16+ Blog: Qiblaga aylangan to‘rt tomon yoki koreysona muhabbat

O‘zbek qizlarini koreys kuyovlarga topib berayotgan nikoh agentligi sahifasidan olingan surat.

Daryo chapdan o‘ngga oqishi kerak. Har qanday daryo so‘lda boshlanib, sog‘da tugashi kerak.

Lekin qayerga bormay, daryosi teskari oqadi.

- Nega teskari? - so‘rayman qayerga bormay o‘sha yerlikdan daryosiga tikilarkan.

- Nega teskari bo‘larkan? – hayron bo‘ladi yerlik va menga g‘alati qarab, yonimdan bir qadam jilib oladi.

Ko‘z ochib ko‘rganim daryo chapdan o‘ngga oqqan edida!

“Narigi sohiliga o‘tsangiz, sog‘dan so‘lga oqadi-ku?” – es bo‘la boshlaysiz menga.

Bilaman, birodar.

Lekin men daryoga uzoq vaqt bitta tomondan – uyimiz tomondan borganman.

Narigi sohilga o‘tishga kichik edim, ruxsat yo‘q edi.


Dunyo esa, aksincha sog‘dan so‘lga oqadi-kengayadi. Xaritadagi dunyo.

Tikilib turganim xaritadagi nuqta – tug‘ilib o‘sganim yurt.

O‘ngda Chin. Uni bolalikdan bilaman. Yonboshida nomini ovozim do‘rillaganida taniganim yurtlar. Ular men uchun tushunuksiz. Men uchun qorong‘i.

Chapda – kenglik. Chapda Moskva, Parij, London, Qohira.

Yanayam chaproqda Nyu-Yorku Rio.

Rio de Janeyro. Bender havas qilgan oq shim kiyganlar yurti. Sehr to‘la shaharlar.

Kattaroq bo‘lganimda Istanbulni tanidim – uyqumni yo‘qotdim.

Yevrotsentristik ta‘lim tolibiman. Yakobinchilardan aytaymi, Qadimgi Yunon miflaridanmi?

Chala-chulpa bo‘lsa ham nimadir bilaman xaritaning so‘lidagi kengliklar to‘g‘risida.

Xaritaning o‘ngdagi torroq qismi to‘g‘risida tasavvurim yo‘q edi esimni taniganimda. O‘ngdagi qism - terra incognita edi men uchun.

Shundanmi, so‘ldagi xalqlar menga o‘z ko‘rinadi.

Shundanmi, o‘ngdagilari – o‘gay.

Hatto o‘zim “karis” bo‘lsam ham (bolaligimdagi laqabim).

Hatto bir koreys qizni bir emas, ikki emas, uch kecha-kunduz sevgan bo‘lsam ham o‘gay.

O‘spirinlikdan chiqib, yigitlikka kirayotgan, tushgacha bir qizni, tushdan keyin boshqa qizni sevib qoladigan yoshimda bitta qizni sevishga uch kun sarflash men uchun mislsiz edi!

Chiroyli edi, terisi yuupqa, tirsillagan qiz edi. Bilagiga qo‘lim tegsa, tars etib yorilib ketsa kerak, deb o‘ylardim.

Chiroyli qizlardan qo‘rqqanim uchun yurak yutib yoniga borolgan emasman. Uzoqdan sevganman. To‘rtinchi kuni boshqa qizni ko‘rib qoldim...

Ha, o‘zim “karis” bo‘lsam ham, koreys qizni "sevgan" bo‘lsam ham, o‘sha go‘zalning qondoshlari yashaydigan yurt hanuzgacha men uchun o‘gay yurt.

Shuning uchun tushunolmayapman o‘zbek qizlarining Koreyaga erga tegishni havas qilishini. Hech-hech tushunolmayapman. Va o‘qiyotganingiz tushunishga urinishdir.
Tushunishga urinarkan, yana xaritaga qaytaman.

Pragadan Nyu-Yorkka ucharkan, uchoq Frantsiya uzra, Ispaniya uzra parvoz qilib, Atlantika ustidan o‘tadi, Amerikaga yetadi, deb o‘ylardim.

O‘sha uchoq ichida sigaret bilan ayriliqdan aziyat chekib (chekib!) o‘tirarkan, bir vaqt ko‘zim monitorga tushib qoldi: Grenlandiya ustidan uchayotgan ekanmiz.

“Qiziq!” deb qo‘ydim. “Okean ustidan uchishga qo‘rqisharmikan, qulasak, yerga qulaylik, deyisharmikan”, deb o‘yladim. O‘yimdan kulgim keldi. O‘yimdagi dahshatdan qo‘rqib ketib, o‘ylamay qo‘ydim. O‘ylasam, chekkim kelaveradi.

“Qachon yetamiz-e, bu Amerikasiga!”

Nima bo‘ldiyu bir kun uydagi o‘yinchoq globusni chirillatib aylantirarkan, birdan bosh ishlab qoldi: samolyot “karta uzra” emas, “globus uzra” uchadi!

Shundoq Pragadan ko‘tariladi-da, shimolga qarab uchib, keyin janubga shung‘iy qoladi!

Buni qarang, dunyoni bir umr to‘rtburchak ko‘rib yuribman! Aslida u dumaloq ekan.

Daryolar ham faqat chapdan o‘ngga emas, o‘ngdan chapga ham oqar ekan!

***

O‘qiganlaringizni o‘zbek qizlarining Koreyaga, ho‘ Uzoq Sharqqa, uzoooq sharqqa erga tegishni havas qilishini tushunishga urinib yozdim.

Shuurimiz stereotiplar iskanjasida ekanligini aytmoq bo‘ldim.

Iskanjalarni parchalash, kengroq bo‘lish, kengfe‘lroq bo‘lish kerak, degan fikr sizib chiqmoqda yozganlarimdan.

Shunday demoqchi edimmi? Bilmayman. Yozuvdim, shunday bo‘lib chiqdi.

Lekin baribir ko‘nglim ravshan emas.

Nimasidir noto‘g‘riga o‘xshayverayapti.

O‘zbek qizining uzooq sharqqa erga tegishni havas qilishida nimadir noto‘g‘riga o‘xshayapti.

Konservator bo‘lib qoldimmi yo?

Bilmadim.