Линклар

Шошилинч хабар
28 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:17

Toshkent ham Kobulga yangi elchi yo‘lladi


O‘zbekistonning Afg‘onistondagi yangi elchisi Oybek Usmonov (Oliy Majlis Senati matbuot xizmati fotosi)
O‘zbekistonning Afg‘onistondagi yangi elchisi Oybek Usmonov (Oliy Majlis Senati matbuot xizmati fotosi)

Oybek Usmonov O‘zbekistonning Afg‘onistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi.

O‘zbekiston TIV huzuridagi “Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, Usmonov so‘nggi o‘n ikki yil mobaynida Kobulda elchi bo‘lib ishlagan Yodgorxo‘ja Shodmonovning o‘rnini egallamoqda.

Mutaxassisligi bo‘yicha filolog va sharqshunos bo‘lgan Oybek Usmonov 1998-yildan buyon tashqi siyosat mahkamasi tizimida faoliyat yuritib kelgan.

Kobulga tayinlanishidan oldin u Misr va Pokistonda elchi, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

62 yoshli diplomat inglizchadan tashqari pushtu-dariy tilini ham bilishi aytilgan.

So‘nggi bir oy ichida Kobul va Toshkent ketma-ket o‘z elchilarini yangiladi.

Ozodlik avvalroq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘onistonning Toshkentdagi diplomatik missiyasi yangi rahbari Abdul G‘affor Teraviyni qabul qilgani haqida xabar qilgandi.

2021-yil avgust oyida Afg‘onistonning asosiy qismi, jumladan, poytaxt Kobulni egallagan “Tolibon” harakati “Afg‘oniston islom amirligi” tashkil etilganini e’lon qilgan.

Toliblar hokimiyatga kelganidan buyon o‘tgan ikki yil ichida dunyo davlatlaridan birontasi u shakllantirgan hukumatni rasman tan olgan emas.

“Tolibon” harakati ko‘plab mamlakatlarda terror tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Hozirda “Tolibon” hukumati xorijiy davlatlardagi 39 ta elchixona va konsullikni nazorat qiladi.

O‘zbekiston Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasini joriy yilning fevral oyida yangi ma’muriyat ixtiyoriga topshirgan edi.

XS
SM
MD
LG