Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:36

"Undiruvni kuchaytiring". Ikkinchi inspektor bayonnoma yuklamasidan shikoyat qildi, IIV rad etmoqda


Nozimjon Nishonov
Nozimjon Nishonov

Farg‘onalik sobiq profilaktika inspektori, IIV mulozimlarining ma’muriy bayonnomalar tuzish va undiruvlarni kuchaytirish bo‘yicha xodimlariga majburiyat yuklayotganidan shikoyat qilmoqda.

Quva tumani IIB tizimida bir yilga yaqin inspektor bo‘lib ishlagan Nozimjon Nishonovning Ozodlikka aytishicha, shu kunda sobiq hamkasblaridan kuniga 1 tadan 3 taga qadar ma’muriy bayonnoma tuzish va jarima undiruvlarini kuchaytirish talab qilinmoqda.

Shu yilning oktabrida ishdan bo‘shatilgan N. Nishonov Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bu haqda ikki bora videomurojaat tarqatdi. Ozodlik Farg‘ona viloyati IIB hamda IIV rahbariyatidan bu shikoyatga izoh ololgani yo‘q.

Ammo, Kun.uz nashriga izoh bergan IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev, shikoyati xizmat tekshiruvi vaqtida o‘z tasdig‘ini topmadi, deb bayonot berdi.

Berdialiyev, aksincha inspektorning o‘zi IIV tizimida ishlashga noloyiq topilib, ishdan bo‘shatilganini ta’kidladi. Bunga qadar Namangan shahar IIB sobiq profilaktika inspektori Sardorbek Otabayev ham ayni mazmunda shikoyat bilan IIV vaziriga videomurojaat yo‘llagan va ertasi kuni hibsga olingan.

Ushbu tuzilmada ishlayotgan Ozodlik manbalariga ko‘ra, kundalik ish hajmi uchun "rezultat ko‘rsatish" majburiyati o‘laroq yuklamalar yuklanishi, bajarolmagan yoki e’tiroz qilgan IIV xodimlarining ishdan bo‘shatilishi - yillardan buyon davom etib kelayotgan amaliyotdir.


Farg‘ona viloyatining Quva tumani “Baynalminal” mahalla fuqarolar yig‘inida profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan Nozimjon Nishonov ilk bor shu yilning 10 - noyabrida, ijtimoiy tarmoqlar orqali ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Mirzayevga videomurojaat yo‘llagan edi.

Nishonov, o‘zi ishlab turgan tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari profilaktika inspektorlaridan har kuni 1 tadan mashinani jarima maydoniga joylashtirish, 5 tadan mashina uchun jarima dalolatnomasi tuzish majburiyatini yuklayotgani, 55 ming so‘mdan pul talab qilayotganini da’vo qilgan.

Ozodlik bilan suhbatda N. Nishonovning da’vo qilishicha, hozir ham Farg‘ona viloyatining bir necha tumani, Farg‘ona hamda Marg‘ilon shaharlari IIB da inspektorlardan kuniga 1 tadan 3 tagacha bayonnoma tuzish talab qilinmoqda.

Sobiq ispektorning arz qilishicha, yuqorida sanalgan hududlarda shunday yuklamalar yuklanganiga oid ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalar va buyruqlarning skrinshotlarini to‘plagan. Inspektor bunday skrinshotlardan ayrimlarini Ozodlikka ham taqdim qildi.

“Qo‘limda dalilim bo‘lmasa, men bunday bayonot bilan chiqmasdim. 2020 - yilning boshidan beri bor majburiyat va ochig‘ini aytsam, yuklamalardan bezillab ketdim. Bunday yuklamalar bo‘lmasligi kerak aslida”, dedi sobiq inspektor Nishonov.

Nishonov, Ozodlikka taqdim qilingan skrinshotlarni, IIV xodimlarining Telegram tarmog‘idagi guruhlaridan olinganini aytmoqda.

Ularning aksarida turli bo‘g‘inlardagi rahbarlar profilaktika inspektorlariga, niqobsiz yurgan va karantin qoidalarini buzganlik uchun, kuniga kamida 1 tadan , ayrim hududlarda 3 ta yoki 5 tagacha ma’muriy bayonnoma topshirish hamda undiruvlarni oshirish majburiyati yuklangan.

"Hurmatli rahbarlar! Bugun dushanba kuni, ya’ni haftaning birinchi kuni, barchamiz yaxshi niyat qilib ishni boshlashimiz kerak. Birinchi masala barchangiz kech soat 19:00 ga tuman-shahar SES, joylardagi qo‘riqlash, Mahalla va soliq idoralari xodimlarini jalb qilib katta razvod o‘tkazib, televideniye jalb qilib, Komissiyaning 74-sonli bayonining ijrosini ta’minlashingiz lozim, 20:30 da yopilmagan joylarning ma’muriyatiga 54-2 modda bilan bayonnoma tuzlishini ta’minlang. Ikkinchi masala ma’muriy amaliyotni kuchaytiring va albatta undiruvni kuchaytiring. Undiruv bugungi kunda asosiy masaladan biri", deyiladi Ozodlikka IIV sobiq inspektori Nozimjon Nishonov taqdim qilgan skrinshotlardan birida.

Inspektorning aytishicha, bu mazmundagi topshiriqlarning, 2020 - yilning oxiri va 2021 - yil davomida berilganiga guvoh bo‘lgan.

Topshiriqlarda ma’muriy bayonnomalarni, asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi, 2-qismi bilan tuzish buyurilgan.

54-moddaning (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) ikkinchi bandida quyidagi huquqbuzarlik nazarda tutilgan:

  • “Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik, davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik”.

Buning uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari, mansabdor shaxslarga esa o‘ttiz baravari miqdorida jarima belgilangan.

Nishonov o‘z shikoyatlarida, bu yuklamalarni yuklash tashabbusi Quva tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Ahmadjonovga oid, deb da’vo qilmoqda va bu mulozimni o‘z xodimlarini mensimaslik, haqoratlashda ayblamoqda. Bu mulozimdan Ozodlik hozircha biror izoh ololmadi.

Bunga qadar Namangan shahar IIB sobiq profilaktika inspektori Sardorbek Otabayev ham, Nishonovning birinchi murojaatidan ikki kun o‘tib - 12 - noyabr kuni yuklamalardan shikoyat qilib, ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilgan edi. U ham IIV vaziri Po‘lat Bobojonovga videomurojaat yo‘llagan.

Otabayev Namangan shahar Ichki ishlar organlarida tanish-bilishchilik, qarindosh urug‘chilik, mansabni suiiste’mol qilish kabi noqonuniy harakatlar avj olganini ham iddao qilgan.

Lekin, ushbu shikoyatining ertasiga S. Otabayev, boshqa fuqarolarning nomiga olingan jami 81,4 million so‘m kredit mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumon qilinib, Jinoyat kodeksining 168 va 209-moddalari bilan ayblangan, hibsga olingan.

N. Nishonov, videomurojaat bilan chiqqan hamkasbining ayblanishi va hibsga olinishiga biror munosabat bildira olmasligi, boisi unga qo‘yilgan ayblovlar qanchalik asosli yoki asosli emasligi haqida biror ma’lumotga ega emasligini aytdi.

“O‘zingiz ham S. Otaboyev kabi hibsga olinishingiz mumkinligidan cho‘chimaysizmi?” degan savolga javoban N. Nishonov: “Yo‘q, biz demokratik davlatda yashayapmiz”, deb javob berdi.

Ozodlik profilaktika inspektorlarining tarmoqlarda ketma-ket paydo bo‘lgan shikoyatlari yuzasidan Quva tuman IIB, Farg‘ona viloyati IIB va IIVdan hozircha rasmiy izoh ololgani yo‘q.

IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov, mahalliy matbuotga javoban, shikoyatlarda tilga olingan holatlar bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, qonuniy tartibda chora ko‘rilishini bildirgan.

Kun.uz nashriga izoh bergan IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev esa, xususan sobiq inspektor N. Nishonovning shikoyatlari, xizmat tekshiruvi vaqtida o‘z tasdig‘ini topmaganini bildirgan.

“Shaxsan o‘zim Quvaga borib o‘sha rahbar bilan uchrashdim. Jamoasini o‘rganish bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinladik. Jamoadagi xodimlar ham Nishonov to‘g‘risida salbiy fikrga ega. Videomurojaatda sanab o‘tilgan holatlar bo‘yicha bitta fakt tasdiqlansa ham bu bekitilmaydi va qonuniy baho beriladi”, deya iqtibos keltirdi Berdialiyevdan Internet nashri.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda N. Nishonov, bosh boshqarma boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyevning mahalliy nashrga bergan raddiyasini rad qildi.

U o‘z shikoyatlarida sobit ekani va IIV tuzilmasida ma’muriy huquqbuzarlik uchun tuziladigan bayonnomalar bo‘yicha uchastka nozirlariga yuklama yuklash amaliyotini bekor qilish kerak, degan xulosada ekanini ta’kidladi.

Muqaddam IIV va prokuratura tuzilmalarida ishlagan bir necha sobiq xodim, huquq-tartibot tuzilmalarida ma’muriy bayonnomalar tuzish va ayniqsa, undiriladigan jarimalar hajmini oshirish majburiyati borligi, bunday majburiyat avval ham bo‘lganini aytmoqdalar.

Jumladan, Toshkent shahridagi tumanlardan birida ishlagan va ismini sir saqlagan sobiq IIV xodimiga ko‘ra, yuklamalar bir necha sabab bilan joriy qilingan:

“Birinchidan, ishni ko‘rsatish. 5 ta bayonnomani stolga qo‘yasiz, tamom - ishingizga shubha qolmaydi. Ikkinchidan, ma’muriy bayonnoma, degani jarima undiriladi, degani. Uchinchidan, bu tepadan keladigan buyruq, chunki ko‘chada qancha ko‘p odam to‘xtatilib, qancha ko‘p protokol qilinsa, siloviklar shuncha ko‘p, ishlab turibdi, degan vahima bo‘ladi. Xalqni kontrolda ushlab turish siyosatida bu ham. Bu Islom Karimovning zamonidan beri bor. Lekin, keyingi 2 yillar ichida bunaqa praktika sal yumshadi, ochig‘i. Lekin, joylarda bor shunaqa rahbarlar, endi mexanizm o‘zgarmaganku baribir, kadroviy sostav ham to‘liq o‘zgarmagan”.

Muqaddam prokuratura organlarida tergovchi bo‘lib ishlagan yana bir sobiq xodim ham kundalik hisobotlarga kiritiladigan raqamlar uchun majburiy yuklamalar bo‘lganini tasdiqladi.

Uning aytishicha, jumladan prokuratura organlarida chiqarilgan sud hukmlarini 10 kunda ko‘rib chiqish bo‘yicha majburiyatini yuklash hollari ham bo‘lgan va bu majburiyatni bajarish qariyb imkonsiz edi:

“Masalan, sizga biriktirilgan hududda chiqarilgan sud hukmlaridan 10 kun ichida 20 tasini qayta ko‘rib chiqing, degan majburiyat bo‘lardi. Har bitta ishda tom-tom ayblov xulosasi, sahifa-sahifa sud hukmini ko‘rib chiqish kerak, keyin himoya tomonining da’volari va hokazo. Bularning hammasini o‘qib chiqishning o‘zi imkonsiz, lekin qog‘oz uchun bajarilardi. Masalan, yana "sverka" degan narsa bor. Ya’ni o‘tgan yilgiga nisbatan bu yil raqam tushib ketsa, “Tenglashtirib qo‘yinglar gap tegmasin”, degan topshiriqlar bo‘ladi. Keyingi 2-3 yil ichida prokuraturada shunaqa amaliyotdan voz kechildi. Tepadagilarga hisobotni ketidan quvish mantiqsiz narsa ekani tushuntirildi-da. Endi ba’zi joylarda hoziram bordir, rahbarlarning o‘ziga ham ko‘p narsa bog‘liqda”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, 2016 - yilda hokimiyatga kelishi ortidan IIV tizimida islohotlarni e’lon qildi, jazoni liberallashtirishga doir qarorlar qabul qilindi.

IIV tergov va surishtiruv organlarining maxsus so‘roq xonalari kameralar bilan jihozlandi. Ammo huquq himoyachilariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida fuqarolarning ichki ishlar xodimlari faoliyatidan shikoyatlari sezilarli darajada kamaymagan.

O‘tgan yilning o‘zida kamida uch nafar fuqaro IIB idorasida qiynoqlar natijasida vafot etgan. Ammo qiynoq holatlari bo‘yicha bironta yuqori martabali IIV mulozimi mas’uliyatni zimmasiga olgani yo‘q va tarmoqlarda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’fosiga chaqiriqlar javobsiz qoldi.

XS
SM
MD
LG