Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:31

Ukrain deputati: “Dnestrbo‘yini qaytarib olish uchun moldavanlarda qulay fursat tug‘ildi” (VIDEO)


Ukraina Oliy Radasi deputati, Mudofaa qo‘mitasi a’zosi Roman Kostenko.
Ukraina Oliy Radasi deputati, Mudofaa qo‘mitasi a’zosi Roman Kostenko.

Ukraina Oliy Radasi deputati, Mudofaa qo‘mitasi a’zosi Roman Kostenko “Nastoyashcheye vremya” telekanaliga 23-aprel kuni Odessaga berilgan raketa zarbalari, Nikolayev va boshqa janubiy viloyatlardagi harbiy vaziyat haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, Rossiyaning tan olinmagan Dnestrbo‘yi respublikasiga “yo‘lak” ochish imkoniyatlarini izohladi.

“Qo‘shnilarimiz bo‘lmish moldavanlarga Dnestrbo‘yi hududi ko‘p yillar muqaddam ulardan tortib olinganiga siyosiy ko‘z bilan qarashni, qulay fursat kelgan paytda armiyani ishga solib, uni qaytarib olishni maslahat bergan bo‘lardim, – dedi Kostenko. – Menimcha, agar iltimos qilishsa, bizning hukumatimiz ularga yordam berishdan qochmaydi, chunki ayirmachi respublikalar nimaligi bizga yaxshi ma’lum. Boz ustiga, Dnestrbo‘yida dushman bor – bizning dushmanimiz. Mamlakatimiz dushmanlarini yakson qilishga hamisha tayyormiz”.

– 23-aprel, shanba kuni Odessaga zarbalar berilgani, o‘lganlar va yaradorlar borligi ma’lum bo‘ldi. Bilishimizcha, Nikolayevda ham trevoga e’lon qilingan ekan?

– Ha, bu biz uchun yangilik emas, bizda kuniga bir necha martalab trevoga e’lon qilinadi. Ba’zan 10 va undan ortiq daf’a bo‘ladi. Har gal dengizdan raketalar uchirilganida biz ularni ko‘rib turamiz, ular Nikolayev yoki Odessaga yoki Xerson orqali boshqa tarafga uchadi, lekin har gal trevoga e’lon qilinadi, chunki raketalar aniq qayerga yo‘llanganini har doim ham chamalay olmaymiz.

– Trevoga e’lon qilinishidan raketa kelib tushgunicha odatda qancha vaqt o‘tadi?

– Bu raketa qayerdan uchirilganiga, kemalar qayerda turganiga bog‘liq. Rossiya Qora dengiz flotining flagmanini cho‘ktirganimizdan so‘ng rus kemalari yaqin kelishga qo‘rqib qoldi, endi ular uzoqroqdan, Qora dengizdagi suv osti kemalardan zarba yo‘llashyapti. Bu bizga zarbalarga qarshi tezroq chora ko‘rish imkonini bermoqda. “Iskander” yoki “Tochka U” raketalari bo‘lsa, ular Xerson va Kaxovka tarafdan uchib keladi, binobarin mazkur holatda tayyorgarlikka kam vaqt qoladi.

– Urushning ilk kunidanoq Nikolayev viloyatida xizmat qilyapsiz. Ayting-chi, viloyatda ahvol qanday?

– Xerson va Nikolayev viloyatlari chegarasida janglar bo‘lyapti, dushman kuch to‘plamoqda, ularning qayta guruhlanayotganini ko‘rib turibmiz. Yangi kuchlar aynan Xerson tarafdan kelyapti. Kaxovka yaqinida ular manyovr qilayotganini va qayta guruhlangach, qo‘shinlarning bir qismi sharqqa yo‘naltirilayotganini ko‘ryapmiz. Xerson yo‘nalishi ham kuchaytirilgan, qo‘shin yig‘ilmoqda, o‘ylaymanki, sharqda biron yutuqqa erisha olmasalar, bu yo‘nalishda oldinga siljishga umid qilishmoqda.

Va bu bugun ko‘rib turganimiz holat, harbiy rejalar esa istalgan lahzada o‘zgarishi mumkin. Chunki, takror aytaman, ko‘p narsa sharqda vaziyat qanday bo‘lishiga bog‘liq. Agar oyoq tirab turib olishsa va ularga g‘alaba juda zarur bo‘lsa, bu g‘alabani janubdan qidirib, Nikolayev, Odessa va umuman, Ukraina janubini mamlakatning qolgan qismidan kesib olish uchun zo‘r berishadi.

– Rossiya qo‘shinlari Nikolayevga anneksiya qilingan Qrim tarafdan boryaptimi yoki tan olinmagan “DXR” va “LXR” tomondanmi?

– Asosan bosib olingan Qrim hududidan. “DXR”/”LXR” kuchlari ko‘proq Nikolayev yo‘nalishida turibdi, ularga chekinishga imkon qoldirmaslik uchun ortlaridan Rossiya armiyasi joylashtirilgan.

Kaxovka, Snigir yo‘nalishlarini olsak, u yerda qo‘shinlar aralash: muntazam armiya ham bor, “DXR” kuchlari ham. Qishloqning o‘zini esa “DXR” va “LXR” askarlari nazorat qilmoqda. Ular odamlarning mol-mulklarini tortib olishayotganini, aholini xo‘rlashayotganini, qisqasi, xohlagan ishlarini qilib harbiy jinoyatlar sodir etishayotganini eshityapmiz.

– Nikolayev viloyatidagi eng qaynoq nuqtalar qaysi?

– Menimcha, bu Nikolayev viloyati janubidagi Aleksandrovka, Stanislav Pribugskoye qishloqlari bo‘lsa kerak.

– Rossiya generali Minnekayev Ukrainaning butun janubiy qismini bosib olib, tan olinmagan Dnestrbo‘yi respublikasiga chiqish rejasi haqida gapirdi. Bunga Nikolayev viloyati ma’muriyati nima deydi? Axir mazkur rejaga ko‘ra Nikolayev va Odessa viloyatlari ham ishg‘ol etilishi kerak?

– Bu gapda hech bir yangilik ko‘rganimiz yo‘q. Rossiyaning shunaqa maqsadi borligini, shunga intilishini hammavaqt bilganmiz.

Sovet Ittifoqi parchalangach, ular bir talay shunaqa tan olinmagan respublikalarni yasab tashlashdi: bu hududlarning aksar aholisi qari-qartangdan iborat, biron rivojlanish yo‘q. Ukrainani janubiy viloyatlaridan uzib qo‘yib, Dnestrbo‘yiga chiqish ularga “Mana, shu ishni uddaladik”, deb maqtanish uchun kerak. Qolaversa, 2014-yildan beri va’da qilinayotgan “Novorossiya” loyihasi ham bor. Ularga biron arzigulik g‘alaba kerak, g‘alaba qozonish uchun kelishgan ular, Ukrainani uch kunda zabt etishmoqchi edi. Holbuki, har bir jabhada mag‘lub bo‘lishmoqda yoki ukrain armiyasiga urilib, abjaq bo‘lishyapti. 9-mayga oz qoldi, o‘z an’analariga ko‘ra, odamlarga qanaqadir g‘alaba “tortiq qilish” kerak. Shuning uchun ham chiranib yotishibdi.

Lekin biz – ukrainlar yurtimizni himoya qilamiz, hech kimning bizga sovet sanalarini populistlarcha tiqishtirishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Yana takrorlayman: bizda kuch bor, qurol bor, haq yo‘lda ekanimizga ishonchimiz yuksak, dushmanni savalashda davom etamiz. Bu jinoyatlarni sodir etgan, buyruq bergan har bir kimsani topamiz. U qolgan-qutgan umrini yashar ekan, ukrainlar o‘z yurtida qilgan vahshiyliklari uchun uning jonini olgani kelishini har on his etib turadi.

– Kechagi yoyinimizda Odessa harbiy ma’muriyati vakili qatnashgan edi, u bilan Odessa viloyatiga Dnestrbo‘yi tomondan hujum qilishlari mumkinmi, yo‘qmi, degan masalada fikrlashdik. U mazkur hududda Rossiyaning biron bir tuzukroq quroli yo‘qligini aytdi. Dnestrbo‘yidan rostdan ham hujum bo‘lmasligini tasdiqlay olasizmi?

– Dnestrbo‘yi xususida men bir oz boshqacha fikrdaman. Ularda qurol-aslaha yo‘q, degan gap bahstalab. Chunki u yerda general Lebedning 14-armiyasi zamonidan beri ulkan omborlar bor. Juda katta omborlar. Shunga qaramay, kuch va vositalari bizga hujum qilish uchun yetarli emas. Boz ustiga, ularning qarshisiga kuchli harbiy bo‘linmalar guruhini joylashtirganmiz, hamla qilishga haddilari sig‘maydi.

Rossiya ushbu hududda qo‘shin to‘plamoqchi bo‘lsa, buni faqat havo orqali yoki quruqlikdagi yo‘lak orqali qilish mumkin. Ikkala yo‘lni ham biz nazorat qilyapmiz. Quruqlik orqali yana bitta yo‘l qoladi – Ruminiya hududi. Yevropa bunga aslo rozi bo‘lmaydi. Shu bois Dnestrbo‘yiga Rossiya qo‘shinlari tashlanishi ehtimoli juda past deb hisoblayman. U yerda mavjud kuchlar esa Ukrainaga hujum qilishga yetmaydi, ammo qo‘shinimizning bir qismini “ushlab turishga” kifoya qiladi.

Ammo men qo‘shnilarimiz – moldavanlarga Dnestrbo‘yi hududi ko‘p yillar muqaddam ulardan tortib olinganiga siyosiy ko‘z bilan qarashni, fursatni g‘animat bilib qurol kuchi bilan uni qaytarib olishni maslahat bergan bo‘lardim. Menimcha, agar iltimos qilishsa, bizning hukumatimiz ularga yordam berishdan qochmaydi, chunki ayirmachi respublikalar nimaligi bizga yaxshi ma’lum. Boz ustiga, Dnestrbo‘yida dushman bor – bizning dushmanimiz. Mamlakatimiz dushmanlarini yakson qilishga hamisha tayyormiz.

– Nikolayev viloyati rahbari aholi ancha holdan toyganiga qaramay harbiylarga yordamlashayotganini aytgan edi. Odamlar qanaqa yordam berishyapti?

– Nikolayev shahri suvsiz qolganini bilsangiz kerak, dushman kommunikatsiyalarni uzib tashlagan, shaharda ichimlik suvi mutlaqo yo‘q. Ko‘ngillilar, harbiylar, oddiy fuqarolar birgalikla shaharni suv bilan ta’minlash uchun jonbozlik qilishmoqda.

Qolaversa, shahar uzoq mudofaaga yotib olishga hozirlik ko‘ryapti, bir necha qavatli mudofaa marralarini quryapmiz, ayni shu ishlarda tinch aholi katta yordam beryapti bizga. Ikkinchi jahon urushida bo‘lgani kabi, okop va transheyalar, tankka qarshi handaqlar qazishga ko‘maklashishyapti. Shahar himoyasi umumiy ish bo‘lgani uchun barcha uyushqoqlik bilan ishlamoqda.

XS
SM
MD
LG