Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:27

"Tashqi ko‘rinishni muvofiqlashtirish". Toshkent IBBB "Malika" bozorida soqolga qarshi reyd o‘tkazganini rad etmoqda


2019 - yil avgustida "Malika" (Texno-Olam) savdo majmuasida soqoli majburlab oldirilganini aytgan toshkentlik tadbirkor Jamoliddin Muhammadjon
2019 - yil avgustida "Malika" (Texno-Olam) savdo majmuasida soqoli majburlab oldirilganini aytgan toshkentlik tadbirkor Jamoliddin Muhammadjon

Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi poytaxtning xalq orasida "Malika" nomi bilan tanilgan Malika (Texno-Olam) savdo majmuasida "soqol qo‘ygan va namoz o‘qiydigan savdogarlarga qarshi reyd" o‘tkazilganini rad etmoqda.

Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Irina Sayfutdinova Ozodlik bilan suhbatda "hech kim soqolini olishga majburlanmasligini" ta’kidladi.

Ayni paytda u fuqarolarga "tashqi ko‘rinishlarini biometrik pasportlaridagi suratlariga muvofiqlashtirish tavsiya etilgan bo‘lishi mumkin"ligini inkor qilmadi.

9 - fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda "Malika" bozorida savdo qiladigan bir necha tadbirkor 5 - fevral kuni o‘tkazilgan "tushuntirish" tadbiri payti ulardan soqollarini olish talab qilinganini aytdi.

Ularning iddaosicha, e’tiroz bildirganlar soqoli majburlab olinishi haqida ogohlantirilgan.

“Malika” bozorida elektron jihozlar bilan savdo qiluvchi tadbirkor Ozodlikka 5 - fevral kuni bozor ma’muriyatiga chaqirtirilib, soqolini olishga majburlangani haqida aytib berdi:

"Maskang yo‘q, deb o‘sha kuni hamma soqollilarni bozor ma’muriyati binosiga olib kirib, suhbat o‘tkazdi. U yerda DXX, tuman IIBsidan odamlar o‘tiribdi. "Soqolni olasan, bo‘lmasa o‘zimiz olib qo‘yamiz", deyishdi. Majbur bo‘ldik ularni talabiga ko‘nishga", - dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan toshkentlik savdogar.

"Malika" bozorida ichki ishlar va xavfsizlik xodimlari ishtirokida maxsus tadbir o‘tkazilganini Ozodlikka bozorda savdo qiluvchi yana ikki tadbirkor tasdiqladi.

"Qonunda "soqol o‘stirish mumkin emas", degan joyini ko‘rsat, soqolni olaman, dedim. Ko‘rsata olmadi. Yo‘q, olasan, yo tartibga sol, deyishdi. Urush-janjal qilganlar ham bo‘ldi. Kechadan hamma soqolini qisqa qilib olib keldi ", - deydi tadbirkor.

Bu "Malika" savdo majmuasida "soqol" ga qarshi birinchi reyd emas.

2019 - yilning avgustida juma namozidan so‘ng ichki ishlar xodimlari savdo maskanidan o‘nlab soqolli erkaklarni tutib olib ketib, soqolini olishga majburlagani noroziliklarga sabab bo‘lgan va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqid qilingan edi.

Toshkent IIBBsining izohi

Ozodlik "Malika" savdo majmuasida savdogarlar soqolini olishga majburlangani haqidagi iddaolar yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga izoh so‘rab murojaat qildi.

Matbuot xizmati boshlig‘i Irina Sayfutdinova Ozodlik bilan suhbatda iddaolarni qat’iyan rad etdi.

"Avvalroq ba’zi odamlar o‘g‘rilik bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan.Ushbu savdo maskanida rasman va norasmiy ishlaydigan alohida shaxslar qonunbuzarliklarga aralashib qolgan. Lekin kimnidir soqolini majburlab olish, umuman bo‘lmagan gap", -dedi Sayfutdinova.

Ayni paytda Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi "fuqarolarga tashqi ko‘rinishlarini biometrik pasportlaridagi suratlariga muvofiqlashtirish tavsiya etilgan bo‘lishi mumkin"ligini istisno qilmadi.

"Yana bir bora aytaman, kimnidir soqolini olishga majburlash umuman bo‘lmagan gap. Lekin tashqi qiyofasini biometrik pasportiga muvofiqlashtirish so‘ralgan bo‘lishi mumkin", - dedi Sayfutdinova.

Poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi vakili "fuqarolarning tashqi ko‘rinishi pasportlaridagi suratlariga muvofiq bo‘lishi lozimligi" haqida gapirarkan, amaldagi bironta qonun hujjatidan iqtibos keltirmadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi "muvofiqlik" bozor va umuman, shahar hududida o‘rnatilgan kuzatuv kameralarining yuzni tanib olish funksiyasi faoliyati uchun muhim. Ammo Toshkentdagi "Simay kom" advokatlik shirkati advokati Umid Davlatovning Ozodlikka aytishicha, Ichki ishlar idoralarining soqollilar bilan "tushuntirish" tadbirini fuqarolarning biometrik pasportlaridagi ma’lumotlarga solishtirish bilan izohlash "kulgili".

"Biometrik ma’lumotlarga asosan, barmoq izi, ko‘z qorachig‘i singari ma’lumotlar kiradi. IIBB balki soqollilarni diniy yo‘nalishda gumon qilayotgandir", deydi advokat Umid Davlatov Ozodlikka bergan izohida. Ammo Toshkent IIBB matbuot xizmati boshlig‘i Irina Sayfutdinova "Malika" bozorida soqollilar ko‘pligi bois diniy ekstremizm ehtimoliga qarshi ichki ishlar va xavfsizlik xizmatlarining maxsus e’tiborida ekani haqidagi farazlarni rad etdi.

Toshkent IIBB matbuot xizmati boshlig‘i shuningdek, "Malika" bozorida soqollilar ko‘pligi bois diniy ekstremizm ehtimoliga qarshi ichki ishlar va xavfsizlik xizmatlarining maxsus e’tiborida ekani haqidagi farazlarni ham rad etdi.

"Bu bozorda asosan, elektron mahsulotlar sotiladi va xaridorlar katta pul bilan kelishi sabab o‘g‘riliklar ko‘p bo‘ladi, ular xavfsizligini o‘ylab reydlar o‘tkaziladi. Lekin bu yerni islomiy yoki diniy aqidaparastlar makon qilib olgan, degan narsa yo‘q", - dedi Sayfutdinova.

Diniy ramzlar

O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov soqol diniy radikalizm belgisi sifatida ko‘rilishi bois bunday odamlar to‘planadigan joy doim xavfsizlik xizmatlari diqqat markazida bo‘lib kelishini aytadi.

"Meni o‘zim ham "Malika" bozoriga tez-tez borib turaman. Haqiqatan soqol qo‘yganlar ko‘p. Birinchidan, soqol qo‘yish ularning shaxsiy ishi va buning uchun ta’qib qilish yoki olishga majburlash noto‘g‘ri. Lekin bizda soqol radikal islom belgisi sifatida ko‘riladi va muhofazakorlik bilan qaraladi", - deydi Tashanov.

Ikki yil avval investitsiya yotqizmoqchi bo‘lib kelgan tadbirkor soqoli borligi uchun Farg‘ona shahar hokimligiga kiritilmagan edi.

2017 - yilda Qo‘qon shahri bozorida hijoblilar va oq do‘ppi kiyganlarning kirishi taqiqlab qo‘yilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Undan oldin Buxoroda stadionga futbol o‘yinini tomosha qilgani borgan futbol ishqibozlarining soqol qo‘yganlari stadionga kiritilmagan edi.

Stadion oldida turgan posbonlar ularga soqollarini oldirib kelishni aytib, ortga qaytargani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekiston rasmiylari va huquq-tartibot idoralarining diniy ramz deb ko‘riladigan soqol va hijobga qarshi kampaniyalari xalqaro jamoatchilik, jumladan, AQSh Davlat departamenti tomonidan tanqid qilib kelingan.

O‘tgan yil iyunidagi hisobotida Qo‘shma Shtatlar Davlat departamenti mamlakatda hamon diniy erkinlikni cheklash amaliyoti kuzatilayotgani, jumladan, erkaklarning soqolini majburan qirdirish, ayollarning hijobini yechtirish kampaniyasi, ro‘molli o‘quvchilar hamda hijobli talabalarni ta’lim dargohlariga kiritmaslik hollari kuzatilganini qayd etgandi.

Ammo 2020 - yil 7 - dekabr kuni AQSh O‘zbekistonni "sezilarli va aniq yutuqlar ortidan" diniy erkinliklar bo‘yicha maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatidan chiqargan.

Ayni paytda O‘zbekiston AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi ro‘yxatida qolmoqda. Bu komissiyaning hisoboti AQSh Davlat departamenti hisobotidan mustaqil ravishda e’lon qilib boriladi.

XS
SM
MD
LG