Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:35

Transparency International: Qozog‘istondagi namoyishlar elitar korrupsiyaga ko‘z yumish oqibatidir


Qozog‘istondagi yanvar voqealari ustuvor sohalardagi korrupsiyaga yo‘l qo‘yib berish naqadar xatarliligini yaqqol ko‘rsatdi, deya qayd etmoqda “Transparency International”. Xalqaro tashkilot tadqiqotida aytilishicha, Nursulton Nazarboyev qarindoshlarining shubhali aktivlari haqida maqolalar e’lon qilinganiga qaramay, sobiq prezident oilasi a’zolarining korrupsiyaga aloqadorligiga doir ayblovlar e’tibordan chetda qolgan.

“Transparency International” tashkilotining 25 - yanvar kuni e’lon qilingan “Korrupsiyani idrok etish indeksi”da Qozog‘istonga 100 balldan 37 ball berilgan. 2021 - yil yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston 2020 - yilga nisbatan bir ballga past baholandi. Mamlakat “Korrupsiyani idrok etish indeksi”da sakkiz pog‘ona quyiga tushib ketib, Shri-Lanka va Gambiya bilan birga 102-qatorni band etmoqda va hamon korrupsiyaga berilgan davlatlar sirasida turibdi.

Ommaviy namoyishlar va korrupsiya ayblovlariga loqaydlik

Yanvar oyida Qozog‘istonni larzaga solgan yoqilg‘i qimmatlashi, korrupsiya va ijtimoiy tengsizlikka qarshi norozilik korrupsiya bilan kurashning ahamiyatini ko‘rsatdi. Ommaviy namoyishlar neft-gaz sektorida, huquqni muhofaza qilish va sud idoralarida korrupsiyani jilovlash, shuningdek, “fuqarolik jamiyatiga o‘rin berish” zarurligini ko‘rsatmoqda, deb hisoblaydi “Transparency International”.

So‘nggi o‘n yillikdagi juz’iy yutuqlarga qaramay, Qozog‘istonning korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi ko‘rsatkichi umumjahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan hanuz sezilarli darajada past. Mamlakatda yangi aksilkorrupsiya qonunchiligi qabul qilingan, hukumat shov-shuvli tekshiruvlar o‘tkazib turadi, ammo sud qilingan yuqori martabali mulozimlar odatda afv etiladi yoki muddatidan oldin ozodlikka chiqariladi, deb yozadi “Transparency International”.

Tashkilot Nazarboyevning qarindoshlariga nisbatan ilgari surilgan korrupsiya ayblovlari e’tiborsiz qolganini ta’kidlab, Nazarboyev oilasi a’zolarining chet mamlakatlardagi umumiy qiymati 785 million dollarga teng mol-mulklari haqidagi Ozodlik radiosining 2020 - yildagi surishtiruvini misol sifatida keltiradi. O‘sha surishtiruvda Ozodlik Nazarboyevlarning AQSh va Yevropadagi chorbog‘lari, saroylari va hashamatli kvartiralari haqida ma’lumot to‘plagan edi. Surishtiruv ko‘plab OAVlarda yoritildi, ammo davlat idoralari ushbu shohona xaridlarga qiziqish bildirgani yo‘q.

“Transparency International” yana bir tadqiqotga – “Pandora Papers”ga ham havola beradi. Unda Nazarboyevning norasmiy xotini deb ishoniladigan ayol qozog‘istonlik oligarxlarga aloqador shirkatlardan ko‘pmillionli hadya olgani to‘g‘risida so‘z boradi. Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP) Asel Qurmanboyevani boy qilgan ushbu bitimga bag‘ishlab kattagina material e’lon qildi, lekin mamlakat ichida vakolatli idoralar mazkur to‘lovning asl sababi bilan qiziqmadilar ham.

Prezidentga hisobdor aksilkorrupsiya xizmati asosan qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sektorlarini kuzatadi. Neft-gaz, moliya va qurilish doxil yirik sohalar mas’ul davlat idorasining nazaridan chetda qolayotir, deb hisoblaydi qarorgohi Berlinda joylashgan xalqaro tashkilot.

“Zalolat o‘pqoni”: avtoritarizm, inson huquqlari buzilishi va korrupsiya

Korrupsiya darajasi butun dunyoda o‘zgarishsiz saqlanmoqda, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarining qariyb 75 foizida so‘nggi o‘n yillikda korrupsiyaga qarshi kurashda o‘sish qayd etilmagan yoki vaziyat yanada yomonlashib, avtoritarizm, inson huquqlari buzilishi va korrupsiya kabi elementlardan iborat “zalolat o‘pqoni” vujudga kelgan, deya ma’lum qildi “Transparency International” 25 - yanvar kuni.

Tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Oltinoy Mirzabekovaga ko‘ra, 2021 - yil Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida “fuqaroviy huquqlar uchun halokatli” bo‘lgan, “korrupsiyaga botgan rahbarlar siyosiy partiyalardan tortib, faollar va mustaqil matbuotga qadar – barcha o‘zgacha fikrlovchilarni bo‘g‘ib tashlamoqda”.

“Hukumatlar COVID-19 pandemiyasining aholiga ta’sirini kamaytirish uchun hech nima qilmagani ustiga, pandemiyadan huquq va erkinliklarni cheklash, avtoritarizmni yanada mustahkamlash yo‘lida foydalandi”, deydi Mirzabekova.

“Korrupsiyani idrok etish indeksi” Jahon banki, Jahon iqtisodiy forumi, konsalting shirkatlari va tahlil markazlari kabi 13 ta tashqi manba ma’lumotlari asosida 180 mamlakat va hududni ularning davlat sektoridagi korrupsiya darajasi bo‘yicha baholaydi. Mamlakat 0 dan 100 gacha shkalada qancha kam ball olsa, shunchalik korrupsiyalashgan deb qabul qilinadi. Indeksda o‘rtacha ko‘rsatkich (43) ketma-ket 10 yildan beri o‘zgarmay kelmoqda, mamlakatlarning uchdan ikki qismi 50 dan past ko‘rsatkich qayd etadi.

Somali (13 ball), Suriya (13) hamda Janubiy Sudan (11) indeksning eng quyi pog‘onalarini egallagan bo‘lsa, Daniya, Finlyandiya va Yangi Zelandiya bir xil – 88 ball to‘plab, reytingda yetakchilik qilmoqda. Ulardan quyida Singapur hamda G‘arbiy va Shimoliy Yevropaning yetti mamlakati joy olgan.

Turkmaniston (19), Tojikiston (25) va Qirg‘iziston (27) Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda eng past ko‘rsatkichlarni qayd etgan.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi bir necha mamlakat “korrupsiya va avtoritarizmning vayronkor oqibatlarini namoyish etdi”, ularning rahbarlari esa “o‘zlarini sud ta’qibidan saqlash, yanada ko‘proq boylik va hokimiyatga ega bo‘lish uchun demokratiyaga zid usullardan foydalandi”, deb yozadi tadqiqot mualliflari.

2020 - yil avgustdagi prezident saylovidan so‘ng Aleksandr Lukashenko umummilliy norozilikni shafqatsizlarcha bostirgan, so‘z erkinligi va tinch yig‘ilishlar o‘tkazish erkinligi bo‘g‘ib tashlangan Belarus (41) burnog‘i yilga qiyosan olti ball kam oldi.

Rossiyada (29) “korrupsiya va inson huquqlari buzilishi butun mamlakat miqyosida odatiy holga aylandi”, deya ma’lum qildi “Transparency International”.

Ozarbayjon (30) hukumati ham “o‘zgacha fikrlovchilar va erkin matbuotni ta’qib qilgan”.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi 14 mamlakatda o‘sish qayd etilmagan yoki hatto vaziyat battar yomonlashgani kuzatilgan bo‘lsa, mintaqadagi bir necha mamlakat, xususan Armaniston (49), Moldova (36), Ukraina (32) va O‘zbekiston (28) o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilab olgan.

“Transparency International” hukumatlarni – korrupsiyaga qarshi kurash va inson huquqlariga doir o‘z majburiyatlariga uyg‘un tarzda ish ko‘rishga, dunyo ahlini esa o‘zgarishlarni talab qilish uchun birlashishga chaqirdi.

“Hukumat, biznes va ommaviy axborot vositalari bir guruh odam tomonidan nazorat qilinadigan avtoritar shart-sharoitda ijtimoiy harakatlar hokimiyatni tergashning so‘nggi yo‘lidir. Aynan o‘qituvchilar, mayda tadbirkorlar, talabalar va oddiy odamlar qo‘lidagi hokimiyat hisobdorlikni ta’minlaydi”, deydi “Transparency International” bosh ijrochi direktori Daniel Eriksson.

XS
SM
MD
LG