boshlig‘ining aytishicha, ularga bir million so‘mdan pul berilgan:

“Besh kun avval o‘ntacha otryad boshlig‘ini paxta zavodiga chaqirib, bir milliondan pul berib, mana shu ish haqlaring bo‘ldi, dedi. Sizlar ikki milliondan va’da qilgan edingizlarku, desam, boshqa pul yo‘q, deb javob berishdi. Ko‘pchilik shu bir millionni ham olmagan. Hokimiyatga borsak klasterga bor deydi, klaster mehnat birjasiga bor, deydi. Bizning nomzodimizni mahalla bergan, hokimiyat tasdiqlagan, sektor rahbari bo‘lgan soliq inspeksiyasiga birkitib qo‘yilgan. Soliq vakili bizga ishni boshlanglar, pullaringni biz olib beramiz, deb va’da bergan edi. Xullas, endi ish bitgandan keyin hamma o‘zini olib qochyapti”.

Uning aytishicha, tuman bo‘yicha 120 nafar otryad boshlig‘ining yuzdan ko‘pi ish haqini ololmagan.

Tuman soliq inspeksiyasining sektorga qo‘yilgan Suyun ismli vakilining aytishicha, mehnat birjasi klasterga pulni tashlab bersa, muammo hal bo‘ladi:

“Klaster alohida hisob raqami ochishi kerak, birja unga pulni tashlab beradi, keyin otryad boshliqlariga ish haqlari beriladi”.

Qiziriq tumani hokimi Ilhom Yusupovning aytishicha, otryad boshliqlari ish haqining yarmi mehnat birjasi, yarmi esa klaster tomonidan qoplanishi kerak:

“Klaster tomonidan ozgina kechikish bo‘lgan. Bu masalani hal qilamiz. Ertaga soat 11 da otryad boshliqlari pulini oladi”.

O‘zbekistonda uyushmagan aholi hisobidan paxta terish otryadlarini shakllantirish avvalgi yillarda ham kuzatilgan.

O‘tgan yili ham bir qancha otryad rahbarlari terim tugaganidan so‘ng ish haqini ololmagani haqida Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

Jumladan, Xorazm viloyati Shovot tumanida paxta mavsumida paxtaga odam chiqargan, terimni tashkillashtirgan 35 nafar otryad rahbari ish haqini to‘rt oy davomida ololmagan.

XS
SM
MD
LG