Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:16

“Xuddi konslagerdagiday”. “Trest-12”da ishchilar 12 soatlab ishlatilmoqda


Qurilish vaziri Botir Zokirovning yaqin qarindoshlari ta’sischilari bo‘lgan “Trest-12” shirkati Toshkentning Mustaqillik maydonidagi ma’muriy bino va avtoturargoh qurishni o‘z ichiga olgan salkam yarim trillion so‘mlik loyiha pudratchisi etib tanlangan.
Qurilish vaziri Botir Zokirovning yaqin qarindoshlari ta’sischilari bo‘lgan “Trest-12” shirkati Toshkentning Mustaqillik maydonidagi ma’muriy bino va avtoturargoh qurishni o‘z ichiga olgan salkam yarim trillion so‘mlik loyiha pudratchisi etib tanlangan.

Korrupsiya hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq mojaro markazida qolayotgan O‘zbekiston Qurilish vaziriga aloqador “Trest-12” shirkatida ishchilarning mehnat huquqlari surunkali poymol etilayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Shirkatning PMK-2 ko‘chma mexanizatsiya kolonnasi ishchilari O‘zbekiston Mehnat kodeksida belgilangan 8 soat o‘rniga 12 soatlab mehnat qonunchiligiga zid tarzda dam olish kunlarisiz ishlayotganliklarini aytishmoqda.

Toshkentning Mustaqillik maydonidagi ilgari Xalq ta’limi, Madaniyat, Moliya vazirliklari joylashgan 14-qavatli ma’muriy binoni rekonstruksiya qilish ishlarini olib borayotgan “Trest-12”ning PMK-2 ishchilaridan biri 16 - aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda mehnat sharoitini "konslagerdagiday" deb atadi.

“Tashkilot va xodim o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasida, aslida 8 soatdan besh ish kuni qilib belgilangan, ish haqi ham shunga yarasha belgilangan. Lekin xuddi nemislarning konslageridagiday haftasiga yetti kun, kuniga 12 soat ishlaymiz. Ortiqcha ishlaganimiz uchun haq berishmaydi. Oladiganimiz 1 million 700 ming so‘m. “Xohlamasang, bor ketaver, o‘rningga boshqasini olamiz”, deyishadi. Ko‘pchilik viloyatlardan kelgan, noilojlikdan yuribdi. Boshqa joyda ish bo‘lsa bir minut ham bu yerda turmasdik. Bular ham bizni vaziyatimizni bilib, shundan foydalanyapti. Rossiya yopiq. Rossiya ochiq bo‘lganida sal yengillik bo‘lardi. Shunga hozir har qanday og‘ir sharoitga rozi bo‘lib ishlashga majbur bo‘lyapmiz”, - deydi ishchi.

O‘lim

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan "Trest-12" ishchilari iddaosicha, sakkiz soatlik ish tartibiga amal qilinmasligi oqibatida hamkasblaridan biri o‘tgan hafta uchinchi qavatdan tushib ketib, halok bo‘lgan.

Surxondaryoning Qiziriq tumanidan bo‘lgan 43 yoshli Rahmatilla Jalilov 6 - aprel kuni lift shaxtasidan yiqilgan va kasalxonada hushiga kelmay, jon taslim qilgan.

“Albatta, hamkasbimiz o‘limida birovning aybi bor demayman, ammo kuchli jismoniy zo‘riqishlar ko‘p bo‘lyapti. Sababi bizlar ertalab soat 8:00dan toki kech soat 21:00gacha bez vixodnoy, bez pereriv tinimsiz mehnat qilyapmiz. Na dam olganimizni bilamiz va na yegan-ichganimizni. Hamkasbimiz Rahmatilla kimningdir suyukli yori, kimningdir suyukli akasi hamda ukasi, kimningdir dunyoda tengi yo‘q otasi, kimningdir yuragining bir parchasi, jigari, nuri diydasi, suyukli farzandi edi, afsus, endi u oramizda yo‘q. Qizimni uzataman, deb ishlab yuruvdi, to‘y azaga aylandi”, - deydi xavfsizligi tufayli ismi ochiqlanmasligini so‘ragan “Trest-12” shirkatiga qarashli PMK-2 ishchisi.

Ishchining o‘limi aynan mehnat sharoitlariga bog‘liqligi ma’lum emas.

Ko‘chma mexanizatsiya kolonnasi brigada boshliqlaridan biri Ozodlikka o‘lim xolatini tasdiqlarkan, buni “baxtsiz hodisa” deb atadi.

“Hozir surishtiruv ketyapti, balandlikka chiqqanda xavfsizlik kamarini bog‘laganmi, mana shu holatlar o‘rganilyapti. Ishchining oilasiga moddiy yordam berildi. Ortiqcha soat ishlagani uchun, degan gap noto‘g‘ri. Ba’zida ulgirolmasak, bo‘ldi ish vaqti tugadi, deb ketib qolmaysizku. Beton qotib qolishi mumkin. Qurilish bu, muddatlar belgilangan. Ishchilar shunga yarasha yaxshi oylik olishadi, o‘zlari rozi bo‘lib ishlashyapti, hech kim majburlayotgani yo‘qku”, - deydi PMK-2ning ismini aytmagan bridaga boshliqlaridan biri.

Qurilish vaziriga aloqador shirkat

Shu hafta boshida mahalliy nashrlar Qurilish vaziri Botir Zokirovning yaqin qarindoshlari ta’sischilari bo‘lgan “Trest-12” shirkati Toshkentning Mustaqillik maydonidagi ma’muriy bino va avtoturargoh qurishni o‘z ichiga olgan salkam yarim trillion so‘mlik loyiha pudratchisi etib tanlangani haqida yozdi.

Gazeta.uz nashri o‘z ma’lumotlariga tayanib, 1994 yilda ro‘yxatga olingan “Trest-12” shirkati ta’sischilari qatorida vazirning turmush o‘rtog‘i Muhayyo Zokirova va o‘g‘li Jasur Zokirovni tilga oldi.

“Trest-12” shirkati saytidagi ma’lumotlarga qaralsa, ishchilari kuniga 12 soatlab ishlatilayotgan PMK-2 ko‘chma mexanizatsiya kolonnasining boshlig‘i ham aynan Jasur Zokirovdir.

Ozodlikning PMK-2 ishchilari iddaolari yuzasidan janob Zokirovdan izoh olish urunishlari besamar bo‘ldi.

Jasur Zokirovning shirkat saytida keltirilgan telefon raqamlariga qilingan qo‘ng‘iroqlarga kun davomida hech kim javob bermadi.

“Trest-12” shirkati boshlig‘i Fahriddin Nazirovning yordamchisi Ozodlik so‘roviga: “Hamma qurilish obyektida, savollaringizni ularga yetkazaman, o‘zlari chiqishadi sizga”, deb javob qildi.

Lekin, 16 - aprel ish kuni ohirigacha shirkatdan Ozodlikka hech kim bog‘lanmadi.

Qonunga zid

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ismi ochiqlanishini istamagan muloizimi “O‘zbekiston hududida xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emasligini” ta’kidladi:

- Mehnat Kodeksining 115-moddasiga ko‘ra, xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati 7 soatdan, 5 kunlik ish haftasida esa, 8 soatdan ortib ketmasligi lozim. Agar qaysidir xodim me’yoridan ortiq ishlashga majburlansa vazirlikning 71 200 06 00 telefoniga bog‘lanishi mumkin, - dedi mulozim.

O‘zbekistondagi ham davlat, ham xususiy sektor korxonalarida xodimlar mehnat qonunchiligiga zid tarzda me’yoridan ortiq ishlatilishi, maoshlari to‘liq berilmasligi surunkali muammoga aylangan.

Ozodlik bundan oldin Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevga tegishli “Crafers” kandolat fabrikasida ishchilar 2018 - yil oktabr oyidan beri o‘tgan 4 oy davomida joriy qonunlarga zid tarzda 12 soatdan ishlatilgani haqida xabar bergan.

Andijonning Asaka shahridagi "UZAUTO MOTORS" avtomobil zavodi garajida mexanik bo‘lib ishlagan 53 yoshli ishchi o‘tgan yil iyun oida 15 kunlik smenada bo‘lgan paytda "vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagani sababli" ko‘richagi yorilishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgani haqida Ozodlik xabar bergandi.

Toshkentdagi Humo Arena muz saroyi qurilishida esa 30 yoshli ishchi saroy gumbazi temir ustunidan yiqilib tushib halok bo‘lgandi.

Qurilish bosh pudratchisi bo‘lgan Enter Engineering shirkatida ishchilar o‘shanda me’yoridan ortiq ishlatilganliklarini Ozodlikka aytishgandi.

XS
SM
MD
LG