Bishkekda nashr etiluvchi “Delo№” gazetasi Qirg‘izistondagi Dastan Engineering shirkati Ukrainaga noqonuniy ravishda qurol va o‘q-dori yetkazib berish yuzasidan muzokaralar olib borayotgani haqida ma‘lumot tarqatdi. Mazkur shirkat bundan avval Suriyadagi janggarilarga qurol yetkazib berganlikda ham gumonlangan edi.
"O‘qlarni Ukraina Mudofaa vazirligi sotib olmoqchi bo‘lgan"
“Delo№” gazetasining yozishicha, Dastan Engineering shirkati har safar Ukraina hukumati rasmiy ravishda qurol sotib olish imkoniga ega bo‘lmagan vaziyatda bu ishni o‘z zimmasiga oladi.
“Ukraina Mudofaa vazirligi Bishkek mashinasozlik zavodi omborlaridagi o‘q-dorilarni sotib olishni rejalashtirmoqda. Mazkur o‘q-dorilar o‘ta sifatli emas, biroq byudjet defitsiti sharoitida o‘qlarning arzon narhda sotilishi Ukraina Mudofaa vazirligini qanoatlantiradi... Bu safar gap Novorossiyadagi ko‘ngillilarga emas, balki ukrain kuchishlatar tuzilmalariga qurol sotish haqida ketayapti”, deb aytiladi maqolada.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Kovtun inkor etdi, Adliya vazirligi tasdiqladi
Biroq Bishkekdagi “Dastan” shirkati bosh direktorining o‘rinbosari Aleksandr Kovtun Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan suhbatida gazetadagi ma‘lumotlarni haqiqatga zid, deb baholadi:
- Qachonlardir shunday shirkat mavjud edi va “Dastan” bu shirkatning ta‘sischilaridan biri bo‘lgan. Biroq uch yil avval bu shirkat faoliyati to‘xtatilgan. “Dastan” shirkatining bu tashkilotga hozir hech qanday aloqasi yo‘q, - dedi Kovtun.
Qirg‘iziston Adliya vazirligi esa Dastan Engineering shirkati tugatilmaganini va hozir ham faoliyat ko‘rsatayotganini bildirdi. Vazirlikdan olingan ma‘lumotlarga ishonilsa, Dastan Engineering 2006 yilning 19 yanvarida Qirg‘izistonda ro‘yxatga olingan. Uni Bishkekdagi “Dastan” korporatsiyasi, Rossiyadagi elektron texnologiyalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi, Kiprning ABC investment shirkati hamda Sergey Shumov ismli Rossiya fuqarosi ta‘sis etgan.
Adliya vazirligining davlat ro‘yxatga olish boshqarmasi boshlig‘i Quvan Qazaqov Dastan Engineering faoliyati haqida quyidagilarni bildirdi:
- Dastan Engineering mas‘uliyati cheklangan jamiyat sifatida ro‘yxatga olingan. “Tadbirkorlik turi” degan joyda “qurol va o‘q-dori ishlab chiqarish”, deb yozilgan. Mazkur shirkat tugatilmagan, qayta ro‘yxatdan o‘tmagan, ta‘sischilari ham o‘zgarmagan.
Dastan Engineering Suriyaga ham qurol sotgan
Dastan Engineering shirkati bundan avval Suriyadagi nizolashayotgan taraflarga qurol sotgani haqida BBC telekompaniyasi o‘z ko‘rsatuvlaridan birida xabar bergan edi. Telekompaniya muxbirlari Halab shahridagi janggarilar lagerlarida topilgan qurol va o‘q-dori qutilarida Dastan Engineering shirkati nomi qayd etilganini ko‘rsatishgan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Marat Imankulov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining mazkur masalada surishtiruv olib borgan jurnalisti Qubanichbek Jo‘ldo‘shevga qurol savdosi bilan shug‘ullangan xalqaro sindikatlar uchun Qirg‘iziston qulay tranzit mamlakat bo‘lib qolayotgani hech kimga sir emasligini aytdi:
- Dastan Engineering degan shirkat o‘z vaqtida Suriyaga qurol tashigan ekan. Ayrim davlatlarda qurol savdosi hukumat nomidan juda qattiq nazorat qilinadi. Shuning uchun savdogarlar qonunlarni buzsa bo‘ladigan yoki qurol savdosi qattiq nazorat qilinmaydigan mamlakatlarda shirkatlarni ro‘yxatdan o‘tkazadi. Bu kabi firmalar ofshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi ham mumkin.
Bundan avvalroq Chex radiosi muxbirlari Ukraina sharqidagi rossiyaparast isyonchilarga noqonuniy ravishda qurol va o‘q-dori yetkazib berilayotgani yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borgan edi. Surishtiruv davomida polьshalik tadbirkor Andjey Izdebski o‘zlarini qurol savdogarlari deb tanishtirgan chex jurnalistlariga Ukraina isyonchilariga qurolni Qirg‘iziston orqali yetkazish imkoniyati borligini aytgan.