Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:26

Turkmaniston foydasiga josuslikda ayblangan sobiq MXX zobitining yaqinlari Mirziyoyevdan afv so‘ramoqda


O‘zbekistonda Turkmaniston foydasiga josuslik qilishda ayblanib, 15 yilga qamalgan sobiq MXX zobiti Odilbek Yo‘ldoshev.
O‘zbekistonda Turkmaniston foydasiga josuslik qilishda ayblanib, 15 yilga qamalgan sobiq MXX zobiti Odilbek Yo‘ldoshev.

O‘zbekistonda Turkmaniston foydasiga josuslik qilishda ayblanib, 15 yilga qamalgan sobiq MXX zobiti Odilbek Yo‘ldoshevning yaqinlari uning ozod qilinishini talab etishmoqda.

52 yoshli Yo‘ldoshev 2011 - yildan beri qamoqda ushlab turilibdi. Oilasiga ko‘ra, hibsga olinganining dastlabki kunlari Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) hibsxonasida qiynoqqa solingan.

Mahkumning 22 yoshli o‘g‘li Valijon Yo‘ldoshev otasini ozod etishni so‘rab o‘tgan oy O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulxonasiga arz qilgani, lekin xanuz javob olmaganini aytdi.

Valijonning Ozodlikka aytishicha, otasi qamoqqa olinganining dastlabki kunlari unga josuslik aybini bo‘yniga qo‘yish uchun Toshkentdagi "Gvardeyskiy" nomi bilan bilingan DXX hibsxonasida o‘n kun mobaynida uni qiynoqqa solishgan, qovurg‘asini sindirishgan.

2017 - yilda esa mahkumga Toshturamda ruhiy bosim o‘tkazilib, O‘zbekiston televideniyesiga "qilmishidan pushaymon" ekani borasida gapirishga majburlangan.

"Ikkita konkret xolat bo‘lgan. Qamoqqa olingan ilk kunlari dadamni o‘n kun davomida aybni bo‘yniga qo‘ydirish uchun tinimsiz kaltaklashgan. Keyingi holat uch yil oldin bo‘lgan, uni O‘zTVga gapirishga majburlashgan, lekin video hech qayerda chiqmadi. Va nihoyat otam qiynoqqa solingani bo‘yicha ikki yil avval jinoyat ishi ochilishiga erishdik. Lekin muddat o‘tib ketgan, deya ishni yopishdi, otamni qiynoqqa solganlar shu bilan javobgarlikka tortilmasdan qoldi. O‘rniga 15 yillik qamoq uch yilga qisqartirildi. Ayblov qiynoq evaziga qo‘yilgani aniq bo‘ldi, lekin uni ozodlikka chiqarishmayapti”, - deydi Valijon Yo‘ldoshev.

O‘zbekistonda Turkmaniston foydasiga josuslik qilishda ayblanib, 15 yilga qamalgan sobiq MXX zobiti Odilbek Yo‘ldoshev farzandlari bilan.
O‘zbekistonda Turkmaniston foydasiga josuslik qilishda ayblanib, 15 yilga qamalgan sobiq MXX zobiti Odilbek Yo‘ldoshev farzandlari bilan.

Josuslik ayblovi

O‘g‘lidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, Odiljon Yo‘ldoshev Turkmanistonning Toshxovuz shahrida tug‘ilgan. U o‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida Toshkent davlat universitetiga o‘qishga kirgan.

O‘qishni tugatgach Toshkentda qolgan, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatida (hozir Davlat xavfsizlik xizmati) to‘qqiz yil tergovchi bo‘lib ishlagan.

1998 - yilda MXXdagi ishidan ayrilgach Odiljon Yo‘ldoshev Janubiy Koreyaning moliyaviy ko‘magida O‘zbekistonda ochilgan “Koyka” beg‘araz yordam tashkilotida ishlagan.

2011 - yilda u Turkmaniston davlatiga josuslik, ularning vakillariga davlat sirlarini yetkazishda ayblanib 15 yilga qamalgan.

O‘g‘lining aytishicha, Yo‘ldoshev kasb taqozosi bilan Turkmanistonga va Turkmaniston elchixonasiga bot-bot borib turgani va ushbu davlat maxsus xizmatlariga ishlash uchun yollangani tergov hujjatlarida aytilgan.

Biroq Valijon Yo‘ldoshev bu ayblovlar to‘qib chiqarilganini aytarkan, dedi:

“Dadamni SNBdan ketishiga bitta holat sabab bo‘lgan. Katta jinoyatga ko‘z yumasan qolasan, bo‘lmasa ketasan, deyishgan. Dadam rozi bo‘lmagan, shu bilan SNBdagi ishidan ketdi. ""Koyka" degan tashkilotga ishga kirdi. O‘sha paytda otam elchixonalarga borib turardi, jumladan Turkmaniston elchixonasiga ham. Otamga qo‘yilgan ayblov hujjatlarida Turkmaniston elchixonasiga O‘zbekistondagi Xitoy va Rossiya shirkatlari haqida ma’lumot berib turgani, buning evaziga 4 ming AQSh dollari miqdorida pul olgani aytiladi. O‘zbekiston xaritasini ham bergan ekan. Bularni hammasi obshiy dostupdagi ma’lumotlar. Bundan tashqari Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIBsidan berilgan o‘zbek pasporti soxta bo‘lgan va shu pasport bilan chet davlatlarga chiqib kelgan, degan ayblovlar bor. Bularni hammasi to‘qib chiqarilgani va qiynoq ostida bo‘yniga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi”, - deydi Valijon Yo‘ldoshev.

Qiynoqlar

2017 - yil noyabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sudlarga qiynoqlar yordamida olingan har qanday dalil-isbotni qo‘llashni taqiqlovchi va faqat sud ishi davomida tasdiqlangan dalil-isbot asosida huquqiy qaror olishni buyuruvchi farmonga imzo chekkan edi.

"Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarnni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" deb nomlangan farmon 2018 - yil martida kuchga kirgan.

Ushbu farmonda, prokurorlar ayblanuvchi yo ayblanuvchi oilasiga jismoniy yo ruhiy bosim o‘tkazilgan yo o‘tkazilmaganini tekshirishlari kerak, deyilgan.

Mahkumning advokati Sergey Mayorov 2018 - yilda aynan shu farmon asosida o‘z mijozi Odiljon Yo‘ldoshevning qiynoqqa solingani bo‘yicha jinoyat ishi ochilishiga erishilganini aytadi.

“Boshida qamalganida men unga advokatlik qilmaganman. Lekin, hujjatlar bilan tanishib chiqdim. Ayblov mutlaqo sohta dalillar asosiga qurilgani shundoq ko‘rinib turibdi. Qiynoq orqali olingan. Ikki yil avval bu tekshirilib, haqiqatan qiynoq bo‘lgani o‘rtaga chiqdi. Ya’ni, uning qiynoqqa solingani rasman tan olindi. Bas shunday ekan u ozod qilinishi va uni tahqirlaganlar javobgarlikka tortilishi kerak”, - dedi Mayorov.

Odiljon Yo‘ldoshevga qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan O‘zbekiston rasmiy idoralaridan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Oliy sud matbuot xizmati xodimi, deb o‘zini tanishtirgan mulozim davlat va harbiy sirlariga oid jarayonlar izohlanmasligini aytish bilan kifoyalandi.

Mahkumning o‘g‘li ham otasini ozod etishni so‘rab O‘zbekiston Ombudsmeni va Prezident qabulxonasiga murojaatlari javobsiz qolganini aytdi.

"Hozir masalani BMT Inson huquqlari idorasiga ko‘tarmoqchimiz", - deydi Valijon Yo‘ldoshev.

O‘zbekistonda qo‘shni davlat foydasiga josuslik ayblari bilan bog‘liq boshqa mahkama jarayonlari ham bo‘lgan.

2014 - yilda qo‘shni Turkmanistonga josuslik qilishda aybdor, deb topilgan to‘rt nafar qashqadaryolikni uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilgandi.

O‘zbekiston televideniesi turkman maxsus xizmatlarining O‘zbekistonga qarshi "dushmanona faoliyati"ga bag‘ishlangan ko‘rsatuvda o‘zbek-turkman chegarasida joylashgan Tallimarjon suv omborinieg sobiq xodimlari bo‘lgan bu shaxslar 2009-2010 - yillar davomida qo‘shni davlat maxsus xizmatlari bilan "hamkorlik" qilganliklari iddao qilingan.

XS
SM
MD
LG