Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:24

Xivadagi ta’mirlash ishlarida obidalarga jiddiy shikast yetkazilmoqda


Xiva
Xiva

Xivaning 17-asrda qurilgan va YuNESKOning Jahon Merosi ro‘yxatiga kirgan obidalariga ta’mirlash payti jiddiy shikast yetgan.

Xivalik restavrator Abdulla Matkarimovning Ozodlikka aytishicha, Xivaning Deshon-qal’asidagi Nurillaboy saroyi, Ibrohim xo‘janing uyi hamda Ichon-qal’adagi xonning harami bo‘lgan Doshhovlida devor hamda yog‘ochga ishlangan naqshlar vayron qilingan.

- Nurillaboy saroyidagi Islomxo‘janing akasi Ibrohim xo‘janing uyi tomiga trafaret uslubida Xorazm naqqoshligiga yot ko‘rinishda naqsh qo‘yishdi. Buni xaltura ekanini kelgan turistlar oddiy ko‘z bilan payqashi mumkin. Umuman, bunaqa naqsh bo‘lmagan ham bizda. Ichon-qal’adagi Xon harami bo‘lgan Doshhovlida esa, yog‘ochga ishlangan naqshlar malyarchilikda ishlatiladigan emal bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan.

Ta’mir bahonasidagi talon-toroj

Xivaning Deshon-qal’a majmuidagi "Nurillaboy" saroyi 2012-2016 - yillar davomida amalga oshirilgan ta’mir jarayonida talon-toroj qilingan edi.

Saroyning qadimiy eshigi¸ billur qandillari va lojuvard kaminlari va eng muhimi Nurmat usta¸ Ro‘zmat va Bobojon ustalar yasagan qadimiy eshik, bundan besh yil oldin boshlangan ta’mir paytida o‘marilgani yuzasidan 10ga yaqin kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

2017 - yilda Xivadagi tarixiy obidalarni ta’mirlash "Ijod-ijod" shirkatiga berildi.

- Nurillaboyda oldin xivalik ustalar ta’mir ishlarini boshlagandi. O‘g‘riliklar bo‘lib, ular qamaldi. Shunda ham hulosa qilishmadi. Toshkentdagi "Ijod-ijod" shirkatiga berishdi. Hozir endi ular vayron qilishyapti Xivani. Trafaret uslubidagi naqshlar shularni ishi. Restavratsiya bunaqa qilinmaydi.

"Kelajak avlod bizni kechirmaydi"

O‘tgan asr boshlarida Xiva xoni huzurida naqqosh bo‘lgan Ro‘zmat Arbob sulolasi vakili Abdulla Matkarimov ota-bobolardan meros bo‘lgan qadimiy shaharni aslida qanday bo‘lsa¸shundayligicha kelajak avlodlarga yetkazish kerakligini aytadi.

- Biz usta Ro‘zmat Arbobning beshinchi avlodimiz. U yaratgan asarlarni keyingi avlodga qanday bo‘lsa, shundayligicha topshirish mas’uliyatimiz bor. Lekin bobomiz bizga qoldirgan meros restavratsiya qilish nimaligini bilmaydiganlar tomonidan vayron qilinmoqda. Bu davom etaversa, kelajak avlod bizni aslo kechirmaydi. Obidalarimizni ko‘rish uchun minglab turist keladi. Ular ham oddiy ko‘z bilan bu hozir chizilganini ko‘rishi mumkin. Undan ko‘ra, obidalarni shu holicha qoldirish kerak.

"Nurillaboy" saroyi va Xivadagi boshqa obidalar O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Yodgorliklarni saqlash inspeksiyasi nazoratidagi tarixiy obida hisoblanadi.

"Restavratsiya masalasini mutlaqo qayta ko‘rib chiqamiz!"

O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova 20 - noyabr kuni onlayn tarzda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ozodlik savollariga javob berar ekan, tarixiy obidalarga zarar yetkazilgani bilan bog‘liq holatlar o‘rganilishini aytdi.

- Nurillaboy saroyi haqida aytadigan bo‘lsak, o‘tgan yillar davomida u Milliy bank tasarrufida bo‘lgan. Ta’mirchilarni ular tanlagan. Hozir endi bu obida bizni tasarrufimizga o‘tdi va bizni himoyamizda. Obidalarga shikast yetkazilgan holat o‘rganiladi. Biz obidalarni restavratsiya qilish masalasini mutlaqo qayta ko‘rib chiqamiz va bu ishni endi vazirlik to‘liq nazoratiga oladi, - dedi Oqilova.

"Nurillaboy" saroyi haqida

Xivadagi Nurillaboy saroyi 1893-1904-yillar oralig‘ida Xiva Xoni Muhammad Rahimxon II tomonidan o‘g‘li shahzoda Isfandiyorxon sharafiga qurilgan.

Sharqona va yevropacha uslubda qurilgan qasrning eshik va oynalarini nemis mennonitlari qabilasi duradgorlari yasagan.

O‘tgan yili Xorazmga safar qilgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiya uchun Xivaning Nurillaboy saroyida uyushtirilgan ziyofat ijtimoiy tarmoqda tanqidga uchragandi.

Ozodlik O‘zbekistondagi tarixiy-madaniy obidalarning ahvoli bilan bog‘liq surishtiruvlarini davom ettiradi. Bu haqda tafsilotlardan xabardor bo‘lsangiz¸ Ozodlikka bog‘laning. Tahririyat shaxsingiz sir qolishini kafolatlaydi.

Messenjer va e-mail
+420 602 612 713 (WhatsApp, Telegram, Viber)

+420 724 971 539 (WhatsApp, Telegram, Viber)

ozodlikmail@gmail.com

ozodcomments@gmail.com

uzbekweb@rferl.org

XS
SM
MD
LG