Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:15

Tilla kelin va to‘nkarilgan piramida. Tarmoqni titratgan trendlar


Tarmoq manzarasi. Kollaj
Tarmoq manzarasi. Kollaj

Kundalik xabarlarni gazeta sahifalari yoki TV ekranlaridan emas, balki ijtimoiy tarmoqlardan o‘qish O‘zbekistonda allaqachon trendga aylanib ulgurdi. Ozodlik o‘tgan haftada tarmoq muhokama qilgan asosiy xabar va mavzularga nazar tashladi.

O‘zbek segmentiga atalgan kontentlar trendini o‘rganish chog‘ida Ozodlikka SMM-menedjer Noila Qutliyeva hamrohlik qildi.

Toshkentga qaytgan Qodiriy

Qutliyevaga ko‘ra¸ 1937 - yilda otilgan atoqli yozuvchi Abdulla Qodiriy aks etgan graffitining Toshkent ko‘chalaridan biridagi binoga chizilish jarayoni tarmoqda qiziqish uyg‘otdi. Instagram va Yutubga joylangan videoda noma’lum rassomlarning kechqurun bino devoriga Qodiriy suratini chizgani va trafaret bilan mana bu satrlarni yozgani ko‘rinadi.

Bachchag‘a kokil solib, oh-voh ila ŭĭnotamiz.

Qarimiz, boyonimiz, balki bu vaqt oqvondamiz,

Nogahon kŭrsak agar bir besoqolni qotamiz.

Ŭrtadan chiqsa agar millatni yaxshi suĭguchi,

Biz ani dahriĭ sanab, tŭfangcha birla otamiz.

Toshkent ko‘chasidagi graffiti
Toshkent ko‘chasidagi graffiti

Vebsterda bachcha mavzusi

O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska Toshkentdagi Vebster (AQSh) universitetidagi ma’ruzasida "Bobur asarlarida aks etgan bachchabozlik" epizodlari haqida so‘z yuritgan. Shu bilan birga, Afg‘onistondagi Tolibon rejimida bachchabozlik avj olganiga e’tibor qaratgan. Bu darsni kimdir videoga yozib olib, tarmoqlarga sizdirgan. Tarmoqdagi muhofazakor guruhning minglab obunachilari "bu domla Boburni haqorat qildi", deya Agneshka Pikulitskani virtual sazoyi qildi.

Agneshka Pikulitska
Agneshka Pikulitska

Jannatdagi Lenin

22 - aprel kuni sho‘rolar dohiysi Vladimir Lenin tug‘ilgan kunini tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zicha nishonladi.

Feysbuk faoli Maqsud Qarshiyev rassom Vladimir Vasilkovskiy tarafidan 1973 - yilda chizilgan «Lenin jannatda » degan asarni tarmoqqa qo‘ydi.

"Lenin jannatda" asari
"Lenin jannatda" asari

Tarmoq foydalanuvchilari Lenin haqida chop qilingan o‘zbek xalq ertaklaridan parchalar qo‘yishdi. 1970 - yilda “O‘zdavnashr” tomonidan rus tilida nashrdan chiqarilgan “Lenin bobo yo‘lidan” nomli kitobda Leninning 160 pudlik toshni ag‘dargani va uchta topishmoqni topib, "Alloh irodasi bilan" osmondan yerga tushirilgani haqida “hikoya qilinadi”.

Lenin haqida ertak
Lenin haqida ertak

Maska joiz

Kechgan hafta davomida imom Sayyid Rahmatulloh Termiziyning masjidlar qulflanib, tarovih namozlari ochiq maydonlarda o‘qilishi haqidagi karantinga oid va’zi Yutub, Instagram va Feysbukda eng ko‘p tomosha qilingan videolardan bo‘ldi. Insonning hayoti barcha narsadan ustun, uni ehtiyot qilaylik – maska joizdir, dedi imom Sayyid Rahmatulloh.

O‘zbek imomlari
O‘zbek imomlari

Tekin kitob faqat Kolumbiyada bo‘ladi

Samarqandlik bloger Farruh Samarqandiy Feysbukdagi sahifasida "joriy prezident tashabbuslaridan birining chippakka chiqqani aks etgan" suratni e’lon qildi. Suratda Samarqandda tashkil qilingan ko‘cha kutubxonasining abgor ahvoli aks etgan. Bloger muqoyasa uchun Kolumbiya va Istanbuldagi ayni ko‘rinishdagi kutubxonalar rasmini qo‘ydi.

Kutubxonalar qiyoslangan post
Kutubxonalar qiyoslangan post

“Birinchi rasmda o‘g‘rilik, narkomaniya, bosqinchilik avjigan (avjiga chiqqan-tahr.) deb bilinadigan Kolumbiyadagi kitob javoni aks etgan.Ikkinchi rasmni Istanbul ko‘chalaridan birida olganman.

Uchinchi rasmda esa Samarqand shahridagi Alisher Navoiy istirohat bog‘idagi kitob javoni. Oynalari sindirilgan, kitoblari o‘g‘irlangan. Hoynahoy qaysidir nospurush nos o‘rab sotayotgan bo‘lsa kerak kitob varaqlariga”.

Prezident nevarasi yashaydigan uy
Prezident nevarasi yashaydigan uy

«Agar folloverlarim 50 mingtaga ko‘payishi uchun erga tegishim kerakligini oldinroq bilganimda, bu ishni oldinroq qilardim». Maryam Tillayeva Instagram’dagi kuzatuvchilari ko‘paygani munosabati bilan o‘z sevinchini bildirdi.

O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning nabirasi, Lola Karimovaning qizi Maryam Tillayeva (Maryam Tillyayeva) 13 - aprel kuni o‘zidan 13 yosh katta rossiyalik bloger Amiran Sardarovga turmushga chiqqan edi. To‘y 13 - aprel kuni Las-Vegasda bo‘lib o‘tdi.

Ozodbek "tomdan tashadi"

“Palonchi tomdan tashasa, senam tashaysanmi?” deya dakki berardi internet asridan burun kattalar. Bugun davr o‘zgardi. TikTok’chi Ozodbek Xurramov Dubaydagi osmono‘par binodan sakrab, shahar ustidan pastga qulashini videoga oldi. Kichik parashyut va yana bir necha qanotsimon jihozlar ko‘magida Ozodbek Xurramov yerga urilib, parcha parcha bo‘lib ketmadi.

TikTok
TikTok

O‘zbekistondagi eng erkin shahar

Suhbatdoshimiz Noila Qutliyevaning tagi nukuslik bo‘lganidanmi yoki boshqa sababmi¸ ishqilib, unga jurnalist Eldor Asanovning “Nukus daftari” yoqibdi:

“Shu paytgacha o‘zbekistonlik bloger yoki jurnalist “chet davlatga borib” kelganini yo‘lnoma qilib yozardi. O‘zbekiston muzofotlaridagi shahar kentlarga esa past nazar bilan qaralardi. Ayniqsa, Urganch va Nukusga borganlar sharoit yomonligi¸ xira pashshalar¸ nishtari jon olg‘uchi chivinlar va eng muximi qorin og‘rig‘idan shikoyat qilishar edi. Jurnalist Eldor Aasanov esa, Asanov formati Telegram-kanalida bu an’ana piramidasini ters to‘nkarib, Nukus shahriga boshqacha ko‘z tashlabdi. O‘qib sevindim”, deydi Noila.

“Shaharning asl xazinasi – Savitskiy muzeyi. Bu haqiqiy madaniy xazinadon. O‘ta noyob kolleksiya to‘plangan ekan. Surat va haykallarning badiiy qiymatidan tashqari, ular XX asr O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha tayyor manba ekanini ta’kidlab o‘tay. Bu muzey menda chuqur taassurot qoldirdi. U yanada gurkirashga va shuhrat topishga munosib.

Savitskiy muzeyining burchakli tuzilishi. Asosiysi esa – erkinlik ruhi. Ha, negadir boshqa shaharlarimizga nisbatan erkinroq tuyuldi bu shahar. Boshqa shaharlar, ayniqsa Toshkentning havosiga shimirilib ketgan konservatizm va tushkunlik ruhiyatini sezmadim. Odamlar quvnoqroq, erkinroq tuyuldi. Shu chekka, eski shaharda ham ko‘ngil yozishning yo‘llarini topib, hayotdan umidvorlik seziladi”.

Nukus shahri
Nukus shahri

Daraxt shoir bo‘lsa..

Qutliyevaga ko‘ra¸ tarmoqlarda trenddan tashqari bir ustuvor kayfiyat ham bor:

“Bu mamlakatdagi vaziyatdan hafsalasi pir bo‘lgan odamning qochib ketish istagidan kelib chiqqan kayfiyat. Keyingi xaftada bu kayfiyat yana kuchaydi”.

Qutliyevaning bu gapi shoir Muhammad Solihning daraxt nima o‘ylashi haqidagi she’rini eslatdi. Daraxt shoir bo‘lsa “sayohat¸ sayohat va sayohat” haqida yozgan bo‘lardi. Sayohat degani, bu borib, aylanib qaytishni anglatadi. Tarmoqlardagi o‘zbek segmenti esa, butunlay juftakni rostlash haqida gapirmoqda. Albatta, Zarina Nizomiddinova va Sherali Jo‘rayevning qiyofadoshlari¸ militsiya kiyimini kiyib, axlat titayotgan bomjlar va AQShdan O‘zbekistonga qaytgan kinoaktyor Ulug‘bek Qodirovni ham muhokama qildi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi trendlarni Ozodlik bilan birga kuzating.

Tarmoqlarning faol foydalanuvchisi bo‘lsangiz, fikrlaringizni biz bilan baham ko‘ring.

Eksklyuziv surat va videolaringizni bizning tarmoqlardagi platformalarimiz orqali bo‘lishishingiz mumkin.

Biz bilan bog‘lanish uchun:

Messenjer va imeyl

420 602 612 713 (WhatsApp, Telegram, Viber)

+420 724 971 539 (WhatsApp, Telegram, Viber)

ozodlikmail@gmail.com

XS
SM
MD
LG