Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:26

Toshkent aeroportida PZR-test uchun tiqilinch navbatlar - yo‘lovchilar soatlab aeroportda qolib ketmoqda


Toshkent Xalqaro aeroportida PZR-test topshirish uchun tartibsiz navbat
Toshkent Xalqaro aeroportida PZR-test topshirish uchun tartibsiz navbat

Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekistonga kirib kelayotgan yo‘lovchilardan koronavirusga test olish tartibi joriy etilishi ortidan tiqilinch navbatlar yuzaga kelgan.

Oqibatda O‘zbekistonga uchib kelgan yo‘lovchilar soatlab aeroportda qolib ketishmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ba’zi yo‘lovchilar test olayotgan joyda kamida ikki metr masofa saqlash talabiga amal qilinmayotgani borasida xavotir bildirishdi.

Boshqa yo‘lovchilar o‘zlari kelgan mamlakatda 100 dollar atrofida pul to‘lab O‘zbekistonga kirish uchun ataylab test topshirganliklari, qo‘lida manfiy test hujjatlari bor yo‘lovchilardan Toshkent aeroportida qo‘shimcha test olishdan nima ma’no, degan savolni berishmoqda.

Toshkent aeroportida chegara-nazorat nuqtalaridan o‘tib, bagajni olgungacha bo‘lgan jarayonning ko‘p vaqt olishi haqidagi e’tirozlar yangilik emas.

25 - dekabrdan boshlab O‘zbekistonga uchib kelgan yo‘lovchilar uchun nazorat nuqtalari yana bittaga ko‘paydi.

Endilikda chet davlatlardan kelgan yo‘lovchilar Toshkent aeroportida koronavirus infeksiyasi uchun ekspress-test topshiradi.

Mazkur qaror, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.

Ammo test olishda tiqilinch navbatlar yuzaga kelib, kamida ikki metr masofa saqlash talabiga amal qilinmayotgani e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda Toshkent xalqaro aeroportida test olish uchun izdihom yuzaga kelganini ko‘rish mumkin.

"Aeroportda 4 soat qolib ketdim"

28 - dekabr kuni Istanbuldan Toshkentga uchib kelgan Zarifa (ismi uning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirildi-tahr.) aeroportda test topshirish uchun 4 soat qolib ketganini aytadi:

"Tiqilinch. Tartib yo‘q. Odamlar sarson. Bozorchi xotinlar tanishini o‘rtaga qo‘yib, o‘tib ketyapti. Buning ustiga, birovda so‘m bor, boshqada yo‘q. Dollarda to‘lasak bo‘ladimi, desak, o‘rtaga odamlar tushib, juda past kursda almashtirib berishdi. Pul-ku mayli, lekin tiqilinchda turishning o‘zi xatarli. Chunki ikki metrlik masofa yo‘q. Hech kim e’tibor ham bermaydi. Xullas, har safar aeroportdan ikki soatda chiqqan bo‘lsam, bu safar to‘rt soat qolib ketdim", - deydi Zarifa.

Turkiyada bo‘lgan o‘zbek yozuvchisi Nurulloh Muhammad Raufxon ham Toshkent aeroportidagi ahvolga e’tibor qaratdi.

"Bir haftacha burun, ayrim mamlakatlar talabi bilan yo‘lovchilar kovidga test topshirsalargina uchoqqa qo‘yiladi, degan gap chiqqan edi.

Turkiyada pandemik vaziyat biroz og‘irligini hisobga olib O‘zbekiston ham shunday talab qo‘ygandir-da, dedik. To‘g‘ri tushundik. Davlat xastaxonasiga bordik.

Qizimning bir yillik iqomasi va tibbiy sug‘urtasi bor edi, odatda tekin bo‘lishi kerak, ammo boshqa mamlakatga borayotganlar uchun davlat xastaxonasida ham test pullik ekan. 250 turk lirasi (kechagi qiymatda 32,89 do‘llar) to‘lashimizga to‘g‘ri qeldi.

Bir kunda javobi chiqdi. Virus yo‘q. Xursand bo‘ldik.

Aeroportda uncha jiddiy tekshirmadi. Chegaradan o‘tayotganda ham birov test natijasini so‘ramadi. Faqat uchoqqa minayotganida ko‘chma zina oldida yo‘lovchilardan "Bormi? Bormi? deb so‘rashibdi, xolos. Borlar ham mingan, yo‘qlar ham mingan.

O‘zbekiston talabi bilan bo‘lgani uchun bular uncha qaramadi shekilli, asosan O‘zbekistonga kirishda qattiq tekshirsa kerak, deb o‘yladik.

Ammo Toshkentda bu test natijasini inobatga olishmabdi. "Bizga o‘tmaydi! Boshqatdan test topshirasiz!" deyishibdi. "Istanbulda nimaga test topshirdik bo‘lmasa?" deb so‘rasa, "Bilmaymiz! Bizda alohida topshirib o‘tish majburiy!" deb javob qilishibdi.

Hartugul, qizim yurtga talaba maqomida qaytayotganini hisobga olib, arzonroq -- 50 000 (ellik ming) so‘m to‘lattirishibdi. Boshqalarga test 150 000 (bir yuz ellik ming) so‘mdan ekan.

Test olish ham qanaqa? Istanbulda simini burundan to ikki qosh orasigacha suqib namuna olgan bo‘lsa, Toshkentda burunning uchidan bir enlikkina suqib namuna olishibdi. Qo‘l uchida ya’ni. "Javobi 15 daqiqada chiqadi", deyishibdi", - deb yozdi yozuvchi 27 - dekabr kuni o‘zining Feysbuk sahifasida.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi konsulxonasi mulozimi 25 - dekabrdan ekspress-testlar olish aeroportlarda, temir yo‘l vokzallarida va chegara punktlarida O‘zbekistonga keluvchilarning o‘z hisobidan amalga oshirilishi, COVID-19 ga topshirilgan PZR testining manfiy natijasi to‘g‘risida ma’lumotnomaga ega shaxslardan ham ekspress-test olinishi haqida oldindan ma’lum qilinganini aytdi.

"Oldindan ma’lum qilindi. Ayniqsa, hozirgi sharoitda har bir yo‘lovchi o‘zi uchib borayotgan mamlakatdagi Kovid tarqalishi oldini olishga qaratilgan choralar, aeroportlardagi talablar va qoidalarni oldindan o‘rganib borishi kerak. Shuning uchun yana bir marta eslatamiz, qo‘lingizda manfiy test natijasi bo‘lsa ham ekspress-test olinadi. Toshkentda bu qimmat emas.

Ekspress test natijalari musbat chiqsa, tibbiyot muassasalariga joylashtiriladi yoki uy sharoitida karantinda davolanishi mumkin. O‘zbekistonga borayotganlardan chegaradan o‘tishda joriy etilgan bu tartibni hisobga olishni so‘raymiz", - dedi Istanbul shahridagi o‘zbek konsulxonasi xodimi.

"Dunyodagi eng yomon aeroportlardan biri"

Ozodlik Toshkent aeroportida yo‘lovchilardan test olishda ijtimoiy masofa saqlanmayotgani haqidagi e’tirozlar yuzasidan rasmiy izoh olishga urindi.

Aeroportning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi Yangi yil arafasi O‘zbekistonga uchib keluvchilar ko‘paygani, lekin pasport nazoratidan tortib ,test topshirishgacha bo‘lgan jarayonda insonlar orasida kamida ikki metr masofa saqlash talabiga amal qilinayotganini ta’kidladi.

"O‘zingiz bilasiz, ba’zi odamlar tartib saqlamaydi. Navbatga amal qilmaydi. Baraka topgurlar, ijtimoiy masofa degan narsa bor, odamlar orasidagi minimal masofa ikki metr bo‘lishi kerak, o‘z sog‘ligingiz uchun, desangiz ham foydasi yo‘q. Lekin, xodimlarimiz har qadamda nazorat qilib turibdi", - deydi aeroport mulozimi.

2014 - yilda Toshkent aeroporti dunyodagi eng yomon aeroportlardan biri, deb topilgandi.

Bunga Toshkent aeroportida uzundan-uzun navbatlar bo‘lib, ro‘yxatga olishdan tortib, bagajni topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar yo‘lovchilar noroziligiga sabab bo‘lgan.

Sleepinginairports.net cayti Toshkent aeroportida navbatlar va buning natijasida yuzaga keladigan olomonni tartibga solish bo‘yicha hech qanday ish amalga oshirilmaydi, deb yozgandi.

O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekistonga safar qilgan ayrim xorijlik sayyohlar aeroportdagi ahvolning biroz o‘nglangani va xodimlar muomalasi nisbatan yaxshilangani haqida yozishgan.

XS
SM
MD
LG