Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:17

Turkmanistonda kuniga yettita it o‘ldirilmoqda


Turkmanistonda it ovchilariga kuniga kamida yettita "daydi" hayvonni tutish vazifasi yuklatilgan.
Turkmanistonda it ovchilariga kuniga kamida yettita "daydi" hayvonni tutish vazifasi yuklatilgan.

Turkmanoboddagi it ovchilariga har kuni kamida yettita qarovsiz itni tutib, o‘ldirish vazifasi tayinlangan, deydi mahalliy turkmanlardan biri. Turkmanistonning ikkinchi yirik shahri hokimiyati hayvonlarga nisbatan shafqatsiz kampaniyani davom ettirmoqda.

Turkmanobod ko‘chalarida qarovsiz it va mushuklar qolmadi hisob. Bir qancha odamlar jonivorlarni yo‘q qilishga mas’ullar kunlik rejani bajarish uchun odamlarning uy hayvonlarini ham olib ketishayotganidan shikoyat qilgan.

Hatto bir holatda it ovchilari supermarket tashqarisiga bog‘lab qo‘yilgan itni egasi oziq-ovqat xarid qilayotgan paytda olib ketgan, deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan mahalliy.

Ushbu avtoritar davlat anchadan buyon qarovsiz hayvonlarni vahshiyona o‘ldirayotgani uchun tanqid qilinadi.

Taxminan 250 000 aholisi bo‘lgan Turkmanobod shahrida har bir uy-joy boshqaruvi shirkatiga o‘z mahallasida it va mushuklarni yo‘q qilish uchun odam yollash vazifasi yuklatilgan.

Bu topshiriq shaharning Ximki tumanida bir shirkatda a’lo darajada bajarildi, deb xabar beradi Ozodlik muxbirlari rasmiylar va aholiga tayangan holda.

Ammo o‘tgan hafta Ximkida tutilgan itlarning ba’zilari uy itlari bo‘lib chiqdi.

Bundan g‘azablangan it egalari boshqaruv shirkatidan uy hayvonlarini qaytarib berishni talab qilgan, biroq jonivorlar allaqachon yo‘q qilingan ekan.

Turkmanobodliklar it ovchilarini hayvonlarni ovlashda shafqatsiz usullardan foydalanganlikda va ularni dahshatli sharoitda saqlashda ayblamoqda.

Jumladan, bir videoda hayvonlar nazoratiga mas’ul uch zobit ikki itni tayoq bilan urgani, keyin esa axlat tashuvchi mashina orqasiga tashlagani ko‘ringan.

Yana bir videoda vayronadagi qafaslarda hayvonlarning jasadlari yotgani ko‘ringan.

Ashxobodda tutqun it
Ashxobodda tutqun it

Ozodlikka aytishlaricha, hayvonlardan “tozalash” kampaniyasini hamma turkmanlar qoralaydi. Biroq ular uy-joy boshqaruvi shirkatlarini ochiqchasiga tanqid qilishdan yoki ular bilan bahslashishdan juda qo‘rqadi. Negaki, ularning subsidiyalangan oziq-ovqat olish imkonini beruvchi sertifikat olishi uy-joy shirkat boshqaruvi shirkatlariga bog‘liq.

Besh yildan buyon doimiy oziq-ovqat tanqisligi va inflyatsiyadan aziyat chekayotgan Turkmanistonda ko‘plab odamlar uchun subsidiyalangan oziq-ovqat hayot-mamot masalasidir. Har bir shaxsning manzili va xonadonda yashovchi odamlar soni ko‘rsatilgan sertifikatlar har oyda yangilanishi kerak.

Qizig‘i, Turkmanoboddagi oxirgi tozalash amaliyoti hukumat 25-iyul kuni hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikni taqiqlovchi yangi qonunni qabul qilgan paytga to‘g‘ri keldi.

Qabul qilingan qonun itlarga jarohat yetkazish, ularni ovqatdan, suvdan, uyqudan va boshqa jismoniy harakatlardan mahrum qilishni taqiqlaydi.

Faollar qonunni “ikkiyuzlamachilik” deb atadi va Turkmaniston hukumati yaqin orada unga amal qilishi dargumonligini aytdi.

Hayvonlar huquqlari himoyachilarining aytishicha, shahar hokimiyati ko‘pincha daydi it va mushuklarga zaharlangan kolbasa yoki non berib o‘ldirish uchun mahalliy o‘smirlarga pul beradi.

Turkman xalqi "bo‘rini nimtalovchi" deb nom olgan va rasmiy ravishda Turkmaniston milliy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Alabay itlari bilan faxrlanadi.

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov mashhur alabay iti bilan.
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov mashhur alabay iti bilan.

Sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedov alabay itlariga atab kitob yozgan va aprel oyining oxirgi yakshanbasini it sharafiga Alabay kuni deb belgilagan.

Ashxoboddagi markaziy maydonga balandligi 6 metr bo‘lgan alabay itining oltin suvi yugurtirilgan haykali ham o‘rnatilgan.

XS
SM
MD
LG