Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:28

Xorazm qizi Anna German. Islom Karimov ko‘chasini Anna German nomiga qayta nomlash talab qilindi


Urganchlik rassom Shirin Tosheva chizgan Anna German surati.
Urganchlik rassom Shirin Tosheva chizgan Anna German surati.

14 - fevral kuni afsonaviy polyak qo‘shiqchisi Anna Germanning 85 yilligi nishonlanar ekan bir guruh o‘zbek ziyolilari qo‘shiqchi tug‘ilgan Urganch shahri markazidagi ko‘chaga uning nomini qaytarib qo‘yishni talab qilib chiqdi.

Urganchdagi Anna German nomi bilan ataluvchi ko‘cha ikki yil avval Islom Karimov nomiga o‘zgartirilgandi.

Ayni paytda Urganchning "Ko‘naqala" (Eski shahar) qismidagi qo‘shiqchi tug‘ilib o‘sgan uy buzib tashlangani va shahar markazidagi sayyohlar gavjum Anna German nomi bilan ataluvchi choyxonadan ham uning nomi olib tashlangani e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan xorazmlik shoir, rassom va tarixchilar Anna German tug‘ilgan Urganch shahrida uni eslatuvchi barcha izlar yo‘qolib borayotganidan taassuf bildirishadi.

Ikki yil avval Urganch markazidagi Anna German shox ko‘chasining nomi Islom Karimov qilib o‘zgartirilgandi.

Shaharning "Ko‘naqala" qismidagi qo‘shiqchi tug‘ilib o‘sgan uy ham buzib tashlangan.

Yaqinda esa Anna German nomi bilan ataluvchi choyxonadan ham uning nomi olib tashlandi.

"Anna German" choyxonasi

Urganchlik tadbirkor Nizomiddin Qodirov choyxonani 2015 - yilda ochgan.

Xorazmga kelgan sayyohlar bu yerda Anna German qo‘shig‘ini eshitib, o‘zbekcha shashlik, kabob bilan birga polyak yemaklarini tanavvul qilishgan.

Maps.me portalida ushbu choyxona Urganchning sayyohlar eng ko‘p boradigan o‘nta nuqtasidan biri sifatida qayd etilgan.

"Anna German" restorani sohibi, urganchlik tadbirkor Nizomiddin Qodirov.
"Anna German" restorani sohibi, urganchlik tadbirkor Nizomiddin Qodirov.

Ikki oy avval esa u shahar prokuraturasiga chaqirtirilgan va choyxona devorlaridan Anna German nomini olib tashlash haqida unga aytilgan.

O‘zim Anna Germanni muxlisiman. Urganchda tug‘ilganidan fahrlanamiz. Shu restoranni uni nomini berish uchun mahsus ochganman. Polshadan oshpaz ham oldirganmiz. Suratlarini qo‘yganman. Turistlar ham polyak yemaklarini yeb hayron qolar edi. Xivaga borishda shu yerda to‘xtab o‘tishardi. Hatto Polshadan bitta ayol Anna German suratini ostiga gul qo‘yib ketgan. Yaqinda esa Toshkentdan ukazaniya bo‘libdi, prokuraturaga chaqirtirishdi, Anna Germanni oshpazchilikka nima aloqasi bor, dedi, nomini o‘zgartiring, boshqa nom qo‘ying dedi. Lekin, qarshilik qilishmasa Anna Germanni nomi qolishini istayman”.

“Oltin meros” jamg‘armasining Xorazm viloyat bo‘limi rahbari, jurnalist Komil Nurjon choyxonaga Anna German nomini berish tashabbuschilaridan.

"Oltin meros" jamg‘armasining Xorazmdagi bo‘limi rahbari Komil Nurjon.
"Oltin meros" jamg‘armasining Xorazmdagi bo‘limi rahbari Komil Nurjon.

U Urganchni dunyoga tanitgan afsonaviy qo‘shiqchining izlari tug‘ilib o‘sgan shaharda yo‘qolib borayotganidan taassufda ekanini aytadi.

“Mashhur polyak qo‘shiqchisi Anna German Xorazm markazi Urganch shahrida tug‘ilgan. Biz Anna German bilan fahrlanamiz. Nega deganda u Urganch nomini dunyoga yoygan”, - deydi Komil Nurjon.

Ikki yil avval esa Urganch markazidan oqib o‘tuvchi Qirg‘izyop kanalining chap sohilidagi Anna German ko‘chasiga O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov nomi berildi.

“Xorazmdan yetishib chiqqan Yevropa farishtasi”, deya qo‘shiqchi haqida she’rlar bitgan shoir Oshiq Erkin ham Urganchda Anna German ko‘chasi qayta tiklanishi kerakligini aytadi.

“Ko‘chani o‘zgartirishgani yaxshi bo‘lmadi, lekin restoran bor. Bizda odamlar fahrlanishni bilmaydi. Qanday dunyo olqishlab turgan san’atkor Xorazmda tug‘ilgan bo‘lsa millatidan qat’iy nazar quvontirmaydimi. Fahrlanish kerak Xorazmdan yetishib chiqqan Yevropa farishtasidan”.

Xorazmlik shoir Oshiq Erkin.
Xorazmlik shoir Oshiq Erkin.

Anna German suratini chizgan xorazmlik rassom Shirin Tosheva ham qo‘shiqchining nomi shahar markaziga qaytishini istaydi:

“Fazodagi asteroidlardan biriga Anna German nomi berilgan bir paytda uning ona shahri Urganchda ismi ko‘chadan olib tashlanishi afsuslanarli”, - deb ta’kidlaydi rassom.

Chapdan o‘ngga: Urganchlik rassom Shirin Tosheva, Anna Germanning biografi Ivan Ilyichyov, xorazmlik san’atshunos Zulfiya Madaminova.
Chapdan o‘ngga: Urganchlik rassom Shirin Tosheva, Anna Germanning biografi Ivan Ilyichyov, xorazmlik san’atshunos Zulfiya Madaminova.

Anna German nomi bilan atalgan ko‘chada Matbuot uyi va Xorazm viloyatida yopilib ketgan "ALC" mustaqil telekanali joylashgan bo‘lgan.

"Xorazm haqiqati" gazetasi bosh muharriri Soliyajon Rahimberganova.
"Xorazm haqiqati" gazetasi bosh muharriri Soliyajon Rahimberganova.

"Xorazm haqiqati" gazetasi bosh muharriri Soliyajon Rahimberganova Anna Germanni Xorazm qizi der ekan unga Urganchda byust qo‘yish kerak deydi.

"Meni o‘zim ham shu Anna German yashagan Ko‘naqalada katta bo‘lganman. Turli millat vakillari yashagan u yerda. Bizni momolarimiz, mahallamizda yashovchilar onasi Irma opa bilan juda inoq qo‘shni bo‘lgan ekan. Anna bizni qizimiz. Xorazmni qizi. Biz uning qo‘shiqlarini eshitib katta bo‘ldik. Hozir shuning uchun uni 85 yilligi munosabati bilan byustini shaharga o‘rnatish masalasini ham ko‘taryapmiz, musiqa maktabiga uni nomini qo‘yishni ham istardik", - deydi Rahimberganova.

Xorazmda tug‘ilgan Yevropa farishtasi"

O‘z davrining eng mashhur va hozirdayam o‘z dovrug‘ini yo‘qotmagan xonandasi Anna German 1936 - yilda Urganchda holland va polyak muhojirlari oilasida tug‘ilgan.

Onasi Irma Martens Urganchdagi Krupskaya maktabida nemis tili o‘qituvchisi, otasi Yevgeniy German non zavodida hisobchi bo‘lgan.

Anna German biografi Ivan Ilyichyov-Volkanovskiy o‘tgan yili qo‘shiqchi dunyoga kelgan Urganch tug‘ruqxonasi va uning bolaligi kechgan joylardan lavha tayyorlagandi.

Ashulachining Urganchdagi hayoti haqida 10 seriyali "Anna German" badiiy filmida ham hikoya qilinadi.

Tarixchi Komil Nurjonovning aytishicha, Germanlar oilasi Urganchning Ko‘naqa’la deb atalgan dehqon bozori yonida, Qirg‘izyop kanali bo‘yiga qaragan, o‘sha paytdagi Akmal Ikromov, hozirgi Ogohiy teatriga yaqin joyda bo‘lgan.

“Anna qo‘shiqchlikning birinchi hadisini Xorzamda olgan. Uni uyi yonida viloyat teatri bo‘lgan. U yerda yangragan taronalar uyiga eshitilib turgan. Maktabdan bo‘sh vaqtida kelib musiqa tinglagan. Bu haqda arxiv hujjatlarida ma’lumotlar bor. 10 yoshigacha Anna Urganchda yashagan, keyin otasini xalq dushmani deb qamashgan. Urushdan so‘ng Anna onasi bilan Polshaga ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi”, - deydi Komil Nurjon.

Qo‘shiqchiga gul tutgan xorazmliklar

Anna German yillar o‘tib dunyoning eng mashhur san’atkori sifatida tanildi.

Komil Nurjon 1969 - yilda Polshaning Sopot shahrida bo‘lgan xalqaro qo‘shiqchilik festivalida Anna Germanga xorazmliklar nomidan guldasta tutganini eslaydi.

“Sopot shahrida qo‘shiqchilik festivalida qatnashdik. Uni konsertiga taklif qilindik. Gul ko‘tarib bordik. "Hamyurtlarim kelibdi" deb olqishladi”, - deydi Komil Nurjon.

Shoir Oshiq Erkin ham 1977 - yilda Leningrad, hozirgi Sankt Peterburg shahridagi konsertda Anna Germanga gul tutgan.

“Uzun bo‘yli qomati kelishgan, ovozi shirin go‘zal. Qarsak bo‘lib turgan paytda gullarni olib sahna tomon yura boshladim. Annani yoniga bordim. Baland bo‘yli, oppoq kiyimda, oqqushga o‘xshab turibdi. Guldastani berdim, biz "Urganchdan keldik", dedim. "Esingizdami Urganch" desam, "qanday esimdan chiqishi mumkin" dedi. Mashhur san’atkor, quchoqlashga qo‘rqasiz. Lekin u meni o‘zi quchoqladi. Quvonib ketdim. Meni qo‘limdan tutib sahnaga chiqarib, "o‘rtoqlar bu yigit meni vatanim Urganchdan kelibdi" dedi. Zal hayron, ko‘pchilik bilmas ekan. "Endi qo‘shiqlarimni ularga bag‘ishlab aytaman" dedi. Shunda hamma qarsak chaldi. "Oktabr" mehmonxonasidamiz, kelinglar" dedi, xonalari nomerini aytdi. "Lekin Anna ertaga ertalab jo‘nab ketamiz" dedik. "Afsus, afsus" deb qoldi”.

"Oltin meros" jamg‘armasi Xorazm viloyati bo‘limi stendida Anna German surati ham osig‘lik.
"Oltin meros" jamg‘armasi Xorazm viloyati bo‘limi stendida Anna German surati ham osig‘lik.

Onasi xotiralariga ko‘ra, Anna Germanning orzusi Urganchga borish, tug‘ilib o‘sgan shahrida konsert berish bo‘lgan.

Lekin uning bu orzusi amalga oshmadi. 1982 - yilda Anna German og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.

Porlayverar noma’lum yulduz...

Anna Germanning biografi, u haqdagi kitoblar muallifi Ivan Ilyichev-Volkanovskiy qo‘shiqchi nomini Urganchda tiklash borasida O‘zbekistonda eng oliy darajada muhokamalar borayotganini aytadi.

Urganchda ko‘chalardan biriga qaytadan Anna German nomini berish, u tug‘ilgan Urganch tug‘ruqxonasi hamda Urganch aeroportida yodgorlik taxtasini qo‘yish borasida yuqori darajada muhokama ketyapti, bunga tepadagilar ro‘yxushlik bildirgan va ijobiy hal bo‘ladi, deb umid qilyapmiz”, - deydi Ilyichev-Volkanovskiy.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan urganchliklar ham Anna Germanning nomi uning ona shahri Urganchga qaytishidan umidvor.

Qo‘shiqchining "Umid" ashulasida aytilganidek:

"Porlayverar noma’lum yulduz,

Yana biz uydan olis, yiroqda

Oramizda shaharlar, kentlar

Aerodromning parvoz nurlari

Umid mening yo‘lko‘rsatkichim

Omad esa jasurlikning sovrini

Menga bitta qo‘shiq yetadi axir

Shunchaki o‘z uyimda kuylamoq uchun.

XS
SM
MD
LG