Nursulton Nazarboyev haqida navbatdagi hujjatli film suratga olindi. Unda 81 yashar sobiq prezident o‘zining saylovlarda ko‘p martalab g‘olib chiqqani, umurtqa pog‘onasida jarrohlik amaliyoti bo‘lgani va boshqa voqealar haqida so‘zlab bergan, shuningdek, iste’foga chiqishidan birinchi bo‘lib Vladimir Putin xabardor bo‘lganini esga olgan.
NAZARBOYEV O‘Z ISTEʹFOSI HAQIDA: “MEN PUTINGA QO‘NG‘IROQ QILDIM”
Qozog‘istonning “Xabar” davlat telekanalida namoyish etiladigan “Portretga chizgilar” nomli hujjatli film-intervyuning beshinchi qismi Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevga bag‘ishlandi.
“Dildagi gaplar” deb atalgan 35 daqiqali seriyada Nazarboyev ichki va tashqi siyosat haqida fikr yuritgan, boshqa davlatlar rahbarlari bilan iliq munosabatda bo‘lganini eslagan, shuningdek, prezidentlikdan iste’foga chiqqani xususida so‘zlab bergan. Aytishicha, Qozog‘iston rahbari lavozimidan ketishi haqida birinchi bo‘lib Rossiya prezidenti Vladimir Putin voqif bo‘lgan.
“Bunaqa narsalarni ovoza qilib bo‘lmaydi, hech kimga aytganim yo‘q, ammo o‘sha kuni ertalab har holda eng katta qo‘shnimiz-ku, deb Putinga sim qoqdim. Tamom hayratda qoldi eshitib. Bugun oqshom vaqti e’lon qilinadi, siz mening o‘zimdan bilishingizni xohladim, dedim. Tamom. Boshqa hech bir davlat rahbarining xabari yo‘q edi. Holbuki bu qarorga men ancha oldin, 2015 - yilda kelganman. 75 yoshdan oshdim, yetar endi, deb o‘yladim”, deydi Nazarboyev.
Sobiq prezident “shunaqa yuksak ishonch pallasida ketish kerak”ligini urg‘ulagan.
“SSSRning munkillagan rahbarlari birma-bir ko‘z oldimdan o‘tdi. Men Brejnevning, Andropovning, Chernenkoning dafn marosimlarida qatnashganman. Bu birinchidan. Ikkinchidan, odamzot imkoniyatlarining chek-chegarasi bor”, deydi filmda Nursulton Nazarboyev.
Yuqorida tilga olingan uch keksa sovet rahbaridan uzoqroq hukm surib, 2019 - yil 20 -martida prezidentlik lavozimidan ketganiga qaramay, 81 yoshli Nazarboyev “Birinchi prezident – Millat yo‘lboshchisi” degan maxsus maqomga ega bo‘lib, Xavfsizlik kengashi boshlig‘i va iqtidordagi “Nur Otan” partiyasi raisi sifatida hamon hokimiyatdagi ta’siri va nufuzini saqlab qolmoqda.
1990 - yil 24 - aprelda Qozog‘iston SSR Oliy Soveti 49 yoshli Nursulton Nazarboyevni respublika prezidenti etib saylagan edi. Shundan keyin Nazarboyev Qozog‘istonda o‘tkazilgan beshta prezidentlik saylovining barchasida ishonchli g‘alaba qozondi.
“1991 - yilda bo‘lib o‘tgan ilk umumxalq saylovida saylovchilarning 98.8 foizi menga ovoz bergan bo‘lsa, 2015 - yilda o‘tkazilgan so‘nggi saylovda 97.8 foizi ovoz berdi. Qarab tursam, barcha saylovlarda menga ishonch bildirganlar salmog‘i 80 foizdan kam bo‘lmagan ekan. Buni chizilgan raqamlar deydiganlar tanasiga o‘ylab ko‘rishsin: bu 60 yoki 51 foiz emas. 80-90 foizni qanday soxtalashtirib bo‘ladi? – davom etadi Nazarboyev. – 2015 - yilda, yodingizda bo‘lsa, odamlar menga ovoz berish uchun navbat kutib qolishgandi. Odamlarning bu qadar munosabatini ko‘rib, xursandlikdan ko‘zimga yosh kelgan”.
Qozog‘iston muxolifati va huquqbonlar Nursulton Nazarboyevni avtoritar boshqaruv tizimini o‘rnatishda, adolatsiz saylovlarda, siyosiy muxoliflari va mustaqil nomzodlar uchun to‘siqlar yaratishda, shuningdek fuqarolar huquq va erkinliklarini jiddiy cheklashda ayblaydilar. Uning boshqaruv davrida Qozog‘iston fuqarolarning tinch yig‘ilishlar o‘tkazish huquqi poymol etiladigan, so‘z va matbuot erkinligi cheklangan, mustaqil jurnalistlar ta’qib etiladigan va qamoqxonalarda “siyosiy mahkumlar” saqlanadigan mamlakat o‘laroq tanildi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Qozog‘istonda o‘tkazilgan prezident va parlament saylovlaridan hech biri xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lmagan, deya bayonot bergan edi.
Nazarboyevdan so‘ng uning o‘rnini egallagan Qasim-Jomart Toqayev 2019 - yil 9 - iyun kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari saylovda 70 foizdan ko‘proq ovoz oldi. Muxolifat hamda mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, “soxta varaqalar tashlash va ovozlarni o‘g‘irlash” holatlari ushbu saylovning halolligiga soya solgan.
Markaziy Osiyoning O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston kabi davlatlarini ham “80-90 foizlab ovoz olgan” prezidentlar idora qilmoqda.
BOSHQA DAVLATLAR RAHBARLARI HAQIDA: “MEN ULAR BILAN JUDA YAXShI MUNOSABATDA EDIM”
Filmda Nazarboyev o‘z prezidentligi davrida chet mamlakatlar rahbarlari bilan munosabatlariga ham to‘xtalgan. Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u hamma bilan chiqisha olgan va iliq munosabatda bo‘lgan.
“Bizning postsovet respublikalarda sovg‘a oldi-berdisini xush ko‘rishadi. Masalan, Berdimuhamedov axaltaka otini hadya qilgan, ajoyib narsa – chin ko‘ngildan sovg‘a qilingan, o‘zbeklar esa chopon va turfa buyumlarni sovg‘a qilishadi, qirg‘izlar ham ot bilan siylaydilar. Biz ham o‘zimizda borini ayamaymiz. Urf-odat shu”, deydi u.
Nazarboyev filmda nafaqat postsovet mamlakatlar rahbarlari, balki siyosiy munosabatlarda og‘ir-vazmin bo‘lmish shimoliy o‘lkalar yetakchilari bilan ham til topishish mumkinligi haqida va’z o‘qirkan, xiyla maqtanchoqlik qilgandek bo‘ldi.
“Shimoliy mamlakatlar, misol uchun Finlyandiya, Boltiqbo‘yi davlatlari, Shvetsiyani odamovilar yurti deb hisoblashadi. Ammo men ular bilan juda yaxshi munosabatda edim. Ular kamgap kishilar, ammo ko‘ngliga yo‘l topa olsangiz, fe’l-atvorlari tamom o‘zgarib ketadi”, deydi Qozog‘istonning sobiq rahbari.
Yevropa davlatlari boshliqlari bilan soz aloqalari haqidagi gapini davom ettirarkan, Nazarboyev Ispaniya qiroli Qozog‘istonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga kirishiga ko‘maklashganini eslab o‘tdi.
“YeXHTning Ispaniya poytaxti Madridda o‘tgan yig‘ilishida, qaror qabul qilinayotgan paytda u bizga katta dastak bergan. Barcha davlatlarning rahbarlari o‘tirib, muhokama qilishardi. U (Ispaniya qiroli) har ikki soatda menga qo‘ng‘iroq qilib turdi: “Qiyin bo‘lyapti, ammo sen tashvish chekma, bizning vazir sizlarning vaziringiz bilan birga ishlayapti, uddalashsa kerak”, deb aytardi”, deydi Nazarboyev o‘sha kunni xotirlarkan.
Nazarboyev mehr bilan tilga olgan odam, bilishimizcha, Ispaniyaning 1975–2014 - yillardagi hukmdori, qirol Xuan Karlos I. Qozog‘iston postsovet mamlakatlar orasida birinchi bo‘lib YeXHTga raislik qilgan edi (2010 - yilda). Ammo o‘sha yili, xuddi joriy yilda bo‘lgani kabi, Qozog‘iston inson huquq va erkinliklarini buzgani uchun BMT Inson huquqlari kengashi a’zosi sifatida huquqbonlik tashkilotlari tomonidan keskin tanqid qilingan.
2014 - yilda taxtdan voz kechgan Ispaniyaning sobiq qiroli Xuan Karlos I 2018 - yilda korrupsiya mojarosiga tortilib, mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan edi. O‘tgan yili Fransiyaning “Courrier International” nashri Xuan Karlos I yana bir janjalga aralashib qolgani haqida xabar berdi. Janjalga qirol 1998 - yilda Qozog‘istonga shaxsiy tashrifi chog‘ida mamlakatning o‘sha paytdagi prezidenti Nursulton Nazarboyev qo‘lidan hadyaga olgan pochapo‘stin sabab bo‘ldi. Fransuz nashri po‘stin ov qilish 1975 - yildan e’tiboran man etilgan qor barsi terisidan tikilganini ma’lum qilarkan, xabarga Nazarboyev bilan o‘sha po‘stinni kiyib tushgan Xuan Karlosning suratini ilova qildi.
UMURTQASIDAN AMALIYOT BO‘LGANI HAQIDA: “SHUNDAN BOSHQA KASAL BO‘LGAN EMASMAN”
“Yag‘rinimdan jarrohlik amaliyoti qilishdi, umurtqa pog‘onamda. Juda jiddiy amaliyotni kechirdim. 8 - mart kuni konsertda edim, konsert tugadi, turdim – oyog‘im o‘zimga bo‘ysunsa qani! Qotib qolgan. Qo‘riqchilardan birini chaqirib, yonimda tur, dedim. Uning qo‘lidan hassa tutganday ushlab oldim. Odamlar sezib qolishmasin, deb mayda-mayda qadamlar bilan chiqib ketdim. Zal to‘la edi. Keyin o‘zimni tekshirtira boshladim – umurtqamda muammo bor ekan. Amaliyot qildirdim, davolandim, sog‘ayib ketdim”, so‘zlaydi Nazarboyev.
Sobiq prezidentning aytishicha, 2011 - yilda o‘tkazilgan ushbu amaliyot uning iste’foga chiqishi sabablaridan biridir.
“Bu haqda sira gapirmaganman, odamlar meni kechirishsin. Ketishim kerak edi, lekin men hali tayyor emasdim, chunki voris masalasi hal bo‘lmagan, yana boshqa sabablar ham bor edi”, izoh beradi u.
“Mana shu holatdan tashqari, hech qachon hech qanaqa kasal bo‘lgan emasman, hozir ham hech yerim og‘rimaydi”, deydi Nazarboyev.
Qiynalib yuradigan sobiq prezident film davomida golf maydonida paydo bo‘ladi va, sog‘lomligini tasdiqlagan kabi, bir necha to‘pni tayoq bilan turtib kavakka tushiradi.
Shu yilning yozida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvadagi uchrashuvi chog‘ida Nazarboyev o‘tgan yili koronavirusdan shifo topishiga yordamlashishgani uchun rossiyalik shifokorlarga minnatdorlik bildirdi. Ammo Ozodlikning qozoq xizmati Nazarboyev bilan uning matbuot kotibi Aydos Ukiboyning so‘zlari bir-biriga yopishmasligini aniqladi.
YOSHLARGA MASLAHAT: “ULAR ILM OLISHLARI KERAK”
Shaxsiy hayotiga oid savollarga javob berayotib Nursulton Nazarboyev mumtoz musiqa va qo‘shiq kuylashga muhabbat unga ota-onasidan o‘tganini, qizlari Darig‘a va Dinaraning yaxshi ovozi borligini aytadi.
“Tanlash imkoniyatini bolalarning o‘zlariga havola qilgan ma’qul. Odatda ota-onalar farzandlari ularning izidan borishini xohlashadi. Bolalar ota-onalarining so‘zlaridan emas, qilayotgan ishlaridan, xatti-harakatlaridan ulgi olishlari kerak. Shu bois ham men pand-nasihat qilmayman. Darig‘a tarix fakultetini tanlab, o‘qidi, qolganlari ham o‘z yo‘lidan ketdi”.
Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a o‘z karyerasini 1990-yillar o‘rtalarida “Xabar” axborot agentligi direktorligidan boshlagan bo‘lsa, keyinchalik davlat xizmatida mustahkam o‘rnashib oldi. 2019 - yilning martida, otasi prezident lavozimidan iste’fo bergan kunning ertasiga Darig‘a Nazarboyeva senat raisi etib tayinlandi. Senatdagi vakolati yakunlanganidan so‘ng esa iqtidordagi “Nur Otan” partiyasidan majilisga (parlament) deputat bo‘lib saylandi. Ayni paytda u majilisning iqtisodiy islohotlar va mintaqaviy rivojlanish qo‘mitasi a’zosidir.
Nazarboyevning ikkinchi qizi Dinara Quliboyeva hamda uning eri Timur Quliboyevning mol-dunyosi “Forbes” tomonidan 5.6 milliard dollarga (har biriga 2.8 milliarddan) baholangan.
Kenja qizi Aliya yaqinda nashrdan chiqqan kitobida otasi Nursulton Nazarboyev prezidentligida unga kotibalik qilgani haqida yozgan. Keyinroq Aliya davlat xizmatini tashlab, biznesda o‘z karyerasini davom ettirdi. U san’at sohasida ham birmuncha yutuqlarga erishgan, chunonchi ikkita filmga prodyuserlik qilgan.
Sovet Ittifoqining so‘nggi yillarida Nazarboyev Qozog‘iston Kompartiyasi rahbari sifatida Moskva gazetalaridan biriga intervyu berganida ukasi Bo‘lat Nazarboyev qishloqda oddiy santexnik bo‘lib ishlashini aytgandi. Sobiq prezidentning ukasi hozirda Olmaota viloyatining eng yirik va nufuzli tadbirkorlaridan biri sanaladi.
Filmda Nazarboyev sovet davrida Qarag‘andada ish tashlagan shaxtyorlar bilan uchrashgani va hamma narsa tanqislashgan o‘sha og‘ir pallada ularni ishga chiqishga qanday ko‘ndirgani to‘g‘risida so‘zlaydi; norozi aholining talablarini tinglash va ularga vaziyatni tushuntirish uchun Sharqiy Qozog‘iston viloyatiga borganini esga oladi. Shuningdek, o‘z boshqaruvi yillarida Qozog‘istonda amalga oshirgan o‘zgarishlarni sanab o‘tadi.
Xususan, aytishicha, u Qozog‘istonga “golf o‘yinini birinchi bo‘lib olib kelgan”, Pavlodar viloyatiga xizmat safari chog‘ida Mariya Mudryak ismli 11 yashar iste’dodli qizaloqni o‘z homiyligiga olgan, poytaxtni Aqmolaga ko‘chirgan, yangi poytaxtda binolar qurilishiga arab mamlakatlari sarmoyalarini jalb qilgan, shahar atrofida o‘rmonlar barpo ettirgan, Turkiston viloyatini tashkil qilgan...
Qozog‘istonning ko‘plab hududlarida uzoq yillardan beri yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning yechimiga mablag‘ yetishmayotgan bir paytda mamlakat hukumati poytaxtni obodonlashtirishga va hokimiyatga oid ayrim loyihalarga pulni ayamayotgani uchun bot-bot tanqid qilinadi.
Tabiiyki, tanqid qiluvchilar – odatda davlat qaramog‘idagi OAVlar emas, balki mamlakatda so‘nggi o‘ttiz yil ichida jon saqlab qolgan bir necha mustaqil nashr, shuningdek hukumat “tartibga solishga” urinayotgan ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilaridir.
“JAMIYAT ESHITISHNI ISTAGAN GAPLARNI AYTMADI”
Film anonsida Nazarboyev jamoatchilikka noma’lum ayrim gaplarni ochiq-oydin aytishi va’da qilingan edi. O‘sha “dildagi gap” – “umurtqa pog‘onasining jiddiy amaliyot qilingan”i bo‘lib chiqdi.
Qozog‘istonlik jurnalist Guljon Yergalievaga ko‘ra, Nazarboyevning 2011 - yilda tobi qochgani va amaliyot qilingani yangilik emas. Yergaliyeva o‘sha paytda ayrim muxolifat nashrlari bu haqda yozganini, ammo ushbu ma’lumotni hech kim rasman tasdiqlamaganini aytadi.
“Demokratik mamlakatlarda davlat rahbarining salomatligiga doir ma’lumotlar jamoatchilikdan sir tutilmaydi. Axir prezidentning sog‘lig‘i – faqat uning shaxsiy ishi emas, bu milliy xavfsizlik masalasidir. Biron kori hol yuz bersa, bu mamlakatning ahvoliga muqarrar ta’sir etadi. Siyosiy inqiroz kelib chiqishi mumkin, yoki iqtisodiy bo‘hron. Afsuski, Qozog‘istonda bunaqa axborotlar maxfiylashtirilgan. Biz prezident kasal bo‘lganini va yura olmay qolganini o‘n yil o‘tganidan keyingina bilamiz”, deydi jurnalist.
Yergaliyeva fikricha, mazkur hujjatli filmning vazifasi – Nazarboyevning prezidentlik davrini sarhisob qilish va uni “shaharlar qurdirgan, norozi shaxtyorlarni tinchlantirgan va odamlarga farovon hayot baxsh etgan prezident” o‘laroq namoyish etishdir.
“Boshqacha bo‘lishini kutmagandim ham. Filmdagi barcha gaplar oldin ko‘p marotaba aytilgan. Hozirda odamlarni boshqa savollarning javoblari qiziqtiradi. Qozog‘iston tarixida javobsiz qolayotgan bir talay savollar bor. Nazarboyev bularning barini juda yaxshi biladi. U nafaqat o‘z taqdiri, balki butun Qozog‘iston taqdirining asosiy guvohidir. Muxolifat bilan munosabatlar, taniqli shaxslarning siyosiy o‘limi, Dekabr voqealari, Janao‘zen voqealari hamda Qozog‘istonning buyuk fojiasi – korrupsiya – bular ham Nazarboyevning 30 yillik boshqaruvi davrida bo‘y ko‘rsatdi. U mana shular haqida so‘zlashi kerak edi”, deydi Yergaliyeva.
Sobiq diplomat Kazbek Beyseboyev taxmin qilishicha, anonsda sensatsiya va’da qilish bilan hokimiyat Nazarboyevga jamoatchilik e’tiborini tortishni va “u hamon kuch-qudratga egaligini” ko‘rsatishni maqsad qilgan, chunki “hozirda odamlar o‘z muammolari bilan amaldagi prezident Qasim-Jo‘art Toqayevga murojaat qilishmoqda”.
“Hokimiyat istaydimi, yo‘qmi, Nazarboyev soyada qolib bo‘ldi”, deydi Beyseboyev.
Ekspertga ko‘ra, Nazarboyev har bir saylovda “80-90 foizlab ovoz” olganiga chin dildan ishonadi.
“Belarusning avtoritar rahbari Aleksandr Lukashenko bir necha oy muqaddam bergan intervyusida “Prezident bo‘lib yetishmaydilar, prezident bo‘lib tug‘iladilar – shuni bilib qo‘ying”, degan edi. Hokimiyat tepasida uzoq qolib ketadigan barchaga xos kasallik bu”, deydi ishonch bilan Beyseboyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston Kommunistik partiyasining 1986 - yil fevraldagi syezdida “kishi hokimiyat tepasida bu qadar uzoq qolmasligi kerak”, deya Dinmuhammad Kunayevni rosa tanqid qilgan Nazarboyev, katta ehtimol bilan, hokimiyatdan butkul ketishni ko‘zlagan. Biroq u yaratgan siyosiy tizim uni qo‘yib yubormoqchi emas.
“Qozog‘iston xalqi assambleyasi bir paytlar Nazarboyevning vakolatlarini umrining oxirigacha uzaytirish taklifi bilan chiqqani rost. Ammo Qozog‘istonda hokimiyatga tobe tashkilotlar siyosiy takliflarni o‘z xohish-irodalari bilan emas, balki faqat yuqorining ko‘rsatmasiga ko‘ra bildiradilar”, deydi u.
“Tan Sholpan” adabiy jurnali bosh muharriri Nurlibek Safinning fikricha, “Nazarboyev haqidagi film”dan ko‘ra “Nazarboyevning intervyusi” deyilsa,to‘g‘riroq bo‘lar edi.
“Aftidan, savol-javoblarni oldindan tayyorlab qo‘yganlar. Nazarboyevning tanqidchilari ham bor, ammo uning butun faoliyatini inkor etmaslik kerak. Bu haqda erkin suhbat shaklida so‘zlashish mumkin edi”, deydi u.
Safin aytishicha, Nazarboyevning “iste’foga chiqmoqchi edim, lekin iloji bo‘lmadi”, degan gapidan “hokimiyatdan o‘z vaqtida ketish ham bir san’at”, degan ma’no anglashiladi.