Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:26

Turkmaniston hukumati o‘zbek telekanallari namoyishini cheklamoqda


Turkmanistonning Altyn Asyr telekanali. 13-may, 2023
Turkmanistonning Altyn Asyr telekanali. 13-may, 2023

Turkmaniston mamlakat aholisining erkin axborot olishiga qarshi kurashni kuchaytirish asnosida O‘zbekiston tele va radiosignallarini bo‘g‘ishga urinmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, shu maqsadda yaqinda chegara hududlarda maxsus jihozlar sinab ko‘rilgan, sinovlar chog‘ida yerli aholi mobil aloqasiz ham qolib ketgan.

Mahalliy rasmiylar ushbu choralar giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurash bilan bog‘liqligini aytmoqda, biroq hech kim ochiq izoh bergan emas.

Mahalliy mutaxassislar, qoradori kontrabandasiga qarshi kurash shunchaki bahonaligini, aslida hukumat Turkmaniston chegara hududlari aholisining katta qismi qo‘shni mamlakat telekanallarini ko‘rishi va radioeshittirishlarini tinglashidan bezovta bo‘layotganini aytadilar.

Ozodlikning turkman xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘zbek televideniyesini afzal ko‘ruvchi turkmanistonliklar tobora ko‘paymoqda.

“O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari nisbatan ochiqroq va xalqqa yaqinroq”, deyishadi mahalliy aholi vakillari.

Ozodlik muxbiri ismi va aniq manzilini sir tutish sharti bilan mahalliy mutaxassisdan izoh oldi.

Darxonotalik manbaga ko‘ra, O‘zbekistondan kelayotgan tele va radiosignallarni bo‘g‘uvchi jihozlar chegara hududlariga navbati bilan test rejimida o‘rnatiladi.

Qurilmalar “Turkmenaragatnashik” agentligi tomonidan Milliy xavfsizlik vazirligi bilan hamkorlikda o‘rnatilmoqda.

Jihozlarning vazifasi – O‘zbekiston mobil aloqa operatorlari signallarini, shuningdek qo‘shni mamlakatdan taralayotgan tele va radioto‘lqinlarni, jumladan DVB-tyunerlar tuta oladigan raqamli tele va radiosignallarni bo‘g‘ish.

Jarayondan xabardor manba turkman hukumati qo‘shni mamlakatdan kelayotgan tele va radiosignallarni butkul bloklash ustida jiddiy bosh qotirayotganini, ammo bunga qachon erishishi hozircha noma’lumligini ta’kidlaydi.

Maxsus jihozlarni sinov tariqasida ishga tushirish natijasi shu bo‘ldiki, ayrim chegara tumanlar aholisi birmuncha vaqtga mahalliy “Tmcell” operatori mobil aloqasidan mahrum bo‘ldi, shuningdek mahalliy analog va raqamli telekanallar signallari ham bo‘g‘ildi, deydi Ozodlik bilan gaplashgan mutaxassis.

Suhbatdoshga ko‘ra, signallarni bloklash testlariga dronlar ham jalb qilingan bo‘lib, mulozimlar buni giyohvand moddalarga qarshi kurash bilan xaspo‘shlamoqdalar, lekin bu bir bahona xolos.

“Ular chegaradan narkotik moddalar va noqonuniy tamaki mahsulotlari olib o‘tilishining oldini olish uchun shunday qilyapmiz, deyishmoqda, biroq aslida hukumatimiz ko‘plab turkmanistonliklar nisbatan erkin sanaladigan o‘zbek OAVlarini ko‘rayotganidan xavotirda. Turkmaniston rejimi o‘zbek tele va radiokanallaridan axborot oladigan turkman fuqarolarining dunyoqarashi o‘zgarib, boshqacha nuqtai nazarga ega bo‘lishini istamaydi”, deydi mutaxassis.

“Turkman OAVlarida faqat bitta shaxs ulug‘lanadi. Lekin bizning rahbar, masalan, Lebap va Marvda tabiiy ofatlar bo‘lganida o‘z fuqarolarining ahvoli bilan qiziqmagandi. O‘zbekiston prezidenti esa toshqindan so‘ng jabr ko‘rganlar yoniga bordi, ularning holidan shaxsan xabar oldi. O‘zbek OAVlari odamlarga taqqoslash imkonini beradi”, qo‘shimcha qiladi Ozodlik suhbatdoshi.

Pragada istiqomat qiluvchi turkman yozuvchisi Xudoyberdi Xolli Turkmanistonda rasmiy OAVlar yillar davomida nuqul “yutuqlar va g‘alabalar”ni madh etish bilan shug‘ullanib, oxir-oqibat turkmanistonliklarning hafsalasini pir qilganini aytadi.

Turkman hukumati sun’iy yo‘ldosh antennalariga qarshi kurashi, Internetni tizimli ravishda bloklashi bilan tanilgan.
Xalqaro hisobotlarda Turkmaniston odatda salbiy baholanadi va matbuot erkinligini bo‘g‘ayotgani, mustaqil jurnalistlarni ta’qib etayotgani uchun tanqid qilinadi.

Hukumat Ozodlikning Turkmanistonda axborot olish erkinligiga qarshi kurash avj olayotgani haqidagi xabarlarga doir savollarini javobsiz qoldirib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG