Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:27

Turklarning “Bayraktar” dronlari haqida nimalar ma’lum?


Ukraina Donbassdagi ayirmachilarning artilleriya qurollariga zarba berishda “Bayraktar” dronlarini qo‘lladi. Ularni ishlab chiqaruvchi turk shirkati esa bu orada dronlarning xaridorlari soni yana bir mamlakatga ortganini ma’lum qildi. Avvalroq esa Qirg‘iziston ham Turkiyadan ushbu uchuvchisiz uchqichlardan bir qanchasini sotib olishga xohish bildirgan edi.

Qurol-aslaha bozorida tobora katta qiziqish uyg‘otayotgan “Bayraktar” dronlari haqida nimalar ma’lum? “Ozodlik” so‘nggi yangiliklar manzarasida tug‘ilgan bir nechta savolga javob berishga urinib ko‘radi.

“Bayraktar” Ukrainaga nima bera oladi?

Qurolli mojaro davom etayotgan Donbass hududida Ukraina tomonidan “Bayraktar” qo‘llanilgani haqida 26 - oktabr kuni ma’lumot tarqatilgan edi. Ukrain armiyasi yoyinlagan videoda drondan otilgan raketa artilleriya qurolini yakson qilgani aks etgan.

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, dron artilleriya quroli va undan o‘t ochish guruhiga zarba yo‘llagan, atrofda tinch aholi bo‘lmagan. Ukrain armiyasi Rossiya dastaklayotgan ayirmachilarga zarba ularning Granitnoe qishlog‘iga hujumiga javoban amalga oshirilganini e’lon qildi.

Ukrainalik harbiy ekspert Mixail Samusga ko‘ra, “Bayraktar”dan foydalanish qarori mamlakat rahbariyatining eng yuqori bo‘g‘inida qabul qilingan bo‘lib, bu Ukraina sharqidagi urushda yangi sahifa ochadi:

“Shu asnodan Rossiya Ukrainaga, Ukrainaning Donbassdagi imkoniyatlariga boshqacha ko‘z bilan qaraydi. Menimcha, ularda rostdan ham katta muammolar boshlanmoqda.”

Ukraina sharqidagi mojaroga daxldorligini hamisha rad etuvchi Moskva bu voqeaga munosabat bildirishda hayallamadi. Kremlning matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytishicha, “Bayraktar” Donbassdagi vaziyatni tartibga solishga yordam bermaydi:

“Turkiya bilan, darhaqiqat, juda yaxshi aloqalarga egamiz, biroq ushbu holatda, afsuski, ukrain harbiylariga bu kabi qurol turlarining yetkazib berilishi tutashuv chizig‘ida vaziyat keskinlashishiga olib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlarimiz tasdiqlanmoqda.”

“Bayraktar” qanday ishlaydi?

“Bayraktar TB-2” Turkiyaning “Baykar” shirkati tomonidan ishlab chiqariladi. Ushbu zarba beruvchi operativ-texnik uchuvchisiz uchish apparati o‘rtacha balandlikda uchadi, havoda ancha uzoq vaqt bo‘la oladi va asosan razvedka maqsadlarida hamda zarba berishda foydalanishga mo‘ljallangan.

To‘rtta raketa va sifatli videotexnika qurilmalari bilan jihozlangan uchqich 5.5-8 kilometrgacha balandlikka ko‘tarilib, 24-27 soatgacha parvoz qiladi. Zarurat tug‘ilganida 8 chaqirimgacha olislikdagi nishonga zarba berishi mumkin. Apparatning uzunligi 6.5 metrni, eni esa, qanotlari bilan birga 12 metrni tashkil etadi, u 55 dan 155 kilogrammgacha yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega. Dronlar Turkiyaning “Turksat” sun’iy yo‘ldosh tizimi orqali boshqariladi. Anqara uchqichning bahosini sir tutmoqda, internetdagi ayrim manbalarga ko‘ra, bitta shunaqa dron taxminan 5 mln dollar turadi.

“Baykar” shirkatiga 1984 - yilda mashinasozlik muhandisi O‘zdemir Bayraktar asos solgan. Darvoqe, u oktabr oyi o‘rtalarida vafot etdi. Dronlarga u o‘z nomini bergan bo‘lishi mumkin, bu so‘z o‘zbekchada “Bayroqdor” degan ma’noni beradi.

Yaqinda shirkat “Akinji-Bayraktar” dronini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. 12 ming metrgacha balandlikka ko‘tarila oladigan ushbu apparat avgust oyidan e’tiboran Turkiya qurolli kuchlariga etkazib berilmoqda.

“Baykar”ning bosh texnologik rahbari, O‘zdemir Bayraktarning o‘g‘li Selchuk Bayraktar sentabr oyida CNN Türk kanaliga bergan intervyusida uchuvchisiz uchuvchi apparatlar muttasil yangilanishini va ular harbiy amaliyot tabiatini o‘zgartirayotganini aytgan edi:

“Deylik, o‘nga yaqin tank chegaraga kelyapti. Beshta dron ularni 20 daqiqada yo‘q qilishi mumkin. Bunaqa zamonaviy qurol bilan biz og‘ir harbiy texnikalarni zararsizlantira olamiz. Hozir inglizlar “endi tanklardan foyda bormi, yo‘qmi?” deb o‘ylanib qolishgan.”

Butun dunyoga mashhur shirkatni o‘z qarindoshlari bilan birga idora qiluvchi Selchuk Bayraktar Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning kuyovi bo‘ladi. U Erdo‘g‘onning kenja qizi Sumayyaga uylangan.

Qaysi davlatlar “Bayraktar”dan foydalanadi?

Turk qurolli kuchlari, jandarmeriyasi, maxsus qo‘shinlari va harbiy floti “Bayraktar”dan 2014 - yildan beri foydalanadi. Ammo Turkiyaning Suriya va Liviyadagi harbiy hujumlari, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘dagi olti hafta davom etgan urush dronlarga chinakam shuhrat keltirdi.

2020 - yil fevralida, “Bahorgi qalqon” amaliyoti chog‘ida turk armiyasi “Bayraktar” yordamida Suriya qurolli kuchlari va jangarilarning bir nechta pozitsiyasini yo‘q qildi.

Ular, shuningdek, Tripolida Liviya milliy hukumatiga qarshi urushayotgan general Xalif Haftar kuchlariga qarshi qo‘llanilgan. “Forbes” yozishicha, Liviyadagi mazkur amaliyot chog‘ida “Bayraktar” Rossiyaning “Pansir S-1” zenit-raketa majmuasini yakson qilgan.

Bundan tashqari, “Bayraktar” 2020 - yil kuzda Tog‘li Qorabog‘da bo‘lgan urushda Ozarbayjonning g‘alabasini ta’minlagan asosiy qurollardan biri sifatida ko‘riladi.

Tog‘li Qorabog‘dagi amaliyotdan so‘ng Turkiya jahonda ushbu uchuvchisiz uchoqlarga qiziqish ortganini ma’lum qildi. Buni avgust oyida “Bayraktar-Akinji” dronlarining ilk namunalarini armiyaga topshirayotgan mahal davlat rahbari Erdo‘g‘on ham qayd etdi va turk dronlari faqat hamkor mamlakatlarga yetkazib berilishini qo‘shimcha qildi:

““Bayraktar TB2” Ukrainaga, Qatarga, Ozarbayjonga jo‘natildi. Hozirda yangi bitimlar imzolanmoqda. O‘ndan ortiq mamlakat, jumladan, Polsha bilan shartnomalar imzolangan. Bizning milliy uchuvchisiz uchar apparatlarimizni sotib olish uchun navbatda turgan davlatlar ko‘p. Ammo bu pul bosadigan dastgohi bor har qanday davlatga bersa bo‘ladigan qurol emas. Biz o‘z milliy texnologiyalarimiz bizga ittifoqchi mamlakatlarning xavfsizligiga ko‘maklashishiga alohida urg‘u beramiz va strategik ustuvor maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda qaror qabul qilamiz.”

“Baykar” shirkati 27 - oktabr kuni jangovar dronlarni yetkazib berish bo‘yicha yana bir mamlakat bilan shartnoma imzoladi. Ammo shirkat yangi xaridorning nomini ochiqlagani yo‘q. “Shu bilan “Bayraktar TB2” eksport qilinadigan davlatlar soni 13 taga yetdi”, deya urg‘ulandi rasmiy xabarnomada.

Shirkat saytidagi ma’lumotga ko‘ra, Turkiya, Qatar, Ukraina va Ozarbayjon hududlaridagi ular ishlab chiqargan dronlarning jami soni 160 taga yetadi. Harbiy masalalarga ixtisoslashgan portallarda “Bayraktar” va boshqa turdagi dronlarni xarid qilish bo‘yicha Marokash, Angola, Albaniya, Latviya hamda Vengriya kabi mamlakatlar Turkiya bilan shartnoma imzolagani taxmin qilinmoqda.

Qirg‘izistonning kelgusidagi rejalarini hisobga olmaganda, Markaziy Osiyoda “Bayraktar” faqat Turkmanistonda mavjud. Mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan paradda turkman harbiylari shunaqa dronlardan ikkitasini ko‘rsatishgandi. “Baykar” shirkati esa “Twitter”da dronlarning paraddan olingan fotosuratlarini o‘z sahifasida bo‘lishib, Turkmanistonni Mustaqillik kuni bilan bilan tabriklagan.

XS
SM
MD
LG