Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:29

Xorazmlik 30 tonna bug‘doyini tortib olgan IIB xodimlarini reyderlikda aybladi. Prokuratura holatni o‘rganmoqda


IIB xodimlari uy egalari bilan janjallashayotgan payti. (Videodan skrinshot)
IIB xodimlari uy egalari bilan janjallashayotgan payti. (Videodan skrinshot)

Xorazm viloyati, Urganch tumani prokuraturasi Islom Rajabovning uyidagi bug‘doyni olib ketgan IIB xodimlari harakatiga baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruv olib boryapti.

Yuqoribog‘ qishlog‘ida yashovchi Islom Rajabov IIB xodimlari va tuman hokimligi vakillarini uning omboridagi 30 tonna bug‘doyni reyderlik yo‘li bilan tortib olganlikda ayblamoqda.

Bug‘doyni olib ketishga qarshilik qilgani uchun qo‘lga olingan Islom Rajabov va uning ukasi bir necha soatdan keyin qo‘yib yuborilgan.

Ozodlikka 2 - iyul kuni xabar qilingan Xorazmdagi ushbu voqea joriy yilning 19 - iyun kuni sodir bo‘lgan.

Voqea Islom Rajabov yashaydigan Urganch tumani Yuqoribog‘ qishlog‘i , Qipchoq mahallasi, E’tibor ko‘chasi, 37-uyda sodir bo‘lgan.

Manba voqea joyidan olingan videoni Ozodlikka taqdim qildi. Aftidan voqea bir paytning o‘zida bir nechta telefonga yozib olinib, keyin montaj qilingan. Boisi videodagi ayrim harakatlarda uzilishlar kuzatiladi.

Буғдой устида жанжал
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:17 0:00

Guvohlardan biriga ko‘ra, voqea aslida 1 soatdan ko‘proq davom etgan. Ozodlikka taqdim qilingan 10 daqiqalik video bir ayolning bir necha formali erkaklar bilan tortishayotgan holatidan boshlangan.

Tasvirlarda “Formali bosqinchilar, sizni uyimga kiritmayman”, degan ayolning qo‘lidan darvoza kaliti formali erkak tomonidan kuch bilan tortib olingani ko‘rinadi.

Video davomida voqea sodir bo‘layotgan uy oldida formali va formasiz erkaklar soni ko‘paygani ko‘rinadi. Guvohlarga ko‘ra, o‘nga yaqin IIB xodimlari, bir nechta Milliy gvardiya xodimlari va Urganch tuman hokimligi vakillari voqeada ishtirok etgan

Videodagi gap-so‘zlardan organ xodimlar uy egalari omboridagi bug‘doyni olib ketishga kelgani anglashiladi.

Tasvirlarda formali shaxslarning uy darvozasini kuch bilan ochgani, uy egalariga kuch qo‘llagani holatlari ko‘rinadi. Formalilarning xonadon egalaridan birining qo‘lini qayirgani aks etgan va uning biroz o‘tib, yerda bir necha daqiqa davomida hushsiz yotgani ko‘rinadi.

Video davomida bir necha kishining ombordagi bug‘doy ustida o‘tirgan holda, “Bug‘doyni bermaymiz, bizni ham qo‘shib olib ketinglar”, degan gaplari eshitiladi.

Keyin esa baqir-chaqirlar fonida formali shaxslarning bir kishini kuch bilan IIB mashinasi tomon sudrayotgani aks etgan.

Videoda uy egalari bug‘doyni olib ketish uchun kelganlarga biror hujjat taqdim qilmaganliklarini bir necha bor pesh qilishgan.

Videoda voqea nima bilan yakunlangani ko‘rsatilmagan.

2 - iyul kuni Ozodlik mobil muxbiri Yuqoribog‘ qishlog‘i, Qipchoq mahallasiga borib voqea tafsilotlarini aniqladi. Rajabovlar uyida bo‘lmagani sabab muxbir ular bilan uchrasha olmasada, Islom Rajabovning yaqinlari va qo‘shnilari bilan suhbatlashdi.

Rajabovning yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan 19 - iyun kuni Islom Rajabov va uning ukasi Sobir Rajabov qo‘liga kishan solingan holda kuch bilan IIBga olib ketilgan va o‘sha kuni bir necha soatdan keyin qo‘yib yuborilgan. Biroq ular uyga qaytguncha organ xodimlari Rajabovlar omboridagi bug‘doyning hammasini olib ketishga erishgan.

Mobil muxbir suhbatlashgan voqea guvohlariga ko‘ra, o‘sha kuni Rajabov omboridagi bug‘doyni olib ketishga kelganlar o‘zlarini tanishtirmagan va bug‘doyni olib ketish haqida biror rasmiy hujjatni taqdim qilishmagan.

"Islom og‘a organ xodimlarini reyderlikda ayblayapti. Chunki ular umuman noqonuniy ish qilishdi", deydi Islom Rajabov yaqinlaridan biri.

Islom Rajabovning yaqinlariga ko‘ra, u bug‘doyining kuch bilan tortib olingani va ukasi bilan ikkalasini IIBga majburan olib ketilgani yuzasidan turli tashkilotlarga ariza bilan murojaat qilgan, biroq bundan hozircha biror natija bo‘lmagan

Xorazm viloyat prokuraturasi Islom Rajabov xonadonida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan e’lon qilgan ma’lumotda aytilishicha, Islom Rajabov “Xiva sezam” MChJga tegishli dala maydonining 30 gektar qismiga “Xorazmdonmahsulotlari” AJ bilan shartnoma tuzmasdan, o‘zboshimchalik bilan g‘alla ekkan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Rajabovlar oila a’zolari bilan Agroinspeksiya tuman bo‘limi xodimlari o‘rtasida janjal kelib chiqqani sabab IIB xodimlari jamoat tartibini saqlash uchun jalb qilingan.

Viloyat prokuraturasi xabarida Islom Rajabov uyidan olib ketilgan bug‘doy 17,2 tonna bo‘lgani va u “Xorazmdonmahsulotlari” AJga topshirilgani aytilgan.

Ayni paytda Rajabov yaqinlariga ko‘ra, bug‘doy aslida 30 tonna bo‘lib, organ xodimlari g‘allani Rajabov omboridan olib ketilayotgan paytda o‘lchamagan va xonadon egalariga hech qanday dalolatnoma ham bermagan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, hozirda “Xiva sezam” MChJ rahbari hamda tuman ishchi guruh a’zolari, shuningdek, IIB xodimlari xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida Urganch tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

“Shuningdek, viloyat IIB tomonidan videotasvirdagi ichki ishlar organlari xodimlari harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.

2 - iyul kuni Ozodlik muxbiri Bosh prokuratura rasmiysi bilan bog‘landi. Rasmiy Xorazmdagi voqea tafsilotlari o‘rganilib, bosh prokuratura rasmiy sahifalari orqali ma’lum qilinishini aytdi.

XS
SM
MD
LG