Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:36

Tahlil: Xorijiy investorlar Qozog‘istonda nimaga e’tibor qaratmoqda?


“Eurasianet” nashri Londonda istiqomat qiluvchi jurnalist va siyosiy tahlilchi Maksimilian Xessning Qozog‘istondagi qo‘zg‘olonlarning mamlakat iqtisodiyoti va xorijiy investorlarga ta’siri haqidagi maqolasini e’lon qildi.

Qozog‘istonda joriy oyda sodir bo‘lgan hodisalar mamlakat iqtisodiyoti va uning xorijiy kapital bozorlaridagi obro‘siga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi shubhasiz.

O‘tgan hafta KXShT yordamida nazoratni tiklaganidan so‘ng prezident Qasim-Jomart Toqayev korruptsiyani yo‘q qilish hamda turmush sharoitini yaxshilashga va’da berdi. Toqayev bu maqsadlarga erishish yo‘lida ustozi va salafi Nursulton Nazarboyev atrofidagi elitadan foydalanmoqchi.

Toqayev parlamentda qilgan chiqishida “birinchi prezident – elboshi sharofati bilan mamlakatda o‘ta serdaromad shirkatlar guruhi va hatto xalqaro o‘lchovlar bo‘yicha ham o‘ta badavlat kishilar qatlami paydo bo‘ldi”, dedi.

Toqayev 11 - yanvar kuni parlament majlisida Nazarboyevning kenja qizi Aliyaga aloqador deya ko‘riladigan xususiy shirkatning utillashtirish to‘lovlari yig‘ishiga chek qo‘yish to‘g‘risida farmoyish berdi. Qozog‘iston prezidenti, shuningdek, mamlakatning 65 milliard dollarlik “Samruk-Qazina” milliy jamg‘armasi audit qilinishini e’lon qildi.

“Samruk-Qazina” o‘nlab yildan beri shubhalarga duchor bo‘lib keladi. O‘tmishda Nazarboyevning kuyovi Timur Kuliboyev boshqargan jamg‘arma Nazarboyevning iqtisodiy tizimi bilan chambarchas bog‘liq tashkilotdir. Jamg‘arma nafaqat mamlakatning energiya boyliklarini boshqaradi, balki ko‘plab yirik davlat shirkatlari uchun xolding kompaniyasi sifatida ham xizmat qiladi.

15 - yanvar kuni Nazarboyevning boshqa ikki kuyovi respublika miqyosidagi shirkatlardagi lavozimlaridan ketdi: “QazTransOyl” shirkati raisi Dimash Dosanov hamda “Kazaxgaz” shirkati raisi Qayrat Sharipbayevlar vazifalaridan bo‘shatildi.

Qayrat Sharipbayev Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘aning eri ekani aytiladi. Dimash Dosanov esa Nazarboyevning kenja qizi Aliyaning turmush o‘rtog‘idir. Kulibayev sobiq prezidentining o‘rtancha qizi Dinaraga uylangan. Kulibayevlar juftligi Markaziy Osiyodagi eng badavlat kishilardan bo‘lib hisoblanadi – er-xotin “Forbes” jurnalining milliarderlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Nazarboyevning ikki kuyovi lavozimidan chetlatilgani “de-nazarboyevizatsiya” jarayoni boshlanganini yaqqol ko‘rsatadi.

Tartibsizliklar boshlanganidan beri Nazarboyev va uning oilasi omma nazaridan g‘oyib bo‘ldi. Ozodlikning qozoq xizmati xabariga ko‘ra, ayrim ekspertlar Qozog‘istondagi yanvar voqealari zamirida prezident Toqayev va Nazarboyev tarafdorlarining hokimiyat uchun ichki kurashi yotganiga oid taxminlarni olg‘a surmoqda. Bu esa parda ortidagi hokimiyat uchun kurash xalqaro shirkatlar Qozog‘istonga yotqizgan milliardlab dollar sarmoyaga tahdid solishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

“Eurasianet” maqolasida yozilishicha, investorlar Rossiya qanday o‘zini tutishini yaqindan kuzatyapti, chunki qozoq biznes elitasining faoliyati Rossiya iqtisodiyoti bilan chambarchas bog‘liq. Masalan, Kuliboyev 2011 - yildan beri “Gazprom” direktorlar kengashi a’zosidir.

Bu orada Qozog‘iston hukumati obligatsiyalari narxi tushdi. Ammo mamlakatda suveren yevrobondlari va yirik zaxiralari bo‘lgani hamda neft narxlari yuqori bo‘lib qolayotgani uchun qozoq obligatsiyalari nominaldan yuqori bahoda sotilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Toqayevning iqtisodiyotni isloh qilish rejasi Qozog‘iston obligatsiyalari narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Xorijiy sarmoyadorlar ehtiyotkorlik bilan yo‘l tutayotganini ko‘rsatuvchi dalillar mavjud. Xabarlarga ko‘ra, markaziy bank tanga kursini ushlab turish uchun 12 va 13 - yanvar kunlari 240 million dollar sarfladi.

Ayni damda investorlarni o‘ylantirayotgan savol Toqayevning islohotlari ko‘lami qanday bo‘lishidir.

XS
SM
MD
LG